Vasiylik va homiylik majburiyatlarini bevosita amalga oshirish uchun vasiylik va homiylik organi vasiy yoki homiy tayinlaydi.
Vasiy va homiy etib voyaga yetgan har ikki jinsdagi fuqarolar ularning roziligi bilangina tayinlanishi mumkin.
Vasiylik va homiylik tayinlash lozimligi vasiylik va homiylik organlariga ma`lum bo`lgan vaqtdan boshlab bir oydan kechiktirmay vasiy yoki homiy tayinlanishi lozim.
Vasiy yoki homiyni tayinlash vaqtida uning shaxsiy fazilatlari, tegishli majburiyatlarni bajarishga qobiliyati, mazkur shaxs bilan vasiylik va homiylikka muhtoj shaxs o`rtasidagi munosabatlar, shuningdek vasiylik va homiylikka olinuvchining o`z xohishi e`tiborga olinishi lozim.
Vasiylik va homiylik ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarga ta`minot berish, ularni tarbiyalash va ularga ta`lim berish, shuningdek, bunday bolalarning shaxsiy hamda mulkiy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi.
Vasiylik va homiylik tuman yoki shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O`zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to`g`risidagi Nizom»ga ko`ra, vasiylik va homiylik vazifalarini amalga oshiruvchi organlar tavsiyasiga ko`ra tuman yoki shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
O`n sakkiz yoshga to`lmagan ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan vasiylik va homiylikka muhtoj voyaga yetmagan bolalarni aniqlash, hisobga olish, joylashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish singari vasiylik va homiylik vazifalarini amalga oshirish – xalq ta`lim bo`limlariga, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan - sog`liqni saqlash bo`limlariga, sog`lig`ining yomonligi sababli homiy tayinlanishiga muhtoj muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan – ijtimoiy ta`minot bo`limlari zimmasiga yuklatiladi.
Vasiylik va homiylik belgilanadigan shaxslar Vasiylik o`n to`rt yoshga to`lmagan bolalarga va sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan belgilanadi.
Homiylik o`n to`rt yoshdan o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan voyaga yetmaganlarga, shuningdek, sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan belgilanadi.
Sog`lig`ining yomonligi sababli mustaqil ravishda o`z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan homiylik shu shaxslarning iltimosiga binoan belgilanishi mumkin.
Bolaning ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi bo`lib, vasiylik va homiylik organlari uning ota-ona tarbiyasida qolishi bola manfaatlariga javob bermasligini, shuningdek, bolaning hayoti va sog`lig`i uchun bevosita xavf borligini aniqlasa, unga vasiy yoki homiy tayinlanadi.