Abu Ali ibn Sino (980-1037) Buxoro yaqinida joylashgan Afshona qishlog‘ida tavallud topgan. Otasi ziyoli, o‘qigan, bilimdon kishi bo‘lib asli Balxdan bo‘lgan. Ibn Sino o‘sha davr ziyolilar oilasida hukm surgan turmush tarzi tizimi bo‘yicha “Qur’oni Karim”ni yoshlik chog‘idan yod ola boshlaydi. Bu bilan kifoyalanib qolmasdan otasi unga falsafa, hind hisobi kabi sohalarni ham o‘qita boshlaydi.
Ibn Sino haqiqiy ensiklopedik olim bo‘lib, o‘z davrining deyarli barcha fanlari bilan muvaffaqiyatli ravishda shug‘ullangan va ularga oid ilmiy asarlar yaratgan. Turli manbalarda uning 450 dan ortiq asarlari qayd qilingan bo‘lsa ham, zamonlar o‘tishi bilan ularning ko‘pi yo‘qolib ketgan va bizgacha faqat 242 tasi yetib kelgan.
Zahriddin Muhammad Bobur ham “Boburnoma” asarida o‘z davri ijtimoiy hayoti voqeligini, inson shaxsi xususiyatlarini, yaxshi va yomon tomonlarini, Andijondan – Hindistonga qadar bo‘lgan ulkan hududida yashagan xalqlarning ijtimoiy jihatlarini shaxsiy kuzatishlari, ilmiy tadqiqotlari asosida o‘rgangan va yozib qoldirgan.
Yuqorida nomlari zikr etilgan buyuk mutafakkirlar yashagan davrda sotsiologiya hali mustaqil fan sifatida shakllanmagan edi. Ularning ijtimoiy hayot jarayonlari to‘g‘risidagi ilmiy tadqiqotlari natijalari esa ijtimoiy – falsafiy qarashlar tarzida namoyon bo‘lgan.
1.3.G‘arb sotsiologiyasi klassiklarining ishlarida sotsiologiyaning obyekti va predmeti muammosi. O.Kont tomonidan 1839 yilda “Pozitiv falsafa kursi” asarining uchinchi tomi nashr etilganligi natijasida, birinchi marotoba u jamiyatni ilmiy asosda o‘rganish sifatida sotsiologiya terminini qo‘lladi va bu sotsiologiyaning shakllanishi va rivojlanishiga olib keldi.
O.Kont tomonidan ta’riflangan insonning intelektual rivojlanishining uchta izchillik bosqichi: teologiyaga oid, metafizik va pozitivik haqidagi qonuni ushbu savolga javob berish uchun imkon beradi.
Birinchi, teologik bosqichda insonning g‘ayritabiiy tushunchasi diniy tasavvurlar asosida qurilgan.
Ikkinchi, metafizik bosqichda inson g‘ayritabiy kuchdan voz kechib, mavhum mohiyat sabab va boshqa falsafiy meyorlar yordamida voqelikni tushuntirishga harakat qiladi. Ikkinchi bosqichning vazifasi tanqidiy, avvalgi tasavvurlarni vayron etib, u uchinchi mohiyatni ifodalashdan voz kechib, ular ustidan kuzatish bilan kifoyalanadi. Bir bosqichdan ikkinchisiga o‘tish hamma fanlarda bir vaqtlarda bo‘lmasada izchillik bilan amalga oshiriladi. Bu jarayon oddiydan murakkabga (yuqoridan quyiga) tamoyili asosida amalga oshiriladi.
O‘rganilayotgan obyekt qanchalar oddiy bo‘lsa, u yerda pozitiv bilimlar shuncha tez qaror topadi. Shuning uchun pozitiv bilimlar avvalo matematikada, fizikada, astronomiyada, ximiyada, so‘ng esa biologiyada tarqaladi.
Sotsiologiya esa bu pozitiv bilimlar cho‘qisidir. U o‘z tadqiqotlarida pozitiv uslubga suyanadi. Pozitiv uslub kuzatishlardan to‘plangan tajriba va tadqiqotlarni taqqoslash, ishonchli, tekshirilgan, e’tirozni tug‘dirmaydigan empirik ma’lumotlar majmuini nazariy tahlil etishga suyangan. O.Kont tomonidan jamiyat haqidagi fanni shakllantirishda mehnat taqsimoti va koperatsiyalashning zarurligi haqidagi qonunning ochib berilishi navbatdagi muhim yakun bo‘ladi. Bu omillar jamiyat tarixida juda katta ijobiy ahamiyatga ega. Shu tufayli sotsial va kasbkorlik guruhlari yuzaga keladi, jamiyatning xilma-xilligi o‘sadi va odamlarning moddiy farovonligi ko‘tariladi.
O.Kont o‘z qarashlaridan kelib chiqib, sotsiologiyani ikki qismga: sotsial turg‘unlik va sotsial jo‘shqinlikka bo‘ladi.
Sotsial turg‘unlik ijtimoiy tuzumlarning amal qilish sharoitlari va qonuniyatlarini o‘rgatadi. O.Kont sotsiologiyasining ushbu bo‘limida asosiy ijtimoiy institutlar: oila, davlat, din, ijtimoiy guruhlarning ijtimoiy funksiyalari va ularning birdamlik va hamkorlikni o‘rnatishdagi rollari ko‘rib chiqiladi. Sotsial jo‘shqinlikda O.Kont insonni ma’naviy, aqliy rivojlantirishning muhim omili bo‘lgan ijtimoiy taraqqiyot nazariyasini rivojlantiradi.
O.Kontning ko‘pgina g‘oyalari, avvalo tabiat va jamiyat haqidagi fanlarning ijobiy ko‘rsatmalaridan sotsiologiyada foydalanish, shuningdek yaxlit sotsial organizm bo‘lgan jamiyat haqidagi tasavvurlarini qabul qilib uni rivojlantirgan mutafakkirlardan biri Gerbert Spenserdir.(1820-1903).
O.Kont kabi G.Spenser ham keng ma’lumotga ega bo‘lgan olim, o‘z davrining buyuk aql egalaridan biri hisoblanadi. U falsafa, sotsiologiya, psixologiya va boshqa fanlar bo‘yicha qator jiddiy asarlar muallifidir. G.Spenserning asosiy asari “Sintetik falsafa sistemasi” bo‘lib, unda tabiiy va sotsial voqealarining tarixiy rivojlanishi haqidagi chuqur qarashlarini bayon etgan. G.Spenser sotsiologiyadagi organizmga oid maktabning asoschisi hisoblanadi. U o‘zining organizmga oid nazariyasini va sotsial evolyutsiya tushunchasini “Ilmiy, siyosiy va falsafiy tajribalar” asarida atroflicha bayon etgan.
G.Spenser jamiyatni tabiiy, eng avvalo biologik qonunlar asosida rivojlanuvi organizm sifatida qaragan. U jamiyatni jonli biologik organizmga o‘xshatadi. Ushbu fikrni asoslash maqsadida u quyidagi dalillarni keltiradi:
Jonli organizm sifatida har qanday jamiyat ham o‘sish va rivojlanish jarayonida o‘z massasida ortib boradi;
U va boshqalari murakkablashadi;
Uning qismlarining tobora bir-biriga bog‘liqligi kuchayib boradi;
Uni tashkil etgan birliklar goho paydo bo‘lib va yo‘q bo‘lib turishiga qaramay, bir butun holda yashashni davom ettiradi.
G.Spenserning sotsial, shuningdek evolyutsiya nazariyasi katta qiziqish uyg‘otadi. Evolyutsiyada u quyidagi asosiy jihatlarni ajratadi: oddiydan murakkabga o‘tish (integratsiya); bir turdan xilma-xillikka o‘tish (differensiatsiya, noaniqlika o‘tish tartibining o‘sishi). Sotsial evolyutsiya bu – jamiyatning murakkablashuvi yo‘lidagi progressiv rivojlanish va sotsial, avvalo siyosiy institutlarni takomillashtirish sohasidagi faoliyatdir. U sotsial evolyutsiyaning odamlar ehtiyojlari bilan obyektiv bog‘langanligini ko‘rsatadi.
“Davlat evolyutsiyasi sotsial ehtiyojlar natijasi hisoblanadi” - deb ta’kidlaydi G.Spenser.
G.Spenserning nuqtai nazaricha sotsial evolyutsiya jarayonida odamlarning va turli sotsial institutlarning jamoaviy faoliyatining ahamiyati ortadi. Turli avlod odamlarning birgalikdagi intilishlari orqali amalga oshirilayotgan sotsial evolyutsiya davomida jamiyatning ko‘p funksiyalari o‘zgaradi.
