191
O‘simliklar sistematikasidan o‘rin olgan bo‘limlarga mansub organizmlar
ko‘payish nuqtayi nazaridan tahlil etilganda, ularning vakillarida oddiy
bo‘linish, sporalar va urug‘ yordamida ko‘payish uchrashini ko‘rish mumkin.
Tirik organizmlarning jinsiy ko‘payishida izogamiya, geterogamiya va
oogamiya kuzatiladi. O‘simliklarning jinsiy ko‘payishi
jinsiy hujayralarning
o‘zaro qo‘shilishi natijasida zigota hosil bo‘lishida ba’zi vakillarida izogamiya,
ba’zilarida geterogamiya, ko‘pchiligida esa oogamiya sodir bo‘ladi.
Bir hujayrali suvo‘tlari oddiy bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi, noqulay
sharoit vujudga kelganda shu hujayra jinsiy ko‘payishda ishtirok etadi.
Yuksak o‘simliklarning generativ organlariga sporangiylar, sporali
boshoqlar, g‘uddalar (qubbalar), ochiq urug‘li o‘simliklarda meva va urug‘
hosil qiladigan gul kiradi.
Generativ organlar o‘simliklar hayotining muayyan davrida shakllanadi va
tirik organizmlarga xos bo‘lgan muhim jarayon – ko‘payish funksiyasini bajaradi.
Bir hujayrali suvo‘tlari bo‘linish, koloniya bo‘lib yashaydigan suvo‘tlari
parchalanish, ko‘p hujayrali suvo‘tlari tallomining bo‘laklarga ajralishi bilan
va zoosporalari yordamida jinssiz ko‘payadi. Noqulay sharoitda suvo‘tlarida
xivchinli gametalar va ularning qo‘shilishi natijasida zigota hosil bo‘ladi.
Zigota
pishiq qobiq bilan qoplanib, tinim holatda noqulay sharoitda ham o‘z
hayot faoliyatini saqlab qoladi va undan yangi individ rivojlanadi.
Yerda hayotning paydo bo‘lishi va rivojlanishida turli tektonik o‘zgarishlar
natijasida suv havzalarining qisqarishi, tog‘larning paydo bo‘lishi suv muhitiga
moslashgan suvo‘tlarining quruqlikka chiqib qolishiga olib kelgan. Evolutsiya
jarayonida quruqlikka chiqib qolgan suvo‘tlarda yashash uchun kurash va
tabiiy tanlanish nafaqat vegetativ tallomning, balki ko‘payish jarayonining
ham o‘zgarishlariga olib keldi. Suvo‘tlardan farq qilib, quruqlikda o‘sadigan
o‘simliklarda sporalar yetiladigan organlari (sporangiy) va gametalar
yetiladigan organlari (arxegoniy va anteridiy) ko‘p hujayrali bo‘ladi.
Sporali
yuksak o‘simliklar yo‘sinlar, qirqbo‘g‘imlar va qirqquloqlarda gametofit
(gametalarning shakllanishi va urug‘lanish jarayoni sodir bo‘ladigan bo‘g‘in)
va sporofit (sporalarning shakllanishi va yetilishi sodir bo‘ladigan bo‘g‘in)
nasllar gallanishi kuzatiladi. Yo‘sinlar hayot siklida gametofit ustunlik qiladi.
Plaun, qirqbo‘g‘im va qirqquloqlarda tarixiy rivojlanish jarayonida sporofit
tuzilishi takomillashgan, ularda sporofit ustunlik qiladi.
Sporali o‘simliklar sporalari yordamida tarqaladi. Sporalar bir hujayrali
bo‘lib, undagi oziq moddalarning miqdori juda kam bo‘ladi. Noqulay muhitga
tushgan sporalarning ko‘p qismi nobud bo‘ladi. Qulay sharoitda sporadan
192
gametofit rivojlanadi. Gametofitning rivojlanishi uchun namlik yetarli bo‘lishi
zarur. Gametofitda jinsiy organlar, ularda esa jinsiy hujayralar yetiladi.
Urug‘lanish jarayoni uchun suv zarur. Urug‘lanish jarayonida hosil bo‘lgan
zigotadan rivojlanadigan murtak dastlab gametofit hisobiga oziqlanadi.
Evolutsiya jarayonida dastlabki urug‘li o‘simliklar – urug‘li qirqquloqlar
paydo bo‘lgan. Urug‘li o‘simliklar urug‘lari orqali tarqaladi. Urug‘ evolutsiya
natijasida paydo bo‘lgan hamda o‘simliklarning tarqalishiga va ko‘payishiga
xizmat qiladigan organ. Urug‘ to‘liq yetilmaguncha ona o‘simlikdan
ajramaydi. Urug‘ ko‘p
hujayrali, murakkab tuzilishga ega bo‘lib, qobiq,
murtak va endospermdan iborat. Murtakning rivojlanishi uchun urug‘da
zaxira oziq moddalar to‘planishi urug‘li o‘simliklarning noqulay sharoitda
ham o‘sishiga zamin yaratadi.
Evolutsiya natijasida chang naychasining paydo bo‘lishi urug‘li
o‘simliklarning urug‘lanish jarayoni uchun suvga bo‘lgan ehtiyojning
yo‘qolishiga olib keldi. O‘simliklarning urug‘lanish davrida suvli muhitga
qaram bo‘lmasdan urug‘ning shakllanishi o‘simliklar filogenezidagi muhim
aromorfoz bo‘lib, ularning o‘simliklar olamida hukmron bo‘lishiga olib kelgan.
Hozirgi davrda urug‘li o‘simliklar: ochiq urug‘li o‘simliklar, yopiq
urug‘li o‘simliklarga ajratiladi.
Ochiq urug‘li o‘simliklar urug‘idan ko‘payadi, urug‘lari urug‘kurtakli
qubbalarda ochiq holda yetiladi. Urug‘ hosil bo‘lishi uchun avval
changlanish, so‘ngra urug‘lanish jarayoni sodir bo‘lishi kerak.
Ochiq
urug‘lilar gametofitida tugunchaning bo‘lmasligi, urug‘kurtak ochiq holatda
rivojlanishi, endospermaning gaploid ekanligi bilan xarakterlanadi.
Yopiq urug‘li o‘simliklarda mukammal tuzilgan o‘tkazuvchi sistema –
o‘tkazuvchi naylar, gul va mevaning paydo bo‘lishi yirik aromorfozlardan
bo‘lib, bu o‘simliklarning Yer yuzida keng tarqalishiga imkon berdi. Gulning
asosiy qismlari urug‘chi va changchidan iborat bo‘lib, ularda changlanish va
qo‘sh urug‘lanish jarayoni sodir bo‘ladi. Urug‘chi tugunchasida joylashgan
urug‘kurtak urug‘ga, tuguncha esa mevaga aylanadi. Yopiq urug‘li
o‘simliklarda urug‘ meva ichida shakllanishi va rivojlanganligi sababli,
tashqi muhitning noqulay sharoitiga moslashgan va
Y
er sharining barcha
geografik mintaqalarida keng tarqalgan.
Yopiq urug‘li o‘simliklarning
changlanishi shamol, hasharotlar, qushlar
yordamida amalga oshishi, urug‘ va mevalari esa shamol, suv, qushlar,
193
sutemizuvchilar vositasida tarqalishi individlar sonining ortishi, arealning
kengayishiga olib kelgan.
Yopiq urug‘li o‘simliklarning
anatomik, morfologik tuzilishining
mukammalligi, hayotiy jarayonlarning jadal borishi, turli hayotiy shaklga
ega bo‘lganligi sababli o‘simliklar dunyosida hukmronlikka ega.
Yopiq urug‘li o‘simliklarning bir va ikki urug‘pallalilarga ajralishi,
ularga mansub oilalarning o‘ziga xos xususiyatlari bilan botanika o‘quv
fanini o‘rganish jarayonida tanishgansiz.
Dostları ilə paylaş: