Mavzu bo`yicha tayanch tushunchalar: Faollik - tiriklik xossasi bo`lib, u ongli tanlangan harakatlarda namoyon bo`ladi.
Individ - ongsiz, yangi tug`ilgan mavjudot, ruxiy kasal, odam.
Individuallik - shaxs fazilatlarining qaytarilmas birikmasi (temperament, xarakter, qobiliyat).
Motiv - ehtiyojlarni qondirish bilan bog`liq, faoliyatga undovchi ichki kuch.
Motivatsiya - faollikka undovchi motivlar majmuasi.
Shaxs - ongli sub`ekt, faoliyatda bo`ladigan, muloqot madaniyatiga ega bo`lgan, jamiyatda yashaydigan
komil inson.
Ehtiyoj - hayvon va odam faolligining asosiy manbai bo`lib, u aniq sharoitlarda namoyon bo`ladi.
O`z - o`zini nazorat - shaxsning o`zini holatini boshqara olishi.
O`z - o`zini baholash - shaxsning o`z xislatlarini baholay olishi.
1. Shaxs haqida tushuncha Har bir odam tug`ilgan kunidan boshlab odamlar qurshovida, ma`lum jamoada - oilada yashaydi.
Jamiyatda rivojlanuvchi, til yordamida boshqa odamlar bilan munosabatga kirishuvchi odam shaxsga –
voqelikni biluvchi hamda uni o`zgartiruvchi sub`ektga aylanadi. Odam bolasini individ deyiladi. Biz
hamma kishilarni - normal odamlarni, yangi tug`ilgan chaqaloqni, aqli zaiflarni individ degan
tushunchaga kiritamiz. Ammo ularning hammasini shaxs deb atay olmaymiz. Biz jamiyatda biror foydali
mehnat bilan shug`ullanuvchi kishini shaxs deymiz. Odamni shaxs sifatida tevarak - atrofdagi kishilar va
narsalar bilan bo`lgan aloqalari ularning ishlab chiqarish faoliyatlarida, odamlar o`rtasida yuzaga
keladigan munosabatlarda namoyon bo`ladi. Odam boshqa kishilar bilan bo`lgan munosabatlardagina
shaxs bo`lib shakllana boshlaydi. Demak, shaxs kishilik jamiyatida yashaydigan, faoliyatni biror turi bilan
shug`ullanadigan, til orqali atrofdagilar bilan normal muloqotda bo`la oladigan, ongi yuksak rivojlangan
komil insondir.
Inson shaxsining eng muhim tomonlaridan biri uning individualligidir. Individuallik - bu shaxsning bir
necha fazilatlarining qaytarilmaydigan birikmasidir. Uning tarkibiga xarakter (tabiat), temperament
(mijoz) qobiliyatlar, hissiyotlar yig`indisi, odatlar kiradi. Odam turli guruhlarga kirar ekan, har xil
vazifalarni bir - biriga o`xshamagan rollarni bajaradi. Ba`zi bolalar oilada erkatoy, injiq bo`lsa, maktabda
tengdoshlari o`rtasida kamtarin, odobli, xushchaqchaq bo`ladi. Ishda juda jiddiy yuradigan odam biror
sayohatga borganda hazilkash, qiziqchi bo`lib yurishi mumkin. Ko`pincha kishi turli vaziyatlarda
o`xshash sifatlarni namoyon qiladi.
Bizning jamiyatimizda shaxsga beriladigan tavsifnoma uning rivojlangan jamiyat qurish jarayoniga
bo`lgan munosabati va bu jarayonda real qatnashishi bilan belgilanadi. Odamning psixik holatlarini
o`zgarishi tashqi muhitga va ijtimoiy tarbiyaga bog`liqdir. Shaxsning nisbatan barqaror va nisbatan
o`zgaruvchan xususiyatlari shaxs xislatlarining bir butunligi va o`zaro bog`liqligidan iborat bo`lgan
murakkab birlikni, ya`ni dinamik tuzilishni hosil qiladi.
Shaxsni psixologik jihatdan o`rganish o`z tarkibiga ikki asosiy ilmiy masalani hal qilishni oladi:
1. Har bir shaxsni boshqa odamlardan ajratib turadigan individual tuzilishini aniqlash. Bu xulq - atvorni
oldindan ko`ra olish imkonini beradi.
2. Inson shaxs tuzilishining bir necha qismlarini ajratib ko`rsatishni talab etadi. Bu qismlarning yig`indisi
inson shaxsini hosil qiladi. Hozirgi zamon chet el psixologiyasida ikkita omil, ya`ni biologik va ijtimoiy
omillarning ta`siri bilan tarkib topgan inson shaxsida ikkita asosiy qismlarni ajratuvchi nazariya ko`zga
ko`rinarli o`rinni egallamoqda. Inson shaxsi “Endopsixik” (ichki) va “Ekzopsixik” (tashqi ) a`zolariga
bo`linadi, degan fikr ilgari surilgan edi. Tabiiy asosga ega bo`lgan “endopsixika” biologik shart -
sharoitlarga bog`liq, “ekzopsixika” ijtimoiy omillarga bog`liqdir. Ikkala omil nazariyasining xatoligi
shundaki, bu nazariya ijtimoiy omil bilan biologik omilni, muhit bilan biologik tuzilishni, “ekzopsixika”
bilan “endopsixika” ni mexanik ravishda bir - biriga qarama - qarshi qilib qo`yadi. Biroq shaxsning tarkib
topishi, tuzilishiga ta`sir qiluvchi tabiiy va ijtimoiy omillar masalasiga yondoshishning boshqa
imkoniyatlari ham bor. Masalan, shunday tadqiqot o`tkazilgan: tadqiqotda bo`yi 80 - 130 sm. dan
oshmaydigan kishilar shaxsining tuzilishida ko`p jihatdan o`xshashlik borligi aniqlangan. Ularda
bolalarcha soddalik, yuksak chidamlilikni, uyat degan narsaning yo`qligini ko`rish mumkin ekan.