14-mavzu., Islom dini va tarixi Islom qadriyatlari Reja: 1- islom dini paydo bo‘lishidagi ijtimoiy sharoit 2- islom asoslari, oqimlari va yo‘nalishlari


-§. Islomda inson huquqlari himoyasi, ijtimoiy tenglik, adolat va tolerantlik g‘oyalari



Yüklə 119,13 Kb.
səhifə3/6
tarix24.12.2023
ölçüsü119,13 Kb.
#193213
1   2   3   4   5   6
14 mavzu

3-§. Islomda inson huquqlari himoyasi, ijtimoiy tenglik, adolat va tolerantlik g‘oyalari
Islom falsafasining mazmuni Qur’oni karim va hadisi shariflarda, ularga asoslangan islom falsafasi, tasavvuf, odob-axloq masalalariga bag‘ishlangan dunyoviy va diniy olimlarning asarlarida o‘z ifodasini topgan. Bu bilimlarni targ‘ib qilish islom ma’rifati doirasiga kiradi.
Xalqimiz tarixidan ma’lumki, ilm-fan, adabiyot, san’at va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda dunyoviylik va diniylikka nisbatan ko‘p holda to‘g‘ri yondoshilganligi uchun ijtimoiy va ilmiy sohada jahonga mashhur kashfiyotlar qilindi. Markaziy Osiyoda yetishib chiqqan mutafakkirlar jamiyatning paydo bo‘lishi, mohiyati va istiqbollari to‘g‘risida, shaxs va jamiyat munosabatlari, davlatni boshqarish xususida ilg‘or ilmiy qarashlarni ilgari surdilar. Markaziy Osiyo mutafakkirlari haqiqatga erishishning ikki xil yo‘lini, ya’ni biri diniy, ikkinchisi ilmiy yo‘lni rivojlantirishga katta e’tibor qaratdilar. Inson diniy yo‘l bilan ilohiy zot - yaratuvchiga ishonish va unga sig‘inish, turli diniy an’ana va qadriyatlarga rioya qilish orqali ilohiy haqiqat yo‘liga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ysa, ilmiy yo‘l bilan tabiat va uning qonuniyatlari, ob’yektiv olamni bilishga intiladi. Markaziy Osiyo mutafakkirlari jamiyatning paydo bo‘lishi, uning mazmuni va mohiyati, shaxs va jamiyat munosabatlari, inson va uning ma’naviy kamolotiga tegishli bo‘lgan o‘zlarining qarashlarini ilgari surdilar.
O‘zbekiston hududida keng tarqalgan islomning hanafiya mazhabi mahalliy xalqlar milliy urf-odatlari, an’analari bilan uyg‘unlashib, diniy g‘oya shakllanishiga o‘zining ta’sirini ko‘rsatdi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurilayotgan hozirgi sharoitda, milliy g‘oya targ‘ibotida islomiy qadriyatlardan foydalanish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
1. Islom inson huquqlarini, shuningdek, shaxs va jamiyat manfaatlarini himoya qiladigan va inson qadr-qimmatiga hurmatni ta’minlaydigan din bo‘lib hisoblanib, bu huquqlar shariat va uning me’yorlari tomonidan har bir kishiga, uning irqi va tanasining rangidan qat’i nazar kafolatlanadi.
2. Islom nuqtai nazaridan inson eng munosib va olijanob mavjudot bo‘lib, Alloh taolo yerdagi va osmondagi bor narsalarni unga bo‘ysundirib qo‘ygan, unga ong va fikrlash qobiliyatini in’om etgan. Inson qadr-qimmati haqida tasavvur Islomda mukammal nazariyaga tayanadi.
3. Islom dinida inson hayotiga, uning tanasi va or-nomusi daxlsizligiga tajovuz qilish, uni qiynoqqa solish, tirikligida unga qarshi moddiy yoki ma’naviy jihatdan ziyon yetkazish, uning o‘limidan keyin, hatto urush paytida ham murdasini tahqirlash taqiqlanadi, chunki insonga hurmat uning o‘limidan keyin ham ko‘rsatilishi lozim.
