1.3. Valyuta tizimi va uning asosiy funktsiyalari hamda elementlari “Valyuta” kategoriyasi milliy va jahon xo‘jaligi o‘rtasida aloqa hamda o‘zaro munosabatlarni ta’minlaydi. Jahon valyuta tizimi jahon pullarini amaldagi shakllariga asoslangandir. Jahon pullari deb xalqaro munosabatlarga (iqtisodiy, siyosiy, madaniy) xizmat ko‘rsatuvchi pullarga aytiladi.
Har bir mustaqil davlat o‘z milliy pul tizimiga ega bo‘lgani singari, o‘zining valyuta tizimiga ham ega. Valyuta tizimi tashkiliy jihatdan valyuta munosabatlari, valyuta fondlari hamda ushbu munosabatlarni amalga oshishi, valyuta fondlarining shakllanishi, taqsimoti va qayta taqsimoti bilan bog‘liq munosabatlarni amalga oshiruvchi hamda muvofiqlashtiruvchi davlat organlari yig‘indisidan iboratdir.
Valyuta tizimi – bu, mamlakatlar o‘rtasida valyuta munosabatlarini tashkil etish shaklidir.
Valyuta tizimi – bu, milliy qonunchilik yoki davlatlar-aro kelishuvlar bilan mustahkamlangan valyuta munosabatlarini tashkil etish va muvofiqlashtirishning shaklidir.5 Valyuta tizimi – bu, davlatlararo shartnomalar va kelishuvlar bilan belgilanadigan, xalqaro valyuta munosabatlarini tashkil etishning davlat-xuquqiy shaklidir.6 Valyuta tizimi – bu, xo‘jalik aloqalarini baynalmilallashuvi asosida tarixan shakllangan, valyuta amali bilan bog‘liq iqtisodiy munosabatlar yig‘indisidir.
Valyuta tizimining mohiyati, tashkil etilish shakllari va roli jamiyatning iqtisodiy tuzumi bilan belgilanadi.
Valyuta tizimi davlat, rezident va norezident shaxslarga tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun sharoit yaratib beradi. Sub’ektlarning ushbu faoliyati amalga oshishida valyuta qonunchiligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Valyuta qonunchiligi – bu, mamlakat ichkarisida valyuta qimmatliklari bilan bir mamlakat tashkilotlari va fuqarolari hamda boshqa mamlakat tashkilotlari va fuqarolari o‘rtasidagi shartnomalarni hamda mamlakat ichkarisidan xorijga va xorijdan mamlakat ichkarisiga milliy hamda xorijiy valyutalar va boshqa valyuta qimmatliklarini olib kirish, olib chiqish, o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishini tartibga soluvchi qonuniy me’yorlar yig‘indisidir.
Xalqaro moliya munosabatlari rivojlanishida valyuta tizimining samarali tashkil etilishi va uning barqarorligi muhim o‘rin tutadi. Valyuta tizimi deganda, valyuta munosabatlarini tashkil etishning tashkiliy-huquqiy shakli tushuniladi. Valyuta tizimining holati mamlakatda valyuta munosabatlarini boshqarish va tartibga solish jarayoniga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Valyuta tizimining uchta asosiy shaklini ajratib ko‘rsatish mumkin:
Milliy valyuta tizimi – ma’lum bir mamlakat hududida valyuta munosabatlarini tashkil etish, tartibga solish bilan bog‘liq tadbirlar majmuasini ifodalaydi.
Mintaqaviy valyuta tizimi – muayyan bir mintaqa doirasidagi mamlakatlar tashabbusiga ko‘ra tashkil etilgan valyuta tizimini ifodalaydi.
Jahon valyuta tizimi – mamlakatlar o‘rtasidagi valyuta munosabatlarini amalga oshirish uchun tashkil etilgan, instrumentlar, shartnomalar, tartib-qoidalar va tashkilotlarning majmuasidir.
Valyuta tizimlari muayyan elementlarni o‘ziga qamrab olgan holda faoliyat yuritadi.
Milliy valyuta tizimi quyidagi elementlarni o‘zida mujassamlashtiradi:
milliy valyuta;
milliy valyutaning almashinish rejimi;
milliy valyuta pariteti;
milliy valyuta kurs rejimi;
valyuta cheklovlari holati;
mamlakatning xalqaro valyutaviy likvidligini tartibga solish;
milliy valyuta bozorida operatsiyalarni yuritish tartibi.
Yuqorida zikr etilgan elementlar yig‘indisi xalqaro valyuta-kredit va hisob-kitob munosabatlarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan belgilanadigan valyuta mexanizmidir.
Milliy valyuta va uning nomi milliy valyuta tizimining asosi bo‘lib hisoblanadi, u qonun asosida davlatning pul birligi sifatida belgilanadi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda ishlatiladigan milliy pullar valyutaga aylanadi. Xalqaro hisob-kitoblarda odatda xorijiy valyuta, ya’ni erkin muomalada yuradigan valyuta maqomiga ega boshqa mamlakatlarning pul birliklari ishlatiladi. Ushbu pul birliklari bilan deviz tushunchasi bog‘liq.
Deviz – bu, xorijiy valyutadagi har qanday to‘lov vositasidir. Xorijiy valyuta, valyuta bozorida oldi-sotdi ob’ekti bo‘ladi, xalqaro hisob-kitoblarda ishlatiladi, banklarda hisobvaraqlarda saqlanadi, ammo ushbu davlat hududida qonuniy hisob-kitob vositasi bo‘lib hisoblanmaydi (kuchli inflyatsiya davrlarini hisobga olmagan holda). Mamlakatda kuchli inflyatsiya va inqiroz holatida milliy valyutani nisbatan barqaror bo‘lgan xorijiy valyuta siqib chiqaradi, zamonaviy sharoitda bu AQSh dollari yoki Evro bo‘lishi mumkin.
“Valyuta” kategoriyasi, milliy va jaxon xo‘jaliklarining o‘zaro aloqasi hamda munosabatlarini ta’minlaydi.
Milliy valyuta pariteti. Valyuta pariteti – bu, ikki valyuta o‘rtasidagi, qonuniy asosda belgilangan nisbat. Monometalizm davrida (oltin yoki kumush) valyuta kursining asosi bo‘lib tanga pariteti hisoblangan. Tanga pariteti – bu, turli mamlakatlar pul birliklarini zaminida yotgan metall sig‘imiga ko‘ra o‘zaro solishtirishdir. Tanga pariteti tushunchasi valyuta pariteti tushunchasi bilan mos keladi.
Oltin monometalizmi davrida valyuta kursi oltin paritetiga asoslangan edi. Bunda valyutalar zaminidagi rasmiy oltin miqdorlari bo‘yicha o‘zaro solishtirilar edi. Bu sharoitda valyuta kursi ushbu oltin pariteti atrofida, oltin nuqtalar chegarasida, tartibsiz asosda tebranar edi. Oltin nuqtalarning klassik mexanizmi 2 shart mavjudligi holatida amal qilar edi, ya’ni oltinning erkin asosdagi oldi-sotdisi va uning chetga cheklanmagan miqdorda erkin olib chiqilishi. Valyuta kursining tebranish chegaralari oltinni xorijga olib chiqish xarajatlari bilan belgilangan va amalda paritetdan ±1%-dan oshiq bo‘lmagan. Oltinni xorijga olib chiqish xarajatlariga fraxt, sug‘urta, kapitalga foiz yo‘qotishlari, probani aniqlash va boshqa shu kabi xarajatlar kirgan. Oltin standartini bekor qilinishi bilan oltin nuqtalar mexanizmi o‘z harakatini to‘xtatdi.
Oltinga almashmaydigan kredit pullar sharoitida valyuta kursi asta-sekin oltin paritetidan uzoqlasha boshladi, chunki oltin muomaladan xazinaga siqib chiqarilgan edi.
1970 yilning o‘rtasigacha valyuta kursining asosi bo‘lib valyutalar zaminidagi oltin sig‘imi, ya’ni rasmiy baho masshtabi va oltin paritetlar xizmat qilgan edi. Valyutalarning rasmiy baxo masshtablari va oltin paritetlari Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Xalqaro Valyuta Fondida qayd etiladigan bo‘ldi. Valyutalar o‘zaro nisbatining o‘lchovi kredit pullarda ifodalangan oltinning rasmiy bahosi edi. Ushbu baho boshqa tovarlar baholari bilan birgalikda milliy valyutalar qadrsizlanish darajasining ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qildi. Davlat tomonidan qayd etiladigan oltin rasmiy bahosining o‘z haqiqiy (bozor) qiymatidan uzoq vaqt davomida sezilarli farqlanishi natijasida oltin paritetining sun’iylik xarakteri kuchaydi.
1934-1976 y.y., ya’ni 40 yil mobaynida baho masshtabi va oltin pariteti oltinning rasmiy bahosi asosida belgilangan edi. Ushbu baho AQSh G‘aznaxonasi tomonidan 1934 yilda 1 untsiya oltin 35 AQSh dollari hajmida beligilangan va dollarning devalvatsiyasigacha o‘zgarmasdan saqlanib kelgan. O‘tkazilgan devalvatsiya natijasida 1971 yilning dekabrida oltinning rasmiy bahosi 38 dollargacha va 1973 yilning fevralida esa 42,22 AQSh dollarigacha ko‘tarildi. Bretton Vuds valyuta tizimida, AQSh dollari standartining hukmronligi sharoitida, AQSh dollari boshqa davlatlar valyutalari kurslari hisob-kitobining hisoblash asosi bo‘lib xizmat qilgan. Shu bilan birgalikda davlat tomonidan muvofiqlashtirish natijasida AQSh dollaridagi oltinning rasmiy bahosi ancha pasaytirib ko‘rsatilgan va u oltinning bozor bahosidan sezilarli farq qilar edi. Oltinning bozor baholari: 1971 yilda – 40,8 AQSh dollari, 1973 yilda – 97 AQSh dollari, 1975 yilda – 160 AQSh dollari, 1976 yilda – 125 AQSh dollari, 1977 yilda - 148 AQSh dollari, 1978 yilda – 193,2 AQSh dollari edi.
1971 yilda AQSh dollarining rasmiy baho asosida oltinga almashtirilishini to‘xtatilishi natijasida valyutalarning oltin sig‘imlari va oltin paritetlari sof nominal tushunchaga aylanib qoldi. Xalqaro Valyuta Fondi esa 1975 yilning iyul oyidan ularni e’lon qilishni to‘xtatdi. Yamayka valyuta islohoti natijasida G‘arb davlatlari rasmiy asosda valyuta kurslarining asosi sifatidagi oltin paritetidan voz kechdilar. Rasmiy oltin paritetlari bekor bo‘lganidan so‘ng tanga pariteti ham o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Zamonaviy sharoitda valyuta kursi valyuta paritetiga asoslangandir. Valyuta pariteti – bu, valyutalar o‘rtasidagi qonuniy asosda belgilangan nisbat bo‘lib, u ushbu paritet atrofida tebranib turadi.
Xalqaro Valyuta Fondining o‘zgargan Ustaviga muvofiq valyutalarning paritetlari SDR yoki boshqa xalqaro valyuta birligida belgilanishi mumkin. 1970 yilning o‘rtalaridan boshlab yangilik sifatida paritetlar valyuta savati (korzina) asosida belgilana boshlandi. Bu bir valyutaning o‘rtacha tortilgan kursini boshqa bir qator valyutalar yig‘masiga solishtirish usulidir. Valyuta savatining (korzina) AQSh dollari o‘rniga ishlatilishi dollar standartidan ko‘p valyutali standartga o‘tish tendentsiyasini aks ettiradi.
Milliy valyutaning konvertatsiya shartlari. Konvertatsiya – bu, milliy valyutani xorijiy valyutalarga almashinishidir. Konvertatsiya shartlariga ko‘ra milliy valyutalar:
-erkin konvertatsiya qilinadigan. Iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlarda valyuta cheklovlari yo‘q bo‘lib, milliy valyutalar xorijiy valyutalarga erkin konvertatsiya qilinadi. Xalqaro Valyuta Fondining yangi tahrirdagi Ustaviga (1978 y.) “erkin foydalaniladigan valyuta” tushunchasi kiritilgan. Xalqaro Valyuta Fondi ushbu toifaga AQSh dollari, Germaniya markasi, Yapon ienasi, Buyuk Britaniya funt sterlingi va Frantsiya frankini kiritdi. Haqiqatda olganda erkin konvertatsiya qilinadigan valyutalar deb to‘lov balansining joriy operatsiyalari bo‘yicha valyuta cheklovlari mavjud bo‘lmagan davlatlar valyutalari hisoblanadi (bular asosan rivojlangan davlatlar va jahon moliyaviy markazlari shakllangan yoki Xalqaro Valyuta Fondi oldida valyuta cheklovlarini kiritmaslik majburiyatini o‘z zimmasiga olgan ayrim rivojlanib borayotgan davlatlar);
-qisman konvertatsiya qilinadigan valyutalar, valyuta cheklovlari saqlanib qolgan mamlakatlarda mavjud bo‘lib, milliy valyutaning xorijiy valyutalarga konvertatsiyasi davlat iqtisodiy siyosatidan kelib chiqqan holda birmuncha cheklanadi.
-xorijiy valyutalarga konvertatsiya qilinmaydigan (yopiq) valyutalarga bo‘linadi. Ba’zi davlatlarda siyosiy sabablarga ko‘ra milliy valyutalar xorijiy valyutalarga umuman konvertatsiya qilinmaydi (SSRI, Shimoliy Koreya, Kuba davlatlari), ya’ni rezident va norezident shaxslar uchun valyuta almashtirishga ruxsat yo‘q.
Milliy valyuta kursining rejimi. Valyuta kursining quyidagi rejimlari mavjud:
-qat’iy belgilangan kurslar rejimi. Davlat o‘z iqtisodiy siyosatidan kelib chiqqan holda ma’muriy tarzda milliy valyuta kursini qat’iy belgilab qo‘yishi mumkin. Masalan, Bretton-Vuds sharoitidagi qat’iy belgilangan kurslar rejimi;
-kichik chegaralarda tebranadigan kurslar rejimi. Bu holatda davlat o‘z iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqib, milliy valyuta kursini ma’lum bir chegaralarda tebranishidan manfaatdor bo‘ladi va valyuta siyosatining instrumentlaridan foydalangan holda ushbu maqsadga erishadi;
-valyutaga bo‘lgan talab va taklifning o‘zgarishi asosida erkin suzadigan (tebranadigan) kurslar rejimi hamda ularning turli ko‘rinishlari. Bunga Yamayka valyuta tizimi sharoitidagi erkin suzuvchi valyuta kurslari rejimini misol sifatida keltirishimiz mumkin.
Valyuta cheklovlarining mavjudligi yoki yo‘qligi, valyuta nazorati. Valyuta cheklovlarining mavjud bo‘lishi yoki bo‘lmasligi davlatning iqtisodiy rivojlanganlik darajasi, iqtisodiy va moliyaviy siyosatiga bog‘liq bo‘lib, valyuta tizimining elementi hisoblanadi. Valyuta cheklovlari hukumat tomonidan qonuniy asosda milliy iqtisodiyot manfaatlarini himoyalash maqsadida kiritiladi.
Valyuta qimmatliklari bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarga cheklovlar Xalqaro Valyuta Fondi orqali davlatlararo muvofiqlashtirish ob’ektiga kiradi.
Mamlakat xalqaro valyuta likvidliligini muvofiqlashtirish. Xalqaro valyuta likvidliligi deganda mamlakatning xalqaro majburiyatlarini o‘z vaqtida kreditor uchun maqbul bo‘lgan to‘lov vositalari bilan so‘ndirilishini ta’minlash yuzasidan qobiliyati tushuniladi. Xalqaro valyuta likvidliligi jahon xo‘jaligi nuqtai nazaridan jahon to‘lov aylanmasini moliyalashtirish va kreditlash manbalari yig‘indisini bildiradi va jahon iqtisodiyotini xalqaro zahira aktivlari bilan ta’minlanganligiga bog‘liqdir. Xalqaro valyuta likvidliligi mamlakatning milliy iqtisodiyoti xususida esa uning to‘lovga qobiliyatining ko‘rsatkichi sifatida ishlatiladi.
