Ma’muriy-huquqiy munosabatlar faqat odamlarning xatti-harakati natijalari bilan emas, balki hodisalar natijasida (bola tug‘ilishi bilan ota-onalarda uni tug‘ilganligini rasmiylashtirish, FXDYO organlarida esa fuqarolik holati dalolatnomalarida yozish majburiyatlari) paydo bo‘ladi.
Ma’muriy-huquqiy munosabat “tik” (vertikal) bo‘lishi mumkin, bunda organ, mansabdor shaxs boshqa tomonga nisbatan hukmini o‘tkazish hamda “yotiq” (gorizontal) holdagisida unday imkoniyat bo‘lmaydi va ikki boshqaruv organi qo‘shma, kelishilgan holdagi boshqaruv dalolatnomasini nashr etadilar. Bunda agar ikki organning munosabati “yotiq” tusda bo‘lsa, unda ulardan har birining o‘z tobeliklaridagilarga nisbatan munosabatlari “tik” tusda bo‘ladi.
Ma’muriy huquq tizimiga muvofiq Umumiy va Maxsus qismlardan iborat. Umumiy qism barcha ijro etuvchi va boshqaruvchi organlar uchun ular faoliyatini tashkil etish prinsiplarini belgilovchi normalarni o‘z ichiga olsa, maxsus qismda boshqaruv organining u yoki bu tarmoqlari doirasida umumiy prinsiplarning qo‘llanilishi belgilangan.
Umumiy qismda ma’muriy huquq fanining tushunchasi, maqsad va vazifasi; ma’muriy davlat boshqaruvi, boshqaruv prinsiplari, ma’muriy huquq tizimi, manbalari, ma’muriy huquqiy munosabatlar, ularning kelib chiqish asoslari; ma’muriy-huquq sub’ektlari va ularning vakolatlari; ma’muriy javobgarlik, ularning turlari, qo‘llanish asoslari; ma’muriy huquqiy normalarning bajarilishda qonuniylik va huquqiy tartibot masalalari o‘rganiladi.
Maxsus qismda boshqaruv organlari faoliyatining tuzilmalari, funksiyalari va shakllari, ularning asosiy vazifasi bo‘lgan - iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanish, madaniyat, ta’lim-tarbiya, mudofaa, tartibni saqlash, tashqi aloqalar sohasidagi munosabatlarni ma’muriy-huquqiy boshqarishlar o‘rganiladi.
Ma’muriy huquqning normalari Umumiy va Maxsus qismlarga bo‘linishdan tashqari, huquqiy institutlar (davlat boshqaruv organlari, davlat xizmati, ma’muriy ma’suliyat) bo‘yicha guruhlashtirilgan har bir shunday institut o‘ziga norma hamda umumiy o‘rta maxsus qismlarni kiritishi mumkin.
Ma’muriy huquq normalari moddiy va protsessuallarga bo‘linadi. Moddiy huquq davlat boshqaruv organlari tizimini, ularning kompetensiyasini, tuzilmasini, shuningdek, fuqarolarning, ma’muriy huquq sub’ektlari kabi jamoat tashkilotlarining ahvolini mustahkamlaydi. Protsessual ma’muriy huquq normalarini realizatsiya qilish tartibini aniqlaydi, ijro etuvchi va egalik qiluvchi faoliyat sohasida ularni amalga oshirish ish tartibini belgilaydi.
O‘zlarida ma’muriy huquqiy normalari bo‘lgan davlat hokimiyati va davlat boshqaruv organlarining huquqiy aktlari ma’muriy huquq manbalari hisoblanadi.
Davlat boshqaruv organlarining huquqiy maqomlarini va ularning faoliyatini tashkil etish asoslarini, fuqarolarning asosiy huquq va majburiyatlarini belgilovchi Konstitutsiyamiz bosh manba hisoblanadi.
Ma’muriy huquq konstitutsion huquq normalaridan kelib chiqqan xolda, fuqarolarning davlat boshqaruvi sohasidagi huquqiy maqomini aniq belgilab beradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida: “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” deb ko‘rsatilgan.
