Biz faqat magnoliyadoshlar va ayiqtovondoshlarni ko‘rib chiqamiz. Magnoliyadoshlar oilasi - (Magnoliaceae) Bu oilaga faqat daraxt va butasimon o‘simliklar kiradi. Ularning 12 avlod 100 ga yaqin turi bor. Barglari oddiy, ko‘pincha yon bargchalari bo‘ladi. Bu oila vakillarining ba’zilari doimo yashil tursa, ba’zilari kuzda bargini to‘kadi. Barglarida efir moy chiqaradigan ichki bezchalar bor. Gullari ko‘pincha ikki jinsli, aktinomorf bo‘lib, gul o‘rni cho‘ziq. Gulqo‘rg‘on bargchalari har xil sonda 6 tadan 12 tagacha va bundan ko‘proq bo‘lib, ba’zi vakillarida spiral holda joy olsa, ba’zilarida doiralar hosil qiladi, ko‘pincha uch bo‘lakli bo‘ladi. 3 tadan doira bo‘lib joylashganlarida tashqisi rangi bilan boshqalardan farq qiladi va kosacha hosil qiladi. Talaygina otaliklar, urug‘kurtaklari tugunchalar chetidan joy oladigan ko‘p a’zoli apokarp genitsey hosil qiluvchi meva barglari sinokarp spiral bo‘lib joylashgan. Bu oilaning tipik vakili magnoliya avlodidir. Uning qisman Sharqiy Osiyoda,qisman Shimoliy Amerikada uchraydigan 30 ga yaqin turi bor. Magnoliyalarning ba’zi turlari Floridada yevvoyi xolda o‘sadi. Subtropik iqlimli rayon bo‘lgan Qirim va Zakavkazyeda ekib o‘stiriladi. Park va bog‘larda ko‘pgina asl vatani shimoliy Amerika bo‘lgan yirik gulli magnoliya (M.grandiflora) ekiladi. Bu o‘simlik kalta bandli, barglari katta-katta va oddiy,cheti butun, qalin, yaltiroq bo‘ladigan daraxtdir. Shu barglarining yonbarglari kurtakdagi hali ochilmagan yosh barglarni saqlab turadi. Yakka-yakka bo‘ladigan yirik-yirik gullarining diametri 10 sm ga boradi va bundan ham oshadi. Gullari oq yeki pushti rangda bo‘lib juda xushbo‘y. Gul o‘rni cho‘ziq konussimon shaklda. Unda gulqo‘rg‘onning 6-12 ta nim rang,yirik-yirik,bargchalari uch a’zoli doira bo‘lib turadi. Bargchalaridan keyin spiral holda joylashgan bir otalikda serbar chang ipchasi bor, bu ipcha uchi changdonlar ustida ko‘tarilib turadi. Changdonlar cho‘zinchoq bo‘lib, bog‘lam atrofidan joy oladi. Gul o‘rnini 2/3 bo‘lagini yuqori qismini ginetsey egallagan. Spiral holda joylashgan talaygina meva bargchalarining har qaysisi mustaqil onalik hosil qiladi, shu bilan birga,o‘rta tomirdan bukilib turadigan meva bargchasining chetlari bir-biriga qo‘shilib ketadi va shu tariqa yuzaga kelgan bir uyali tugunchadan ko‘pincha 2 ta urug‘ kurtak joy oladi(ba’zi turlarida urug‘kurtaklar 6 donagacha bo‘ladi). Onalik ustunchasi yo‘q,shuning uchun og‘izchaning chang ushlaydigan yuzasi meva bargchasining chetida, yuqori qismida turadi. Shunday qilib ularning gul formulasi quyidagicha ifodalanadi: Tuguncha ustki. Gullash tamom bo‘lgandan keyin gulqo‘rg‘on bargchalari bilan otaliklari tushib ketadi, ularning o‘rni esa chuqurcha-chuqurcha bo‘lib qoladi: gul o‘rni qalinlashadi va onaliklardan kul rang tukli bir talay bargsimon meva xosil bo‘ladi, ular qorin chokidan ochiladi. Shu mevalar bo‘yi 5-7 sm va bundan ko‘proq keladigan cho‘zinchoq "qubba" xosil qiladi.Pishib yetilgan urug‘lari qizil rangda bo‘ladi va etdor po‘st bilan qoplanib ipdek uzun bandida pastga osilib turadi. Magnoliyagullilarning boshqa vakillari lola daraxti (Liriodendron) ni ko‘rsatish mumkin. Bu avlod vakillari Kavkaz, Qrim va O‘rta Osiyoning janubidagi Ashxobod va Dushanbedagi parklarda, hozirgi vaqtda Toshkentdagi parklarda ham o‘stirilmoqda. Lola daraxtining bo‘yi magnoliyaning bo‘yidan biroz balandroq 40 m.ga yetadi. Bu daraxtning gullari sirtidan lolaga birmuncha o‘xshaydi, lekin rangi loladek ochiq bo‘lmaydi. Lola daraxti Amerikada "oq terak" deb ataladi.Uning yog‘ochidan xar xil asboblar tayyorlanadi. Magnoliyagullilarning ko‘pchiligi dekorativ o‘simlik sifatida o‘stiriladi.Bu oila vakillari eng qadimgi o‘simliklardan biridir. Bo‘r davriga talluqli qazilma qoldiqlar shundan guvohlik beradi.Oddiy novdaga xos ko‘pgina belgilarni saqlab qolgan oddiy tuzilishli gullar, shuningdek boshqa morfologik belgilar bu oilaning qadim zamonlardan qolganligiga mos keladi. Ularning ba’zi vakillarining yog‘och qismida suv naylari yo‘q,shunga ko‘ra suv o‘tkazuvchi elementlar xoshiyador teshikchali traxeidlardangina iborat bo‘ladi, shu tufayli bularning yog‘och qismi ninabarglilarning yog‘och qismiga juda o‘xshab ketadi.