Fan metodlari: umumilmiy, xususiy ilmiy va fanlararo tadqiqot metodlari. Fan metodining asosiy mazmunini yoki avval amaliyotda sinalgan ilmiy nazariyalar tashkil etadi: har qanday nazariya boshqa nazariyani yaratuvchi yoxud amaliyot mazmunini yoki izchilligini belgilovchi metod vazifasini bajaradi. Ilmiy bilishda falsafiy metodlarning roli katta. Falsafaning aksariyat metodlari fan taraqqiyoti va differensiatsiyasida umumilmiy metod vazifasini bajargan. Xususan, falsafaning universal metodi bo‘lgan tarixiylik va mantiqiylik tamoyilining birligi metodi biologiya, ximiya, antropologiya, tarix va boshqa fanlarda evolyusion ta’limotning asosi bo‘lib xizmat qilgan. Ijtimoiy bilishda tarixni mushohada qilish va tizimlashtirish, qiyoslash va modellashtirish barcha ijtimoiy fanlar uchun metod vazifasini bajaradi. SHuningdek alohida fan doirasida tadqiqot jarayonida qo‘llaniladigan o‘ziga xos metodlar mavjud bo‘lib, ular xususiy metodlar deb ataladi. Misol uchun, fizika, ximiya, astronomiya yoki mantiq fani doirasida muayyan holatni o‘rganish jarayonida ishlatiladigan tamoyil, tadqiqot usullari boshqa fan doirasida qo‘llanilishining iloji bo‘lmaydi.
Fanlararo tadqiqot metodlari esa bir nechta fan doirasida ditsiplinalararo tadqiqotlarga tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan metodlardir. Misol uchun ijtimoiy sotsiologiya, ijtimoiy falsafa, sotsial psixologiya predmetlari orasida o‘rganilayotgan muammolar echishga yordam beradi. Bunga ma’lumotlarni sintetik va integrativ usulda ishlash, tizimli yondoshuv asosida xulosa chiqarish metodi ham misol bo‘la oladi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar metodlarining o‘ziga xos xususiyati. Hozirgi zamon metodologiyasi.Ijtimoiy gumanitar fanlar sohalar nuqtai nazaridan bir nechta yo‘nalishga bo‘linsada, mazmunan va mantiqan falsafaning klassik davridan shakllanib kelgan metodlarni o‘z sohalarida qo‘llaydilar. Bu holat ijtimoiy-gumanitar fanlar falsafadan differensiallashgani tufayli o‘z tarixiy ildizlarida tarixiylik va mantiqiylikning birligi, induksiya va deduksiya, analiz va sintez, qiyoslash va modellashtirish tamoyillari va metodlariga binoan nazariy korpusining mavjudligi bilan xarakterlanadi. SHuningdek zamonaviy metodologiyada postmodernistik falsafaning germenevtik, sinergetik va integratsion metodlaridan unumli foydalanish, ularni umumiy metodologik yo‘nalish sifatida qabul qilish ijtimoiy –gumanitar fanlarga xosdir.
Xususan germenevtika falsafa, tarix, psixologiya, sotsiologiya fanlarida keng qo‘llaniladi. Germenevtika hozirgi zamonda etakchi falsafiy oqimlardan biri, tarixiy-falsafiy fan doirasida matnlarni nazariy asoslovchi va metodologik jihatdan tushuntiruvchi sohadir. Nemis faylasufi, psixologi, madaniyat tarixchisi Vilgelm Diltey (1833-1911) ijodida germenevtika fan sifatida takomillashdi va konseptual yo‘nalishiga ega bo‘ldi. Uning «Germenevtikaning vujudga kelishi», «Dunyoga bo‘lgan qarash, insonni Uyg‘onish va Reformatsiya davridan boshlab tadqiq etish» asarlarida inson ruhiyatini o‘rganish bilan bog‘liq yangi tafakkur tarzi shakllanishi masalalari tahlil etiladi. Aynan shu metod tufayli psixologiya fani falsafadan ajralib chiqdi. Diltey nazarida falsafa va tarixiy fanlarni bog‘lovchi vosita «talqin to‘g‘risidagi ta’limot», yoki germenevtika bo‘lib, u o‘tgan qaytarilmas va qorong‘u madaniy dunyolarni qaytadan yaratishga vositadir»1. Dilteyning germenevtikaga bergan ushbu ta’rifida tarixiy jarayon insonni emas, balki inson tarixiy jarayonning nimadan iborat bo‘lganini ochib beradi, degan muhim fikr bor2. U ushbu fikrni metod sifatida «Dunyoga bo‘lgan qarash, insonni Uyg‘onish va Reformatsiya davridan boshlab tadqiq etish» asarida qo‘lladi. Mazkur asarda inson ruhiyati, mental borlig‘ining din, madaniyat, mafkura va qadriyatlar mushtarak ta’siri doirasida shakllanishi va bu dinamik jarayonning konuniyatlari yoritib berilgan.
Ijtimoiy-gumanitar fanlarda sinergetik metod ham muhim o‘rin tutadi. O‘z-o‘zini boshqarish, nochiziqli hodisalarni o‘rganish, o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lish nazariyasi, tafakkur uslubi, metodi sifatida sinergetika shakllanish va tashkil bo‘lish jarayonini, inqilobiy o‘zgarishlarning ong-tafakkurga ta’sir etish holatlarini, ijtimoiy jarayonlar shakllanishidagi ichki va tashqi xususiyatlar mushtarakligini yaxlit ilmiy konsepsiya sifatida ochib berishga vosita bo‘ladi. Sinergetikada nochiziqli tafakkur tarzining e’tirof etilishi ijtimoiy ong shakllaridagi o‘zgarishlar va qonuniyatlarning imkoniyatlarini keng tadqiq etishga yo‘l ochadi.