Xalqaro valyuta likvidliligi o‘z ichiga quyidagi 4 asosiy komponentni oladi: mamlakatning rasmiy oltin va valyuta zahiralari; SDRdagi hisobvaraqlar; Evrodagi hisobvaraqlar; XVFdagi zahira pozitsiyasi (a’zo-mamlakatning xorijiy valyutadagi shartsiz kreditni kvotasining 25% chegarasida avtomatik ravishda olish huquqi). Rasmiy oltin-valyuta zahiralarining yillik tovar importi summasiga bo‘lgan nisbati xalqaro valyuta likvidliligining ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu ko‘rsatkichning qimmatliligi cheklangandir, chunki u kapitallar va kreditlarning xalqaro xarakati bilan bog‘liq notijorat xizmatlar hamda moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha ko‘zda tutilgan barcha to‘lovlarni hisobga olmaydi.
Xalqaro valyuta likvidliligini valyuta tizimining elementi sifatida muvofiqlashtirish xalqaro hisob-kitoblarni zarur to‘lov vositalari bilan ta’minlashdan iboratdir.
Xalqaro kredit muomala qurollaridan foydalanish tartibini belgilash (reglamentatsiya). Xalqaro kredit muomala qurollaridan foydalanish qoidalari soddalashtirilgan xalqaro me’yorlarga muvofiq ravishda amalga oshiriladi. Ushbu xalqaro me’yorlarga Jenevaning veksel va chek konventsiyalari kiradi. Xalqaro hisob-kitoblarning tartibga solinishi Hujjatli akkreditivlar va inkasso uchun qabul qilingan soddalashtirilgan qoidalar va udumlarga muvofiq ravishda milliy va jahon valyuta tizimlari darajasida amalga oshiriladi.
Mamlakatning xalqaro hisob-kitoblar tartibini belgilash (reglamentatsiya). Xalqaro hisob-kitoblarning tartibga solinishi milliy va jahon valyuta tizimlari darajasida Hujjatli akkreditivlar hamda inkasso uchun soddalashtirilgan qoida va udumlar asosida amalga oshadi.
Valyuta va oltin milliy bozorlari faoliyatining rejimi. Valyuta va oltin milliy bozorlari faoliyatining rejimi milliy hamda xalqaro muvofiqlashtirishning ob’ekti bo‘lib hisoblanadi.
Mamlakat valyuta munosabatlarini boshqaruvchi va muvofiqlashtiruvchi milliy organlar. Bu valyuta tizimining muhim institutsional elementidir. Gap mamlakat valyuta munosabatlarini boshqaruvchi va muvofiqlashtiruvchi milliy organlar (Markaziy bank, Iqtisodiyot va Moliya vazirligi, ba’zi mamlakatlarda valyuta nazorat organlari) faoliyati haqida bormoqda. Milliy valyuta qonunchiligi ushbu davlat hududida milliy va xorijiy valyutadagi (egalik huquqi, olib kirish va olib chiqish, oldi-sotdi) operatsiyalarni muvofiqlashtiradi.
Nazorat savollari
Valyuta deganda nima tushuniladi?
Valyuta kodi tushunchasi va u nechta harf bilan belgilanadi?
Xalqaro valyuta munosabatlari deganda nima tushuniladi?
Baho masshtabi deganda nima tushuniladi?
Oltin demonetizatsiyasi deganda nima tushuniladi?
Jahon valyuta bozorining asosiy ishtirokchilari?
Tijorat banklari valyuta bozorining asosiy ishtirokchilari sifatida?
Tijorat banklari xorijiy valyutalar bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnoma olishlari kerakmi?
Oltinning xalqaro valyuta munosabatlaridagi ahamiyati qanday?
1 O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonuni. T.: “O‘zbekiston”, 2004.
2 Г.Н.Бурлак, О.И.Кузнецова «Техника валютных операций». М.: «ЮНИТИ», 2002.
3 Красавина Л.Н. “Международные валютно-кредитные и финансовые отношения” М. 2003г.
4 Бержанов С.А. “Валютная система, валютный рынок и валютные операции” Нукус,1996г.
5 Красавина Л.Н Международные валютно-кредитные и финансовые отношения.. Москва, 2003г.
6 Бержанов С.А. “Валютная система, валютный рынок и валютные операции” Нукус, 1996г.