4. Insonning yashash huquqini asrash uchun Islomda faqat haqiqat uchun va himoya qilish yo‘lida, faqat ogohlantirgan va urushni ochiq e’lon qilgan holdagina urishishga qonun bilan ruxsat etiladi. Islom irqiy yoki milliy murosasizlik yoki o‘lja uchun urush olib borishni taqiqlaydi. Islom harbiy harakatlarga cheklovlar belgilagan va o‘zini Allohga xizmat qilishga bag‘ishlagan odamlar, ayollar, bolalar va qariyalarni, agar ular urush harakatlarida qatnashmagan bo‘lsa, o‘ldirishni ta’qiqlagan. Jang maydonidan uzoqda mehnat qilayotganlar, masalan, dehqonlarni, agar ular urush harakatlarida qatnashmagan bo‘lsa, o‘ldirish ta’qiqlangan. Islomda shuningdek, odamlarning oziq-ovqat bilan ta’minlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilgan holda, ekin maydonlari va chorvani nobud qilish ham ta’qiqlangan.
Inson hayotiga tajovuzlarning oldini olish chorasi sifatida shariatda yetkazilgan ziyonga teng jazo belgilangan. Inson ruhini saqlab qolish uchun Islom uning hayotiga qasd qilishni ta’qiqlaydi. Ongni saqlash uchun Islomda may ishlab chiqish ta’qiqlanadi, chunki u sog‘lom fikrlashni yo‘qotishga va idrok qilishning buzilishiga olib kelib, aql-hushdan ayiradi, shuningdek, insonning fikrlash qobiliyati susayishi va ongini yo‘qotishiga olib keladigan hamma narsa ta’qiqlangan. Musulmon olimlar aql-idrok va ongning qimmati va ularning inson hayotiga ta’sirini tushunib yetganlar. Yashash huquqi hamda tana va his-tuyg‘u organlari daxlsizligining tarkibiy qismlaridar biri sifatida Islomda musulmonlarga ziyon keltiradigan har narsadan uzoqlashish talab qilinadi. Islomda musulmonlarni qiynoqqa solish, ularning qadr-qimmatini yerga urish, tahqirlash yoki mazah qilish ta’qiqlanadi. Islom dinida erkinlik inson hayotning asosi hisoblanadi. Erkinlik, musulmon olimlarining tushunishicha, insonning harakat qilish qobiliyatidir.
Islomda din asoslari, Islom arkonlari, uning qadriyatlari va me’yorlari, shuningdek, umumiy manfaatlariga rioya qilishda so‘z va fikr erkinligiga tayaniladi. Islom dinida so‘z erkinligi Islom jamiyatini tashkil qiladigan, uning xatlarini tuzatadigan, to‘g‘ri yo‘ldan qanday borish va umumiy ishlarda qanday qilib muvaffaqiyatga erishish mumkinligini tushuntirib beradigan shariat me’yorlari bilan tartibga solinadi. Shariat erkaklar uchun ham, ayollar uchun ham huquqshunoslar «fuqarolik erkinligi» deb ataydigan huquqni kafolatlaydi. Ayol kishi to‘liq huquqiy layoqatga ega bo‘lishi, u mulk bilan bog‘liq harakatlarni hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirishi, oila qurishi, nikohga rozi bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin.
