Xulosa chiqarishning mohiyati va turlari Voqelikni bilish jarayonida inson yangi bilimlarga ega bo‘ladi. Bu bilimlar abstrakt
tafakkur yordamida, mavjud bilimlarga asoslangan holda vujudga keladi. Bunday bilimlarni
hosil qilish mantiq ilmida xulosa chiqarish, deb ataladi.
Xulosa chiqarish – bir va undan ortiq chin mulohazalardan ma’lum qoidalar yordamida
yangi bilimlarni keltirib chiqaruvchi shaklidir.
Xulosa chiqarish asoslar, xulosa va asoslardan xulosaga o‘tish jarayonidan tashkil topadi.
To‘g‘ri xulosa chiqarish uchun, avvalambor, asoslar chin mulohazalardan iborat bo‘lishi, o‘zaro
mantiqan bog‘lanishi kerak.
Masalan, Aristotel – mantiq fanining asoschisi va Platon yunon faylasufidir degan ikki
chin mulohazadan xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Chunki bu mulohazalar o‘rtasida mantiqiy
aloqadorlik yo‘q.
Xulosa asoslari va xulosa ham o‘zaro mantiqan bog‘langan bo‘lishi shart. Bunday
aloqadorlikning zarurligi xulosa chiqarish qoidalarida qayd qilingan bo‘ladi. Bu qoidalar buzilsa,
to‘g‘ri xulosa kelib chiqmaydi. Masalan, «Talaba A – a’lochi» degan mulohazadan «Talaba A –
odobli», deb xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
Xulosa chiqarish xulosaning chinlik darajasiga ko‘ra, aniqrog‘i, xulosa chiqarish
qoidalarining qat’iyligiga ko‘ra hamda xulosa asoslarining soni va fikrning harakat yo‘nalishiga
ko‘ra bir qancha turlarga bo‘linadi.
Mazkur tasnifda xulosa chiqarishni fikrning harakat yo‘nalishi bo‘yicha turlarga ajratish
nisbatan mukammalroq bo‘lib, u xulosa chiqarishning boshqa turlari haqida ham ma’lumot
berish imkonini yaratadi. Xususan, deduktiv xulosa chiqarish zaruriy xulosa chiqarish, induktiv
xulosa chiqarish (to‘liq induksiyani hisobga olmaganda) va analogiya ehtimoliy xulosa chiqarish
deb olib qaralishi, bevosita xulosa chiqarish esa deduktiv xulosa chiqarishning bir turi sifatida
o‘rganilishi mumkin.
Murakkab hukmlarga asoslangan deduktiv xulosa chiqarishda xulosa asoslariga mantiqiy
bog‘lovchilar orqali bog‘langan oddiy hukmlar deb qaraladi. Xulosa asoslari yo shartli, yoki
ayiruvchi, yoki ham shartli, ham ayiruvchi hukm ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Asoslardagi
hukmlarning turiga ko‘ra bunday xulosa chiqarishning quyidagi shakllari mavjud: