1-mavzu. Pul nazarisining asosiy tushunchalari. Pulning funktsiyalari va turlari


Pul muomalasi va pullarning aylanishi



Yüklə 53,56 Kb.
səhifə12/20
tarix02.06.2023
ölçüsü53,56 Kb.
#123281
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   20
1-мавзу лат (3)

1.4. Pul muomalasi va pullarning aylanishi
Pul muomalasi – bu pullarning mamlakatning ichki iqtisodiy aylanishi, tashqi iqtisodiy aloqalar tizimidagi, tovarlar va xizmatlarning sotilishiga, shuningdek, uy xo'jaligidagi tovarsiz to'lovlarga xizmat ko'rsatadigan naqd pullik va naqd pulsiz shakllardagi harakatidir. Tovar ishlab chiqarish pul muomalasining ob'ektiv negizi bo'lib, undagi tovar olami tovarlarning ikki turiga: tovarlarning o'ziga va tovar-pullarga bo'linadi. Naqd pullik va naqd pulsiz shakllardagi pullar yordamida tovarlar, shuningdek, ssuda va fiktiv kapitallarning muomalasi jarayoni amalga oshiriladi.
Shunday qilib, pul muomalasi jarayonlaridan pul aylanishi tushunchasini ajratib olish mumkin.
Pul aylanishi - naqd pullik va naqd pulsiz shakllardagi pul belgilarining uzluksiz harakat jarayonidir. Qiymatning o'zidan ajralganlik hozirgi pul aylanishining o'ziga xos xususiyati hisoblanadi.
Boshqacha aytganda, hozirgi pul aylanishi metall pullar muomalasi sharoitidagi kabi qiymatli emas, chunki pul belgisining qiymati nominaldan ancha kam va uning ahamiyati bo'lmasligi mumkin.
Pul aylanishi pul mablag'lari harakatining muayyan yo'llaridan tarkib topadi:
1. mablag'larning markaziy bank bilan tijorat banklari o'rtasidagi harakati. Bunday harakat pul mablag'lari emissiyasi jarayonlari va tijorat banklari mablag'larining ¤zbekiston Respublikasi Markaziy bankining majburiy zaxiralash fondiga ko'chirilishi bilan bog'liq. Tijorat banklarining kreditlash jarayonlari munosabati bilan pul mablag'larining ko'chirilishini ham shunga kiritish mumkin;
2. pul mablag'larining tijorat banklari o'rtasidagi harakati. Bu holda ushbu banklarning mijozlariga xizmat ko'rsatish bilan bog'liq pul ko'chirishlar yoki tijorat banklarining o'zaro kreditlashlari nazarda tutiladi;
3. firmalar va tashkilotlar o'rtasidagi harakat. Pul mablag'larining ushbu iqtisodiy sub'ektlar o'rtasidagi harakati tovarlar aylanishi va bunday tovarlar aylanishidagi, shuningdek, o'zaro talablarni hisobga olishdagi haq to'lash jarayonlari bilan bog'liq;
4. banklar, firmalar va tashkilotlar o'rtasidagi harakat. Pul mablag'larining ushbu sub'ektlar o'rtasidagi harakati asosan kreditlash va qarz majburiyatlarini hisobga olish operatsiyalari, shuningdek, pul mablag'larini saqlash va ko'chirishga doir operatsiyalar bilan bog'liq;
5. banklar va aholi o'rtasidagi harakat. Pul mablag'lari iste'molchilik kreditini berish va pul mablag'larining aholining daromadlarini saqlash va ko'paytirish maqsadlaridagi harakatiga doir faol jarayon sababli ko'chiriladi;
6. firmalar, tashkilotlar va aholi o'rtasidagi harakat. Pullar harakatining bu yo'li mablag'larning tovar aylanishi operatsiyalariga haq to'lash va uy xo'jaliklarining xodimlar mehnatiga haq to'lashi munosabati bilan ko'chib yurishidan iborat bo'ladi;
7. banklar va moliya institutlari o'rtasidagi harakat. Pul mablag'larining ushbu iqtisodiy munosabatlar sub'ektlari o'rtasidagi harakati o'zaro kreditlash operatsiyalari va iqtisodiy foyda olishga yoki uchinchi sub'ektlarning muayyan operatsiyalarini rasmiylashtirishga yordam beruvchi boshqa moliyaviy harakatlar doirasida amalga oshiriladi;
8. moliya institutlari va aholi o'rtasidagi harakat. Pul mablag'larining bu holdagi harakati aholining, odatda, o'z daromadlarini ko'paytirish maqsadida muayyan moliya operatsiyalarini bajarishi bilan bog'liq;
9. jismoniy shaxslar o'rtasidagi harakat. Pul mablag'lari harakatining bu yo'li eng sezilmaydigan, lekin pul mablag'larining qayta taqsimlanishi tizimidagi eng muhim yo'llardan biri hisoblanadi, chunki u mablag'larning aholi o'rtasida ko'chib yurishidan iborat. Odatda, bunday ko'chib yurishning maqsadi maishiy masalalarni hal etish va o'z oilasi a'zolari farovonligining muayyan darajasini tutib turishdir.
Pul mablag'lari harakatining har biri bo'yicha muqobil harakat ham amalga oshiriladi. Boshqacha aytganda, pullarning aylanishi ko'p yo'nalishli bo'ladi va xo'jalik faoliyati sub'ektlarini qamrab oladi.
To'lov aylanishi ushbu mamlakatda amal qiladigan to'lov vositalarining uzluksiz harakat qilish jarayonidir. Boshqacha aytganda, pul aylanishi deganda to'lov vositalarining shaklidan qat'i nazar bunday barcha vositalarning majmui tushuniladi. Bevosita pul mablag'larining harakati va cheklar, depozit sertifikatlari va veksellarning ko'chib yurishi shunga kiradi. Pul aylanishi to'lov aylanishining bir qismidir.
Pul aylanishi naqd pullik va naqd pulsiz shakllardagi pul belgilarining uzluksiz harakat qilish jarayonidir.
O'z navbatida pul aylanishi to'lov vositalari muomalasining ikki shakliga: pul muomalasi (yoki naqd pullar aylanishi) va pul-to'lov aylanishiga bo'linadi.
Pul muomalasi pul aylanishining naqd pul mablag'lari muomalasi, pul belgilarining bir yuridik yoki jismoniy shaxslardan boshqa shaxslarga doimiy tarzda o'tib yurishi bilan bog'liq qismidir. Boshqacha aytganda, bu iqtisodiy sub'ektlar o'rtasidagi muomalada qatnashadigan bevosita naqd pul massasidir. Shu tufayli pul muomalasini ba'zan naqd pullarning aylanishi deb ham atashadi.
Pul-to'lov aylanishi pul aylanishining bir qismi bo'lib, unda pullar qanday shaklda taqdim etilganidan qat'i nazar to'lov vositasi sifatida faoliyat yuritadi. Boshqacha aytganda, bunday holda iqtisodiy sub'ektlar o'rtasida naqd pullik va naqd pulsiz shaklda ayirboshlash vositasi sifatida amal qiladigan pul mablag'lari ko'rib chiqiladi.
Shuni hisobga olish kerakki, iqtisodiyotda pul muomalasi umumiy pul aylanishida kam qismni egallashi kerak, lekin u katta ahamiyat kasb etadi, chunki aholi daromadlarining katta qismining olinishi va sarflanishiga xizmat ko'rsatadi. Lekin shunga qaramasdan, ishlarning bunday ahvoli faqat Rossiya iqtisodiyoti kabi o'tish yoki yetarli rivojlanmagan iqtisodiyotlarda kuzatiladi. Bu shu bilan bog'liqki, rivojlangan iqtisodiyotlarda elektron pullar tobora ko'proq ommalashgan bo'ladi. Bunday pul vositalari mijozlarning bank muassasalaridagi hisobvaraqlari bo'yicha faqat texnik uskunalar yordamida ishlatish mumkin bo'lgan elektron uzatmalardagi yozuvlardir. Bunda ushbu yozuvlar tabiiy ravishda mijozlarning hisobvaraqlaridagi naqd pulsiz mablag'lar hisoblanadi. Plastik karta va axborotni o'qish hamda bank bo'limi bilan aloqa tizimi texnik vositalar hisoblanadi. Amalda tovarlar va xizmatlar uchun haq to'lash vositasi sifatida plastik kartochkalarni qabul qilish va hisobga olish vositalarining hamma joyda ommalashuvi iqtisodiyotdagi naqd pul mablag'lari hajmining kamayishiga va naqd pulsiz aylanish rolining yalpi oshishiga olib kelmoqda. Shunday qilib, bank xizmatlari bozori ravnaq topgan sharoitda bunday holat buziladi va naqd pullarning aylanishi asosiy omil bo'lmay qoladi.
Naqd pulsiz pul aylanishi – banklarda pul mablag'larini to'lovchilar va oluvchilarning hisobvaraqlari bo'yicha yozuvlar yordamida yoki o'zaro talablarni hisobga olish yo'li bilan amalga oshiriladigan pul aylanishidir. Shunday qilib, naqd pulsiz pul aylanishi bevosita pul belgisining bo'lmasligini nazarda tutadi va naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishga, tegishlicha, naqd pulsiz aylanishni shakllantirishga imkon beradigan rivojlangan bank tizimi amal qilmay turib bunga erishib bo'lmaydi. Naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati iqtisodiyotda naqd pulsiz pul aylanishi amal qilishining zaruriy sharti hisoblanadi.
Naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish tamoyillari:
1) ular mijozlarga mablag'larni saqlash va o'tkazish uchun ochiladigan bank hisobvaraqlari bo'yicha amalga oshiriladi;
2) hisobvaraqlardan to'lovlar banklar tomonidan hisobvaraqlar egalarining farmoyishi bo'yicha to'lovlarning ular belgilagan navbatliligi tartibida va hisobvaraqdagi mablag'larning qoldig'i doirasida amalga oshirilishi lozim;
3) banklar mijozlarning shartnomali munosabatlariga aralashmaydi;
4) to'lovning shartnomalarda, Moliya vazirligi yo'riqnomalarida nazarda tutilgan muddatlar asosidagi muddatliligi;
5) to'lovning ta'minlanganligi, to'lovchida (yoki uning kafilida) pullarni oluvchi oldidagi majburiyatlarni uzish uchun qo'llanilishi mumkin likvidli mablag'larning mavjudligi.
Shunday qilib, naqd pulsiz aylanish to'lovning ushbu tamoyillari va shartlarining bajarilishini nazarda tutadi. Iste'molchilar bilan sotuvchilar o'rtasida naqd pulsiz hisob-kitobning amal qilishiga ehtiyojning oshib borayotganligini qayd qilish kerak. Bu tovar aylanishi jarayonida tobora ko'proq qo'llanilayotgan naqd pulsiz hisob-kitob shakllarining qulayligini nisbatan xavfsizligi bilan bog'liqdir. Yana shunga ham e'tiborni qaratish kerakki, naqd pulsiz aylanishning o'zida ham ayrim o'zgarishlar yuz berdi va hozirgi vaqtda u nafaqat bank mijozlarining hisobvaraqlari bo'yicha yozuvlardan, shu bilan birga bankning komp'yuterdagi ma'lumotlar bazasida u yoki boshqa hisobvaraqdagi holatga tegishli yozuvlardan ham iborat. Bunday evolyutsiya naqd pulsiz aylanish shakli sifatidagi elektron pul vositalarining keng qo'llanilishi bilan bog'liq. Bunday holda pullar aynan ma'lumotlar bazasidan iborat bo'lib, unga faqat texnik vositalar yordamida kirib olish mumkin. Naqd pulsiz aylanish hozirgi vaqtda nafaqat korxonalar, shu bilan birga uy xo'jaliklari va davlatlarni ham qamrab olgan. Shunday qilib, aytish mumkinki, naqd pulsiz aylanish iqtisodiy munosabatlarning har qanday sub'ektining pul aylanishiga nisbatan yetakchi pozitsiyani egallaydi.
Naqd pulsiz aylanishning to'laroq faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun quyidagi shartlarga rioya etish zarur:
1) ushbu operatsiyaning legitimliligi xususidagi qonuniy kafolatlarning mavjudligi;
2) pul mablag'larini tez va xavfsiz o'tkazishga zaruriyatning bo'lishi (ya'ni, tovar munosabatlarning yetarli rivojlanganligi);
3) rivojlangan bank tizimining mavjud bo'lishi (banklar filiallari, bo'limlari va ular o'rtasidagi vakillik munosabatlarining mavjudligi);
4) xo'jalik sub'ektlarining o'z qarorlarini erkin qabul qilishi imkoniyati.
Shunday qilib, naqd pulsiz pul aylanishi iqtisodiyotning muayyan rivojlanish darajasiga erishganligidan dalolat beradi va yanada ravnaq topish uchun qo'shimcha imkoniyatlarni taqdim etadi.
Davlatning pul aylanishiga ko'plab omillar ta'sir ko'rsatadi. Pul aylanishi tuzilmasi turli belgilar bo'yicha belgilanadi:
1) unda pullarning faoliyat yuritishi shakliga qarab. Ushbu belgiga qarab naqd pulsiz va naqd pullik pul aylanishini ajratish mumkin, chunki barcha pul belgilari u yoki boshqa shaklga ega bo'ladi;
2) ushbu pul aylanishi xizmat ko'rsatadigan munosabatlar tusiga qarab. Bu yerda pul-hisob-kitob aylanishi, pul-kredit aylanishi, pul-moliya aylanishi ajratib ko'rsatiladi;
3) pul mablag'larining harakati yuz beradigan sub'ektlarga qarab. Ushbu tasnif bo'yicha quyidagilar ajratib ko'rsatiladi: pul mablag'larining yuridik shaxslar o'rtasida banklararo, banklarda aylanishi, yuridik va jismoniy shaxslar o'rtasidagi aylanish va, nihoyat, pul mablag'larining faqat jismoniy shaxslar o'rtasidagi aylanishi.
Shunga tegishlicha, iqtisodiyotda qo'llaniladigan pul aylanishi hajmiga ta'sir qiladigan omillarning muayyan guruhini ham ajratish mumkin. Barcha omillarni siyosiy, iqtisodiy va texnik omillarga ajratish mumkin. Tabiiyki, pul aylanishi tuzilmasini shakllantirishning iqtisodiy omillari asosiy ahamiyatga va bevosita ta'sir kuchiga ega bo'ladi. Bunday omillarga iqtisodiyotda ishlatiladigan pullar turlari, pul muomalasi tezligi, tovar aylanishi miqdori va shu kabilar kiradi. Binobarin, mavjud pul aylanishi miqdorlarini vujudga keladigan ehtiyojlarga muvofiq o'zgartirishga yoki pul aylanishining mavjud hajmlarini tovar aylanishining real ehtiyojlariga muvofiqlashtirishga faqat iqtisodiy uslublar vositasida pul aylanishi hajmiga ta'sir ko'rsatadigan ushbu omillar orqali ta'sir qilish mumkin.
Iqtisodiyotda faoliyat yuritadigan, faqat hukumatning ehtiyojlari bilan bog'liq bo'lgan va iqtisodiyotning ehtiyojlaridan mustaqil pul mablag'lari miqdoridagi o'zgarishlar siyosiy omillar hisoblanadi.
Texnik omillar pul aylanishi tuzilishi va hajmiga faqat bilvosita ta'sir ko'rsatadi, lekin shunga qaramasdan, ularni hisobga olish zarur.
Bunday omillarga u yoki boshqa hisob-kitobni o'tkazish uchun talab etiladigan vaqtni kamaytirish yoki hisob-kitobning o'zini amalga oshirishga imkon beradigan hisob-kitoblarning texnik vositalari kiradi. Masalan, bank plastik kartalariga xizmat ko'rsatuvchi texnik vositalarning keng ommalashganligi aholi o'rtasida ushbu to'lov vositasining ommalashuviga va, binobarin, naqd pulsiz pul mablag'larining qo'llanilishining oshishiga olib keladi. Naqd pulsiz pul mablag'lari qo'llanilishi chastotasining ko'payishi pul muomalasining umumiy tarkibida naqd pullarning kamayishiga va davlatning pul aylanishini tartibga solish asosiy uslublarining o'zgarishiga olib keladi.
Pul muomalasining tezligi pul aylanishining muhim tavsifnomasi hisoblanadi. Bu shu bilan bog'liqki, muayyan vaqt davomida (masalan, yil davomida) har bir pul birligi aylanishining soni qanchalik ko'p bo'lsa, iqtisodiyotning normal faoliyat yuritishi uchun zarur bo'lgan pul mablag'larining miqdori shunchalik kam bo'ladi. Amalda pul massasi muomalasining tezligi daromad muomalasining tezligini ko'rsatadi.
Tijorat banki o'z mijozlariga turli xildagi xizmatlarni ko'rsatadi. Lekin baribir, agar har qanday tijorat banki o'z mijoziga ochmoqchi bo'lgan aniq hisobvaraqlar haqida gapiriladigan bo'lsa, unda variantlar ro'yxati keskin kamayadi. Barcha bank hisobvaraqlari besh tipga: muddatli yoki depozitlar, talab qilib olinadigan hisobvaraqlar va yuridik shaxslarning maxsus tijorat hisobvaraqlariga bo'linadi. Yuridik shaxslarning maxsus tijorat hisobvaraqlari talab qilib olinadigan hisobvaraqlar shaklida va ushbu hisobvaraq bo'yicha hisob-kitoblarning maxsus shartlariga ega hisobvaraq shaklida ham bo'lishi mumkin. Lekin baribir, hisobvaraqlarning asosiy ko'pchiligi depozitlar yoki talab qilib olinadigan hisobvaraqlardan iborat.
Mazkur bankda aniq muddat davomida, muayyan foiz bilan tutib turiladigan va ushbu hisobvaraqdagi mablag'lardan foydalanish yuzasidan cheklanishlar amal qiladigan hisobvaraqlar depozitlar deyiladi. Odatda, ushbu hisobvaraqning bankda saqlanishi yuzasidan taxmin qilinayotgan muddatga qarab bu omonat turi bo'yicha foizli stavka miqdori belgilanadi. Biroq amalda hamisha ham shunday bo'lavermaydi. Ko'pincha banklar muddatga mutanosib ravishda oshib boradigan foizlarni belgilashadi. Shunday qilib, omonatlar turlari orasidagi tafovut yo'qoladi, chunki mijoz ayni bir xildagi muddat uchun foiz sifatida bir xil miqdo dagi daromadni oladi. Talab qilib olinadigan hisobvaraqlar bilan depozitlar orasidagi farqning ma'nosi ushbu hisobvaraqda qo'yilgan pul mablag'laridan foydalanish imkoniyatidan iboratdir.
Talab qilib olinadigan hisobvaraqlar amalda hech qanday foyda keltirmaydi, lekin bankdan har qanday vaqtda ushbu pul mablag'larini talab qilib olish imkoniyatini beradi. Odatda, barcha plastik kartochkalar pul mablag'larini talab qilib olinadigan hisobvaraqlarga joylashtirishning elektron variantidir, chunki bankdan har qanday vaqtda ushbu pul mablag'lari talab qilib olinishi mumkin. Shunga tegishlicha, bank joylashtirilgan mablag'larning birdaniga yo'qotilishi mumkinligini kompensatsiya qilishga urinadi va juda past narxlarni nazarda tutadi. Bu ob'ektiv zaruriyat bilan bog'liq. Bankning hisobvarag'i bo'yicha foiz bankning o'zi unda joylashtirilgan pul mablag'lari joylashgan muddat davomida undan qancha daromad olishi mumkinligiga bog'liq bo'ladi. Bunday holda mijoz pullarni joylashtirish muddatining ko'p bo'lmasligini, binobarin, bankning o'zi orttiradigan va o'z mijozlariga to'laydigan potentsial foizlarning ham yuqori bo'lmasligini oldindan biladi. Mablag'larning depozit omonatlariga joylashtirilishi holatida esa mijozning pul mablag'larini qaytarib olishi muddati omonatga doir shartnomada oldindan aytib o'tilgan bo'ladi, shuning uchun bank bu pul mablag'larini to'la ishonch bilan tasarruf qilishi mumkin va bunda mijoz daromadining miqdori faqat mazkur bankning mijozning pul mablag'laridan foydalanish evaziga daromad olishiga doir imkoniyatlariga bog'liq bo'ladi.
Bank bilan pul mablag'larini joylashtirish uchun shartnoma tuzilishida bankning va omonatchining huquqlari va majburiyatlarini tasdiqlaydigan bir qator hujjatlar rasmiylashtiriladi. Bank hisobvarag'iga doir bunday shartnomada kontragentlarning to'liq nomlari va ushbu bitimning barcha shartlari yozib qo'yiladi. Bunday shartlarga: omonatni saqlash muddatlari, foizlarni hisoblash va foydalanish shartlari, mazkur shartnomaning amal qilish muddatlarini o'zgartirish yoki uzaytirish mumkinligi kiradi.
Hisob-kitoblarning naqd pulsiz shakli iqtisodiy kontragentlar o'rtasidagi bitimlarning amalga oshirilishidagi eng ko'p qo'llaniladigan shakldir. Bu naqd pulsiz hisob-kitoblarning hisob-kitobni amalga oshirishdagi xavfsizligi va pul mablag'larini tashish uchun transaktsion xarajatlarning qisqarishi (chunki bunda ushbu mablag'larning o'zi bo'lmaydi) kabi jihatlari bilan bog'liqdir. Naqd pulsiz hisob-kitoblar bank tashkilotlari vositachiligida amalga oshiriladi, ular bir iqtisodiy sub'ektdan boshqa sub'ektga pul mablag'larini yetkazishning ushbu shakli bo'yicha barcha operatsiyalarni bajaradilar. Bunday operatsiyalarni faqat turli bank tuzilmalari o'rtasida vakillik munosabatlari o'rnatilgan sharoitda amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, banklar mijozning amalga oshirilgan bitim uchun hisob-kitob qilishi kerak bo'lgan amaliy sherigiga yaqin joyda o'z filiallari yoki bo'limlariga ega bo'lsa, hisob-kitoblarni bunday sur'atlarda bajarishi mumkin. Naqd pulsiz hisob-kitoblar bir davlatning iqtisodiy sub'ektlari o'rtasida va turli mamlakatlar korxonalari o'rtasida ham amalga oshirilishi mumkin. Boshqacha aytganda, hisob-kitoblarning naqd pulsiz shakli xalqaro amaliyotda faol qo'llanilmoqda. Naqd pulsiz hisob-kitoblar shakllari deganda ushbu to'lovni amalga oshirishning mavjud usullari va uni amalga oshirishda qo'llaniladigan vositalar turkumi tushuniladi. Iqtisodiy kontragentlar o'rtasidagi naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishning asosiy shakllari quyidagilardan iborat:
1) inkasso operatsiyalari vositasidagi hisob-kitoblar;
2) akkreditivlar yordamidagi hisob-kitoblar;
3) bo'nak to'lovlari shaklidagi hisob-kitoblar;
4) ochilgan hisobvaraq bo'yicha amalga oshiriladigan hisob-kitoblar;
5) veksellar va cheklar shaklida amalga oshiriladigan hisob-kitoblar.
Сhek, veksel', bank trattasi va pul o'tkazmasi naqd pulsiz to'lovlarni amalga oshirishning asosiy vositalaridir.
Shunday qilib, naqd pulsiz hisob-kitoblarning iqtisodiy kontragentlar o'rtasida har bir muayyan vaqt oralig'ida hisob-kitoblarni amalga oshirishning eng qulay uslubini tanlashga imkon beradigan turli-tuman shakllari mavjud. Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimining eng qulay uslubini belgilash mavjud shart-sharoitlarni baholash yo'li bilan amalga oshiriladi. Masalan, tovar turining o'zini hisobga olish zarur, chunki bu tovarga haq to'lash uslublarining qaysi biri sotuvchiga va qaysinisi xaridorga ko'proq foydali bo'lishiga shunga bog'liq bo'ladi.
Bundan tashqari, ayrim tovarlar haq to'lashning faqat bir usulini amalga oshirish bo'yicha ob'ektiv imkoniyatni nazarda tutadi, chunki boshqacha bo'lsa, bunday tovarni ishlab chiqarish yoki tashish jarayonini bajarish mumkin bo'lmaydi. Bitim ob'ektini hisobga olish naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uslubini tanlashga ta'sir qiladigan yana bir zarur omil bo'lib, u hisob-kitobning potentsial ehtimol tutilgan shakllari ro'yxatiga va ushbu operatsiyani amalga oshirish muddatlariga ta'sir qiladi. Bundan tashqari, bozorda ushbu tovarga mavjud bo'lgan talab va taklif darajasi ham naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uslubini tanlashga ta'sir qiladigan yana bir muhim omildir.
Bunday omil bitim qatnashchilaridan qaysi biri – yetkazib beruvchi yoki xaridorning bitimni tuzishda o'z shartlarini o'tkazishi mumkinligini belgilaydi. Shunga tegishlicha, naqd pulsiz hisob-kitoblarning bitimning u yoki boshqa qatnashchisiga ko'proq foydali bo'ladigan shakli tanlanadi.
Hozirgi vaqtda naqd pulsiz hisob-kitoblar shakllari tobora ko'proq ahamiyat kasb etmoqda. Iqtisodiyotning boshqa sub'ektlari bilan savdo-sotiq yoki resurslarni xarid qilish borasida munosabatlarga kirishadigan korxonalar uchun nafaqat qulay va ishonchli bo'ladigan, shu bilan birga pul oqimlarini nazorat qilish, shuningdek, pul mablag'larini o'tkazish bilan bog'liq qo'shimcha xarajatlarni kamaytirishga imkon beradigan hisob-kitob vositasini topish ayniqsa muhimdir. Naqd pulsiz hisob-kitoblarni o'tkazish variantlaridan biri – to'lov topshiriqnomalari orqali hisob-kitob qilish hisoblanadi.
To'lov topshiriqnomalari orqali hisob-kitoblar – naqd pulsiz hisob-kitoblar shakli bo'lib, bunda to'lovchi unga xizmat ko'rsatadigan bank muassasasiga o'zining hisobvarag'idan mablag'larni oluvchining hisobvarag'iga muayyan summani o'tkazish haqidagi topshiriqni o'z ichiga oladigan hisob-kitob hujjatini taqdim qiladi. Shunday qilib, hisob-kitobning bunday shaklini amalga oshirish uchun banklar o'rtasida vakillik aloqalari yoki hamkorlik qilish uchun potentsial imkoniyat mavjud bo'lishi kerak va korxona, odatda, doimiy tarzda amal qiladigan o'z hisobvarag'iga ega bo'lishi lozim. Shuni qayd qilish kerakki, bunday uslub korxonalarga pul mablag'larini o'tkazish shartlari va ularning muddatlari xususida banklarni bu ishga aralashtirmasdan o'zaro kelishib olish imkoniyatini beradi. Masalan, bitim qatnashchilari tovarni yetkazib berishdan keyin haq to'lash yoki tovarning xaridorga bevosita yetib kelishigacha, shuningdek, bitim imzolanishi hamon haq to'lash to'g'risida kelishishlari mumkin. Bu shu bilan bog'liqki, bank sheriklarning harakatlarini nazorat qilmaydi, balki o'z mijozining pul mablag'larini uning bevosita topshirig'iga binoan ko'rsatilgan hisobvaraqqa o'tkazadi.
Lekin shunga qaramasdan, to'lovning ushbu turini amalga oshirishga nisbatan muayyan talablar ham amal qiladiki, ular bankning harakatlarini va ushbu hisob-kitob uslubi yordamida to'lovni amalga oshiruvchi biznesdagi sheriklarning xohish-istaklarini tartibga soladi.
To'lov topshiriqnomalari orqali hisob-kitoblar haqidagi asosiy qoidalar quyidagichadir:
1) to'lov topshiriqnomalari orqali hisob-kitoblarda bank to'lovchining topshiriqnomasi bo'yicha hisobvaraqda turgan mablag'lar hisobiga to'lovchi ko'rsatgan shaxsning ushbu yoki boshqa bankdagi hisobvarag'iga qonunda ko'rsatilgan muddatda yoki mabodo bank hisobvarag'iga doir shartnomaga binoan yoxud bank amaliyotida qo'llaniladigan amaliy aylanish odatlariga ko'ra birmuncha qisqa muddat nazarda tutilmagan bo'lsa qonunga ko'ra belgilangan muddatlarda muayyan pul summasini o'tkazish majburiyatini o'z zimmasiga oladi;
2) ushbu paragraf qoidalari, mabodo qonunga ko'ra yoki qonunga binoan belgilangan bank qoidalariga muvofiq boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa yoki munosabatlar mohiyatidan boshqacha qoida kelib chiqmasa, pul mablag'larini ushbu bankda hisobvaraqqa ega bo'lmagan shaxsning bu bank orqali o'tkazishi bilan bog'liq munosabatlarga nisbatan qo'llaniladi;
3) to'lov topshiriqnomalari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi qonun bilan yoki qonunga binoan belgilangan bank qoidalariga va bank amaliyotida qo'llaniladigan amaliy aylanish odatlariga ko'ra tartibga solinadi.
Bu o'rinda shuni qayd qilish kerakki, bu to'lovni amalga oshirish muddatlarini belgilaydigan normalar turli mamlakatlarda qaror topgan an'analarga muvofiq turlicha bo'lishi mumkinki, bu xorijlik kontragentga to'lovni amalga oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Yüklə 53,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin