14-mavzu., Islom dini va tarixi Islom qadriyatlari Reja: 1- islom dini paydo bo‘lishidagi ijtimoiy sharoit 2- islom asoslari, oqimlari va yo‘nalishlari


-§. Islom asoslari, oqimlari va yo‘nalishlari



Yüklə 119,13 Kb.
səhifə2/6
tarix24.12.2023
ölçüsü119,13 Kb.
#193213
1   2   3   4   5   6
14 mavzu

2-§. Islom asoslari, oqimlari va yo‘nalishlari.
Islomning asosiy oqimlar va yo‘nalishlaridan eng avvalo xavorijlar paydo bo‘lgan edi. Usmon ibn Affon (644-656) davriga kelib islom jamoasi (umma) ichida fitnalar paydo bo‘lib, Usmonga uyushtirilgan suiqasd (656 y.) ham ana shu siyosiy kurashlarning natijasi edi. Xalifa o‘ldirilgach, uning o‘rniga o‘z tarafdorlari tomonidan Ali ibn Abi Tolib (656-661) saylandi. Ana shu davrdan umma-davlat ichida birinchi fuqarolar urushi boshlanadi (656-660). Talha ibn Ubaydulloh, az-Zubayr ibn al-Avomm va Mu’oviya ibn Abi Sufyon kabi guruh rahbarlari Aliga qarshi chiqib, bu holatni shunday talqin qildilar: «Ali qo‘zg‘olonchilarga qarshi kurashda Usmonga yordam bermadi, qodir bo‘la turib odamlarni bu ishdan qaytarmadi, bundan tashqari u xalifalik mansabiga ko‘tarilganidan keyin Ibn Affonning qasosini olmadi, balki u Usmonni qatl etilishidan manfaatdor bo‘ldi». Bu uch sahobaning bu fikrga kelishlariga har birining xalifalikka Alidan ko‘ra o‘zini loyiqroq deb hisoblashi turtki bo‘ldi. Ular o‘z da’volari haq ekanligini turli yo‘llar bilan isbotlardilar: Talha va az-Zubayr «Umar (634-644) vafotidan oldin xalifa saylash xususida kengashga (sho‘ro) chaqirilgan olti kishidan birimiz» deyishsa, Mu’oviya esa Usmonga yaqin qarindosh (ularning ikkisi ham Quraysh qabilasining Umayya urug‘idan edilar) va uning qasosini olishga loyiq ekanligini ro‘kach qildi. Talha va az-Zubayr «al-Jamal» («Tuya») jangida halok bo‘ldilar. Shundan so‘ng Ali o‘rniga xalifalikka da’vogarlardan birgina Mu’oviya ibn Abi Sufyon (660-680) qoldi. 657 yili Suriyada Mu’oviya va Ali o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Siffin jangi Ali tarafdorlarining ikki guruhga ajralib chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu jangda Ali ibn Abu Tolib qarshi tomon (Umaviylar, 660-749) bilan o‘zaro bitim tuzib, urushni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Alining tutgan bunday murosasozlik siyosatidan uning qo‘shini orasidagi bir guruh kishilar norozi bo‘lib ajralib chiqdilar. Aliga itoat etishdan bosh tortganlar «xavorij» deb, Mu’oviyaga qo‘shilmay Ali atrofiga to‘planganlar, keyinchalik, «shia» deb nomlana boshlandi. Bu guruhlar islomdagi ikki katta oqimga asos soldilar. O‘z navbatida har bir toifaning o‘ziga xos diniy-siyosiy nuqtai nazarlari, ta’limot va amaliyotlari shakllana boshladi.
Ali bilan Mu’oviya o‘rtasidagi tuzilgan bitimdan Kufa yaqinida turgan 12 ming kishidan iborat qo‘shinning bir qismi norozi bo‘ldi. Ular «hukm chiqarish faqat Allohning qo‘lidadir», degan shior bilan qo‘shinni tark etib, Kufa yaqinidagi Harura qishlog‘iga ketdilar. Bu firqaning Kufadagi «xuruj» (bo‘ysunmaslik) voqeasi ularning «xavorij» (qarshi chiquvchilar) nomini olishlariga sabab bo‘ldi. Bu voqea Harura qishlog‘ida yuz berganligi bois avvaliga ularni «haruriylar» deb ham ataganlar. Ular o‘zlarini «SHurot» («Jonlarini Alloh yo‘lida tikkan kishilar») deb nomlaganlar. Yana ularning «Muhakkima» («hukm Allohning qo‘lida» deguvchilar) degan nomlari ham bo‘lgan. Xavorijlar o‘zlariga Abdulloh ibn Vahb ar-Rosibiyni amir etib saylab, Ali va Mu’oviyani yo‘q qilish payiga tushdilar. Xalifa Alini 660 yilda xorijiy Abdurrahmon ibn Muljam o‘ldirgach, xavorijlar ikki firqaga bo‘linib, biri Iroqda qoldi, ikkinchisi Arabiston yarim oroliga ketdi. Umaviylar davrida xavorijlarga qarshi keskin kurash olib borildi. Chunki ular Umaviylar davlatiga katta xavf solardilar. Bu davrda xavorijlar kuchayib, Kirmon, Fors, Yamoma, Hadramavt, Toif va Yaman kabi shahar va o‘lkalarni egalladilar.
Hokimiyat Umaviylardan Abbosiylar sulolasi (749-1258) qo‘liga o‘tganidan keyin ham bu toifa bir muddat o‘z kuchini yo‘qotmadi. Biroq Abbosiylar uzoq vaqt ularga qarshi uzluksiz olib borgan kurashlaridan so‘nggina xavorijlar inqirozga yuz tutdi.
1. Xavorijlar ta’limotlari asosi quyidagilardan iborat:
- ular gunohkorni «kofir» deb e’lon qildilar. Shunga ko‘ra xalifa Usmonni Abu Bakr va Umaryo‘lidan yurmagani uchun kofir deyishadi. Ali, Mu’oviya, Abu Muso al-Ash’ariy, Amr ibn al-Oslarmuxolif guruhlarda qatnashganlari uchun ular nazdida kofirlar;
- «zolim» podshohga qo‘lda qilich bilan qarshi chiqishni diniy vazifa (vojib) deb biladilar. O‘ze’tiqodini yashirish tamoyili (taqiya) rad etadilar. O‘zlari harbiy jihatdan zaif bo‘lsalar ham,qudratli «zolim» podshohga qarshi chiqish vojib bo‘laveradi, deb hisobladilar;
- xalifalikka har qanday odam, Quraysh qabilasidan yoki arab bo‘lishligidan qat’i nazar,musulmonlar tomonidan saylanishi mumkin. Xalifalik, shialar aytganidek, ma’lum jamoat (sulola)ichida cheklanmagan;
- namoz, ro‘za, zakot va boshqa amallarni imonning bir bo‘lagi, deb hisoblaydilar. Kishi to barchaamallarni bajarmaguncha, dili bilan tasdiqlab, tili bilan aytishi musulmon deb tan olinishi uchunkifoya emas.
VII asr ikkinchi yarmida xavorijlar orasida yigirmaga yaqin turli guruhlar paydo bo‘ldi. Ular ichida eng yiriklari – ibodiylar, azoriqalar hamda sufriylar bo‘lib, o‘z yo‘lboshchilari nomi bilan shunday atalganlar.
2. Shialik islomdagi uch yirik oqimdan biri bo‘lib, hokimiyat masalasida islom jamoasida paydo bo‘lgan ixtilof natijasida vujudga kelgan. Shia so‘zining to‘liq shakli «ash-shia» («tarafdorlar, guruh, partiya»), aniqrog‘i «Shiat Ali» («Ali tarafdorlari partiyasi») bo‘lib, bu nom xalifa Ali (656-661) va uning avlodlariga ergashganlarga nisbatan berilgan. Shialikda imomat masalasi asosiy diniy ruknlardan hisoblanadi. Imomat jamiyat manfaatlaridan emas, balki din ruknlaridan kelib chiqadi, deb e’tiqod qilinadi. Ularning ta’limotiga ko‘ra, rahbar jamoa tomonidan saylanmay, balki u meros sifatida o‘tadi. Mazkur ta’limotga binoan, Muhammad payg‘ambar Alini xalifa etib tayinlagan, undan keyin esa xalifalik uning avlodlarida qonuniy meros sifatida vasiyat yo‘li bilan uzatiladi. Imomlik (xalifalik) payg‘ambarlik kabi ilohiy mansab hisoblanib, Alloh bandalari orasidan payg‘ambarlarini tanlab, ularni gunohlardan saqlagani va ularga ilmi ladun (Alloh huzuridan berilgan ilm) bergani kabi xalifalarni ham shunday tanlaydi deyiladi. Abu Bakr, Umar va Usmonlar esa bu huquqni Alidan zo‘rlik bilan tortib olishgan. Alining xalifaligi Payg‘ambar vafotining birinchi kunidan boshlangan, deb hisoblaydilar. Ash-SHahrastoniy (vaf. 1153 y. ) iborasi bilan aytganda: «Shialarning e’tiqodiga ko‘ra, Alining imomligi va xalifaligiga oshkora va maxfiy dalillar kelgan hamda undan keyingi imomlik uning avlodlaridan tashqariga chiqmaydi, agarda chiqsa ham, bu ularga zulm qilish yo‘li bilan oshirilishi mumkin».
Shialikda isno‘ashariya firqasi mavjud bo‘lib,ushbu firqa e’tiqodicha, 12 imomlik (isno‘ashariya) Ali ibn Abi Tolibdan boshlanadi, so‘ng uning Fotimadan bo‘lgan o‘g‘illari al-Hasan va al-Husaynga o‘tadi va nihoyat 12-imom Muhammad al-Mahdiyga borib tugaydi. Shuning uchun bu firqa isno‘ashariylar – «o‘n ikki imomni e’tirof qiluvchilar» deb nomlangan. Isno‘ashariylarning e’tiqod qilishicha, o‘n ikkinchi imom Muhammad al-Mahdiy hali o‘lmagan, balki u 873-74 sanada g‘oyib bo‘lgan va oxir-zamonda paydo bo‘lib, zulm va fasodga to‘lgan yer yuzini tinchlik va adolatga to‘ldiradi. Ular imomlarni xato va gunohdan ma’sum (pok) deb hisoblaydilar. Bunga sabab, ularning fikricha, imomlarga ilohiy ilhom keladi yoki Payg‘ambar o‘z zamonida bayon etishlariga hojat bo‘lmagan ahkomlar ilmini ularga qoldirganlar. Shu bois ular imomga imon keltirishni musulmonlik shartlaridan biri deb hisoblaydilar. Ular imomga shunday tavsif beradilar: «Imom xatodan, adashishdan yiroq bo‘lgan, to‘g‘ri yo‘ldagi, taqvoli va Alloh qo‘llagan ma’sum kishidir. Alloh va bandalarining o‘rtasida hujjat bo‘lishi uchun Alloh ularga shu xususiyatlarni berdi».
Isno‘ashariylar imomlarning maqomlari xususida turli fikrlar bildirganlar. Ba’zilar Alini Payg‘ambardan afzal deb e’tiqod qiladilar hamda Ali va uning o‘n bir avlodi insonlarga rizq berib turadi. Ular Payg‘ambardan keyingi Allohning hujjatlaridirlar. Ularning buyruqlari Payg‘ambarning buyrug‘i, nahy(taqiq)lari Payg‘ambarning nahyisi, ularga itoat qilish – Payg‘ambarga itoat qilish, ularga bo‘ysunmaslik – Payg‘ambarga isyon qilish, degan fikrlarni bildiradilar. Ularning jasadlari nuroniyliklari sababidan qabrlarda chirimaydi yoki ba’zilarining e’tiqodiga ko‘ra osmonga ko‘tariladi.
Ular fiqh qoidalarini Qur’onga, o‘z olimlaridan naql qilingan ko‘rsatmalarga asosan tuzadilar. Sunniylikda fatvo (diniy hukm) chiqarish uchun qo‘llaniladigan ijmo‘ masalasida faqatgina Ahl al-Bayt (Ali avlodlari) ijmo‘ini qabul qiladilar va boshqalarini rad etadilar. Isno‘ashariya firqasi islomdagi boshqa mazhablardan nafaqat e’tiqod masalalarida, balki ibodat masalalarida ham farqlanadi.
Isno‘ashariya imomlari quyidagilar:
1. Ali ibn Abi Tolib (al-Murtazo);
2. al-Hasan ibn Ali (al-Mujtabo);
3. al-Husayn ibn Ali (ash-Shahid);
4. Ali Zayn al-obidin ibn al-Husayn (as-Sajjod);
5. Muhammad ibn Ali (al-Boqir);
6. Ja’far ibn Muhammad (as-Sodiq);
7. Muso al-Kozim ibn Ja’far as-Sodiq (al-Kozim);
8. Ali ibn Muso (ar-Rizo);
9. Muhammad al-Javod ibn Ali (at-Taqiy);
10. Ali al-Hodi ibn Muhammad al-Javod (an-Naqiy);
11. al-Hasan al-Askariy ibn Ali al-Hodi (az-Zakiy);
12. Muhammad al-Mahdiy ibn al-Hasan al-Askariy (al-Hujjat al-Qo‘im al-Muntazir).
Bu firqaning markazlashgan joyi Erondir. Undan tashqari Ozarbayjon, Suriya, Livan, Falastin,Hindiston va Pokistonda «Isno‘ashariya» oqimi vakillarini uchratish mumkin.
Ismoiliya firqasi – islomdagi shia oqimining asosiy shaxobchalaridan biri bo‘lib, islom tarixida juda muhim o‘rin tutadi. Ushbu firqa vakillari turli mamlakatlarda botiniya, sab’iya, qarmatiya, ta’limiya, mulhidiya va h.k. nomlar bilan atalganlar.
Ismoiliyaning paydo bo‘lishi VIII asrda shialar orasidagi o‘zaro bo‘linishdan boshlandi. Shialarning keyinchalik «imomiylar» deb atalgan bir guruhi Ja’far as-Sodiqning kichik o‘g‘li Muso al-Kozimni yettinchi imom deb tan oldilar. Chunki Imom Ja’far katta o‘g‘li Ismoilni vorislikdan mahrum etib, imomlikni kichik o‘g‘liga vasiyat qilgan edi. Ammo, shunga qaramay, boshqa bir guruh Ja’far as-Sodiqning katta o‘g‘li Ismoilni imomlikning merosxo‘ri sifatida tan oldilar. Ismoil otasi tirikligida vafot etganligi sababli keyinchalik uning o‘g‘li Muhammad ibn Ismoilni yettinchi imom sifatida qabul qildilar. Imomiya shialaridan farqli ravishda imomatning davomchisi Ismoildir, deb da’vo qiluvchi ushbu firqa o‘zlarini «ismoiliylar» deb atadilar.

Yüklə 119,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin