Momentli dinamika qatorlari o’rganilayotgan hodisa va jarayonlarni ma’lum bir aniq momentga holatini ifodalaydi. Masalan, aholi soni, kassadagi pul qoldig’i va hokazo.
Momentli dinamika qatori - bu ma’lum oraliqli momentlarga hisoblangan ko’rsat-kichlar qatoridir.
Ma’lum oraliqli momentlarga nisbatan hisoblangan hodisa miqdorlaridan tuzilgan qator momentli dinamika qatori deb ataladi. Agar bir momentdan ikkinchisigacha bo’lgan vaqt oralig’ini qisqartirsak, u holda qator darajalari ham o’zgaradi.
Ma’lum vaqt oraliqlari davomida kechgan jarayonlar natijalari - oqimlarni ta’riflovchi ko’rsatkichlar qatori davriy dinamika qatorlari deb ataladi.
Dinamika qatorlarini momentli yoki davriy ko’rinishda tuzish ixtiyoriy ish bo’lmasdan, balki o’rganilayotgan hodisaning mohiyatiga, uning miqdorini aniqlash usuliga bog’liqdir.
Dinamika qatorlarini boshlang’ich mutlaq miqdorlar va hosilaviy ko’rsatkichlar asosida tuzish mumkin. Hosilaviy ko’rsatkich qatorlari deganda mutlaq miqdorlarni qayta ishlash natijasida olingan nisbiy va o’rtacha miqdorlar asosida tuzilgan qatorlar tushuniladi.
11.2 Dinamika qatorlarini tahlil qilish ko’rsatkichlari. Dinamika qatorlarini tahlil qilish jarayonida bir qator ko’rsatkichlar hisoblanadi:
mutlaq qo’shimcha o’sish (yoki kamayish);
o’sish (yoki kamayish) koeffitsienti yoki sur’ati;
qo’shimcha o’sish (yoki kamayish) koeffitsienti yoki sur’ati (foizda);
1% qo’shimcha o’sishning (yoki kamayishning) mutlaq qiymati.
Yuqorida qayd qilingan ko’rsatkichlarini batafsil ko’rib chiqamiz.
1. Mutlaq qo’shimcha o’sish yoki kamayish- har qaysi keyingi davr darajasidan boshlang’ich yoki o’zidan oldingi davr darajasini ayirish yo’li bilan aniqlanadi.
2.O’sish yoki kamayish koeffitsienti yoki sur’ati (Ko’.k.) - har qaysi keyingi davr darajasi boshlang’ich yoki o’zidan oldingi davr darajasiga nisbatan qancha martaba yoki foizga katta yoki kichik ekanligini yoki qancha foiz tashkil etishini ko’rsatadi.
3.Qo’shimcha o’sish (kamayish) sur’ati(T) ham ikki usulda aniqlanishi mumkin. Birinchi usulda har bir keyingi davr darajasidan boshlang’ich davr darajasi ayirilib, 100 ga ko’paytiriladi va boshlang’ich davr darajasiga bo’linadi.
Ikkinchi usulda har bir keyingi davr darajasidan oldingi davr darajasi ayirilib, 100 ga ko’paytiriladi va o’zidan oldingi yil darajasiga bo’linadi.
1% qo’shimcha o’sish (kamayish)ning mutlaq qiymati – mutlaq qo’shimcha o’sish qiymati zanjirsimon qo’shimcha o’sish sur’atiga bo’linadi.
Sifat ko’rsatkichlariga asoslangan dinamika qatorlarini tahlil qilishda nazarda tutish kerakki, ular qanday shaklda - to’g’ri yoki teskari ko’rinishda tuzilishiga qarab, yuqorida zikr etilgan analitik ko’rsatkichlar, masalan, o’sish va qo’shimcha o’sish sur’atlari turlicha mantiqiy mazmunga ega bo’ladi va bir biriga barobar bo’lmaydi. Bu yerda sifat ko’rsatkichlari deganda miqdoriy qiymati ob’ekt (predmet)ning birligiga nisbatan hisoblanadigan hodisa me’yori tushuniladi. Ular ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat natijalarini, ya’ni mavjud moddiy, moliyaviy, tabiiy, mehnat resurslaridan foydalanishni sifat jihatidan, samaradorlik nuqtai nazaridan baholash imkonini beradi.