Oʻz-oʻzini tahlil (nazorat) qilish oʻz shaxsi, mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish, mavjud sifatlarni boyitish yoki salbiy odatlarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyat usulidir.
Oʻz-oʻzini baholash shaxs tomonidan mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish orqali oʻziga baho berishga yoʻnaltirilgan faoliyat usuli boʻlib, u shaxsning qobiliyatini oʻz kuchi bilan yuzaga chiqishiga yordamlashishi zarur. Oʻz-oʻzini baholash qiyin, lekin shaxsni bunga bevosita tayyorlash mumkin. Oʻz-oʻzini baholash oʻquvchi uchun shaxsiy imkoniyatlarini hisob-kitob qilish, oʻziga obyektiv baho berish, oʻzidan qoniqishiga yordam beradi.
Izohlash tarbiyalanuvchiga hissiy-ogʻzaki ta’sir etish usuli boʻlib, uning muhim belgisi muayyan guruh yoki alohida shaxsga yoʻnaltirilganligidir. Oʻquvchilar bilan ishlaganda ma’naviy-axloqiy tushunchalarning ijtimoiy ahamiyati va ma’nosini izohlash zarur.
Izohlash quyidagi holatlarni yuzaga keltiradi:
1) yangi ma’naviy-axloqiy sifatlar yoki xulq koʻnikmalarini tarkib toptirish va mustahkamlash;
2) tarbiyalanuvchilarda sodir etilgan muayyan hodisa (masalan, sinf oʻquvchilarining ommaviy ravishda darsga kelmaganliklari)ga ongli munosabatni tarbiyalash.
Munozara tarbiyalanuvchilarga hissiy-ogʻzaki ta’sir koʻrsatish asosida ularda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan bahs-munozara usuli boʻlib, u siyosiy, iqtisodiy, madaniy, estetik va huquqiy mavzularda oʻtkaziladi. Munozara asosida turli qarashlar yotadi. Bahs ijobiy natija berishi uchun uni tashkil etishga jiddiy, puxta tayyorgarlik koʻrish talab etiladi. Munozara uchun 5-6 ta savol tayyorlanib, ular bilan ishtirokchilar oldindan tanishtiriladilar. Chiqishlar jonli, erkin va qisqa boʻlishi zarur. Pedagog ishtirokchilarga fikrlarini ixcham, asosli va dalillar asosida bayon etishga yordam beradi.
Dostları ilə paylaş: |