1. “Nazariy tilshunoslik masalalari” fani, uning predmeti, maqsa
Mantiqiy birliklar va til birliklari. Til va tafakkurning aloqadorligi mantiq va grammatikning bog‘lanishida, lisoniy va mantiqiy munosabatlarning o‘zaro chatishuvida o‘z aksini topadi. Mantiq fanining grammatika bilan bog‘liqligi shundaki, mantiq tafakkurning umumiy qoidalarini, tushuncha, hukm, ularning tarkibiy qismlari, o‘zaro munosabatlarini o‘rganadi.Grammatika esa mantiq fani o‘rganuvchi hodisalarning shakliy ifodasini, tilning grammatik shakllarini o‘rganadi.Biz ularning farqini quyidagilarni qiyoslash orqali farqlaymiz.a)mantiqiy kategoriya va lingvistik kategoriya; b)mantiqiy tushuncha va lingvistik so‘z; d) mantiqiy hukm va grammatik gap. Har qanday fanda kategoriyalar soni ko‘p, ammo hech qachon cheksiz bo‘lmaydi. Odatda har bir fan 10-15 tacha o‘ta umumiy kategoriyalar bilan ish ko‘radi. Bu kategoriyalar obyektivva sub’ektiv tabiatga ega. Kategoriyalardagi obyektivlik shundan iboratki, har bir kategoriya borliqdagi biror elementning ma’lum bir tomoni umumiyligi bilan uzviy aloqador, bog‘langan, belgilangan, shartlangan, asoslangan. Lekin bu aloqadorlik shu obyektivlikning ongdagi aksi, in’ikosi orqali namoyon bo‘ladi. Bu fan kategoriyalaridagi sub’ektivlikni tashkil etadi. Har bir kategoriya, albatta, murakkab bo‘lib, ichki nisbiy butunlik va yaxlitlikka ega. U bir turli narsa, hodisa va munosabatlarning barqaror butunligidir. SHu asosda har bir fanda kategorial ma’no (vazifa/xususiyat kabi) tushunchasi mavjud. Kategorial ma’no deganda shu soha (masalan, til) ning ma’lum bir kategoriyasi uchun umumiy bo‘lgan, shu kategoriyaning ichki butunligini ta’minlaydigan umumiylik (mavjudot, belgi, xususiyat, munosabat, vazifa kabilar) tushuniladi. Kategorial ma’no har bir fanda faqat shu fan uchun xos bo‘lgan ifoda shakl va vositalariga ega bo‘lmog‘i shart. Agar shunday shakl va vositalar bo‘lmasa, demak, bu fanda shu kategoriya yo‘q yoki tamoman boshqa mohiyatga ega. Masalan, rus tilida morfologik rod kategoriyasi mavjud va bu tildagi ot turkumiga mansub har qanday so‘z uch roddan birining shakliga ega. Rod kategoriyasi maxsus qo‘shimchalar, aniqlovchi vazifasida kelgan so‘zlarning aniqlanmish ot bilan rod shakliga ko‘ra moslashuvi, kesim vazifasidagi so‘zning ega rodiga moslashuvi kabi shakllarda voqelanadi. O‘zbek tilida morfologik rod kategoriyasi yo‘q. Zarur bo‘lgan hollarda jins (biologik xususiyat) o‘ziga xos leksik (erkak - ayol)yoki leksik-sintaktik (erkak o‘qituvchi - ayol o‘qituvchi, erkak ilon - urg‘ochi ilon) yo‘l bilan ifodalanadi.Lekin o‘zbek tilida jinsni ko‘rsatuvchi vositalar ma’lum bir morfologik kategoriyani tashkil etmaydi. Istagan kategoriya butunlik va yaxlitlik bo‘lganligi sababli, albatta, murakkab - bir necha tashkil etuvchi - tarkibiy qism (element) lardan iborat bo‘ladi. Kategorial ma’no shu kategoriya elementlariga jins-tur (yoki tur-xil, yoki xil-ko‘rinish) obyektiv-mantiqiy aloqalari asosida bo‘linadi, lekin hech qachon kategoriya elementi kategorial ma’nodan butunlay tashqarida, unga nisbatan mutlaqo aloqasiz bo‘la olmaydi, zid, qarama-qarshi bo‘lishi mumkin (masalan, tasdiq va inkor kabi). Ko‘rinadiki, tilshunoslik fanining o‘ziga xos kategoriyalari - lingvistik kategoriyalarni to‘g‘ri aniqlash, ularning kategorial ma’nolarini belgilash, har bir lingvistik kategoriya uchun moddiy zamin (obyektiv asos) vazifasini o‘tovchi tegishli mantiqiy kategoriya bilan aloqadorligini tahlil etish usullari bilan tanishish tilshunos uchun zarur.Masalan, so‘z turkumlari kategoriyasi, egalik kategoriyasi, gap bo‘laklari kategoriyasi, kesimlik kategoriyasi kabi.