2-mavzu: Korxona mustaqil xo‘jalik yurituvchi bozor sub’ekti. Reja



Yüklə 60,4 Kb.
səhifə8/14
tarix02.06.2023
ölçüsü60,4 Kb.
#122883
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   14
2 mavzu

Kontsern umumiy manfaatlarga ega hamda shartnomalar, kapital va qo‘shma faoliyatda ishtirok etish bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalarning yirik birlashuvini aks ettiradi.
Konsortsium kompaniya va banklarning vaqtinchalik birlashuvi natijasida, yirik kapital talab qiluvchi loyihalarni amalga oshirish yoki mablag‘ni birgalikda joylashtirish maqsadlari uchun umumiy kelishuvlar asosida yuzaga keladi. Konsortsium buyurtmachilar oldidagi majburiyatlar uchun javobgar hisoblanadi.
Xo‘jalik assotsiatsiyasi jismoniy yoki huquqiy shaxslarning o‘zaro hamkorlik yuritish maqsadida ko‘ngilli ravishda birlashuvini anglatadi va unda birlashuvga kiruvchi sub’ektlar o‘z mustaqilligini saqlab qoladilar.
Korporatsiyalar umumiy maqsadlarga erishish, hamkorlikda faoliyat yuritish maqsadida birlashib, mustaqil huquqiy sub’ekt - huquqiy shaxsni tashkil qiluvchi shaxslar yig‘indisini tavsiflaydi. Ko‘pincha ular aktsiyadorlik (hissadorlik) jamiyatlari shaklida tashkil qilinadi.
Korxonalarning kontsentratsiya asosida birlashuvi kartel, sindikat, xolding va moliya-sanoat guruhlari ko‘rinishida amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish sohasidagi kartellar ishlab chiqarish masalalari, narxlar, tovarlarni sotish, ishchi kuchini yollash va shu kabi masalalar bo‘yicha kelishuvga asoslanib faoliyat yuritadi.
Integratsining bu shaklida korxonalar mustaqillikni saqlab qolgan holda kooperatsiya asosida birlashadilar.
Sindikat – tijorat faoliyatini (ta’minot, sotish, narxning paydo bo‘lishi) hamkorlikda tashkil qilishga asolangan birlashmadir. Sindikat tarkibiga kiruvchi korxonalar huquqiy hamda xo‘jalik yuritish mustaqilliklarini saqlab qoladilar.
Trestlar yuqori darajada markazlashganligi bilan ajralib turadi. Uning tarkibiga kiruvchi korxonalar ishlab chiqarish, tijorat va huquqiy mustaqilliklarini yo‘qotib, yagona reja asosida faoliyat yuritadi.
Xoldinglar ishtirokchilarning moliyaviy imkoniyatlarini birlashtirish va muvofiqlashtirish hamda ishlab chiqarish quvvatlari bilan vaizifalarni tezkor ravishda amalga oshirish imkonini beruvchi boshqaruvning samarali shaklini ifodalaydi.
Integratsiya jarayonlarini amalga oshiruvchi korxonalar quyidagi maqsadlarni ko‘zlaydi:

  1. resurslardan yanada samaraliroq foydalanishga erishish;

  2. kooperatsiya asosidagi aloqalarini yangilash va mustahkamlash;

  3. mamlakatdagi korxonalarning tashqi bozorga chiqishi;

  4. ishlab chiqarishga investitsiyalarning yangi shakllarini jalb etish;

  5. ichki va tashqi bozordagi raqobatda muvaffaqiyat qozonish maqsadida narx va sotish bo‘yicha yagona siyosat yuritish.

Korxonalar yuqorida keltirilgan shakllariga ya’ni mulk shakliga va sohalariga mos holda va alohida belgilariga qarab turlarga tasniflanadi.


Ishlab chiqarish masshtabi (hajmi)ga qarab kichik, va yirik korxonalarga turlanadi.
Rossiyada kichik korxonalarga chakana savdo va maishiy xizmatda - 30 kishigacha, ulgurji savdoda - 50, ilmiy-texnik sohada va qishloq xo‘jaligida - 60, ishlab chiqarish qurilish va transportda - 100 kishigacha ishlaydigan korxonalar kiritiladi.
Ukrainada kichik korxonalarga chakana savdoda - 12 kishigacha, noishlab chiqarish sohasida - 25, fan va ilmiy xizmat ko‘rsatish sohasida - 100, sanoat va qurilishda - 200 va boshqa ishlab chiqarish sohalarida - 50 kishigacha.
2. Xo‘jalik yuritish shakllariga qarab korxonalar aktsioner (ochiq, yopiq) korxonalar, shirkat (kooperativ), ijara korxonalariga tasniflanadi.
3. Mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashuviga qarab, ixtisoslashgan, universal va aralash korxonalarga bo‘linadi.
4. Korxonalar ishlab chiqarish mahsuloti yoki xizmat turlariga qarab juda keng tasnifga egadir. Masalan: aviatsiya zavodi, tekistel fabrikasi, konditer zavodi, avtokorxona, tijorat banki, mehmonxona, savdo uyi, shifoxona, universitet, maktab, machit va hokazolar. Ayni ushbu turlariga qarab aksariyat korxonalarga nomlar qo‘yiladi.
Iqtisodiy islohotlar jarayonida vujudga kelgan korxonalarni mustaqilligini mustahkamlash, ya’ni iqtisodiy munosabatlarga moslashuvchanligini ta’minlash uchun maxsus tashkiliy tarkibga ega bo‘lgan birlashmalar tashkil qilish ehtiyojini to‘g‘diradi. Bularga kontsern, korporatsiya, assotsiatsiya, xolding kompaniyasi, moliya-sanoat guruhi, agrofirma kabilar kiradi.
Bunday birlashmalar respublikada faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ularga qisqacha tasnif berib o‘tamiz.
Kontsernlar.



Kontsern - yirik birlashmalar va korxonalarni to‘la boshqarish huquqi bilan shartnoma asosida birlashtirgan tashkiliy-tarkibiy shakl.

Kontsern yirik masshtabdagi ishlab chiqarish, kooperatsiyalash va kombinatsiyalash imkoniyatlariga egadir. Kontsern korxonalarni xo‘jalikni to‘la boshqarish huquqlari asosida birlashtiradi. O‘z tarkibiga kirgan korxonalarga yuqori idora vazifasini bajaradi.


Kontsern yuridik shaxs hisoblanadi, uni vazifa va funktsiyalarini bajaradi. Kontsernlar asosan korxonalarni hududiy belgilari bo‘yicha birlashtiradi. Tashkiliy-tarkib nuqtai nazardan hissadorlik jamiyatlariga yaqin bo‘lib, u turli mulkchilik shakllaridagi hissadorlik kompaniyalarni va korxonalarni birlashmasidir.
Kapitalni, ishlab chiqarish quvvatini kontsentratsiyalash, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish imkoniyatlari bilan o‘zgaruvchan bozor kon’yukturasiga turg‘unligini ta’minlaydi, investitsion resurslardan samarali foydalanishni tashkil qila oladi.
Korporatsiyalar (assotsiatsiyalar).



Korporatsiya - hissadorlik jamiyati yoki hissadorlar birlashmasi ko‘rinishidagi tashkiliy-tarkibiy boshqaruv shakli

Korporatsiya chiqarilgan aktsiyalar qiymati bilan cheklangan majburiyatlar bo‘yicha mas’uliyatli bo‘ladi, o‘z nomidan tovarlar ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, shartnomalar tuzish, qarz olish yoki berish va boshqa huquqiy shaxs harakatlarini amalga oshiradi.


Korporatsiya faoliyatini ta’minlash uchun korporatsiya muassasalarining pul badallari hisobidan nizomiy jamg‘arma tashkil etadi, aktsiyalar va boshqa qimmatbaho qog‘ozlarni chiqarish va sotish orqali nizomiy jamg‘armani ko‘paytirib borish huquqiga ega.
Korporatsiya respublika va xorijiy korxonalar, tashkilotlar hamda xususiy shaxslar bilan har turli bitishuvlar va boshqa huquqiy hatti-harakatlarni amalga oshiradi.
Assotsiatsiyalar ham kontsernlarning vazifasiga o‘xshash vazifalarni bajaradi. Lekin, ular korporatsiyadan farqli ravishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ixtiyoriy birlashmalari bo‘lishi mumkin. Bu sub’ektlar birlashib, o‘z huquqlari va vazifalarining bir qismini ijroiya idoralariga topshiradilar hamda uni saqlash uchun zarur mablag‘lar ajratadilar.
Assotsiatsiyalar foyda olishini o‘ziga maqsad qilib qo‘ymagan jamoat tashkilotlari tariqasida bo‘lishi mumkin. Bu holda u, o‘z a’zolarining manfaatlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish, davlat va qonunchilik idoralarida ularning manfaatlarini ifodalash, ularga maslahat xizmatlarini tashkil qilish, faoliyatiga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish kabi vazifalarni bajaradi.
Xolding kompaniyasi.



Xolding kompaniya - o‘zaro kooperatsiyalanish faoliyatini rivojlantirish maqsadi, korxonalar mablag‘larini ko‘ngilli ravishda birlashtirish natijasida tuzilgan tashkiliy-tarkibiy boshqaruv shakl.

Xoldinglar huquqiy shaxs hisoblanadi.


