2. XOTIRANING NERV-FIZIOLOGIK ASOSLARI Esda olib qolish nerv tizimining, miyaning egiluvchan, ya`ni o`zgaruvchanlik, qo`zg`atuvchilar
ta`sirida o`zida go`yo bir iz tarzida qoldirish, saqlash imkoniyati tufayli yuzaga keladi. Har qanday
kishining miyasi egiluvchanlik xususiyatiga ega bo`lib, lekin uning darajasi har xil bo`ladi. Shaxs
xotirasining sifati miyaning faolligi va turli faoliyatga to`g`ridan - to`g`ri bog`liq ravishda rivojlanadi.
Atrofni o`rab olgan borliqni faol biluvchi kishi o`z miyasi faoliyatini beto`xtov kuchaytiradi. SHu bilan
birga uning egiluvchanlik darajasini oshiradi. Miya egiluvchanligi vaqtincha pasayishiga, xotira
samarasining susayishiga, ba`zi paytda odamning toliqishi sabab bo`ladi. Dam olgandan so`ng yana
tiklanadi. Odatda miya egiluvchanligi yosh o`tishi bilan susayadi. Masalan, keksa kishilar gaplaridan
adashib ketadi. Ilgari gapirgan gaplari esidan chiqib yana o`sha gapni gapiradilar. Miya
egiluvchanligining ko`rsatkichi bosh miya po`stlog`ida muvaqqat nerv aloqalarini tezlikda vujudga
kelishi, davomli saqlanishi va ularning tez, oson jonlantirishi hisoblanadi. Muvaqqat nerv aloqalari
assotsiatsiyalarni hosil qiluvchi fiziologik mexanizmdir. ASSOTSIATSIYA bizning xotiramizda
mustahkamlangan va ongimizda qayd qilingan ayrim voqea - hodisalarning o`zaro bog`lanishidir, biror
buyumni esda olib qolish uni boshqa buyumlar bilan bog`lash orqali amalga oshiriladi. “Muvaqqat nerv
bog`lanishlar - deb yozadi. I. P. Pavlov,- hayvonot olamida va bizning o`zimizda ham bo`ladigan eng
umumiy fiziologik hodisadir. SHu bilan birga u psixik hodisa hamdir: Turli -tuman harakat, taassurot
bo`lmasa harflar, so`zlar va fikrlar o`rtasida paydo bo`ladigan bog`lanishlarni psixologlar assotsiatsiya
deb ataydilar”.
Odamning xotirasi ketma - ketlik, o`xshashlik, qarama - qarshilik, ya`ni kontrastlik assotsiatsiyalarga
asoslanadi. Ketma - ketlik assotsiatsiyalarning asosida narsa va hodisalarning fazoviy, vaqt munosabatlari
yotadi. Masalan: Biz bir vaqtning o`zida ma`lum fazoda stol, tarelka va qoshiq, qalam va qog`oz
buyumlarni idrok qilar ekanmiz, biz ana shu narsalar o`rtasida fazoviy munrosabatlarni o`z ongimizda
mustahkam saqlab qolamiz, agar biz bu predmetlar bilan uchrashsak, u hakda eslasak, bizning ongimizda
uning yonida bo`lgan boshqa predmetlar ham ko`z ongimizga keladi. SHunga o`xshash ma`lum vaqt
oralig`ida, ya`ni biridan so`ng ikkinchisi keluvchi boshqa hodisalarni idrok qilar ekanmiz, masalan, yil
fasllarini, biz ularni ketma - ketlikda eslaymiz. Agarda yangi bo`lgan buyum ma`lum bo`lgan buyumga
o`xshasa, shu vaqtda o`xshashlik bo`yicha assotsiatsiya vujudga keladi. Masalan: tabiat manzarasini aks
ettiruvchi rasmga qarab turib, uni qachondir boshqa rasmda ko`rilgan tabiat manzarasiga o`xshash
ekanligini xotirlaymiz, o`xshashlik bo`yicha assotsiatsiya - badiiy usul bo`lib, adabiyotda keng
qo`llaniladi. Masalan: shoir majnuntol obrazini tasvirlar ekan, uni ta`sirchan qilish uchun ma`yus ayol
obrazi bilan bog`laydi. Qarama - qarshi hodisalar kontrast assotsiatsiya tashkil qiladi. Masalan: Novcha -
pakana, qora – oq, botirlik - qo`rqoqlik va boshqalar.