3--mavzu borliq- falsafaning fundamental kategoriyasi reja
Borliq shakllari. Inson barcha jonli narsalar jonsiz narsalardan butunlay farq qilishiga qadimdayoq e’tibor bergan, lekin buni ancha keyin tushunib ketgan.O’z navbatida, jonli narsalar dunyosida inson alohida o’rin egallaydi.U barcha jonli narsalardan butunlay farq qiladi. Insonning bu asosiy farqi uning ongida, ideal obrazlar bilan ish ko’rish, ya’ni abstrakt fikrlash va o’zini fikrlovchi jonzot sifatida anglash qobiliyatida namoyon bo’ladi.
Shunday qilib, borliqning umumiy manzarasini yaratish zaminidan notirik tabiat o’rin oladigan o’ziga xos piramida hosil bo’ladi.Ya’ni borliqning shakllari notirik tabiat, tirik tabiat, ijtimoiy borliq va inson borlig’i kabilardir Borliqning bu umumiy shakllari o’ziga xos xususiyatga, o’zining betakror mohiyatiga egadir.
1) tabiat borlig’i. U mufassallashtiriladi va o’z navbatida ,birlamchitabiat borlig’i (ya’ni inson va uning faoliyatidan qat’i nazar mavjud bo’lgan narsalar va jarayonlar borlig’i) va ikkilamchi (yoki odamlar tomonidan yaratilgan narsalar va jarayonlar borlig’i)ga bo’linadi. Birlamchi tabiat notirik tabiat narsalari va jarayonlarining borlig’i – bu butun tabiiy va sun’iy dunyo, shuningdek tabiatning barcha holatlari va hodisalari (yulduzlar, sayyoralar, yer, suv, havo, binolar, mashinalar, aks sado, kamalak, ko’zgudagi aks va sh.k.)dir.
Birlamchi tabiat borlig’i ikki darajani o’z ichiga oladi.
Birinchi daraja jonli ruhsiz jismlardan, ya’ni ko’payish qobiliyatiga ega bo’lgan, atrof muhit bilan moddalar va energiya almashinuvini amalga oshiradigan, lekin ongga ega bo’lmagan barcha narsalar,ya’ni sayyoramiz hayvonot va o’simliklar dunyosini o’z ichiga olgan butun biosferadan iborat.
Ikkinchi daraja – bu inson va inson ongining borlig’i bo’lib, bu: ikkilamchi tabiat inson yaratgan yoki o’zgartirgan tabiatdir.Tabiat makon va vaqtda cheksiz hamda abadiydir. Ikkinchi yoki inson tomonidan yaratilgan tabiat birinchi tabiatga bog’liq. Bir tomondan, ikkinchi tabiatda birinchi tabiat materiali, boshqacha aytganda obyektiv, birlamchi borliq mujassamlashgan, boshqa tomondan esa – unda insonning mehnati, irodasi va bilimlari, uning qalbi o’z ifodasini topgan. Ikkinchi tabiat – bu mehnat qurollari va sharoitlari, aloqa vositalari, inson ruhining ehtiyojlari, ma’rifatli borliq, moddiy va ma’naviy madaniyatni belgilovchi barcha narsalar va jarayonlardir;
2) inson borlig’i. Unda tahlilga qulaylik yaratish uchun insonning tabiatning bir qismi sifatida jismoniy mavjudligini va alohida inson borlig’ini farqlash o’rinli bo’ladi.
Inson tabiatning bir qismi hisoblanadi va shu ma’noda uning qonunlariga bo’ysunadi. Tananing mavjudligi inson o’limga mahkum ekanligini belgilaydi. Inson borliq va yo’qlik dialektikasi bilan bog’lanadi, barcha tabiat jismlari kabi vujudga kelish, shakllanish va halok bo’lish holatlaridan o’tadi. Barcha tabiat jismlari kabi, inson tanasiga ham modda va energiyaning saqlanish qonunlari o’z ta’sirini ko’rsatadi, ya’ni uning tarkibiy qismlari tabiatning boshqa holatlariga o’tadi. Inson tanasi mavjud bo’lishi uchun uni muttasil quvvatlash (ovqatlanish, sovuqdan va boshqa xavf-xatarlardan saqlash) talab etiladi. Fikrlash uchun inson tanasining tirikligini ta’minlash zarur. Bundan hayotni saqlash, insonning o’z-o’zini saqlashi va insoniyatning yashovchanligini ta’minlash zaruriyati kelib chiqadi, bu oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, turar joy, sof atrof muhitga ega bo’lish ehtiyojida o’z ifodasini topadi;
3) ma’naviy borliq. U subyektiv individuallashgan va obyektiv (noindividual) ma’naviy borliq sifatida mavjud. Individuallashgan ma’naviy borliq - bu insonning ichki dunyosi. U onglilik va ongsizlikni qamrab oladi. Bunday yondashuvga ko’ra, ruh – individual ong bilan ayniy tushuncha, tor ma’noda esa u tafakkurdir. Ong – inson bosh miyasining dunyo borlig’ini izchil aks ettirish, uni obrazlar vatushunchalarga aylantirish qobiliyati. U taassurotlar, sezgilar, kechinmalar, fikrlar, shuningdek g’oyalar, e’tiqodlar, qadriyatlar, mo’ljallar, andozalarning ko’rinmas jarayoni sifatida mavjud. Ong tez oqadigan va bir xil bo’lmagan orqaga qaytmaydigan xususiyatga ega. Shaklan bu jarayon tartibsiz, lekin shu bilan bir vaqtda unda muayyan tartib, barqarorlik, struktura, muayyan darajada intizom va iroda mavjud.
Inson ongi ayni vaqtda uning o’z-o’zini anglashi, ya’ni o’z tanasi, fikrlari va tuyg’ularini, o’zining boshqa odamlarga bo’lgan munosabatini va o’zining jamiyatdagi o’rnini anglab yetishi, ya’ni o’zini o’zi bilishdir. O’zlikni anglash – bu ongimizning o’ziga xos markazidir.
Individual ong o’zining o’limga mahkumligi bilan tavsiflanadi, lekin uning ayrim qismlari noindividual ma’naviy shakl-shamoyil kasb etadi, shuningdek boshqa kishilar mulkiga aylanadi. Xatti-harakatlarda inson ongining fragmentlari moddiylashadi, ularga qarab odamlarning niyatlari, mo’ljallari, maqsadlari, g’oyalari haqida xulosa chiqariladi. Noindividual ma’naviy borliqning o’ziga xos xususiyati shundaki, uning elementlari saqlanadi, takomillashadi va ijtimoiy makon va vaqtda erkin harakatlanadi;
4) ijtimoiy borliq. U ayrim insonning jamiyatdagi borlig’i va jamiyatning o’z borlig’iga bo’linadi. Har bir inson boshqa odamlar bilan muttasil aloqa qiladi, turli ijtimoiy guruhlar: oila, ishlab chiqarish jamoasi, millatning a’zosi hisoblanadi. U boshqa individlar bilan yaqin aloqa qilib yashaydi. Odamlarning barcha faoliyati mazkur sosiumga xos bo’lgan ijtimoiy munosabatlar, chunonchi: siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, axloqiy va boshqa munosabatlar doirasida amalga oshiriladi.
Xullas, «borliq» kategoriyasi o’ta umumiy falsafiy abstraksiya bo’lib, u turli-tuman tabiat hodisalari va jarayonlarini, odamlar jamoalari va ayrim kishilarni, ijtimoiy institutlarni, inson ongining darajalari, shakllari va holatlarini mavjudlik belgisiga ko’ra birlashtiradi. Garchi bu hodisalar va jarayonlar borliqning turli sohalariga taalluqli bo’lsa-da, ularning barchasini umumiy asos birlashtiradi. Ammo cheksiz darajada rang-barang dunyoning yagonaligi to’g’risida so’z yuritish mumkinmi?Bu savolga «ha» deb javob berish orqali biz butun borliqning umumiy asosi haqida tasavvur hosil qilamiz.Bu haqda keyingi paragrafda so’z yuritiladi.
Borliqning yuqorida sanab o’tilgan turli shakllari bugungi kunda fanga aniq ma’lum bo’lgan, kuzatish, o’rganish, tahlil, nazorat va hokazolar predmeti bo’lishi mumkin bo’lgan barcha narsalarni o’z ichiga oladi. Ayni vaqtda dunyo fan va inson aqli anglab yetmagan jumboqlar va mo’jizalarga to’ladir. Ammo bu hol borliq haqidagi hozirgi tasavvurlar o’z kuchini yo’qotadigan qandaydir o’zga dunyolar mavjudligidan dalolat beradi, deb aytish uchun yetarli asoslar mavjud emas.
Borliqning turli shakllarini jonsiz tabiatdan boshlab mufassalroq ko’rib chiqamiz, zero u hozirgi zamon fani nuqtai nazaridan jonli va ijtimoiy tabiatning negizi hisoblanadi.