15-MAVZU. KIBERMAKONDA DIN OMILI Reja: 1. Kibermakon tushunchasi va uning mazmun-mohiyati.
2. Axborot urushi va uning mazmuni
3. Din niqobidagi mafkuraviy tahdidlarning namoyon bo‘lish shakllari.
4. Yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardagi axborot xurujlaridan asrashning dolzarb masalalari.
Tayanch tushunchalar:kibermakon, kibermakon va din, ijtimoiy tarmoqlar tahdidlari, axborot asri tahlikalari, internet tarmog‘idagi axborot urushi, global tarmoqdagi g‘oyaviy xurujlar oldini olish, barkamol avlodni mafkuraviy xurujlardan himoya qilish.
Mavzu o‘quv maqsadi: Talabalarda ma'naviy tahdid shakllari va ularning ijtimoiy barqarorlikka ta'siri, kibermakon tushunchasi, axborot xurujlari, din niqobidagi mafkuraviy tahdidlarning namoyon bo‘lish shakllari, yoshlarni turli xildagi axborot xurujlaridan asrashning ustuvor vazifalari haqida bilimlarini oshirish.
1. «Kibermakon» tushunchasi va uning mazmun-mohiyati. XXI asr axborot asri deb e'tirof etilayotgani bejiz emas. Insoniyat tarixida ma'lumotning muhimlik darajasi bu kabi yuqori cho‘qqilarni zabt etmagan edi. Insonlarni yangi bilimlarni egallashga qiziqishi tobora ortib borayotgan globallashuv jarayonida ijtimoiy ongni zaharlashga qaratilgan tajovuzlar, mamlakatning axborot boshqaruvini izdan chiqarishga urinishlar tobora ortib bormoqda. Bunda yoshlarning axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali ularda turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, «ommaviy madaniyat» va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday jarayonlarni amalga oshirishda esa kibermakon qulay muhit manbaiga aylanib ulgurgan. Kibermakon dunyo komp'yuter tarmoqlarining «virtual» umumiy majmui. Ushbu atama 1984 yilda Uilyam Gibsonning «Neyromant» («Neuromancer») romanida qo‘llanilgan, hozir esa global axborot makonini ifodalash uchun ishlatiladi. Telefon suhbatlari, «chatlar», turli onlayn bahslar, komp'yuter aloqasi kibermakonda amalga oshirilmoqda. Virtual voqelikka kirib borishning zamonaviy vositalari sifatida quyidagilarni aytish mumkin: internetga chiqish imkoniyati mavjud mobil telefonlar; onlayn pul'tli o‘yinlar; video qurilmalar; tarmoqdan tashqarida foydalanish imkonini beruvchi dasturiy ta'minotlar. Bu kabi vositalar kibermakondan erkin foydalanish imkonini yaratish bilan bir vaqtda, mazkur makondagi xavf-xatarlarning ko‘z ilg‘amas darajada yuqoriligini anglatadi. Qayd etish lozimki, kibermakonda diniy jarayonlar ko‘rinishlari quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: muloqot, ma'lumot, ta'lim, tajriba, amaliyot, missionerlik, marketing, shifo va boshqalar. Internet imkoniyatlari insonlarning muloqotga kirishish va muayyan maqsaddagi fikrlar almashinuvidagi ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lana olish imkonini beradi. Dastlab tashkil etilgan jamoalar orasida Vikkanlar va neomajusiylar kabi noan'anaviy internet guruhlar bo‘lgan. Xaydi Kempbell tomonidan xristian jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, insonlar onlayn jamoalarga muloqotga kirishish maqsadida a'zo bo‘ladilar. Bir qator olimlar virtual muloqotning xarakteriga bog‘liq muhim masalalarni ko‘targanlar. Uni shunchaki «ijtimoiy hayotning illyuziyasi» yoki «offlayn» dunyoda jamoalarning yaxshilanishiga olib keluvchi vosita sifatida e'tirof etganlar. Yetakchi diniy tashkilotlar ham hozirgi kunda a'zolar va a'zo bo‘lmaganlar orasida komp'yuterlashtirilgan ma'lumot olishga ehtiyojning ortganini ta'kidlamoqda. Diniy ma'lumotlarni tarqatishda elektron diniy ma'lumot tarqatuvchi «bloggerlar» yoki «bloglar» komp'yuterlashtirilgan muloqotning muhim jihati hisoblanadi. Jadal suratlarda «podkastlar», veb-saytdan MR3 pleer, «i-Pod»larga yuklanayotgan audiodasturlar, xususan, ma'ruzalar ommalashmoqda.
Avvallari tanqis, keng tarqalmagan muqaddas matnlar va undan keyingi o‘rinlarda turuvchi ma'lumotlar endilikda omma e'tiboridagina emas, balki istalgan kishi uchun veb saytlardan yuklab, ta'lim olish imkoniyati mavjud.
Internetning «liminal makon»i ma'naviy yoki diniy tajribaga (absorbsiya, asketlik, eskapizm, yagonalik, muloqot) yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. Hozirgi kunda ofisda faoliyat yurituvchilar hayot tarziga monand 10 daqiqali ma'naviy mashqlar tajriba orttirishga imkon beradi. Zamonaviy sufiylar internet orqali bunday aloqalar vositasida murshid va murid o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yaxshilanayotganini e'tirof etadilar. Internet-radio kabi yangi texnologik imkoniyatlar yordamida tinglovchilarni «psixonavigasion sayohatga» chorlaydilar.
Komp'yuter-media vositalari diniy amaliyotga chuqur singib ketishi natijasida kibermakon muhim rituallar maydoniga hamda muayyan dinga targ‘ib qilish manbai va vositasiga aylangan. Bundan tashqari jamiyatdan uzoqlashgan ma'lum bir yoshlar va ayollarni kiber-ma'naviyat rasmiy ibodatxonalardan ko‘ra ko‘proq o‘ziga jalb etadi. Amaliy so‘rovlar esa mazkur jarayonlar kelajakda yoshlarni qamrab olishini ko‘rsatgan. Ammo ba'zilar internet jonli, ta'sirchan ma'ruza bilan bellasha olmasligini ta'kidlaydi. Shuningdek, onlayn-jamoalar tez suratlar bilan o‘zgarayotgan dunyoda «to‘g‘ri yo‘l»da bo‘lishning amaliyoti qanday bo‘lishiga oid savol va mulohazalarni muhokama qiluvchi muhim «maydon»ga aylandi.
Umumiy olganda kibermakon vaqt va makon chegarasini bosib o‘tish imkoniyatini kengaytiradi. Bu esa o‘z navbatida moliyaviy qiyinchiligi yoki jismoniy kamchiligi mavjud bo‘lgan ma'lum diniy amallarni amalga oshirish imkoniyatini oshiradi.
Muloqotga kirishishning yana bir ko‘rinishi bo‘lgan missionerlik, ma'lum diniy ta'limning o‘sishi va ta'siri doirasining kengligi bois alohida ko‘rib o‘tish zarur. Bugungi kunda din va e'tiqod erkinligi huquqi eng bahsli masaladir. Muammoli jihati shundaki, yangi murojaat qilganlarni dinga targ‘ib qilinishi agressiv ruhda amalga oshirilayotgani bilan belgilanadi.
Muqaddas matnlarning marketingi internet orqali katta biznesga aylandi. Diniy va ma'naviy ehtiyojga mos keladigan barcha narsani sotib olish mumkin. Diniy tanishuv saytlarida esa qalban mos insonni topish oddiy bosqichlarda amalga oshiriladi.
Komp'yuter media vositalarida kasalliklarga davo va muammolarga yechim topish keng rivojlanmoqda. Guru, yevangelistlar, maslahatchi ekstrasenslarga duoli so‘rov yuborish yoki diniy va amaliy muammolarga javob topish mumkin. Bunga ko‘pchilikni murojaatning anonimligi va kuchli diniy yetakchining ishtiroki jalb etadi.
Yuqorida ko‘rib o‘tilgan jarayonlar internet bugungi kundalik turmushimizga qay darajada chuqur singib borganini namoyon qilmoqda. Tobora kuchayib borayotgan globallashuv jarayonida ma'lumotning mazmuni va strategiyasini tahlil qilish muhim. Chunki, bunday xurujlar yoshlarning ma'naviy-axloqiy, psixologik dunyoqarashini, siyosiy nuqtai-nazari va e'tiqodini maqsadli ravishda o‘zgartirishga qaratilganligi hech kimga sir emas. Axborot xurujlari va kiber tahdidlardan himoyalanish, o‘z navbatida, ularga qarshi kurashish uchun har bir kishi hushyor va ogoh bo‘lishi, axborotni tahlil qila bilishi lozimligini davrning o‘zi talab etadi. Axborotlar oqimidan foydalanish bo‘yicha yoshlarda sog‘lom immunitetni hosil qilish, ijobiy tomonlarini o‘rgatish bilan birga, salbiy oqibatlaridan xabardor etish muhim.