Atrof muhitning ifloslanishi bilan bog’liq omillar. Odamlarning to’da, qabila va urug’larga birlashishi ularni qisman kichkina xududlarda to’planib yashashiga olib keladi. Ko’pchilikning to’planib yashashi esa, ular yashagan joylarning ifloslanishiga sabab bo’lishi turgan gap. Ibtidoiy odam ham, ongli va aql idrokli odam ham bu muammoni yashash hududlarini tez-tez o’zgartirish yo’li bilan hal qilgan bo’lishi extimoldan holi emas. Har holda ular kundalik turmushlarida hosil bo’lgan fiziologik va xo’jalik chiqitlari havfsizligini o’rgangunga qadar uzoq taraqqiyot jarayonini boshdan kechirganlar.
Shaharlarning paydo bo’lishi esa, bu muammoni ancha chuqurlashtirgan. Xuddi anashu jarayon ko’pchilik aholining nisbatan kichkina xududlarda to’planib yashashi hamda ularning turmushlarida hosil bo’ladigan chiqindilarning to’planib qolishi oqibatida aholi orasida har xil yuqumli kasalliklar epidemiya tarzida tarqalib, ular orasida kasallik va o’limga sababchi bo’lganligini biz tarixdan yaxshi bilamiz.
Ko’rinib turibdiki, bu muammolarni hal qilish uchun sanitariya va gigienadan savodxon bo’lish, ya’ni tozalik hamda tozalanish tadbirlariga rioya qilishni STTning asosiy talablaridan biri, deb bilamiz.
Texnika va turmush taraqqiyoti omillari. Arxeologlarning ta’kidlashlaricha, bundan 50-100 ming yil oldin yashagan odamlarning katta ko’pchiligi 30-35 yoshgacha jiddiy shikastlanishlar (ko’pincha suyak sinishlar) olganlar va bu hol ular o’rtasida o’limning asosiy sababchisi bo’lgan. Buni tasavvur qilish oson. Bu shikastlanishlarning asosiy sababchisi yovvoyi hayvonlarning ovlash yoki yirtqichlarga ro’baro’ kelish bo’lgan. Bular orasida tog’ qoyalaridan, daraxtlardang yiqilib, suv toshqinlarida qolib ketish, ob-havo noqulayliklarining bo’lishi ham turgan gap.
Agar hozirgi kundagi kishilar o’rtasidagi o’lim va nogironlik sabablarini chuqur o’rganadigan bo’lsak, bu muammoni hozirgi kunda ham o’z dolzarbligini yo’qotmaganligini, jaroxatlanish va baxtsiz hodisalar kishilar sog’ligiga jiddiy havf solayotganligini anglash qiyin emas. JSSTning (2004y) ilmiy xulosalariga qaraganda, yo’l transport hodisalarining o’zi kishilarga o’lim havfi bo’yicha davrimizning o’ta havfli kasalliklar OITS, diareya va sildan ham yuqorida – 7-o’rinda turadi hamda muammoli masalalardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari yo’l, daryo va havo transportlari orqali yuqumli kasalliklar tarqalishi tabora ortib bormoqda, ya’ni bir regiondan-ikkinchi regionga kasallikning borishiga ushbu transport vositalari ham sabab bo’lmoqda.
Taraqqiyotning noxush oqibatlaridan qutilish va uning havfini kamaytirish uchun inson har doim extiyotkorlikni qo’ldan bermasligi, mavjud texnika va mexanizmlardan hamda turmush vositalaridan havfsiz foydalanish usullarini o’zlashtirib olishlari lozim bo’ladi. Bu ham turmush tarzining muhim tomoni.