3 1-bob. Jahonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro tashkilotlarning o‘rni



Yüklə 131,38 Kb.
səhifə3/10
tarix16.12.2023
ölçüsü131,38 Kb.
#180925
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
3 1-bob. Jahonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro t-www.fayllar.org

Ilmiy yangiligi va ahamiyati. “BMT va O‘zbekiston munosabatlari” umumiy va alohida qismlardan iborat tartibda yozilgan bo`lib, unda bugungi kunda BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar inobatga olingan. Bitiruv malakaviy ishda BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning vujudga kelishi va rivojlanish tarixi, BMTning ixtisoslashgan muassalaridan YUNESKO bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlar o`rganilib, taxlil etildi hamda tegishli takliflar berildi.
Ishning aprabatsiyasi. Bitiruv malakaviy ish Qarshi Davlat universiteti Tarix va ijtimoiy fanlar fakulteti Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi qoshidagi “Yosh milliy g‘oyachilar” to‘garagida ma’ruza qilingan.
Ishning hajmi va strukturasi. Ish kirish, ikki bob, xulosa, hamda foydalanilgan adabiyotlar ruyxatidan iboratdir.


I Bob. Jahonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro tashkilotlarning o‘rni
1.1.Dunyo hamjamiyati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti
Xalqaro maydonda davlatlarning hamkorlikda aniq bir muammoni hal etishda ular ishtirokida tuzilgan xalqaro tashkilotlarning o‘rni va roli tobora ortib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar – muayyan maqsadlarni amalga oshirish uchun xalqaro shartnoma asosida tuzilgan, tegishli organlarga ega bo‘lgan, a’zo davlatlarning huquq va majburiyatlariga ega bo‘lgan hamda xalqaro huquqqa binoan ta’sis etilgan davlatlarning uyushmasidir. Xalqaro tashkilotlarni turkumlash tashkilotlarning huquqiy tabiati; tashkilot faoliyatining ko‘lami; tashkilot faoliyatining mavzui; tashkilot a’zolari bo‘lgan davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati singari belgilar bo‘yicha o‘tkaziladi.
Xalqaro tashkilotlar xalqaro tizimning tarkibiy qismidir. Tabiiyki, xalqaro tizimning rivojlanishi hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy taraqqiyot qonunlari umumiy tarzda ularning ijtimoiy-huquqiy tabiatini ham belgilab beradi. Xalqaro tashkilotlar davlatlar tomonidan aniq maqsadlar va vazifalarni bajarish uchun tuzilib, muayyan huquq doirasiga ega bo‘ladi, bu huquq doiralari nizomda qayd etiladi. Xalqaro tashkilotlarning maqsad va vazifalari tushunchalarini aniqlab olish zarurdir. Xalqaro tashkilotlarning maqsadlari xilma-xil. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun tuzilgan. IKAO xalqaro aviatsiya muammolarini o‘rganish, fuqaro aviatsiyasi uchun xalqaro normalar va qoidalarni ishlab chiqish hamda xalqaro havo yo‘llarida uchishning xavfsizligini ta’minlash maqsadlarida ta’sis etilgan. Mazkur harakatlarning yig‘indisi Xalqaro tashkilotlarning vazifasini tashkil etadi. Bular axborot, normativ, nazorat va amaliy vazifalardir. Xalqaro tashkilotlarning budjeti a’zo bo‘lgan davlatlar badallari hisobiga to‘ldirilib beriladi. Har bir tashkilot badallari budjetga ajratish tartibini o‘zi belgilaydi1.
Birinchi xalqaro birlashmalarning yaratilishi va paydo bo‘lishi er.avv. VI asrning boshlariga to‘g‘ri keladi. Bunday birlashmalar o‘zida shahar va uyushmalarning harbiy-siyosiy ittifoqni o‘zida ifoda etgan (misol uchun, Lakedemon va Deloss Simmaxiyalari).
Lakedemon simmaxiyasi er.avv. VI yuz yilligida Peloponnesning uyushma va shaharlarining ittifoqi sifatida yaratilgan. Ittifoqning boshida Sparta turgan. Oliy ittifoq organi umumittifoq yig‘ini (sillogos) bo‘lgan. Ushbu yig‘in yilda bir marta Sparta tomonidan o‘tkazilgan. Ittifoqqa a’zo bo‘lgan barcha shaharlar o‘zining qanchalik katta yoki ahamiyatligidan qat’iy nazar bir ovozga ega bo‘lganlar. Masalaning hal etilishi ko‘pchilik ovozi bilan amalga oshirilgan.
Grek shaharlarining boshqa yirik ittifoqlaridan biri Afina yoki Deloss simmaxiyasi bo‘lgan. Uning boshida Afina turgan bo‘lib, er.avv. 478/477 yillarda vujudga kelgan. Ushbu davr grek-persiya urushlari davriga perslarga qarshi kurashda harbiy-dengiz ittifoq sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Deloss simmaxiyasi Lakedemon simmaxiyasidan ikki xususiyati bilan farq qilgan: birinchidan, unga kirgan ittifoqdoshlar Delosdagi umumiy g‘aznaga maxsus soliq (foros) to‘laganlar, ikkinchidan, ularning gegemoni – Afinaga bog‘liq edilar. Vaqt o‘tishi bilan Deloss simmaxiyasi Afina kattaligiga aylandi. Bunday birlashmalar albatta xalqaro tashkilotlar sirasiga kirmagan, balki ularning yaratilishiga timsol bo‘lgan. Taniqli rus huquqshunosi F.F.Martens, qadimgi ittifoqlarni o‘zining davridagi grek shahar va mamlakatlarini birlashtirishda samarali o‘rni bo‘lganligini e’tirof etadi.
Birinchi xalqaro iqtisodiy va bojxona birlashmalarining paydo bo‘lishi xalqaro tashkilotlarning barpo etilishiga muhim tarixiy bosqich sifatida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Jumladan, XIII va XVII asrlar mobaynidagi Ganzey savdo ittifoqi Boltiq dengizida, qisman Shimoliy dengiz va Shimoliy Yevropaning katta qismida savdo monopoliyasini o‘rnatgan savdogarlar birlashmasi bloki bo‘lgan.
XIX asrning boshlarida esa German bojxona ittifoqi tuzilgan bo‘lib, o‘zaro bojxona to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida tuzilgan aksariyat nemis davlatlari ittifoqini o‘zida aks ettirgan. Ittifoq chegaralarida undirilgan soliqlar asosida umumiy g‘azna tashkil etilgan bo‘lib, uning daromadi ittifoq ishtirokchilari o‘rtasida aholiga teng proporsional taqsimlangan. Biroq, ushbu birlashmalar xalqaro tashkilot bo‘lmagan1.
Birinchi xalqaro tashkilotlar XIX asrning boshlari va o‘rtalarida paydo bo‘ldi: Reynda kemachilik bo‘yicha Markaziy komissiya (1815y.), Yerni o‘lchash bo‘yicha Xalqaro Ittifoq (1864y.), Xalqaro telegraf ittifoqi (1865y.), Umumiy pochta ittifoqi (1874y.), O‘lchov va og‘irlik bo‘yicha Xalqaro byuro (1875y.), Badiiy va adabiy mulkni hmoya qilish bo‘ysicha Xalqaro ittifoq (1886y.). Birinchi xalqaro tashkilotlar iqtisodiyot, transport, madaniyat davlatlarining ijtimoiy manfaatlari sohasida tuzilgan, o‘z maqsadlariga ko‘ra siyosatdan tashqari sohada birgalikdagi transchegaraviy hamkorlikka yo‘naltirilgandi. O‘sha paytlarda xalqaro tashkilotlar yuqorida sanab o‘tilgan hamkorlik turlari uchun asos bo‘lib xizmat qilishdan boshqa hech qanday vazifalarni bajara olmagan.
Globallashuv, integratsiyalashuv, o‘z navbatida, bunday tashkilotlarning mavqeini yanada mustahkamladi. Globallashuv, avvalo, iqtisodiy, texnologiya, kommunikatsiya, fan va transport sohasidagi transchegaraviy o‘zaro aloqalarni (hamkorlikni) yanada kuchayishiga olib keldi. U, garchi turli darajada bo‘lsada, o‘zaro bog‘liqlikning jamuljam tizimida deyarli barcha davlatlar, jamiyatlar, tashkilotlar, aktyorlar, individlar guruhini o‘z ichiga oldi. Bularning barchasi xavf-xatar va tavakkalchiliklar: iqtisodiy, xalqlarning ko‘chishi (migratsion), ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi, jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi va boshqalarning dunyoviy qo‘shilib (chatishib) ketishi bilan birga kechmoqda. Shu tariqa, globallashuv ko‘p tomonlama diplomatiyaning ahamiyatini ortishiga, ayni paytda uning murakkablashishiga imkon yaratmoqda.
Xalqaro munosabatlarning aksariyat jiddiy muammolari ko‘p sonli davlatlar, xalqaro hukumatlararo tashkilotlarni ularni hal qilish uchun jalb qiladi. Hozirgi xalqaro tashkilotlar ikkita asosiy turga bo‘linadi: hukumatlararo va nohukumat tashkilotlar. Unisining ham, bunisining ham o‘rni muhim, ularning barchasi davlatlarning turli sohalardagi muloqotiga yordam beradi. Hukumatlararo tashkilotlar quyidagi belgilarga ega bo‘lishlari lozim:
- xalqaro huquqqa muvofiq tuzilishi. Har qanday hukumatlararo tashkilot huquqiy asosda tashkil topmog‘i lozim, xususan: tashkilot alohida bir davlatning va umuman, xalqaro hamjamiyatning manfaatlariga zarar yetkazmasligi zarur;
- xalqaro shartnoma (konvensiya, bitim, trakt, protokol va b.) asosida tashkil topishi. Bunday shartnoma tarafdorlari suveren davlatlar hisoblanadi, keyingi paytlarda esa hukumatlararo tashkilotlar ham shu qatorga kirmoqda;
- xalqaro tashkilotlarni tuzishdan maqsad u yoki bu sohada davlatlarning kuchini birlashtirishdan iborat: siyosiy (OBSE), harbiy (NATO), iqtisodiy (YES), valyuta-moliyaviy (XVF) va boshqalar. Ammo BMT kabi tashkilot qariyib barcha sohada davlatlar faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratilgan. Bunday vaziyatda xalqaro tashkilot davlatlar o‘rtasida vositachi bo‘lib o‘rtaga chiqadi. Ba’zan davlatlar xalqaro munosabatlarning eng qiyin masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro tashkilotga topshiradilar;
- hukumatlararo tashkilotning ta’sis hujjatlarida umumiy shaklda mustahkamlangan huquq-majburiyatlarining mavjudligi. Xalqaro tashkilot o‘z vakolatini oshira olmaydi, lekin mustaqil xalqaro huquq va majburiyatlarga ega, ya’ni davlatlar – a’zolar ixtiyoridan farqli muxtor xohish-irodaga ega bo‘ladi. Bu belgi har qanday tashkilot o‘z faoliyati sohasida davlatlar – a’zolar tomonidan unga yuklangan huquq-majburiyatlarni bajarish vositasini mustaqil tanlashi mumkinligini bildiradi.
Xalqaro tashkilotning yuridik tabiati uchun asosiy narsa shundaki, uning maqsadlari, faoliyati tamoyillari, vakolatlari, tuzilishi va boshqalar kelishilgan shartnomaga asoslangan bo‘ladi. Albatta xalqaro tashkilotlarning muayyan vakolatlar va majburiyatlarga ega bo‘lishlari ularning xalqaro huquqning asosiy subektlari hisoblanuvchi, davlatlar bilan tenglashtirilishi degan ma’noni anglatmaydi. Lekin o‘z vazifalarini bajarishlari uchun xalqaro tashkilotlar kerakli yuridik vositalarga ega bo‘lishlari muhim masala hisoblanadi. Shu o‘rinda BMT Ustavining 104-moddasida: “Birlashgan Millatlar Tashkiloti har bir a’zo davlat hududida o‘z vazifalarini amalga oshirish va maqsadlariga erishish uchun kerak bo‘ladigan vakolatardan foydalanadi”, - deyiladi.
Xalqaro tashkilotlarga shartnomalar tuzish huquqi beriladi, ya’ni ular o‘z vakolatlari chegarasida turli bitimlar tuzadilar. Shartnomalar tuzishi huquqi ikki xil yo‘l bilan: tashkilot vazifa va maqsadalaridan kelib chiqqan holda istalgan shartnomalarni tuzish huquqini beruvchi umumiy nizomda yoki alohida vakolat orqali mustahkamlanadi. Undan tashqari xalqaro tashkilotlar diplomatik aloqalarga erkin va mustaqil kirishish, o‘z vakolatxonalarini davlatlarda ochish huquqiga ham egadirlar. Masalan 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va BMT o‘rtasida iqtisodiy o‘sishning muhim muammolarini hal etishga ko‘maklashish, ijtimoiy sohaning ildamlashiga yordam berish, aholi turmush tarzini yaxshilash maqsadlarini ko‘zlab BMTning organlari, fondlari va dasturlarini birlashtiruvchi qo‘shma vakolatxona tuzish haqida bitim imzolangan edi.
Xalqaro huquqning subekti sifatida xalqaro tashkilotlar o‘z faoliyatlari natijasida kelib chiquvchi zarar uchun javobgardirlar va da’vo bilan murojaat qilishlari ham mumkin. Davlat ichki hududida xalqaro tashkilotlar yuridik shaxs maqomida ish olib boradilar. Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ustavining 39-moddasida XMT yuridik shaxsga tegishli barcha huquqlardan, jumladan, shartnomalar tuzish, ko‘chmas va ko‘chuvchi mulkka egalik qilish va sudga murojaat qilish huquqlaridan foydalanadi, deyiladi. Xalqaro tashkilot organlari uning tarkibiy qismlari va bo‘linmalari hisoblanadi1.
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) xalqaro munosabatlar subekti sifatida xalqaro maydonda o‘z faoliyatini ko‘rsatmoqda. BMTga 1945 yil 24 oktabrda asos solingan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu xalqaro tashkilotga 192 ta davlat a’zosi sifatida tan olingan. Uning shtab-kvartiralari Jeneva, Shveysariya, Vena, Avstriya, Nayrobi va Keniyada joylashgan bo‘lib, rasmiy tillari sifatida ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillari belgilangan. BMT o‘z tuzilmasi, rahbariyati, a’zo davlatlari, ish yuritishda rasmiy tillari, byudjeti va rasmiy hujjatlariga ega. O‘z navbatida, BMTning Bosh kotibi Pan Gi Mun (2011y.) - Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Kotibiyat, Xalqaro sud, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash, Vasiylik bo‘yicha Kengash va maxsuslashtirilgan tashkilotlaridan iborat tuzilmalari ustidan nazorat olib boradi va BMT nomidan ish ko‘radi.
BMTning faoliyatiga asos soluvchi hujjatlar sifatida BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948y.), Genotsid jinoyatchiligida jazolash va uni oldini olish bo‘yicha Konvensiya (1948y.), Fuqaro va siyosiy huquqlari haqidagi xalqaro pakt (1966y.), Yadro qurolining tarqalmasligi haqida Bitim (1968y.), Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya (1989y.), Iqlim o‘zgarishi haqidagi BMT konvensiyasi (1992y.), Kioto Bayonnomasi (1997y.) va Mingyillik Deklaratsiyasi (2000y.) e’tirof etish mumkin.
Xalqaro tizimda BMTning hozirgi roli haqida turli fikrlar mavjudligini qayd etish lozim:
-BMT qurolli mojarolarni bartaraf etish va xalqaro kelishmovchilik va janjallarni tinch yo‘l bilan hal qilish borasidagi o‘z vazifalarini allaqachon bajarolmay qoldi;
-BMTning hech qanday muqobili hozircha mavjud emas, boshqacha aytganda, mintaqaviy tashkilotlar alohida mintaqalar manfaatlarini ifoda qiladilar, ular ko‘pincha to‘g‘ridan – to‘g‘ri bir – biriga zid bo‘ladi, shu sababli butun jahon tashkilotisiz mojarolarni hal qilishning umumiy meyorlari va yo‘llarini ishlab chiqishning imkoni yo‘q.
Nizomda belgilangan majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladigan, Tashkilot fikrga ko‘ra, ularni bajarishga qodir barcha tinchliksevar davlatlar BMTning a’zosi bo‘lishlari mumkin. Ushbu majburiyatlar, tinchlik paytida bo‘lgani kabi mojaro sharoitida ham, xalqaro maydonda davlatlar hamkorligining har qanday ko‘rinishiga aloqador bo‘lgan muayyan vaziyatlarda davlatning atvori (o‘zini tutishi) qoidalariga daxldordir. BMTning kelajagi ushbu tashkilot tizimining yanada samarali ishlashini ta’minlash, yangi xalqaro siyosiy madaniyatni belgilash uchun qanday choralar ko‘rilishiga bog‘liq1.
O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga 1992 yil 2 mart kuni a’zo bo‘ldi. BMT bilan asosiy ustuvor hamkorlik masalalari xavfsizlik va zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalmasligi, Afg‘onistonda tinchlikni tiklash va uning barqarorligini ta’minlash, ekologik muammolarni hal etish, jumladan, Orol dengizi muammosini oqibatlarini yengillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi BMTning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 13 ta konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi va bu yo‘nalishda jahon hamjamiyatini birlashtirish yo‘lida o‘zining tashabbusi bilan chiqgan.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro terrorizmga qarshi kurashish sohasida huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha taraqqiyotni ma’qullaydi. Biroq, terrorizmga qarshi amaliy kurashish faqatgina ko‘ptomonlama global hamkorlik tizimini yaratish yo‘li bilan erishish mumkinligini e’tirof etadi. Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov “Bugungi kunda barcha uchun bir haqiqat namoyon bo‘lishi zarur: tabiiyki, hech bir inson, hech bir davlat barcha odmazod uchun xavf tug‘diruvchi ushbu yovuz kuchning ildizini yo‘qotish yo‘lida kurashishda chetda qolib ketishi mumkin emas” - deb ta’kidlaydi. Shundan kelib chiqib, BMT Xavfsizlik Kengashining Kontrterroristik qo‘mitasining ishini ma’qullab, BMTga a’zo-davlatlar salohiyatining mustahkamlash bo‘yicha hatti-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Shuni ta’kidlab o‘tish zarurki, ushbu qo‘mitaning yaratilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning ilgari surgan 1999 - yil Istambuldagi OBSE sammitida terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro markazni yaratish zarurligi tashabbusi asosida amalga oshirilgan.

Yüklə 131,38 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin