Mavzuga oid tayanch atama va iboralar: Undov so‘z, salbiy xis-tuyg‘u undovlari, sof undovlar, rasm-odat undovlari, motsional undovlar, odamlarga karatilgan undovlar, imperativ undovlar, xayvonlar, jonivorlarga qaratilgan undovlar, ijobiy-emotsional undovlar ko‘rsatish-ta'kid undovlari, sodda undovlar, takroriy undovlar, juft undovlar.
1-savol bayoni: Undov so‘zlar haqida umumiy tushuncha. Undov so‘zlar kishilarning his-hayajoni, buyruq-xitobi, xaydash-chaqirishi, shuningdek, rasm-odati bilan bog‘liq bo‘lgan turlicha munosabatlarni bildiradi.
Undov so‘zlar maxsus turkum sifatida predmet yoki uning belgisini ifodalamaydi, ya'ni leksik jihatdan nominativlikni ko‘rsatmaydigan so‘zlar guruhida bo‘lsa, grammatik jihatdan o‘zgarmaydigan so‘zlar qatoriga kiradi.
Sof undov so‘zlar kelishik va egalik qo‘shimchalarini olmaydi. Bunday qo‘shimchalarni qabul qilish uchun ular avvalo otlashishi kerak; masalan, dodingni kimga aytasan kabi.
Undov so‘zlar gap bo‘lagi bo‘la olmaydi, chunki gap tarkibida ular boshqa so‘zlar bilan sintaktik aloqaga kira olmaydi. Ular faqat otlashgandagina gap bo‘lagi vazifasini bajarishi mumkin. Undov so‘zlarda mustaqil so‘z turkumlaridek so‘z yasalish sistemasi yo‘q. Undov so‘zlar demoq, ba'zan urmoq, topmoq, solmoq fe'llari bilan birikishi mumkin, boshqa xollarda hech qanday so‘zlar bilan birikmaydi. Masalan: Oh dedim, ovora bo‘ldim, yora bilmaydir xanuz. (Muqimiy). Dod voy solmoq, uf tortmoq, oh urmoq kabi. (Bu misollarda nazarimizda undov so‘zlar qo‘shma fe'lning komponenti sifatida ishtirok etmoqda). Undovlarda ohang muhim rol uynaydi. Bir undovning turlicha ohangda talaffuz qilinishi ularning ma'nosiga turlicha ta'sir qiladi. Masalan: O, qanday go‘zal manazara. gapidagi "O" undovining ma'nosi bilan O, bekorlarni aytibsiz gapidagi "O" undovining ma'nosi teng emas. Birinchi gapdagi undov xursandchilikni, ma'naviy lazzatlanish ma'nosini ifodalayotgan bo‘lsa, ikkinchi gapdagi undov so‘z e'tiroz, norozilik ma'nolarini ifodalab kelayapti. Yoki: Oh, qanday sulim kecha-ya!(O.) -shodlik, Oh, umr utdi-ketdi oqar suvday... –shikoyatli ovoz bilan dedi kampir. (O.) - afsuslanish, Oh, go‘yo o‘zing bilmaysan,-dedi ko‘zlarini uynatib Tansiq.(O.) -ajablanish ma'nolari ifodalanyapti .
Undovlarning ma'nosini aniqlashda ohang bilan bir qatorda kontekstning ham ahamiyati katta. Shuningdek,undovlarning ma'nosini aniqlashda turli mimika va imo-ishoralarning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Boshqa turkum so‘zlar har doim ham undovlarga o‘tavermaydi. Ularni bunday holatga kiritish uchun maxsus ohang bilan talaffuz etish talab qilinadi. Masalan,"Komissiya" so‘zi "qabul komissiyasi o‘z ishini boshladi" gapida ot turkumiga xos ma'no - umumkategorial ma'noni, ya'ni predmetlik tushunchasini ifodalayapti. Lekin "Komissiya! Endi nima qilamiz" gapida esa bu so‘z emotsional ma'noga ega bo‘lib, grammatik jihatdan umumiy gapning mazmuniga tegishli aloqador bo‘lsa ham, sintaktik jihatdan gapga yoki uning biror bo‘lagiga aloqasi yo‘q, bog‘lanmaydi.
Undov so‘zlar ko‘pincha o‘ziga xos mimika bilan aytiladi. Mimika undovning ma'nosini kuchaytirib yoki kamaytirib qolmay, ularning ma'nosiga ham ta'sir etadi. Masalan, Bay-bay-bay,bunaqa somsani emaganimga necha yil bo‘ldi ekan. (A.Q.) gapidan kishining rohatlanganligi, lazzatlanganligi ma'nosi anglashilib turibdi. Biroq shu gapni ayta turib yuzni burishtirilsa, tamoman boshqa ma'no anglashiladi.
Undov so‘zlar boshqa so‘z turkumlariga o‘tganda ulardagi emotsionallik yo‘qoladi. Undovlar nutqda ifodalilikni kuchaytirish uchun qo‘llaniladi. Ular so‘zlovchining xis-tuyg‘usini ifodalashdan tashqari, baholash munosabatini bildirish xususiyatiga ham egadir.