sarkash, yog‘iy, yonoq, farah, samo, anduh, ag‘yor, bahr, gardun, zabun, dudoq, boda, kishvar, faryod, hajr, mubham kabi arxaik so‘zlar ko‘plab qo‘llanilib, o‘tmishga xoslikni ta’minlash bilan bir qatorda, nutqiy ko‘tarinkilikni uyushtiradi. Eskirganlik belgisi mavjud bo‘lmagan badiiy-kitobiy so‘zlar ot, sifat, qisman fe’l va ravish turkumlariga oid bo‘lib: nigoh, barhayot, boqiy, porloq, mangu, osuda, tug‘yon, tuyg‘u, og‘ush, shafaq, jilva, sukut, yog‘du, teran, so‘nik, mahzun, porloq, ulug‘vor kabi badiiy-kitobiy so‘zlar matnning badiiy bo‘yoqdorligini kuchaytiradi. U ham soqolini tutamlab, bir nuqtaga tikilib o‘tirar, o‘z yurtini eslab, o‘ksingan bo‘lsa kerak, so‘nik yuzida teran bir mahzunlik aks etardi (O.Y. «Ulug‘bek xazinasi»).
Ushbu gapda qo‘llanilgan so‘nik, teran, mahzunlik, aks etmoq badiiy-kitobiy so‘zlari nutqiy ko‘tarinkilikni ta’minlash imkoniyatini vujudga keltirgan. Yoki: Tun yarimdan oqqan olis qirlar ortidan ko‘tarilgan zaifgina hilol shu’lasida borliq sokin, osuda uyquga cho‘mgan. (O.Yoqubov. «Ulug‘bek xazinasi»), gapidagi ortidan, hilol, shu’la, borliq, sokin, osuda, cho‘mgan so‘zlari badiiy-kitobiy so‘zlardir. Bu so‘zlar ushbu gapning qariyib 50 foizini tashkil qilgan. Bu hol badiiy-kitobiy so‘zlarning badiiy matnlarda aktiv qo‘llanilishidan dalolat beradi. Biroq gap badiiy-kitobiy so‘zlarning badiiy nutqda aktiv qo‘llanilishida emas, ularning badiiy nutqda qo‘llanilishi uchun sabab bo‘la olgan omillardadir.
Badiiy nutqdan boshqa nutq turlarida qo‘llanilmasligi uning badiiy bo‘yoqqa ega ekanligidan dalolat beradi. Bu so‘zdagi badiiy bo‘yoqni ham asosan shakl va tantanalilik bilan izohlash mumkin. Turli matnlarda tuymoq, sezmoq, his etmoq so‘zlarining uslubiy sinonimii sifatida qo‘llanilgan. Masalan: Anorxon Sobirning yolqinli nafasini tuyar edi, yurak urushini eshitar edi (Oybek. «Oltin vodiydan shabadalar»). Bu holatdan kishi siqiladiganga o‘xshaydi. Biroq, siqilmaysan. Kishi o‘zini allaqanday sezayotgandek tuyadi. (SH.Xolmirzayev. «Qil ko‘prik»). Ushbu matnlardagi «sezmoq», «his etmoq» ma’nosidagi tuyar va tuyardi so‘zlarini o‘z ma’nodoshlari bilan almashtirish matnning mazmuniga ta’sir etmaydi. Ammo matndagi badiiy ruhning susayishiga sezilarli ta’sir etadiki, bu hol badiiy-kitobiy so‘zlarni badiiy nutq jarayonida muayyan o‘rni borligini ko‘rsatadi. Shuningdek, yuqoridagi birinchi gapda tuymoq fe’lini o‘z sinonimlari bilan almashtirish mumkin bo‘lgani holda, ba’zi matnlarda bunday o‘rin almashtirish mumkin bo‘lmay qoladi. Masalan: quyidagi gapdagi tuyuladi so‘zida «sezmoq» ma’nosi mavjud bo‘lsa ham, uni o‘rnini shu so‘z bilan almashtirib bo‘lmaydi. Bu har qanday so‘zning matnda o‘z mustaqilligi mavjudligini ko‘rsatadi. Tor, timli rastalardan keyin chuqur xandaq bilan o‘ralgan Ko‘ksaroyning kungurador devorlari qorong‘idan cho‘ng qoyaday haybatli tuyuladi. (O.Yoqubov. «Ulug‘bek xazinasi»). Bunday xususiyatlar badiiy nutqda aktiv qo‘llaniluvchi, ammo umumiste’moldagi sinonimlaridan ma’no jihatidan farq qilmaydigan yog‘du (Uning zaif yog‘dusi tashqaridan bosib kirmoqchi bo‘layotgan tun qorong‘isidan qo‘rqqanday titrab qaltiraydi. P.Qodirov. «Bobur»), ko‘klam (Dilimda orzu balandroq edi, lekin ko‘klam bir oz noqulay keldi. Oybek. «Oltin vodiydan shabadalar»), og‘ush (Dadasi, yuragini kemirayotgan qandaydir og‘ir iztirob og‘ushida ko‘zlarini yumib… O.Yoqubov. «Oq qushlar, oppoq qushlar»), ruxsor (… gulday ochilib ketgan ruxsori… O.Yoqubov. «Oq qushlar, oppoq qushlar»), ko‘rkam (… yuragimiz ham boy, ko‘rkam bo‘lsin. Oybek. «Oltin vodidan shabadalar»), batamom (Ko‘pdan aytilmagan bu so‘zlar batamom yodidan ko‘tarilibdi. O.Yoqubov. «Oq qushlar, oppoq qushlar») shuningdek,