Islom dini bag‘rikenglik dinidir. Unda ilm va olimlar hurmat qilinadi. Islom dinida boshqa din vakillariga nisbatan bag‘rikenglik, inson huquqlarini hurmat qilish, tinch-totuv yashash kabi g‘oyalar ilgari surilgan. Islom dinida millatidan, elatidan, tanasining rangidan qat’iy nazar, inson insonligi uchun ulug‘lanadi. Islom dini insonlar zimmasiga yer yuzida ezgulik bilan yashash va yaratish vazifasini yuklaydi. Tinchlik va osudalikni o‘rnatishning omillaridan biri sifatida Islom dini odamlar o‘rtasidagi adolatni saqlash zarurligini uqtiradi. Ezgulik qilish, Islom ta’limotiga ko‘ra, inson hayotidagi eng muhim vazifadir. Islom dini kishilarni tenglikka, birodarlikka, tinch-totuv yashashga, ezgulikka chaqiradi. Islom dinida saxovat, mehmonnavozlik, jasorat, sabr va qanoat, qo‘li ochiqlik, bag‘rikenglik, muruvvatlilik, keng fe’llilik, to‘g‘rilik, vafodorlik va sodiqlikka katta e’tibor berilib, bu axloqiy qadriyatlar yuksak ma’rifat belgisi deb qaralgan. Islom dinida kim birovga ehson qilsa, uning foydasi o‘sha kishining o‘ziga qaytishi, birovga yaxshilik qilgan kishi o‘zida ruhiy qanoat his etishi, boshqalar tomonidan hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lishi ta’kidlanadi. Qur’oni karimda ehsonga loyiq kishilarga birinchi navbatda ota-onalar kiritiladi. Islom dinida qarindoshlar, yetimlar, kambag‘allar, qo‘ni-qo‘shnilarga ham yaxshilik qilish zarurligi ta’kidlanadi. Islom dinida ezgulik qilish, el-yurtga foyda keltirish, odamlarni to‘g‘ri yo‘lga solish yuksak ma’naviy fazilat sifatida e’tirof etiladi. Islom dinida yaxshilik tushunchasi ostida rostgo‘ylik, qanoat, saxiylik, shijoat kabi fazilatlar ko‘zda tutiladi.
Jamiyat hayotida diniy ong rivojlanib borishi bilan, dinning mohiyati chuqurroq anglanib, diniy bag‘rikenglik ham rivojlana boradi. Hozirgi davrda O‘zbekistondagi turli konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar o‘z faoliyatlarini o‘zaro teng huquqlilik, hamdo‘stlik va hamkorlik asosida amalga oshirmoqdalar.
Diniy bag‘rikenglik turli dinlarning, turli dinlarga mansub barcha kishilarning tengligi, umumiy ezgu maqsad yo‘lidagi hamkorligini o‘zida ifodalaydi. Diniylik dunyoviylikka xizmat qilishi zarur, deganda dunyoqarashning ezgulik, yaxshilik, halollik, tinchlik, do‘stlik kabi yuksak insoniy fazilatlarni tarbiyalashi nazarda tutiladi. Diniy bag‘rikenglikning qaror topishi, mustahkamlanishi, rivojlanishi barcha kishilarni e’tiqodidan qat’iy nazar milliy g‘oya va mafkurani amalga oshirish yo‘lida birlashtiradi.
O‘zbekistonda yangi demokratik, fuqarolik jamiyati asoslarini yaratishga kirishilgan hozirgi o‘tish davrida diniy bag‘rikenglik qanchalik muhim bo‘lsa, diniy bag‘rikenglik uchun milliy mafkura ham shunchalik muhimdir. Respublika aholisining milliy qiyofasi faqat Sharq emas, balki, G‘arb sivilizatsiyasiga mos umuminsoniy tamoyillar, islom, xristianlik va boshqa dinlarga e’tiqod, an’ana va urf-odatlar, rang-barang turmush tarzidan iborat ma’naviy mezonlarni o‘zida aks ettiradi. Bunda O‘zbekistonda yashayotgan xalqlarning o‘tmishi, bugungi hayoti, kelajak bilan bog‘liq orzu umidlari asrlar osha yonma-yon yashash jarayonida shakllangan hamjihatlik, bag‘rikenglik, qardoshlik tuyg‘ulari uyg‘unlashgan tarzda namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab – avaylash, barcha fuqarolar o‘z e’tiqodini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlash, ular o‘rtasidagi qadimiy mushtarak an’analarini yanada rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Diniy bag‘rikenglik ham dinlararo hamda har bir dinning ichidagi turli xil yo‘nalishlar va mazhablarning ezgu g‘oyalarini qadrlash, bir-birlarini hurmat qilish asosida amalga oshiriladi.

Yüklə 119,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin