15-MAVZU. PSIXOLOGIYA FANLARINI O‘QITISHDA KO‘RGAZMALI VA AMALIY METODLAR Tayanch so‘zlar: ko‘rgazmali metodlar, predmetli, tasviriy, nutqiy, badiiy tasvir, simvolik, matnli, amaliy metodlar, psixologik eksperimentni modellashtirish, laboratoriya mashg‘ulotlari. 15.1. Psixologiyani o‘qitishda ko‘rgazmali metodlar Ko‘rgazmali metodlarni uch guruhga ajratish mumkin: predmetli,
tasviriy va og'zaki.
Predmetli - bu haqiqiy narsalar, hodisalar va jarayonlarning
namoyishi. Psixologiyani o'qitishda namoyishning bu turidan asboblar
va miya maketlaridan foydalanib, demonstratsion eksperimentlar va
namoyish tajribalari o'tkazilganda qo'llaniladi. Psixologiyani o'qitishda
o'qituvchining asosiy vazifasi muayyan psixologik hodisa va
qonuniyatlarni aniq namoyish etishdir. Bu yaxshi tushunishga va
yodlashga yordam beradi. Taniqli maqolda "Yuz marta eshitgandan bir
marta ko'rgan afzal", deb bejiz aytilmagan.
Tasviriy - bu obyektlar, hodisalar, jarayonlar tasvirlari va ular
haqidagi nazariy bilimlarni mashg’ulotda namoyish etish. Bu
namoyishning uch turi mavjud: badiiy, ramziy va matnli.
Badiiy tasvir obyekt yoki vaziyatni barcha tafsilotlari bilan
namoyish etish. Ushbu turdagi tasvir fotosuratlar, rasmlar, filmlar va
videofilmlarni namoyish qilishni o'z ichiga oladi. Fotosuratlarda,
masalan, turli xil hayotiy sharoitlarda bo'lgan odamlar, his-tuyg'ular
ifodasi, psixologik tajribalar holatlari tasvirlanishi mumkin, shuningdek
taniqli psixologlarning portretlari bo'lishi mumkin. Tasviriy namoyish
vositasi sifatida filmlarni ikki turga bo'lish mumkin: ilmiy-ommabop va
badiiy. Ilmiy-ommabop filmlar klassik psixologik tadqiqotlarni
namoyish etadi. Badiiy filmlar (yoki ulardan parchalari) odamlarning
ayrim psixologik holatlarini va ularning munosabatlarini, psixologik
tahlil qilish uchun vaziyatlarni aks ettirishi mumkin.