Animizm (lotincha anima - ruh) – ibtidoiy e’tiqodning nisbatan yuksakroq shakli, ya’ni ruhlar va ruhiyatga yoki umuman tabiatning ruhiyati mavjudligiga bo’lgan ishonch. Ibtidoiy odam tasavvuriga ko’ra uning atrofidagi dunyoda har narsaning (hayvonlar, o’simliklar, tabiat hodisalari va h.k) joni, ya’ni ruhi mavjud. Turlicha odamsimon fantastik ko’rinishga ega bo’lgan yer, olov, o’rmon, suv, tog’ va uy “ruh”larining kelib chiqishi ham shundan.
Daraxtga topinish (sig’inish) turli xalqlarda turlicha ko’rinishda bo’lgan. “Hayot daraxti” mavzusi O’zbekiston xalq xunarmandchiligida muhim o’rin tutadi. Islom dinida tabarruk daraxt biror-bir avliyo nomi bilan bog’langan.
Xalqlarda insonning jismoniy o’limidan so’ng uning ruhi yashab qolishiga bo’lgan ishonch va e’tiqod dafn etish bilan bog’liq qator marosimlar paydo bo’lishiga olib keldi. Mozorlar dafn etishning eng qadimiy usullaridan biridir. 50-yillarda Buxoro vohasining sharqiy chegarasiga yaqin Quyimozor bekati yonida ana shunday mozorlar mavjudligi aniqlandi. Ulardan yigirmatasi ochilib, anchagina dafn marosimi ashyolari topildi. Ushbu majmua miloddan oldingi so’nggi va milodiy birinchi asrlarga oid.
Bu kabi mozorlar Qiziltepa bekati yaqinidagi Shahrivayronda va Hazor qishlog’i yaqinida ham ochilib, u yerlarda ham dafn marosimi ashyolari borligi aniqlandi.
Dastlabki milodiy asrlarga tegishli Obishir mozoristonidan (Farg’ona viloyati So’x daryosi vodiysi) ham 1969-1971 yillarda katta miqdordagi sopol buyumlar, temir bezak va qurollar topilgan.
1978 yili Olmaliq yaqinida oltita, Olmaliqdan janubroqdagi Kalmaqir yonbag’irlarida yana to’rtta mozoriston borligi aniqlangan va ochilgan. Mozoristonga marhumlar taxminan milodiy III asr oxiri – IV asr boshlarida qo’yilgan.
Bronza davri mozoristonlari.Bronza davriga oid dastlabki shahar yodgorliklaridan biri – ibodatxona majmui va 1000 dan ortiq odam dafn etilgan mozoriston topilgan Sherobod vohasi markazidagi Jarqo’ton yodgorligidir.
Shuningdek bronza davri (miloddan avvalgi III ming yillik) yodgorliklaridan Surxondaryo viloyati Sopollitepa (qazish ishlari A.A.Asqarov tomonidan olib borilgan) mozoristoni katta ilmiy qiziqish uyg’otdi.
Ma’lumki, qabila-urug’chilik tizimi taxminan 40 ming yil ilgari yuzaga kelib, uch asosiy bosqichni bosib o’tgan: dastlabki, so’nggi matriarxat vapatriarxat. Markaziy Osiyoda insonlar jamiyati qabila-urug’chilik taraqqiyotining har bir bosqichi uchun o’zgacha shakldagi diniy tasavvur va e’tiqod xos bo’lgan:
– dastlabki matriarxat bosqichi uchun – totemizm;
– so’nggi matriarxat bosqichi uchun – dehqonchilikka oid diniy urflar;
– patriarxat bosqichi uchun – shamanizm va ajdodlar ruhiga sig’inish.