Xolding kompaniyasi korxonalarning shartnoma majburiyatlarini bajarilishini, mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmi o‘sishini, moddiy, moliya, mehnat va boshqa resurslardan samarali foydalanishni, ularning rivojlanishi uchun mavjud imkoniyatlardan to‘la foydalanishni ta’minlaydi.
Xolding kompaniyalarining faoliyati “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlar huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun va “Xolding haqida Nizom”, shuning monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlariga asosan yuritiladi.
Xolding boshqa aktsiyadorlik jamiyatlarni vujudga keltiruvchi yoki boshqa aktsiyadorlik jamiyatlari aktsiyalarining paketiga egalik qiluvchi muassasalar shakliga kiradi.
Taraqqiy topgan chet el davlatlarida sarmoya bozori keng rivojlanganligi tufayli o‘zga jamiyatlarning aktsiyalarini tasarruf etish har qanday korxona uchun odatdagi hol. SHuning uchun aktivlari asosan boshqa jamiyatlarning aktsiyalaridan iborat bo‘lgan jamiyatlar xolding kompaniyalari deb yuritiladi. Xolding kompaniyalari faoliyati aktsiyalar majmuasini boshqarish, birja operatsiyalaridan tushadigan dividentlar va daromadlarni to‘plash, hamda aktsiyador jamiyatlari faoliyatini nazorat qilish, ularni boshqaruv organlariga o‘z kadrlarini tayinlash kabi vakolatlarga egadir.
Xolding kompaniyalarini tashkil etish sarmoya va ilmiy-texnik resurslarni integratsiyalashga turli korxonalar va iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlarni yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga imkoniyat yaratadi.
Kapitalining 50 foizidan ko‘prog‘ini boshqa emitentlarning qimmatbaho qog‘ozlari va bo‘lak moliyaviy aktivlar tashkil etuvchi xoldinglar moliyaviy xolding hisoblanadi. Uning aktivlari tarkibiga faqat qimmatbaho qog‘ozlar va boshqa moliyaviy aktivlar, shuningdek boshqaruv apparati yuritishni ta’minlash uchun bevosita kerakli mol-mulk kirishi mumkin.
Moliyaviy xolding sho‘’ba korxonalarining ishlab chiqarish va tijorat faoliyatiga aralashish huquqiga ega emas.
Moliya-sanoat guruhlari.



Moliya - sanoat guruhi - kredit-moliya va investitsiya muassasalari, korxonalar va tashkilotlarning ishlab chiqarishni xalqaro ko‘lamda ixtisoslashtirish va kooperatsiyalashni chuqurlashtirish orqali maksimal foyda olish maqsadida mablag‘larini birlashtirib tashkil qilingan tashkiliy-tarkibiy boshqaruv tuzilma.

Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, har qanday tashkiliy-huquqiy turdagi korxonalar, shuningdek kredit-moliya, investitsiya va boshqa muassasalari, nodavlat pensiya jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar, sug‘urta tashkilotlari, shu jumladan xorijiy tashkilotlar moliya-sanoat guruhining ishtirokchilari bo‘la oladilar.


Moliya-sanoat guruhlarining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tuzilishi va tugatilishi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida korxonalar to‘g‘risida”, “Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari to‘g‘risida”, “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlar huquqini himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlari, “Moliya-sanoat guruhlari haqidagi Nizom” va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlari bilan tartibga solinadi.
Moliya-sanoat guruhlari quyidagi masalalarni hal qilish vakolatiga ega:
- ishtirokchilar resurslarini birlashtirish, xo‘jalik aloqalarini o‘rnatish va shu asosda yangi umumiqtisodiy makonni yaratish;
- investitsiya resurslarini jalb etish, ishlab chiqarishni texnik-iqtisodiy darajasini, mahsulotning sifatini va raqobatbardoshligini oshirish;
- investitsiya resurslarini fan yechimlarini ko‘p talab qiluvchi tarmoqlarga, transport, telekomunikatsiya va foydali qazilmalarni qazib olishga yo‘naltirish;
- o‘z tarkibida korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi huquqiy jihatdan mustaqil tuzilma bo‘g‘inlari vakolatli bank, savdo uyi, ta’minot-sotish tashkiloti, marketing bo‘yicha bo‘linmalar va hokazolarni tashkil etish;
- iqtisodiyotning tuzilmaviy qayta qurilishiga ko‘maklashish va boshqalar.
Ishtirokchilari orasida O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida bo‘lgan huquqiy shaxslarga ega bo‘lgan moliya-sanoat guruhlari transmilliy kompaniya hisoblanadi. Davlatlararo moliya-sanoat guruhining tashkil etilishi, faoliyati va tugatilishi hukumatlararo tuzilgan bitimlar bilan belgilanadi.
Agrofirmalar.



Tuman qishloq xo‘jalik majmuining rivojlanishini ta’minlash maqsadida, paxtakor va boshqa xo‘jaliklar, qayta ishlash korxonalari hamda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi, huquqiy shaxs maqomiga ega bo‘lgan tashkiliy-tarkibiy boshqaruv organ.

Agrofirmalar quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:


- davlat tayyorlov korxonalariga paxta tolasi, boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetkazib berish;
- qishloq xo‘jaligini ilmiy-texnik darajasini oshirish, jahon standartlariga mos mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlash;
- mahsulot ishlab chiqarish va sotish sohasida bozor munosabatlarini rivojlantirish, moddiy-texnik resurslarning raqobatchi bozorlarini yaratish;
- xo‘jaliklar va boshqa korxonalarga investitsiyalarni jalb qilishda ko‘maklashish;
- marketingni tashkil etish, bozor holatini (konyukturasini) o‘rganish va xo‘jaliklar, korxonalar va tashkilotlarga yetishtirilgan mahsulotlarini sotishda ko‘maklashish, hamda o‘z Nizomiga muvofiq boshqa vazifalarni.



Yüklə 60,4 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin