39-modda. Karserda saqlash shart-sharoitlari Karserda qamoqqa olinganlarni yakka saqlash belgilanadi.
Karserda qamoqqa olinganlar yotish uchun alohida joy va ko‘rpa-to‘shak bilan faqat tungi uxlash vaqti uchun ta’minlanadi.
Karserda saqlash vaqtida qamoqqa olinganlarning yozishmalari, himoyachi, qonuniy vakil bilan uchrashuvlardan tashqari uchrashuvlari, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olishi, posilkalar, yo‘qlovlar hamda banderollar olishi, stol ustida o‘ynaladigan o‘yinlar, kitoblar va davriy matbuot nashrlaridan foydalanishi taqiqlanadi. Posilkalar, yo‘qlovlar hamda banderollar qamoqqa olinganlarga ularning karserda bo‘lish muddati tugaganidan keyin topshiriladi.
Karserda saqlanayotgan qamoqqa olinganlar har kuni bir soat davom etadigan sayrdan foydalanish huquqiga ega.
Karserda saqlanayotgan qamoqqa olinganlarga nisbatan ushbu moddada nazarda tutilmagan cheklashlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
6-bob. Qamoqda saqlash joylarida ajratib qo‘yishni, qo‘riqlashni va nazoratni ta’minlash 40-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning ajratib qo‘yilishini ta’minlash talablari Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ushbu Qonunning 41-moddasida nazarda tutilgan alohida-alohida joylashtirish talablariga muvofiq umumiy kameralarda saqlanadi.
Agar qamoqqa olinganlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 15-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan bo‘lsa, prokurorning qaroriga yoki sudning ajrimiga ko‘ra tergov hibsxonasining bir kishilik kamerasida qamoqda saqlab turilishi mumkin. Bu chora voyaga yetmaganlarga, oltmish yoshdan oshgan shaxslarga, shifokorning yozma xulosasi bilan tasdiqlangan og‘ir kasallarga va ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni bir kishilik kameralarga joylashtirishga qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining prokuror bilan kelishilgan asoslantirilgan qaroriga ko‘ra:
ushbu Qonunning 41-moddasida nazarda tutilgan alohida-alohida joylashtirish talablariga rioya etilishini ta’minlashning boshqa imkoniyati mavjud bo‘lmaganda;
ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab;
ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning yakka saqlash to‘g‘risidagi yozma arizasiga binoan;
ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni, agar kunduzi umumiy kamerada saqlanayotgan bo‘lsa, tungi vaqtda bir kishilik kameraga joylashtirish zarur bo‘lganda;
ushlab turilganlarning yoki qamoqqa olinganlarning ajratib qo‘yilishini ta’minlash talab qilingan boshqa hollarda ham yo‘l qo‘yiladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning qamoqda saqlash joylarining boshqa kameralarida yoki o‘zga xonalarida saqlanayotgan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan so‘zlashishiga, ularga biron-bir narsa berishiga hamda ular bilan yozishmalar olib borilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ajratib qo‘yishni ta’minlashga doir talablarga ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joylari hududidan tashqariga ko‘chirishda ham rioya etilishi kerak.