Ajdodlar ruhiga sig’inish.Rivojlangan tuzum uchun,birinchi navbatdaota urug’i uchun, o’tmishda muayyan ijtimoiy o’rin tutgan urug’ boshliqlari, jangchilar ruhini yod etib, ajdodlar ruhiga sig’inish rasm bo’lgan. Ajdod ruhini anglatuvchi sanam diniy e’tiqod ifodasi edi. Ajdod ruhi hayot bo’lgan qarindoshlari homiysi va asrovchisi hisoblangan.
Ibtidoiy jamoa tuzumi yemirilib borishi bilan diniy qarashlar ham o’zgara bordi. Diniy afsonalar mazmuni, diniy-e’tiqod amaliyoti ham o’zgardi.
Miloddan avvalgi II-I ming yilliklarda paydo bo’lgan din - zardushtiylik - o’tga sig’inish, Markaziy Osiyoda eng keng tarqalgan diniy tizimlardan biri edi.
Ahamoniylar imperiyasi tarkibiga kirgan Parfiya, Marg’iyona, Baqtriya, So’g’diyona, Xorazm xalqlari va ko’chmanchi sak qabilalari O’rta va Yaqin Sharq, Bolqon yarim orolining janubi va Hindistonda yashovchi xalqlar bilan tanishdilar. Mazkur mintaqa harbiy qismlari ahamoniylar qo’shinlari tarkibida Yunonistonga kirib bordilar, Markaziy Osiyolik qo’shinlar Misr garnizonida xizmat qildilar va h.k. Kichik Osiyodan Hindistonga olib boradigan Shoh yo’li ham Baqtriya orqali o’tgan edi.
Ahamoniylar davrida quyoshga, o’tga, yerga, suvga va boshqa tabiat hodisalariga sig’inish bilan bog’liq etnik va mahalliy e’tiqodlar bilan birga Markaziy (xususan O’rta) Osiyoga shuningdek old Osiyo xudolari, masalan suv xudosi Anaxitaga hamda ba’zi yunon xudolariga sig’inish, e’tiqod qilish udumi kirib keldi.
Keyingi, ya’ni ellinlar davrida (miloddan oldingi IV asr oxiri-I asr) ushbu mintaqada turli dinlar yanada ko’proq aralashib ketdi. Osiyodagi Salavkiylar davlati vayronalari ustida miloddan avvalgi taxminan III asrda Parfiya davlati va Yunon-Baqtriya shohligi qad ko’tardi.
Ellinizm ta’siri Yunon-Baqtriya shohligi madaniyatida Parfiyaga nisbatan yanada kuchliroq namoyon bo’ldi. Shaharliklar yunon tilidan xabardor bo’lib, ellinlar sig’ingan xudolarga sig’inishar, san’atda ham yunon yo’nalishini tanlagan edilar. Shu bilan birga Baqtriya aholisi yunonlarga aloqador bo’lmagan old Osiyo xudolariga ham topingan, Avestoni bilgan, shuningdek hind diniy qarashlaridan ham begona bo’lmagan.
Miloddan oldingi II - milodiy IV asrlarda hozirgi O’zbekiston hududi qudratli davlat – Kushon xonligi tarkibiga kirgan. Keng hududni o’z ichiga olgan mazkur ko’p millatli mamlakat aholisi turli diniy ta’limot va aqidalarga amal qilgan. Kushonlar davrida diniy e’tiqod erkinligi hukm surgan. Har bir xalq o’z turmush tarziga ega bo’lgan, o’z an’anaviy e’tiqodiga amal qilgan, o’z xudolariga sig’ingan, aksariyat kushonlar esa zardushtiylik tarafdori bo’lib qolavergan. Ko’plab dinlarning o’zaro ta’siri va aralashuvi natijasida zardusht xudolari to’g’risidagi tasavvurlar kengayib, ba’zi hollarda esa o’zgarib boradi va bunda ayniqsa yunon va hindlar ta’siri aniq-ravshan sezilib turdi.
IV-VIII asrlarda Markaziy Osiyoda zardushtiylikdan tashqari moniylik dini ham mavjud edi. Zardushtiylik kabi moniylik ham ikki hislat – yaxshilik va yomonlikning o’zaro kurashishiga asoslangan dunyoqarashga tayanish bilan birga xristianlikning ba’zi elementlarini ham ichiga olgandi.
O’zbekiston hududining janubiy hududlarida milod boshiga kelib yangi din– buddizm o’rin oldi. Buddizmning Hindistondan kirib kelishini odatda Kushonlar davlati bilan bog’laydilar. Kushon xonligi ushbu ta’limotning markazlaridan biriga aylanadi. Dastlabki milodiy asrlarda buddizm Amudaryo atrofidagi viloyatlarda hukmron dinga aylandi va O’rta Osiyoning boshqa hududlariga nisbatan ancha uzoq - to arablar istilosiga qadar amal qildi.
Kushon xoni Kanishka ham buddizmga e’tiqod qilgan, uning davrida bu din davlat dini maqomiga ega bo’lgan. U zarb ettirgan tangalarda boshqa xudolar tasviri bilan birga Budda tasviri ham uchraydi. Xitoylik olim Syuan Szyan dalolat berishicha, VII asr boshlarida Termizda o’nga yaqin budda monastiri (sangarama) va minglab rohiblar bo’lgan.
Eftalitlar hukmronligidan so’ng V-VIII asrlarda O’rta Osiyoda buddizm inqirozga yuz tutdi.
Dastlabki milodiy asrlardan boshlab Vizantiyada «nestorianlik» nomi bilan paydo bo’lgan xristian ilohiy ta’limoti oqimi Sharqda keng tarqaldi. Milodiy V asrda yashab o’tgan Kostantinopol patriarxi Nestoriyning shogirdlari – nestorianlar (nasroniylar) Isoning ilohiy mohiyatiga ishonishar, biroq uning onasi Mariya xudoni emas, balki keyinchalik tanasiga ilohiy kuch bo’lib joylashgan odamni tuqqan va u shundan keyin najot vositasiga aylangan deb hisoblardilar. Bu bilan Isoning ilohiy mohiyati rad etilgan. 431 yilgi Efes yig’inida xristianlikning nestorian oqimi bid’at sifatida qoralandi va shundan so’ng u tez orada Sharq mamlakatlarida tarqala boshladi.
Ushbu oqim targ’ibotchilari bo’lgan xristianlarning Vizantiyadan Eron, Suriya, Falastin, O’rta Osiyo va yanada sharqqa tomon ko’chib borishi tasodif bo’lmagan, chunki bu yo’lda avvalroq o’tgan turli xristian ta’limotining tarafdorlari - G’arbdan kelgan ko’chmanchilar ko’plab faktoriyalar qurib ketgan edilar.
VI asrda Oltoydan ko’chmanchi turk qabilalari bostirib kirib, qisqa vaqt ichida O’rta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan hosildor vohalarini bo’ysundirdilar hamda ko’chmanchilarning qudratli davlati –Turk xoqonligini barpo etdilar. Biroq VIII asr boshida arablar O’rta Osiyoni to’liq bosib olish va islom dinini keng yoyish maqsadida Amudaryoni kechib o’tdilar. Bir asrdan uzoqroq davom etgan kurashdan keyingina arablar ushbu mintaqani Arab xalifaligiga qo’shib olishga va unda islom dinining tarqalishiga erishdilar.