41-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni kameralarda alohida-alohida joylashtirish Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni kameralarda alohida-alohida joylashtirish ularning shaxsini va psixologik jihatdan mosligini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Chekuvchilar imkoni boricha chekmaydiganlardan alohida joylashtiriladi.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar quyidagi talablarga rioya etilgan holda bir-biridan alohida saqlanadi va kameralarga joylashtiriladi:
erkaklar ayollardan alohida saqlanadi;
voyaga yetmaganlar katta yoshlilardan alohida saqlanadi. Alohida hollarda prokurorning roziligi bilan, voyaga yetmaganlar saqlanayotgan kameralarda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka birinchi marta tortilayotgan, ijobiy tavsifga ega katta yoshlilarni saqlashga yo‘l qo‘yiladi;
jinoiy javobgarlikka birinchi marta tortilayotgan shaxslar ilgari ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlangan shaxslardan alohida saqlanadi.
Jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ko‘rsatmasi bo‘lganda, bitta jinoyat ishi bo‘yicha yoxud bir nechta o‘zaro bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar ham alohida-alohida saqlanadi.
Quyidagilar boshqa ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlardan alohida saqlanadi:
chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
sudya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi, advokat bo‘lib ishlagan yoki ishlayotgan shaxslar;
o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotganlar yoki ayblanayotganlar;
o‘ta xavfli retsidivistlar;
mahkumlar;
hayoti va sog‘lig‘iga boshqa ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar tomonidan xavf tug‘ilgan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joyi boshlig‘ining yoki uning o‘rinini bosuvchi shaxsning qaroriga ko‘ra yoxud jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning yozma ko‘rsatmasiga ko‘ra;
yuqumli kasalliklarga chalingan yoki alohida tibbiy parvarish va kuzatuvga muhtoj bo‘lgan bemorlar.