46-modda. Pedagog xodimlarning majburiyatlari Pedagog xodimlar:
ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilishi;
o‘quv mashg‘ulotlarini sifatli o‘tkazishi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, o‘qitish va tarbiyaning ilg‘or hamda innovatsion shakllari va usullaridan foydalanishi;
ta’lim oluvchilarning psixologik va o‘ziga xos xususiyatlarini, jismoniy va ruhiy salomatligini, fiziologik rivojlanishini hisobga olishi, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga e’tibor qaratishi;
voyaga yetmagan ta’lim oluvchilar bilan ta’lim-tarbiya ishlarini ularning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari bilan hamkorlikda olib borishi;
ta’lim tashkilotining ustaviga va (yoki) boshqa ta’sis hujjatlariga, ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etishi;
o‘z malakasini muntazam ravishda oshirib borishi, egallab turgan lavozimiga muvofiqlik jihatidan davriy attestatsiyadan o‘tishi;
tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi shart.
Pedagog xodimlarning zimmasida qonunchilikka, shuningdek ta’lim oluvchi va ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuziladigan shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Pedagog xodimlarga pedagogik faoliyatni amalga oshirishda axloq va etika normalariga zid harakatlar sodir etish taqiqlanadi.
Pedagog xodimlarning kiyim-boshiga doir talablar ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilanadi.
Mavzu: Kredit-modul tizimi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish. MAVZU REJASI: 1. Kredit modul tizimi haqida tushuncha. Kredit- modul tizimiga oid tushunchalari ta’rifi. 2. Kredit-modul tizimi tamoyillari: ta’limda shaffoflikka erishish, ta’limda talabalarning moslashuvchanligini va mobilligini rivojlantirish, talabaga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etish. 3. Kredit-modul tizimida nazoratlarni hisoblash. Kredit modul tizimi tarixi. Kredit ilk marotaba XVIII va XIX asrlarda AQSh universitetlarida joriy etilgan boʻlib, 1869-yilda Garvard universiteti prezidenti, amerika taʼlimining taniqli arbobi Charlz Uilyam Eliot “kredit soati” tushunchasini isteʼmolga kiritadi.
Shunday qilib, 1870 — 1880-yillarda kredit soatlari bilan oʻlchanadigan tizim joriy qilinadi. Kredit tizimi bilan oʻqish va oʻquv dasturlarini oʻzlashtirish talabalarga oʻquv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirish, uning sifatini nazorat qilish, taʼlim texnologiyalarini takomillashtirish uchun imkoniyat yaratib berdi.
Modul — bu bir nechta fan hamda kurslar oʻrganiladigan oʻquv rejasining bir qismi. U talabalarda maʼlum bir bilim va koʻnikma hosil qilish, tahliliy-mantiqiy mushohada yuritish salohiyatiga ega boʻlishiga qaratilgan bir nechta fanlar (kurslar) majmui hisoblanadi. Bunda oʻqituvchi oʻquv jarayonini tashkil qiladi, jonli, video hamda audio maʼruzalar oʻqiydi, talabaning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Talaba esa mavzuni mustaqil oʻrganadi hamda berilgan topshiriqlarni bajaradi.
Kredit (credit) — bu talabaning alohida taʼlim yoʻnalishi yoki dasturi (kurs) boʻyicha fanlarni oʻqib oʻrganishi va oʻzlashtirishi uchun sarflangan oʻquv yuklamasining (vaqtning) oʻlchov birligidir. Kredit — talabaning meʼyoriy hujjat bilan belgilangan, odatda bir hafta davomida auditoriyada va mustaqil ravishda taʼlim olishi uchun ajratilgan minimal vaqt oʻlchovidir. Talabaga kredit maʼlum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng beriladi.