Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi. OTMdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni bevosita yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor tashkil etadi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi institut jamoasi, ayniqsa, talaba-yoshlar o‘rtasida milliy va umumbashariy qadriyatlarga asoslangan demokratik tamoyillarni qaror toptirish orqali inson huquqlari va qadr-qimmatlarini ulug‘lashga, jismonan sog‘lom, aqlan yetuk, dunyoqarashi teran va mustaqil fikrlovchi barkamol yoshlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan uzoq muddatli, keng ko‘lamli ma’naviy-axloqiy tarbiya dasturini amalga oshiradi.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmon, Qaror va Farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyruqlari hamda OTM ichki tartib-qoidasi va ushbu bo‘lim Nizomiga binoan faoliyat ko‘rsatadi.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limining asosiy maqsadi – talaba-yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy, estetik, axloqiy dunyoqarashini kengaytirish, tafakkurini turli xil yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish hamda mustaqil O‘zbekistonning chinakam fidoiy, vatanparvar shaxsi sifatida tarbiyalashdan iborat.
Bo‘limning vazifalari: Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga bog‘liq chora-tadbirlarni o‘tkazish; Talaba-yoshlar orasida ma’naviy-axloqiy, estetik, siyosiy, huquqiy, olijanoblik fazilatlarini shakllantirish, turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish imunitetini yanada kuchaytirish maqsadida turli soha mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda davra suhbatlari, uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlar tashkil etish; Milliy urf-odatlar, qadriyatlar asosida olib borilayotgan anjumanlar, uchrashuvlar tashkil qilish; Talabalarning ruhiy va jismoniy qobiliyatini shakllantirish maqsadida olib boriladigan ishlarni shakllantirishga ko‘maklashish; OTMda ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarini belgilash, ularga zarur normativ hujjatlar ham tavsiyalar ishlab chiqish; Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining shahar, tuman bo‘limlari hamda mamlakatimizda xizmat ko‘rsatib kelayotgan fondlar, ijtimoiy tashkilotlar bilan birgalikda ma’naviy-axloqiy ishlarni shakllantirish.