Spenser jamiyatni parchalanishi muammosini – muvozanat uyg‘unlik va barqaror qarama-qarshi bo‘lgan jarayon deb hisoblab, o‘z qarashlarini bayon etgan. Jamiyatning parchalanishi, uning fikricha inqirozga uchrashi orqali yuz beradi. Bu jarayon ichki, shuningdek tashqi sabablar ta’siri natijasida sodir bo‘ladi. Jamiyatning parchalanishi siyosiy hokimiyatni, armiya, o‘tmishda progressiv bo‘lgan tashkilotlarni o‘z ichiga olgan davlat institutlarining samarali faoliyat ko‘rsatishining kuchsizlanishi natijasida boshlanadi. Jamiyatning parchalanishi jarayonida deb davom etadi, Spenser, integratsiyalashgan harakatlarning kamayishi va markazdan qochuvchi harakatlarning kuchayishi yuz beradi. Tartibsizlik kuchayadi, hukumat o‘zining qobiliyatsizligini namoyish etadi. Spenser aytgan ushbu fikrlari dolzarb, mazmunan chuqur va aniq ekanligi nuqtai nazaridan katta ahamiyat kasb etadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, Spenserning fikr va qarashlari bizning zamondoshlarimizga hozirgi hayotning mazmunini chuqur tushunib olishlariga yordam beradi.
XIX asrning oxiri XX asr boshlaridagi sotsiologik pozivitizmning ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri, bu fransuz sotsiologi Emil Dyurkgeymdir (1858-1917). U bir necha marotoba O.Kont va G.Spenserlar sotsiologik qarashining ahamiyatini ta’kidlagan, ularni tanqidiy anglagan va yanada rivojlantirgan. U bir butun sotsial organizm bo‘lgan jamiyat haqidagi nazariyasini ishlab chiqishni rivojlantirgan. U sotsial realizm nazariyasida sotsial voqelik tabiatini sotsial voqealar orqali tushuntirish lozimligi, odamlarning fe’l-atvorini tahlil etishning boshlang‘ichi bo‘lib, individlar, ijtimoiy guruhlar va tegishli sotsial institutlarning o‘zaro munosabati tizimini tashkil etgan jamiyat hisoblanishini yoritadi.
Dyurkgeym “Sotsiologiya uslubi” nomli asarida sotsiologiya sohasidagi jamiyat rivojlanishi nazariyalarini ishlab chiqishga e’tiborini qaratib, sotsial omillarni ilmiy tahlil etishga qaratilgan tavsilotlarni yaratish ustida shug‘ullangan.
Sotsiologiya, - deb yozadi u, sotsial dalillar xaqidagi fan bo‘lib, uning ostida siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy va boshqa g‘oyalar, qoida va qadriyatlar yotadi. Dyurkgeym fikricha, sotsial voqealikning yakuniy sabablari bo‘lib, amaliyotda ro‘yobga oshiriladigan odamlarning g‘oya va madaniy qadriyatlari hisoblanadi. Aynan ana shunda, u har qanday sotsial evolyutsiyaning manbai mavjudligini ko‘radi. Bunda so‘z jamoaviy ongni namoyon bo‘lishi sifatidagi g‘oyalar va ma’naviy qadriyatlar ustida boradi.
Ayrim shaxslarda nisbatan sotsial qoidalar, qadriyatlar va boshqa ijtimoiy ongning namoyon bo‘lishi obyektiv amal qiladi. Sotsial nazariya va uslub muammolarini ishlab chiqishda, Dyurkgeym sotsiologiya va falsafaning o‘zaro ta’siri muammolariga ham e’tiborini qaratgan.
U sotsiologiya buyuk falsafiy ta’limotlardan yuzaga kelganligini e’tirof etadi va doimo qandaydir falsafiy yondashuvlarga suyanganligini ta’kidlaydi. Sotsiologiya – deb yozadi Dyurkgeym – allaqachon mustaqil fan bo‘lib shakllangan, o‘z predmetiga ega va shu tufayli o‘z ishi bilan shug‘ullanishi kerak. Dyurkgeym asarlari sotsiologiyaning mustaqil fan sifatida qaror topishida muhim rolni o‘ynaydi.