Konstitutsiyaning X1X bobida davlat boshqaruv organlarida Prezidentning vakolatlari, XX bobda Vazirlar Mahkamasining, XX1 bobda mahalliy davlat hokimyatining asoslari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Ma’muriy huquq manbalari tizimida “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonun, “Korxonalar haqida”gi qonun, “Jamoat tashkilotlari to‘g‘risida” gi qonunlar muhim o‘rin egallaydi.
Ma’muriy huquqiy normalarning juda ko‘pi Prezident farmonlarida, Vazirlar Mahkakmasining normativ aktlarida bor. Davlat boshqaruvining tegishli tarmoqlarida ma’muriy huquq manbalari sifatida vazirliklar va davlat qo‘mitalarining qonunga hilof bo‘lmagan buyruqlari va yo‘riqnomalari amal qiladi.
Ma’muriy huquq manbalari kabi xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari, ulardagi qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi hokimlarning qarorlari va farmoyishlari ham amal qiladi.
Ma’muriy huquq manbalari tizimida asosiy o‘rinni O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksi egallaydi.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik kodeksi 1994 yil 22 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan qabul qilinib, 1995 yil 1 apreldan amalga kiritilgan. Bunda O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, joylardagi davlat hokimyati organlarining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarining vazifalari, prinsiplari va vakolatlari, ma’muriy huquqbuzarlikni oldining olish, ma’muriy javobgarlik, bu javobgarliklarning amal qilish doiralari ko‘rsatilgan.
Kodeks ikki qismdan iborat: Umumiy va Mahsus qismlardan tashkil topgan. Umumiy qismda huquqbuzarliklar va jazo choralari to‘g‘risidagi ma’muriy javobgarlikka tortish lozim bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi, jazo turlari va ularni tayinlash tartibi bo‘yicha qoidalar berilgan.
Maxsus qismda huquqbuzarlikning ayrim turlari va ular uchun ma’muriy javobgarlik berilgan.
Ma’muriy huquq boshqa huquq tizimlari bilan aynan, konstitutsiyaviy huquq, moliya, fuqarolik, mehnat, jinoyat va boshqa huquqlar bilan chambarchas bog‘liqdir.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Milliy Davlat va xududiy tuzilishini, davlat va shaxs o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarini, davlat organlarini tashkil etish asoslarini, shaxsning asosiy huquq, erkinliklari va burchlarini belgilab beradi.
Fuqarolik qonunchiligi masalan, savdo sohasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarini va bu munosabatlarda ishtirok etuvchi tomonlarning huquqlarini tartibga soladi. Savdo sohasida boshqaruvni amalaga oshirishga qaratilgan munosabatlar esa ma’muriy huquq bilan tartibga solinadi.
Moliya huquqi davlatning moliyaviy faoliyatini tartibga soladi. Bundagi davlat boshqaruvining munosabatlari esa ma’muriy qonunchilikda ko‘rsatiladi.
Mehnat qonunida davlat organlaridagi mehnat faoliyatini, ya’ni ishga qabul qilish, dam olish vaqti, ish vaqti, mehnat ta’tili, xodimlarni rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini belgilab bersa, ma’muriy huquq normalari mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi davlat boshqaruvi vakolatlarini mustahkamlaydi.
Jinoyat qonunchiligi qanday hatti-harakat jinoyat ekanligini, jinoyatchilarga nisbatan qo‘llaniladigan jinoiy javobgarliklarni belgilab bersa, ma’muriy huquq normalari umummajburiy qoidalarni–masalan: pasport tizimi, sanitariya, yo‘l harakati, ov qilish va boshqalarni o‘rnatadi va bu qoidalarni buzganlarga nisbatan ma’muriy javobgarlikni belgilaydi. Ayrim hollarda ma’muriy huquqbuzarlik jinoiy huquqbuzarlikka aylanib, ma’muriy javobgarlikdan jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.