Bioritmik omillar. Insonning evolyutsion rivojlanish jarayonida tanasi takomillashuviga, hayotiyligini ta’minlashga olib kelgan yana bir asosiy omil bu tabiatdagi davriylik, botartiblik qonuniyati. Kecha va kunduz, yil fasllarining deyarli bir vaqtda takrorlanib turishi, kun, hafta, oy, yil davomidagi biologik faollik hamda susayishlarning davriy o’zgarishi, quyoshning erga nisbatan o’zgarishi, magnit maydoni va shu kabilar erdagi jamiki jonzod, jumladan, odam badanida ham muhim qonuniyatlarni shakllantirgan. Shuningdek badanimizdagi faollik va sustlikning o’zgarishlari, hafta, oy, yil davomida ham sodir bo’ladi va bu hodisa bioritmik hodisalar deb yuritiladi. Olimlarning takidlashlariga qaraganda, kishi badanidagi bunday bioritmik hodisalar 300 dan ortiqni tashkil qilar ekan. Shuni yaxshi anglash lozimki, bioritmlar inson badani va uning a’zo hamda to’qimalarini tabiat hodisalariga mos ravishda yashashini ta’minlashdan kelib chiqadigan nihoyatda murakkab himoya jarayonining natijasidir. Shuning uchun ham turmush tarzimizni tabiatdagi ritmik o’zgarishlarga moslab tashkil etish sog’lom turmush tarzining yana bir muhim talablaridan biri hisoblanadi.
Jinsiy, irsiy va oilaviy omillar. Hayotning davom etishi, nasl qoldirish va ko’payish bilan bog’liq. Bu biologik hodisaning asosida jinsiy munosabatlar yotadi. Insondan boshqa barcha tirik mavjudotda jinsiy muomala nasl qoldirishning asosiy talabi hisoblanadi. Insonda bu muomala nasl qoldirish bilan bir qatorda, uning hayot lazzatini ham ta’minlagan. Shuning uchun kishilik jamiyati o’zining uzoq taraqqiyoti davomida bu masalani oila shaklida qonunlashtirgan. Oila esa inson hayotining asosiy talabi bo’lish bilan birga, uning zurriyodlari – farzandlari dunyoga kelib, voyaga etib tarbiyalanadigan asosiy maskan.
Lekin oilani tashkil etishda ba’zan milliy, ijtimoiy, iqtisodiy omillar ta’sirida yaqin qarindoshlar oila qurish, kelin va kiyov qon guruhlarining mos kelmasligi, oilaviy hayotga layoqatsiz yoshlarning boshini qo’shib qo’yish va shular kabi irsiyat qonuniyatlariga zid harakatlar nasl-nasabning buzilib borishiga, kelgusi avlodlar iqtidorining pasayishiga, kasalvand, mayib-majrug’ farzandlarning tug’ilishiga sabab bo’lmoqda.
Shuning uchun bu sohadagi asosiy talab jinsiy juft tanlashdan boshlab, jinsiy a’zolar gigienasigacha, jinsiy munosabatlardan tortib, sog’lom oilaviy munosabatlargacha o’z ichiga oladi.