Tasodifiy xatolar - bu qayd qilish xatolari bo’lib, ular so’roq o’tkazuvchilar yoki qayd qiluvchilar tomonidan qilinishi mumkin. Masalan, yoshi 18 bo’lsa adashib 28 yosh deb yozilishi mumkin yoki biron bir raqam boshqa ustunga yozilishi mumkin. Bunday xato qilishdan hech kim kafolatlanmagan.
Muntazam xatolar doimo bir yo’nalishda bo’ladi. Ular oldindan ko’zlangan va oldindan ko’zlanmagan xatolarga bo’linadi. Oldindan ko’zlangan xatolar - bilib turib qilinadigan xatolardir. Masalan, hisobotlardagi qo’shib yozishlar, yo’q narsani bor deb to’ldirish va h.k.
Qisqasi bu xatolarni maqsadli xato desak ham bo’ladi.
Oldindan ko’zlanmagan muntazam xatolar tasodifiy sabablar yoki ro’yxatga oluvchilarning o’z ishiga e’tiborsizligi natijasida paydo bo’lishi mumkin. Masalan, sutning yog’lilik darajasini (foiz hisobida) tekshirish kerak. Bu operatorning har kuni qiladigan ishi. Lekin operator har kuni sutning sifatini tekshirishdan oldin u o’z uskunalarini to’g’ri ishlashiga ishonch hosil qilishi kerak. Keyin insonlarda yaxlitlab aytish odati bor. Necha bosh qo’yingiz bor deb so’ralsa, odatda 10 tacha deb javob beriladi. Haqiqatda esa qo’ylar soni 8 ta yoki 12 ta bo’lishi mumkin.
Reprezentativ (bu xatolarni tanlab kuzatish mavzusida chuqur o’rganamiz) xatolar qisman kuzatishga xos bo’lgan xatolardir. Ular tanlab olingan to’plam birliklari bosh to’plamdagi xususiyatlarni o’zida to’la aks ettirmaganligi tufayli paydo bo’ladi.
Kuzatish xatosiz bo’lishi juda ham qiyin masala. Lekin uni iloji boricha kamaytirish yoki umuman yo’q qilish statistikaning muhim vazifalardan biridir.
Yuqorida ko’rib chiqilgan barcha masalalarning to’g’ri echilishi kuzatish xatosini yo’qotishning omillaridir. Xatolarni kamaytirishning yana bir yo’li-ma’lumotlarni qabul qilish paytidagi nazorat qilishdir. Nazorat arifmetik va mantiqiy bo’ladi. Arifmetik nazoratda chiqarilgan jamlar, bir-biriga bog’liq bo’lgan ko’rsatkichlar tekshirib ko’riladi. Mantiqiy nazoratda esa javoblar to’g’riligi tahlil qilinadi. Masalan, so’rov varaqasida keltirilgan javoblar: jinsi-ayol, yoshi-8, ma’lumoti oliy. Ko’rinib turibdiki javoblardan bittasi noto’g’ri, ya’ni yoki yoshi, yoki ma’lumoti noto’g’ri yozilgan, hammaga ma’lumki 8 yoshli qiz bola oliy ma’lumotli bo’lishi mumkin emas.
Dostları ilə paylaş: |