-8-
1-SHO‘BA. AMIR TEMUR FAOLIYATINING INSONIYAT
TARIXIDA TUTGAN O‘RNI
Hayitov Shodmon Ahmedovich
BuxDU professori, tarix fanlari doktori
SOHIBQIRON AMIR TEMUR VA ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Sohibqiron Amir Temur va Zahiriddin
Muhammad Bobur shaxsiyatining o‘xshash hamda o‘ziga xos jihatlari tahlil qilingan.
Temuriylar sulolasi tarixiga oid muhim va dolzarb ma’lumotlar keltirilgan.
Kalit so‘zlar:
Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Panipat jangi, Amir
Berdibek, “Bog‘i Bobur”, Avrangzeb, Hindiston.
Sohibqiron Amir Temur (1336-1405 yy) va Zahiriddin Muhammad Bobur
(1483-1530 yy) jahon tarixida muhim iz qoldirgan va dunyo xalqlari sivilizatsiyasiga
mislsiz hissa qo‘shgan insonlardir. Bu ikki buyuk siymo o‘z nomlari bilan o‘rta
asrlarda ulkan
saltanatlarga asos soldilar, bunyodkor, fan va madaniyat homiysi,
adolat va xalqparvar hukmdorlar sifatida tarix sahifalariga o‘zlarining muborak
nomlarini abadul-abad muhrladilar.
Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur
qadamlari qayerga yetmasin,
o‘sha joyda o‘zlaridan biror-bir iz qoldirdilar, zafarli harbiy yurishlari haqida
qoyatosh va toshlarga zafarnomalar yozdirib qoldirish, biror bir bino yoxud bog‘
barpo qildirish ikkala hukmdorlarda ham mavjud bo‘lgan mushtarak xislat edi. Lion
va Kastiliya (Ispaniya – Sh.H.) qiroli Genrix III de
Trastamaraning elchisi Lui
Gonsalez de Klavixo Amir Temur davlatida bo‘lganida (1403-1406 yy) hukmdor
poytaxtining 4 qutbida mevali bog‘larning masofasi 1,5 liggacha cho‘zilganligini
havas va ehtiros bilan o‘z “Kundaligi”da yozgan edi. Agar 1 lig – 4 km.lik masofa
bo‘lsa, Samarqand atrofi har tomondan 6 km.lardan, 24 km.li masofada bog‘-rog‘lar
-9-
bilan qurshalganligiga guvoh bo‘lamiz[3,56]. Bobur ham harbiy harakatlardagi
g‘alabasi sharafiga bog‘ qurdirishni odat qilgandi.
1526-yil 21-aprel mashhur Panipat (Hindiston) jangida g‘alaba
qilgan
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z zafari sharafiga katta bir bog‘ barpo etdi va o‘zi
avvalo uning mevasidan bahramand bo‘ldi.
Afg‘onistonlik tadqiqotchi G.S.Gʻayrat “
Bobur va uning yaqinlari Kobul
shahrida ko‘plab bog‘-rog‘lar va saroylar barpo etdilar. Olamora, Shohoro,
Olamganj, Bog‘i Bobur va boshqalar
[1,90]” – deb yozgandi.
Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Boburda jismonan kuchlilik, yuksak
harbiy
qobiliyat, sarkardalik mahorati, davlat boshqaruvida tadbirkorlik bilan ish
tutish, axloqan va ma’nan barkamollik kabi mushtarak jihatlar ko‘p bo‘lgan. O‘sha
paytlarda harbiylarning kuchini belgilaydigan mezon, bu
jangga kiradigan barvasta
otni musht urib gandiraklata olish bo‘lgan. Amir Temur ham, Zahiriddin Muhammad
Bobur ham shunday kuch-quvvatga birdek ega bo‘lishgan. Shuningdek, ayollarga
munosabatda ham ikki hukmdor e’tiborli, izzat-hurmatli,
ayni paytda mehr-oqibatli
bo‘lishgan. Amir Temurning Saroymulkxonim maslahatlariga quloq solib ish tutishi,
farzandlari va nabiralari tarbiyasini Bibixonimga ishonib topshirganligi tarixdan
ma’lum. Bu o‘rinda otdan yiqilib savdoyi bo‘lib qolgan uchinchi o‘g‘il Mironshoh
(1366-1408 yy) turmush o‘rtog‘i Xonzodabegimni savalaganida, kelini ko‘rsatgan
qonli ko‘ylakni ko‘rgan Amir Temur uch kun xafaqon bo‘lib,
hech kim bilan
gaplashmay qo‘ygani va o‘z o‘g‘lini suyurg‘oldan vose’ qilganligini eslash kifoya
(Mironshoh 1396-yilda 30 yoshida ov paytida otdan yiqilib, miyasi chayqaladigan
bo‘lib qolgan, ayrim paytlarda kurakda turmaydigan qiliqlar chiqarib turgan).
Zahiriddin Muhammad Bobur ham davlatni buvisi Eson Davlat Begim, onasi Qutlug‘
Nigor Xonim kabilar maslahati bilan boshqargan.
Yakkayu-yagona opasi
Xonzodabegimni Ahmad Tanbaldek shafqatsiz, ochko‘z, qonxo‘r, badjahl bekka
turmushga bermay, yosh bo‘lsa-da barcha og‘irliklarni o‘z bo‘yniga olgan. Bu kabi
dalillarni ular faoliyatidan ko‘plab keltirish mumkin.