78
to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir hisoblanadi, lekin bu o‘z navbatida o‘rmondagi boshqa
o‘simliklar va hayvonot dunyosining o‘zgarishiga, tuproq yemirilishiga olib
keladi. Zararkunandalarga qarshi zaharli kimyoviy moddalarning qo‘llanilishi
boshqa hasharotlarning hamda tuproqda yashovchi hayvonlarning ham
nobud bo‘lishiga olib keladi. Bunday kimyoviy moddalarning tuproqdagi va
o‘simliklardagi qoldiqlari oziq-ovqat mahsulotlari orqali odam salomatligiga
ham ta’sir qiladi. Inson omili organizmlarning yashash muhitini o‘zgartirish
bilan ham ularga bilvosita ta’sir qilishi mumkin. Inson ongli yoki ongsiz
ravishda bir o‘simlik yoki hayvon turini yo‘qotib, boshqa turning yashashi,
ko‘payishi, tarqalishi uchun qulay sharoit yaratishi mumkin. Madaniy
o‘simliklar, uy hayvonlari uchun inson yangi, ko‘p jihatdan qulay muhitni
yaratib, ularning mahsuldorligini oshiradi, bu esa yovvoyi turlarning
ko‘payish imkoniyatlarini kamaytiradi.
Cho‘llarni o‘zlashtirish, o‘rmonlarni kesish, pichan o‘rish va mol boqish,
suv, tuproq va havoni sanoat chiqindilari, zaharli kimyoviy moddalar, sanoat
va maishiy chiqindilar bilan ifloslantirish kabi antropogen omillar tabiatga
salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yer yuzida ko‘plab hayvon turlari inson ishtirokisiz ham qirilib ketgan.
Lekin tabiatda bu jarayon asta-sekin amalga oshadi, ya’ni qirilgan hayvon
turlarining o‘rnini yangi, muhit sharoitiga nisbatan ko‘proq moslashgan
turlar egallab ulguradi. Insonning o‘simlik va hayvonot dunyosiga kuchli
ta’siri turlarning qirilish jarayonini tezlashtiradi.
Insonning ekologik omil sifatida tabiatga ta’siri xilma-xil bo‘ladi. Inson
madaniy o‘simlik navlari, hayvon zotlarini yaratish bilan bir qatorda sun’iy
ekosistemalar ham yaratadi, tabiiy ekosistemalarni tubdan o‘zgartiradi.
Bunday o‘zgarishlar ayrim turlarning ko‘payishi va rivojlanishi uchun
ijobiy, boshqalariga esa salbiy ta’sir etadi. Natijada turlar o‘rtasida yangi
munosabatlar paydo bo‘ladi, oziq zanjirlar o‘zgaradi, organizmlarda
o‘zgargan muhit sharoitiga moslanishlar kelib chiqadi.
Dostları ilə paylaş: