Amir Temurning fikricha, eng xavfli hamda uning uzrini kechirib bo’lmaydigan navkar bu jang maydonida o’z begiga xiyonat qilgan navkardir. «...Bunday kimsani,— deb yozadi u,- xizmatga yo’latmasinlar. Hayotning o’zi bundaylarning qilmishiga yarasha jazosini beradi»2. «Menga yomonlik qilib, boshim o‘zra shamshir ko‘tarib, ishimga ko‘p ziyon etkazganlarni ham, iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelgach, hurmatlab yomon qilmishlarini xotiramdan o‘chirdim. Martabalarini oshirdim. Ular bilan muomalada shunday yo‘l tutdimki, agar xotiralarida menga nisbatan shubxayu qurquv bo‘lsa, unut bulardi».
«Menga hasad qilib, o‘ldirishga qasd qilgan kishilarga shunchalik sovg‘a-in’omlar berib, muruvvatu ehson ko‘rsatdimki, bu yaxshiliklarni ko‘rib, xijolat teriga g‘arq bo‘ldilar. Hamisha mening roziligimni olib ish tutgan do‘stlarim oldimga panoh tilab kelganlarida, ularni o‘zimning taxtu davlatimga sherik qilib, hech qachon ulardan mol-mulk va tirikchilik ashyolarini ayamadim».
«Hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni parvardigori olamga topshirdim...»
«Agar dushmaning bosh urib panohingga kelsa, rahm qilib yaxshilik va muruvvat ko‘rsat». Amir Temurning do‘stlik haqidagi pandu-nasihatlari ham hali-hanuz biz uchun ibratdir.
«Sodiq va vafodor do‘st ulkim, o‘z do‘stidan ranjimaydi, do‘stining dushmanini o‘z dushmani deb biladi. Agar kerak bo‘lsa, do‘sti uchun jonini ham ayamaydi».
Temur va Temuriylar davri, umuman Sharq, xususan O‘rta Osiyo ilm-fani, madaniyati, ma’naviyati, adabiyot va san’ati rivojida muhim bosqich, yangi tarixiy davr, tub burilishdir. Bu davrdagi ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi ko‘tarilish va yuksalishining manbai, boshlanishi IX-XII asrlarga borib taqaladi. XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrdagi O‘rta Osiyoning madaniy, ma’naviy va ma’rifiy kamoloti IX-XII asr madaniyati, ma’naviyati va ma’rifatining davomidir. O‘rta Osiyo xalqlari orasida etishib chiqqan buyuk tafakkur egalarining butun bir avlodi xuddi shu davrda shakllandi va ijod etdi. Butun dunyoga nomlari mashhur tarixchilar Sharofiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy; olimlar - Ulug‘bek Ali qushchi, qozizoda Rumiy; faylasuf shoirlar - Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy; musavvirlar - Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mirak Naqqosh; xattotlar - Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Muhammad bin Nur va boshqalar shular jumlasidandir. Ularning hammasi o‘sha davr va o‘zlarigacha bo‘lgan insoniyat ma’naviyati, ma’rifati va madaniyati yutug‘ining barcha sohalarini mukammal bilib va o‘zlashtirib olgan, o‘zlari tanlagan sohalarning hali hech kim tomonidan zabt etilmagan cho‘qqilarini egallagan ulug‘ siymolar, qomusiy ilm, aql egalari bo‘lganlar.
Shuning uchun ham ularning boy, serqirra ijodlari, tengi yo‘q, va takrorlanmas ilmiy-falsafiy, badiiy, tarixiy asarlari asrlardan asrlarga, davrlardan davrlarga eson-omon o‘tib, barcha alg‘ov-dalg‘ovlarga bardosh berib bizlargacha etib keldi.
Dostları ilə paylaş: |