Analogiya va uning turlari
Analogiya (grek. – moslik, o‘xshashlik) bavosita xulosa chiqarishning bir turidir.
Deduktiv xulosa chiqarishda fikr umumiylikdan juz’iylikka qarab, induksiyada juz’iylikdan
umumiylikka qarab harakatlansa, analogiyada bir juz’iy holatdan boshqa juz’iy holatga qarab
harakatlanadi.
Analogiyada predmetlarning o‘xshash xossalariga asoslanib xulosa chiqariladi. Tabiat va
jamiyatda ob’ektiv turli-tumanlik bilan bir qatorda, ob’ektiv o‘xshashlik ham mavjud. Ular inson
ongida o‘z ifodasini topadi. Ob’ektiv reallikning turli sohalariga oid qonun va qoidalar tuzilishi
jihatidan o‘xshash bo‘lsa, ular aks ettirgan voqelikdagi turli narsa va hodisalar ham ma’lum
ma’noda o‘xshash bo‘ladi.
Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish ob’ektiv reallikning cheksiz ko‘rinishlari hamda
unda mavjud bo‘lgan turli sistemalarning xossalari, munosabatlari, tarkibidagi o‘xshashliklarga
asoslanadi. Masalan,
sayyoralar, davlatlar, ijtimoiy tuzumlar mohiyatida o‘xshashlik bor.
Bilishda muhim va nomuhim xossalar o‘xshashligi asosida analogiya bo‘yicha xulosa
chiqariladi.
Analogiya vositasida bir predmetdan (modeldan) boshqa predmetga (prototipga) axborot
o‘tkaziladi. Xulosa asoslari modelga, xulosa prototipga taalluqli bo‘ladi. Masalan,
qadimgi
greklarning «Dedal va Ikar» afsonasida aytilishicha, ota va bola qullikdan ozod bo‘lish uchun
o‘zlariga qanot yasashadi va uchib ketishadi. Bunda xulosa chiqarish quyidagi ko‘rinishda
bo‘ladi:
Qush tirik mavjudot,
uning qanoti bor, u uchadi.
Inson ham tirik mavjudot, uning qanoti yo‘q, u uchmaydi.
Insonning ham qanoti bo‘lsa, u, ehtimol, uchadi.
Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish boshqa xulosa chiqarishlar kabi asos, xulosa va asos
bilan hamda xulosa o‘rtasidagi mantiqiy aloqadan iboratdir. Uning xulosasi ehtimoliy shaklda
bo‘lib, keyingi tekshirishlarni talab qiladi. Aniq asoslardan ba’zan aniq, ba’zan ehtimoliy xulosa
chiqadi.
Analogiya o‘zining ob’ektiv asosiga ega. Bular predmetlar, ularning xossalari o‘rtasidagi
aloqa va munosabatlardir.
Analogiyani turlarga ajratganda xulosaning aniqlik darajasiga ham e’tibor beriladi. Shu
jihatdan analogiyani qat’iy (aniq), qat’iy bo‘lmagan, noaniq va xato analogiyaga ajratamiz.
Qat’iy analogiyaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ko‘chirilayotgan va o‘xshatilayotgan
belgilar o‘rtasidagi aloqa zaruriy bo‘ladi. Aniq fanlardagi modellashtirishda fikr qat’iy
analogiya
shaklida yuritiladi.
Qat’iy bo‘lmagan analogiyada o‘xshash bo‘lgan va ko‘chirilayotgan belgi o‘rtasidagi
zaruriy aloqa ehtimollik darajasiga ega bo‘ladi. Ijtimoiy, tarixiy voqealarni o‘rganishda va aniq,
tabiiy fanlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilganda fikr yuritish qat’iy bo‘lmagan analogiya
tarzida bo‘ladi. Masalan, nemis olimi Shpenglerning ta’kidlashicha, jamiyat ham tirik
organizmlar kabi to‘rtta rivojlanish bosqichini bosib o‘tadi. Bular: paydo bo‘lish, rivojlanish,
yetuklik davri va yemirilish davri.
Agar yolg‘on hukmni 0 bilan, chin hukmni 1 bilan, xulosaning ehtimollik darajasini R
(a) bilan belgilasak, qat’iy analogiyada R (a)=1; qat’iy bo‘lmagan analogiyada 1>R
(a)>0 bo‘ladi.
Analogiya bo‘yicha chiqariladigan xulosaning aniqlik
darajasini oshirish uchun, ya’ni
xulosaning chin bo‘lish ehtimolini oshirish uchun ma’lum shartlarga rioya qilish zarur. Bular
quyidagilardan iborat:
1. Taqqoslanayotgan predmetlarning o‘xshash belgilari imkoni boricha ko‘proq
aniqlanishi lozim. Shunda xulosaning chinlik darajasi, chin xulosa chiqarish imkoni ortadi.
2. Taqqoslanayotgan predmetlarning o‘xshash belgilari predmetlar uchun muhim belgilar
bo‘lishi kerak. Shunda xulosa chin fikrga yaqinlashadi.
3. Taqqoslanayotgan predmetlarning ko‘chirilayotgan belgisi bilan boshqa belgilari
zaruriy aloqada bo‘lishi kerak.
Shunda xulosaning ishonarli, aniq bo‘lish shartlari bajarilgan
bo‘ladi.
4. Taqqoslanayotgan predmetlarning ko‘chirilayotgan belgisi bilan o‘xshash belgilari bir
turda bo‘lishi kerak.
5. Taqqoslanayotgan predmetlarning farq qiluvchi belgilari miqdori kam bo‘lishi va bu
belgilar zaruriy, muhim bo‘lmasligi shart. Agar predmetlar muhim, zaruriy
belgilari bilan bir-
biridan farq qilsa, analogiyaning xulosasi xato bo‘ladi.
Yuqoridagi qoidalarning buzilishi yolg‘on analogiyaga, ya’ni xulosaning xato bo‘lishiga
sabab bo‘ladi.
Analogiya modellashtirish metodining mantiqiy asosini tashkil etadi. Modellashtirishda
(konkret yoki abstrakt) ob’ektlar modellarda, ya’ni
shartli obrazlar, shakllar, ob’ektning
kichraytirilgan nusxalarida tadqiq etiladi.
Ma’lum sabablarga ko‘ra tekshirilayotgan ob’ektni tabiiy sharoitlarda o‘rganish qiyin
bo‘lganda yoki mumkin bo‘lmaganda modellashtirishdan foydalaniladi. Bu o‘z navbatida bilish
jarayonini yengillashtiradi.
Modellarni uch turga bo‘lish mumkin:
1.
Tabiiy modellar – o‘rganilayotgan ob’ekt bilan bir turda bo‘ladi va undan faqat
o‘lchamlari, jarayonlarining tezligi va ba’zi hollarda yasalgan materiali bilan farq qiladi.
2.
Matematik modellar – prototip (asl nusxa)dan jismoniy tuzilishi bilan farq qiladi,
lekin prototip bilan bir xil matematik tasvirga ega bo‘ladi.
3.
Mantiqiy matematik modellar – belgilardan iborat bo‘lib, abstrakt model
hisoblanadi va tafakkur jarayonini o‘rganishda qo‘llanadi.
Modellarning bu turlaridan alohida-alohida va birgalikda foydalaniladi.
So‘nggi vaqtlarda modellashtirish ko‘pincha kompyuter vositasida amalga oshirilmoqda.
Masalan, yangi avtomobilning modeli kompyuterda yasalib, uning o‘lchamlari, turli afzalliklari
matematik modellashtirish vositasida aniqlanadi.
http://fayllar.org