[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.19.00.00 Bank tizimi / 07.19.02.00 Tijorat banklari. Xususiy banklar. Xorijiy banklar]
[
TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 14-iyulda 2696-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi PQ–2344-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 13-iyun,
14/5-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 13-iyundagi 14/5-son qaroriga
ILOVA
Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi va “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar (bundan buyon matnda zaxiralar deb yuritiladi) shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 19-noyabrdagi 27/7-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2696-3, 10.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2021-y., 10/21/2696-3/1152-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
aktivlar — kredit, mikroqarz, overdraft, lizing, faktoring, qimmatli qog‘ozlar, investitsiyalar, boshqa banklardagi mablag‘lar, olinishi lozim bo‘lgan hisoblangan va (yoki) undirilmagan foizli va foizsiz daromadlar, bankning boshqa xususiy mulklari, bo‘lib-bo‘lib to‘lash shaklida sotilgan mulklar, balansdan tashqari moddalar (chaqirib olinmaydigan kredit majburiyatlari, foydalanilmagan kredit liniyalari, akkreditivlar, kafolatlar) hamda kredit tavakkalchiligi mavjud bo‘lgan boshqa aktivlar va balansdan tashqari moddalar;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 19-noyabrdagi 27/7-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2696-3, 10.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2021-y., 10/21/2696-3/1152-son)