Narx belgilashning raqobatchilar narxiga asoslangan usuli. Korxonaning narx siyosatiga raqobatchilarning narxlari va bozorda narx o’zgarishiga raqobatchilarning munosabati katta ta'sir ko’rsatadi. Demak, raqobatchilar narxini o’rganish - narx shakllanishi sohasida muhim elementlardan biri hisoblanadi. Dastavval korxonaning narx siyosati bozor tipiga bog’liq ekanligini qayd etishi lozim.
Agar bozor sof raqobatchilar bozori bo’lsa, unda sotuvchi bozordagidan yuqori narxni talab qilishi mumkin emas, chunki xaridorlar ushbu bozor narxi bo’yicha tovarning xohlagan miqdorini ochiq sotib olishlari mumkin. Demak, bu erda narxlar talab va taklif asosida belgilanadi. Bunda narxlar qat'iy va ularga alohida korxona tomonidan ta'sir ko’rsatish deyarlik mumkin emas.
Bozor tiplaridan yana biri monopolistik raqobat bozori hisoblanadi. Bunday bozor ko’p sonli xaridorlar va sotuvchilardan iborat. Ular o’zlarining bitimlarini yagona narx bo’yicha emas, narxlarning keng diapazoni bo’yicha amalga oshiradilar. Bunday sharoitda korxona narxni o’zgartirishi uchun keng imkoniyatlarga ega.
Narx belgilashning raqobatchilar narxiga asoslangan usuliga korxonaning bozorda mustahkam o’rin egallab turgan etakchi korxona belgilangan narxiga qarab narx belgilashini ham kiritish mumkin. Bunday holda korxona o’z tovariga bozor etakchisi belgilagan narxdan ko’ra pastroq narx belgilaydi.
Narx strategiyasi deganda narxlashtirish sohasidagi qarorlar va tadbirlarning kompleksi tushuniladi. Ma'lumki, bozor sharoitida ishlaydigan har bir korxona, dastavval, narxlarni aniqlashning strategiyasi va tamoyillarini ishlab chiqish talab etiladi. Ana shularga amal qilsagina korxona o’z oldiga qo’yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishi mumkin bo’ladi. quyidagi narx belgilash sohasida qo’llanilishi mumkin bo’lgan strategiyalarning ba'zi birlari bilan tanishamiz.
Bozorda barqaror vaziyatni saqlash strategiyasi. Bu strategiyani korxona faoliyatining rentabelligi va boshqa iqtisodiy ko’rsatkichlari barqaror bo’lgan hollardagina qo’llash mumkin bo’ladi. Ko’pchilik hollarda rentabellik (fondlarga nisbatan) 10-15 foizni tashkil etsa, bu korxona qoniqarli faoliyat ko’rsatayotgan korxona deb hisoblanadi.