113
Cho‘llarning hayvonot dunyosi ham o‘ziga xos. Cho‘l hayvonlari ham
o‘simliklar kabi suvsizlikka yaxshi moslashgan. Cho‘lda yashovchi sudralib
yuruvchilar, mayda kemiruvchilar suvsizlikka fiziologik va etologik jihatdan
moslashgan. Bu hayvonlar ichimlik suviga unchalik muhtoj emas, chunki ular
organizmida iste’mol qilingan oziqning parchalanishi natijasida metabolik suv
hosil bo‘ladi. Ularning siydigi juda konsentratsiyalashganligi uchun organizmdan
suv kam ajraladi. Umurtqasiz hayvonlarning asosiy qismini hasharotlar tashkil
qiladi va hayvonlarning ko‘pchiligi tungi hayvonlar hisoblanadi.
Cho‘llarda asosiy sutemizuvchilardan qo‘shoyoqlar, barxan mushugi, jayron,
oqquyruq, olaqo‘zon, tulki, bo‘ri, chiyabo‘ri, yumronqoziq, qumsichqon,
tipratikan; qushlardan xo‘jasavdogar, to‘rg‘ay, tentakqush, yo‘rg‘a tuvaloq,
boyo‘g‘li, cho‘l moyqurti, qum chumchug‘i, so‘fito‘rg‘ay, yirtqich qushlardan
tasqara, burgut kabilar yashaydi. Sudralib yuruvchilardan echkemar, qum
bo‘g‘ma iloni, kapcha ilon (Turkiston kobrasi), chipor ilon, o‘qilon, charxilon,
kaltakesaklar, cho‘l toshbaqasi keng tarqalgan (28–29-rasmlar).
Dostları ilə paylaş: