Sikllarning retsessiya va yuksalish orqali ro‘y berishi Sikllilik, ishlab chiqarishning davriy tushib turishi deyarli 200 yil davomida bozor iqtisodiyotiga ega mamlakatlarga xos bo‘lgan.
Iqtisodiy sikllarning kelib chiqish sabablari va ularga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning chuqur va izchil ravishda tadqiq etilishi turli ko‘rinishdagi nazariyalarning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan.
Ko‘pchilik hozirgi zamon iqtisodchilari iqtisodiy sikllarning ob’ektiv tavsifini tan olib, bu hodisani unga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki va tashqi omillarni tahlil qilish orqali o‘rganishni tavsiya qiladi. Iqtisodiy sikllarni tashqi omillarning mavjudligi bilan tushuntiruvchi nazariya eksternal nazariya deb ataladi. Tashqi omillarga iqtisodiy tizimdan tashqarida yotuvchi va iqtisodiy hodisalarning davriy takrorlanishini keltirib chiqaradigan omillar kiritiladi. Bu tashqi omillar ichidan quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
- urushlar, inqilobiy o‘zgarishlar va boshqa siyosiy larzalar;
- oltin, uran, neft va boshqa qimmatli resurslar yirik konlarining ochilishi;
- yangi hududlarning ochilishi va bu bilan bog‘liq ravishda aholi migratsiyasi, er shari aholisi sonining o‘zgarib turishi;
- ijtimoiy ishlab chiqarish tarkibini tubdan o‘zgartirishga qodir bo‘lgan texnologiya, tadqiqotlar va innovatsiyalardagi qudratli o‘zgarishlar.
Iqtisodiy sikllarni iqtisodiy tizimning o‘ziga xos ichki omillari ta’sirida vujudga kelishini asoslovchi nazariya internal nazariya deb ataladi. Asosiy kapitalning jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirib, xizmat muddati tugashi va uning yangilanishi ko‘pchilik iqtisodchilar tomonidan iqtisodiy siklni keltirib chiqaruvchi muhim ichki omillardan biri sifatida qaraladi.
Agar bir yoki bir necha tarmoqda mashina-uskunalarga talabning keskin ortishini keltirib chiqaradigan iqtisodiy o‘sish boshlansa, tabiiyki, bu hol mashina va uskunalar to‘liq eskiradigan har 10-15 yildan keyin takrorlanadi. Fan-texnika taraqqiyoti natijasida bu muddat qisqarib boradi va inqirozlar tez takrorlanadi.
Shuningdek, siklni keltirib chiqaruvchi boshqa ichki omillar ham ajratib ko‘rsatiladi:
- shaxsiy iste’molning o‘zgarishi (qisqarishi yoki kengayishi);
- investitsiyalar, ya’ni ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yangilash va yangi ish joylarini vujudga keltirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmi;
- ishlab chiqarish, talab va taklif hajmiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan davlat iqtisodiy siyosatining o‘zgarishi.
Iqtisodiy siklning kelib chiqishini faqat eksternal yoki internal nazariya orqali tushuntirish ko‘pam to‘g‘ri bo‘lmaydi. Iqtisodiy sikl va umuman iqtisodiy tizimdagi miqdoriy va sifat o‘zgarishlar tashqi va ichki omillarning birgalikdagi ta’siri oqibatida kelib chiqishi mumkin.5