Madaniy kommunikatsiya. Madaniyat boyliklaridan foydalanish ularni o‘zlashtirishni, ya’ni shaxs va jamiyatning ma’naviy va amaliy mulkiga aylantirishni nazarda tutadi. SHu sababli yuqorida zikr etilgan predmetlilikni avloddan-avlodga qoldirish, idrok etish va anglab etish borasidagi faoliyat madaniyatning muhim elementi hisoblanadi. Madaniyatning har qanday predmeti matnni eslatadi. Bu matn belgilarning tasodifiy va mantiqsiz to‘plamiga emas, balki fikrga aylanishi uchun uni kimdir o‘qishi talab etiladi. Bilim, tajriba va fikr almashish madaniyat borlig‘ining zaruriy shartidir. Madaniy predmetlilikni yaratishda inson o‘z ma’naviy kuchlari va qobiliyatini «moddiylashtiradi», «predmetga aylantiradi». Madaniy boylikni o‘zlashtirishda esa inson madaniy predmetlilikni «moddiylikdan chiqaradi», uning ma’naviy mazmunini aniqlaydi va uni o‘z mulkiga aylantiradi. SHu sababli madaniyatning borlig‘i madaniy hodisalarni yaratuvchilar va ularni idrok etuvchilarning muloqotini talab qiladi. Madaniyatlar muloqoti o‘zaro aloqa qilish, madaniy predmetlilikni tushunish va unga baho berish shakli hisoblanadi va madaniy jarayon markazidan o‘rin oladi.
Madaniy jarayonda muloqot tushunchasi keng mazmun kasb etadi. Bu madaniy boyliklarni yaratuvchi va undan foydalanuvchining muloqoti, avlodlar muloqoti, xalqlarning o‘zaro aloqa qilish va til topish shakli sifatidagi madaniyatlar muloqotidir. Madaniy tafovutlar - jahon xalqlari betakror tarixining qonuniy natijasi, tarixiy jarayonning rang-barangligi manbaidir. Savdo-sotiq va yaxshi qo‘shnichilikning rivojlanishi, aholi migratsiyasiga qarab madaniyatlarning o‘zaro aloqasi muqarrar tarzda kengayadi. U turli madaniyatlar bir-birini boyitishi va rivojlanishi manbai bo‘lib xizmat qiladi. Bunda madaniyatlarning o‘zaro aloqasi shakli, uning yo‘nalishi qanday, degan savolga javob topish muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy sivilizatsiya doirasida mavjud bo‘lgan madaniyatlarning o‘zaro aloqasi ayniqsa samarali va shikastsiz hisoblanadi. Turli sivilizatsiyalarga mansub madaniyatlarning o‘zaro aloqasi esa doim ham ijobiy xususiyat kasb etavermaydi. Masalan, evropacha va noevropacha madaniyatlar, SHarq va G‘arb sivilizatsiyasi madaniyatlarining o‘zaro aloqasi turli ssenariylarga muvofiq amalga oshirilishi mumkin: G‘arb sivilizatsiyasi SHarq sivilizatsiyalarini o‘z ichiga olishi, G‘arb sivilizatsiyasi SHarq sivilizatsiyalariga kirishi, ikkala sivilizatsiyaning birgalikda mavjudligi (YAponiya). Evropa mamlakatlarida fan va texnika misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanishi, er kurrasi aholisi uchun normal yashash sharoitlarini ta’minlashga bo‘lgan ehtiyoj an’anaviy sivilizatsiyalarni modernizatsiya qilish muammosini kun tartibiga qo‘ydi. Ammo modernizatsiya qilishga urinishlar aksariyat mamlakatlar uchun samarasiz tugadi. An’anaviy islom madaniyatlarini modernizatsiya qilish oqibatlari ayniqsa shikastli bo‘ldi.