Biologik ehtiyojlar — bu — fiziologik (tashnalik, ochlik, uyqu), jinsiy, moslashuv ehtiyojlari.
Ijtimoiy ehtiyojlar — bu — mehnat qilish, bilish, estetik va ahloqiy-ma’naviy ehtiyojlar.
Ehtiyojlarni biologik hamda ijtimoiy turlarga bo`lganimiz bilan shu narsani unutmasligimiz lozimki, shaxsdagi har qanday ehtiyojlar ham ijtimoiylashgan bo`ladi, ya’ni, ular o`sha jamiyat va muhitdagi qadriyatlar, madaniy normalar va insonlararo munosabatlar xarakteriga bog`liq bo`ladi. Masalan, eng tabiiy va tushunarli hisoblangan bizning yemishga-ovqatga bo`lgan ehtiyojimizni olsak, u ham konkret muhitga qarab turlicha harakatlarni keltirib chiqaradi. Yana misol uchun, to`y marosimlari yoki juda to`kin dasturxon atrofida o`tirgan odam nima uchun shunchalik ko`p ovqat iste’mol qilib yuborganini bilmay qoladi. Agar bu tabiat qo`yni yoki paxta dalasidagi xashar bo`lsa-chi, bir burda issiq non ham butun tanaga rohat baxsh etuvchi malham bo`lib, ochlikni bilintirmaydi. Kamtarona dasturxondan ovqat yeb o`rgangan kishi oz-oz yeyishga o`rgansa, yoshligidan normadan ortiq yeb o`rgangan odam vrach oldiga borib, o`zi uchun ozdiruvchi dori-darmon so`rasa so`raydiki, lekin uyda o`zi yemishini nazorat qilishi kerakligini bilmaydi. Demak, bu ham madaniyatga, etikaga, oila muhitiga bevosita bog`liq narsa ekan-da.
Umuman shaxs ijtimoiy xulqi motivi haqida gap ketganda, uning ikki tomoni yoki elementi ajratiladi: harakat dasturi va maqsad. harakat dasturi maqsadga erishishing vositalariga aniqlik kiritadi. Shuning uchun ham dasturda nazarda tutilgan vositalar maqsadga erishishni oqlashi kerak, aks holda dastur xech narsa bermaydi. Masalan, ba’zi ota-onalar farzandlarini yaxshi tarbiyalash va undan ideallaridagi shaxs yetishib chiqishini orzu qilib, uning oldiga juda og`ir tarbiyaviy shartlarni qo`yadilar, bola erkinligi bo`g`iladi, u qat’iy nazorat muhitida ushlanadi. Oqibatda bola keyinchalik boshqarib bo`lmaydigan, qaysar, uncha-muncha tashqi ta’sirga berilmaydigan bo`lib qolib, har qanday boshqa ijtimoiy sharoitda qiynaladigan bo`lib qoladi. Shuning uchun ham motiv har doim anglangan, extiyojlar muvofiqlashtirilgan va maqsadlar va unga yetish vositalari aniq bo`lishi kerak. Shundagina ijtimoiy xulq jamiyatga mos bo`ladi.
Motivlarning turlari. Turli kasb egalari faoliyati motivlarini o`rganishda motivlar xarakterini bilish va ularni o`zgartirish muammosi ahamiyatga ega. Shunday motivlardan biri turli xil faoliyat sohalarida muvaffaqiyatga erishish motivi bo`lib, bunday nazariyaning asoschilari amerikalik olimlar D. Maklelland, D. Atkinson va nemis olimi X. Xekxauzenlar hisoblanadi. Ularning fikricha, odamda turli ishlarni bajarishini ta’minlovchi asosan ikki turdagi motiv bor: muvaffaqiyatga erishish motivi hamda muvaffaqiyatsizliklardan qochish motivi. Odamlar ham u yoki bu turli faoliyatlarni kirishishda qaysi motivga mo`ljal qilishlariga qarab farq qiladilar. Masalan, faqat muvaffaqiyat motivi bilan ishlaydiganlar oldindan ishonch bilan shunday ish boshlaydilarki, nima qilib bo`lsa ham yutuqqa erishish ular uchun oliy maqsad bo`ladi. Ular hali ishni boshlamay turib, yutuqni kutadilar va shunday ishni amalga oshirishsa, odamlar ularning barcha harakatlarini ma’qullashlarini biladilar. Bu yo`lda ular nafaqat o`z kuch va imkoniyatlarini, balki barcha tashqi imkoniyatlar — tanish-bilishlar, mablag` kabi omillardan ham foydalanadilar.
Boshqacha xulq-atvorni muvaffiqiyatsizlikdan qochish motiviga tayangan shaxslarda kuzatish mumkin. Masalan, ular birinchilardan farqli, ishni boshlashdan avval nima bo`lsa ham muvafaqiyatsizlikka duchor bo`lmaslikni o`ylaydilar. Shu tufayli ularda ko`proq ishonchsizlik, yutuqqa erishishga ishonmaslik, pessimizmga o`xshash holat kuzatiladi. Shuning uchun bo`lsa kerak, oxir-oqibat ular baribir muvaffaqiyatsizlikka uchrab, «¤zi sira omadim yurishmaydigan odamman-da» degan xulosaga keladilar. Agar birinchi toifali shaxslar bir ishni muvaffaqiyatli tugatgach, ko`tarinki ruh bilan ikkinchi ishga kirishishsa, ikkinchi toifa vakillari, har qanday ishni yakunlagandan so`ng, uning natijasidan qat’iy nazar, ruhan tushkunlikka tushadilar va og`rinish hissi bilan boshqa ishga kirishadilar. Bu o`rinda talabchanlik degan sifatning roli katta. Agar muvaffaqiyatga yo`nalgan shaxslarning o`zlariga nisbatan qo`ygan talablari darajasi ham yuqori bo`lsa, ikkinchi toifa vakillarining talablari aksincha, past bo`ladi. Bunday tashqari har birimizdagi o`zimizdagi real qobiliyatlar to`g`risidagi tasavvurlarimiz ham ushbu motivlarning faoliyatdagi o`rniga ta’sir ko`rsatadi. Masalan, o`zidagi qobiliyatlarga ishongan shaxs xattoki, mag`lubiyatga uchrasa ham, unchalik qayg`urmaydi, keyingi safar hammasi yaxshi bo`lishiga ishonadi. Ishonchsiz shaxs esa kichkina berilgan tanbeh yoki tanqidni ham juda katta ruhiy azob bilan qayg`urib boshdan kechiradi. Uning uchun ham shaxsning u yoki bu vaziyatlarda qayg`urish sifati ham ma’lum ma’noda motivlar xarakterini belgilaydi.
Shunday qilib, motivlar tizimi bevosita shaxsning mehnatga, odamlarga va o`z-o`ziga munosabatlaridan kelib chiqadi va undagi xarakter xususiyatlarini ham belgilaydi. Ularning har birimizda real shart-sharoitlarda namoyon bo`lishini biror mas’uliyatli ish oldidan o`zimizni tutishimiz va muvaffaqiyatlarga erishishimiz bilan baholasak bo`ladi. Masalan, mas’uliyatli imtihon topshirish jarayonini olaylik. Ba’zi talabalar imtihon oldidan juda qayg`uradilar, hattoki, qo`rqadilar ham. Ular uchun imtihon topshirish juda katta tashvishday. Boshqalar esa bu jarayonni bosiqlik bilan boshdan kechirib, ichidan hayajonlanayotgan bo`lsalar ham, buni boshqalarga bildirmaydilar. Yana uchinchi toifa kishilari umuman beg`am bo`lib, sira koyimaydilar. Tabiiy, shunga muvofiq tarzda, har bir toifa vakillari ishining muvaffaqiyati va faoliyatning samarasi turlicha bo`ladi. Bunga har bir shaxsdagi da’vogarlik darajasi ham ta’sir qiladi. Da’vogarlik darajasi yuqoriroq bo`lganlar bilgan-bilmaganini isbot qilishga urinsalar, ana shunday darajasi pastlar bor bilganini ham yaxshi aytib berolmay, yana o`qituvchi bilan tortishmaydilar ham.
Shuning uchun ham har birimiz ijtimoiy faoliyat motivlaridan tashqari, shaxsiy hislatlarimizni ham bilishimiz va ongli tarzda xulqimizni boshqara olishimiz kerak.
Dostları ilə paylaş: |