3 1-bob. Jahonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro t-www.fayllar.org
1.2. O‘zbekiston bilan BMT va uning tashkilotlari bilan hamkorligining rivojlanishi Prezident I.A.Karimov O‘zbkiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrdagi qo‘shma yig‘ilishidagi ma’ruzasida tarixan qisqa davrda mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallagani, ko‘plab davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani, O‘zbekistonning jahon miqyosida obro‘-e’tibori yuksalib borayotganini ta’kidlab, quyidagilarni ta’kidlagan edi: “Mustaqil rivojlanish yillarida, tarixan qisqa bir davrda yurtimiz yangi va ulkan marralarni qo‘lga kiritdi, buning natijasida mamlakatimizning hissasi butunlay o‘zgarib, jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yuksalib bormoqda”2 edi. Bu borada qo‘lga kiritilgan yutuqlar davlatimizning xalqaro maydonda, avvalo, o‘z milliy manfaatlarimizga tayangan holda olib borayotgan izchil, har tomonlama puxta o‘ylangan tashqi siyosati bilan uzviy bog‘liqdir. Ayniqsa, dunyodagi eng nufuzli xalqaro tashkilot - Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan ikki tomonlama manfaatli aloqalarning o‘rnatilgani va yildan-yilga rivoj topib borayotgani diqqatga sazovordir. Bu borada Prezident I.Karimovning “Erishilgan bunday marralar – jahon miqyosida obro‘-e’tibor qozongan jamiyat barpo etish borasida biz o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadga qaratilgan uzoq va murakkab yo‘lning bir qismi xolos. Jahon miqyosida globallashuv va raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi zamonda biz dunyoda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar jarayonida egallab turgan o‘rnimizni xolisona va tanqidiy baholashimiz, tobora oshib borayotgan hayot talablariga javob berishimiz, kechayotgan davr bilan hamqadam bo‘lishimiz shart degan fikrlari siyosatshunoslar uchun metodologik ko‘rsatma va ilmiy tadqiqot uchun muhim yo‘nalishdir”3.
Ma’lumki, O‘zbekiston 1992 yilning 2 martida BMTga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilingan edi4. Davlatimiz rahbarining asarlari, nutq va ma’ruzalarida O‘zbekistonning BMT bilan aloqalarining yo‘nalishlari va istiqbollari, shuningdek, bu nufuzli tashkilotning umumbashariy muammolarni hal etishda tutgan o‘rni va ahamiyati ko‘p bor ta’kidlangan. Chunonchi, Prezident I.A.Karimov BMT Bosh assambleyasining 48-sessiyasida so‘zlagan nutqida mazkur masala haqida to‘xtalib, shunday degan edi: “Tub tarixiy o‘zgarishlar davrida hozirgi dunyoning o‘zaro aloqasi va bir-biriga bog‘liqligi ortib borayotganligi ravshan ko‘rinib turibdi. Ayni shu paytda umuminsoniy muammolarni o‘rganish va hal qilishda jahon miqyosidagi siyosiy vosita sifatida BMTning dunyo ko‘lamidagi roli va ahamiyati oshib bormoqda”1. Shu bois BMTning O‘zbekiston bilan aloqalariga oid masalalarni ilmiy jihatdan tahlil etish negizida ikki tomonlama munosabatlarni yanada takomillashtirish va istiqbollarini aniqlash hamda tegishli xulosa va takliflarni ishlab chiqish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
BMT tashkiloti faoliyat yuritayotgan har bir mamlakatda ushbu «Mamlakatning umumiy tasnifi» (MUT) deb nomlangan tadqiqot olib boradi va unda mazkur mamlakat bilan o‘zaro munosabatlarning asosiy yo‘nalishlari aks ettiriladi. Biz bu o‘rinda 2003 yilda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tayyorlangan tadqiqotning mazmun-mohiyatini va unda aks etttirilgan yo‘nalishlarga to‘xtalmoqchimiz.
BMTning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi 2003 yilda MUTni yangilash va Mingyillik deklaratsiyasi maqsadlariga erishish to‘g‘risida hisobotni tayyorlash uchun BMTning rivojlanishga ko‘maklashish dasturini bajarishga kirishdi. Aslida O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqot dastlab BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan 2000 yilda tayyorlangan edi. Biroq ushbu hujjatni yaratishda uning rivojlanish bo‘yicha sheriklari hamda O‘zbekiston hukumati ishtirok etmagani sababli, u qo‘llab-quvvatlanmadi. Shundan keyin 2002 yilda BMT vakolatxonasi tomonidan ushbu tadqiqotda Mingyillik deklaratsiyasida ilgari surilgan rivojlanish maqsadlarini to‘liq ifodalash hamda 2001 yil 11 sentabrdan keyin dunyoda vujudga kelgan vaziyatni e’tiborga olgan holda ushbu hujjatni qayta ko‘rib chiqishga qaror qilindi.
BMT dasturlari qamrab olgan ikkinchi muhim soha - aholi barcha qatlamlarining sifatli ta’lim andozalariga erishuviga ko‘maklashishdan iboratdir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad - aholining ayrim toifalarigina emas, balki uning barcha qatlamlarining aynan bir xil darajadagi sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlashdan iborat.
Ta’lim jarayoni va odamlar tafakkurining yuksalishi ushbu barcha o‘zgarishlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlash lozim. O‘zbekistonda har yili ta’lim uchun sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi. Mamlakatimizda jahon tajribasida kam uchraydigan, o‘ziga xos bo‘lgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi amalga oshirildi1.
Ana shu maqsadda mahalliy hokimiyat BMT dasturlari bilan hamkorlikda barcha bolalarni ta’limga yo‘naltirish, ularni maktablarga jalb etish, shu jumladan, turli sabablar bilan mamlakatga kelib qolgan qochoqlarning bolalarini ham ta’lim olishiga imkoniyat yaratish borasida faoliyat olib boradi. BMT tomonidan amalga oshiriladigan bu dasturlar nafaqat ta’limni tashkil etish, balki ta’lim sifatini oshirishga ko‘maklashish, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyasi sifatini va samaradorligini oshirish, ularni maktabga tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi. Bundan tashqari, BMT dasturlari doirasida umumta’lim maktab tizimini rivojlantirish va uning sifatini oshirishga, o‘rta maktabni, ya’ni to‘qqizinchi sinfni bitirgan o‘g‘il-qizlarning barchasi keyinchalik akademik litsey va kollejlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishiga imkon yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Dastlabki bosqichda ushbu loyihalarni amalga oshirishda asosiy e’tibor Qoraqalpog‘iston respublikasi, Farg‘ona, Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlariga qaratiladi.
2009 yildan boshlab 12 yillik majburiy ta’lim joriy etildi. O‘zbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga qo‘shilish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni, mamlakatni modernizatsiya qilishni davom ettirish hamda chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va shu asosda o‘z fuqarolari uchun munosib turmush sharoitini yaratishni o‘zining istiqboldagi muhim vazifalari deb biladi.
Maktabgacha tarbiya muassasalariga bolalarning, shu jumladan, qizlarning maktablarga to‘liq qatnashishini ta’minlash, jismonan va aqlan cheklangan, shuningdek, gapirishda nuqsonlari mavjud bo‘lgan bolalarni ham maktablarga jalb etilishini ta’minlash maqsadida BMT dasturlari doirasida izchil mexanizmlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Sog‘liqni saqlash sohasida BMTtomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar sog‘liqni saqlash birlamchi xizmatining sifatini oshirish, aholining barcha guruh va toifalariga sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, bu borada olib borilayotgan davlat siyosatini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bunday chora-tadbirlar sog‘liqni saqlash sifatini oshirish, bu xizmat turidan aholining keng qatlamlari, jumladan, erkaklar, ayollar va bolalarning samarali foydalanishini ta’minlashga qaratilgan. Masalaning mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, BMT va uning sheriklarining bunday say-harakatlari inson huquqlarini himoya qilish negiziga qurilgan bo‘lib, respublika hukumatining sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimlari, aholining turli toifalari, jumladan, bolalar, ayollar va yoshlarni ijtimoiy jihatdan himoya qilishga qaratilgan faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan yangi innovatsion loyihalar va samarali chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish orqali amalga oshiriladi. Aniqroq aytganda, ushbu loyihalardan ko‘zlangan maqsad - O‘zbekiston hukumatining ijtimoiy sohada olib borayotgan islohotlarning izchilligi va samaradorligini ta’minlash, bu jabhalarga zamonaviy innovatsiya texnologiyalarini tatbiq etishdan iboratdir.
Onalar o‘limi darajasi 2 baravardan ko‘proq, bolalar o‘limi 3 baravar kamaydi. Ushbu davrda, ya’ni qariyb 20 yil mobaynida odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga, ayollarning umr ko‘rishi esa 75 yoshgacha oshdi.
BMTning mamlakatimizda olib borayotgan faoliyatining samarasi va ahamiyati qo‘yidagilarga namoyon bo‘ladi. Birinchidan, yuqorida ta’kidlanganidek, BMTning faoliyati mamlakatimiz ijtimoiy sohasida tizimiy o‘zgarishlarni amalga oshirish va takomillashtirishga qaratilgan. Bu o‘z navbatida mazkur sohada ma’lumotlar tizimini yangilash, zamonaviy ilg‘or tajriba, axborot texnologiyalarini joriy etishga xizmat qiladi. Lekin ajratilayotgan grantlar va amalga oshiralayotgan ijtimoiy dasturlar kuproq Toshkent va yirik shaharlarda yo‘naltirilgan1.
Ikkinchidan, bu say-harakatlar ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarni izchil rivojlantirish, ularning faoliyat samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi. E’tiborli jihati shundaki, ko‘pincha BMT dasturlari moliyaviy jihatdan yetarlicha ta’minlanmayotgan yoki ta’minlash imkoniyati pastroq bo‘lgan sohalarni qamrab oladi.
Uchinchidan, BMT dasturlari orqali ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimining rivoji va takomillashuviga xizmat qiladigan yangicha yondoshuv, an’ana va madaniyat kirib keladi.
Mintaqalarda olib boriladigan tadqiqotlar uchun viloyatlar tanlangani alohida e’tiborga loyiqdir. Ayniqsa, BMTning reproduktiv salomatlikni mustahkamlash yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston respublikasi, Farg‘ona, Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlarida amalga oshirayotgan dasturlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu dasturlar reproduktiv salomatlik g‘oyasini xalq ongiga singdirish bilan birga, fuqarolik jamiyat asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi. BMTning O‘zbekistonga ko‘rsatadigan yordami Mingyillik dasturining o‘rta va boshlang‘ich maktablarda ta’lim sifatini oshirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ona va bola sog‘lig‘ini yaxshilash, shuningdek, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish singari maqsadiga hamohangdir.
O‘zbekiston inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida mavjud xalqaro bitim va konvensiyalari doirasida atrof muhitni muhofaza qilish, qochoqlar masalalari bo‘yicha BMT bilan ikki asosiy yo‘nalishda faoliyat olib boradi. Bu — inson huquqlari, shuningdek, bolalar va qochoqlar xuquqlarini himoya qilishni takomillashtirish va atrof muhitni himoya qilishga qaratilgan dasturlarni o‘z ichiga oladi.
Inson huquqlari borasida asosiy e’tibor O‘zbekistonda xalqaro huquq talablari negizida qonuniy meyorlarni yaratish va takomillashtirish jarayoniga qaratiladi. Bundan tashqari, BMTning mazkur dasturlarida inson huquqlarini muhofaza etish borasida aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, axborot olish doirasini kengaytirish va adolatli sud tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash masalasi ham o‘ta muhim vazifalar sirasiga kiradi. Shu bois bu borada BMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari, ularning yo‘nalishlarini tahlil etish alohida ahamiyatga ega.
Keyingi vaqtda BMT va O‘zbekiston munosabatlari doirasida inson huquqlari, gender tengligini ta’minlash masalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik izchil amalga oshirilmoqda. Bu masalalar BMT shafeligidagi talay xalqaro anjumanlarda keng va atroflicha muhokama etilmoqda, mazkur masalalarga oid talay tadqiqot va maqolalar e’lon qilinmoqda. Jumladan, Z.Ashurovaning «BMT Konvensiyasi amaliyotda» maqolasida BMTning bu boradagi faoliyati tahlil etilib, Toshkentda BMTning ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiyasini (CEDAW) amalga oshirish, hisobot tuzish va monitoring qilish masalalari bo‘yicha milliy ekspertlarni tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tgani va unda muhokama etilgan masalalar xususida so‘z boradi1.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili - Ombudsman instituti tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu anjumanda davlat organlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda ayollarning barcha sohalarda erkin faoliyat yuritishi, oila va jamiyatda o‘z maqomini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi. qolaversa, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo hududida birinchilardan bo‘lib “Ayollar huquqi kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shilgani ham ularga ko‘rsatilayotgan e’tiborning yana bir tasdig‘idir.
1999 yil avgustida BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining (BMT QOKB) mandat guvohnomasiga ega bo‘lgan qochoqlar hibsga olinmasligi, qamalmasligi yoki chiqarib yuborilmasligi to‘g‘risida og‘zaki bitim tuzilgach, ularni majburan chiqarib yuborish hollari kamaydi. Har yili ularni hibsga olish va chiqarib yuborish bo‘yicha bir necha holatlar ro‘yxatga olinadi. Hukumat bilan o‘zaro munosabatni kengaytirish va qochoqlarni himoya qilishni mahalliy darajada yaxshilash uchun BMT QOKB keyinchalik O‘zbekiston Respubikasining «Migratsiya to‘g‘risida»gi qonuni loyihasiga qochoqlarga bag‘ishlangan bo‘limni kiritish uchun Amaldagi qonunlar monitoringi instituti bilan hamkorlik qildi.
O‘zbekistonda qochoqlar to‘g‘risida tasdiqlangan aniq ma’lumotlar yo‘q. Biroq BMT QOKB ma’lumotiga ko‘ra, respublikada 45 minga yaqin qochoq yashaydi. Shundan 5000 nafari Toshkent va Termizda istiqomat qiladigan afg‘onlar, qolganlari- Tojikistondan kelgan qochoqlar bo‘lib, asosan chegara qishloq joylarda yashaydi2.
Qochoqlar va siyosiy boshpana izlayotgan shaxslarning turmush sharoiti og‘irligicha qolmoqda. Mamlakatda yurish-turish va yashash uchun huquqiy maqomga ega bo‘lmagani ularni respublikadan zo‘rlik bilan chiqarib yuborish xavfini yuzaga keltiradi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy huquqlarini ro‘yobga chiqarishiga to‘sqinlik qiladi hamda ko‘chib yurish erkinligini cheklaydi.
BMT dasturlari doirasida O‘zbekistonning turli mintaqa va viloyatlarining notekis rivojlanish masalalarini o‘rganish mazkur tashkilot faoliyatining muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelayotganini e’tirof etish lozim. O‘tish davrining dastlabki bosqichlarida mamlakat hukumati tomonidan uning salbiy oqibatlariga qarshi qator chora-tadbirlar ko‘rilganiga qaramay, iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat murakkablashib, viloyatlar o‘rtasidagi tafovut keskin tus ola boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi BMTning «Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi» Konvensiyasini bajarilishi monitoringini amalga oshirish maqsadida 2002 yilda onalar va bolalar rivojlanishining 33 asosiy ko‘rsatkichini tahlil qilish, mintaqaviy tavofutlarni va himoyaga muhtoj oilalar miqdorini aniqlash imkonini beradigan jo‘g‘rofiy axborot tizimini (GAT) tasdiqladi.
Shu o‘rinda, BMT bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning Ming yillik deklaratsiyasida ifoda etilgan asosiy yo‘nalishlari quyidagi vazifalarning bajarilishini taqozo etishni ko‘rsatib o‘tish maqsadga muvofaqdir:
1.Ochlik va qashshoqlikni bartaraf etish;
2.Barchaga boshlang‘ich umumiy ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish;
3.Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlash va ayollarning huquq va erkinliklarini kengaytirish;
4. Bolalar o‘limini kamaytirish;
5. Onalar sog‘lig‘ini mustahkamlash;
6.Orttirilgan immun tanqisligi va bezgak kasalligiga qarshi kurashish;
7.Ekologik barqarorlikni ta’minlashga erishish;
8.Taraqqiyot maqsadida umumbashariy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Bu yo‘nalishlar BMT va O‘zbekiston aloqalarining asosini tashkil etishi bilan birga, BMTning umumbashariy barqarorlik, xafvsizlik va taraqqiyot yo‘nalishlariga hamohangdir.
O‘zbekiston Respublikasi mamlakatdagi ijtimoiy holatni, aholi turmush-tarzini va rivojlanish darajasining yuqoriligini hisobga olgan holda Mingyillik maqsadlarini quyidagicha shakllantirdi:
1 maqsad. Kam ta’minlanganlikni va qoniqarsiz oziqlanishni qisqartirish
2 maqsad. Boshlang‘ich va o‘rta maktablarda ta’lim sifatini oshirish
3 maqsad. Ayollar va erkaklar tengligini rag‘batlantirish hamda ayollarning huquq va erkinliklarini kengaytirish
4 maqsad. Bolalar o‘limini qisqartirish
5 maqsad. Onalar salomatligini yaxshilash
6 maqsad. OIV/OITSga, sil kasalligiga va bezgakka qarshi kurash
7 maqsad. Ekologik barqarorlikni ta’minlash
8 maqsad. Rivojlanish maqsadida global hamkorlikka ko‘proq urg‘u qaratish.
Hukumatning Mingyillik rivojlanish maqsadlarining muhimligini e’tirof etishi, jumladan, Mingyillik rivojlanish maqsadlarini “Aholi farovonligini oshirish strategiyasi bo‘yicha oraliq hujjat” ga muvaffaqiyat bilan moslashtirib va qo‘shib borilayotgani bilan izohlanadi1.
Hozirgi vaqtda ekologik vaziyat shu qadar keskin tus olganki, bu boradagi bahs-munozaralar allaqachon xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, yirik korporatsiya va moliyaviy tuzilmalarni qamrab olgan umumsiyosiy jarayonning ajralmas qismiga aylanib qoldi. Albatta, bu borada jahon hamjamiyati qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Jumladan, ekologik inqirozni bartaraf etish, iqtisodiy taraqqiyotni tabiiy muhit himoyasi bilan uyg‘un holda olib borish bo‘yicha tegishli dasturlar ishlab chiqilayotir. Bu yo‘nalishdagi ilk qadam sifatida BMTning Atrof muhit va taraqqiyot xalqaro komissiyasining “Bizning umumistiqbolimiz” ma’ruzasida ilgari surilgan “Barqaror taraqqiyot” konsepsiyasini e’tirof etish mumkin.
Ma’lumki, O‘zbekiston rahbari bir necha bor Orolbo‘yi hududlaridagi ekologik halokatning nafaqat mintaqa doirasida, balki global tus olib borayotgani masalasiga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratgan edi. Jumladan, davlatimiz rahbari BMTning Mingyillik sammitida so‘zlagan nutqida mintaqaviy muammolar, ekologik xavfsizlik va atrof muhit masalalasiga e’tibor qaratib, shunday degan edi: “Orol dengizining falokati Yevropa uchun, sayyoramizning boshqa hududlari uchun qanday xatarli va kutilmagan oqibatlar yuzaga keltirishi mumkinligiga kimnidir ishontirish yoki buni isbotlab o‘tirishning hojati yo‘q deb o‘ylayman. Ushbu muammoga befarqlik qanday natijalarga olib kelishi barchaga ayon”2. Yurtboshimiz bu o‘ta jiddiy masalaga jahon hamjamiyati e’tiborini jalb etish bilan bir qatorda, BMTning Atfor muhit bo‘yicha dasturi doirasida Orol va Orolbo‘yi muammolar kengashini tuzishni taklif etib, mazkur muammoni o‘rganish va hal qilish mexanizmini ham ko‘rsatib berdi.
BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida keng qo‘llab quvvatlangan muhim hujjatlardan biri “Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘aramasiga Bosh Assambleyada kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risida” A/RES/63/133 rezolyatsiyaning qabul qilinishi bo‘ldi. O‘zbekiston mazkur hujjatning hammmualliflaridan biri edi.
BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi BMTning beshta regional komissiyalaridan biri bo‘lib, BMTning Iktisodiy va Ijtimoiy Kengashi (IIK) tomonidan 1947 yilda. BMTniig YEIK hududida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. O‘zbekiston 1993 yil 30 iyundan boshlab BMT YEIKning a’zosidir. 1979 yildan boshlab BMTning YEIK doirasida 14 ta xalqaro huquqiy aktlar (XXA) ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan 5 tasi Konvensiyalardir. Konvensiyalarning ikkitasi havoning ifloslanishiga tegishli bo‘lsa, uchtasi atrof muhitga ta’sirni baholashga bag‘ishlangan. Qolgan hujjatlar sanoat halokatlari, transchegaraviy suvlar, jamoat ishtirokiga bag‘ishlashan. Shuningdek. mazkur Konvensiyalarga bir qator Protokollar ham ishlab chiqilgan. Mazkur XXA BMT YEIKning muhim tarkibi va nafaqat maqsadga erishishda samarali yo‘llanma, balki BMT YEIK hududida joylashgan davlatlarning iqtisodi va muvofiq qonunchilik bazasini yaqinlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda Rog‘un GESi qurilishini bir davlat loyihani boshqa davlatlarning manfaatlariga zid ravishda amalga oshirishga urinishiga misol qilib keltirilishi mumkin. Mazkur loyiha yuzasidan o‘tkazilgan xalqaro ekspertizaning ko‘rsatishicha. bu kabi seysmik faol hududlarda bunday yirik plotinalarning qurilishi juda ham xavflidir, qolaversa, bu hudud seysmik jihatdan noqulay mintaqalar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Orolbo‘yi genofondini saqlab qolish maqsadida jamoat Xayriya jamg‘armasi tashkil etilgan. 2008 yil mart oyida O‘zbekistonning tashabbusi bilan o‘tkazilgan Orol bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunida Toshkent deklaratsiyasi va harakat Rejasi qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2011-2015 yillarda jami salkam 1.5 milliard AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirish,. ko‘zda tutilgan.
Shunday qilib, O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan ijtimoiy sohadagi hamkorligi ijtimoiy muammolarga yechim izlanadigan o‘ziga xos tashkilot sifatida namoyon bo‘layotgani, bundan buyon uning o‘rni va ahamiyati yanada ortishi, bu tashkilot doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning samaradorligini oshirish, ijtimoiy yo‘naltirilganlik darajasini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Istiqbolda ijtimoiy sohada O‘zbekiston va BMT o‘rtasida keng miqyosdagi loyihalarini yanada rivojlantirish, uning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va o‘nga yaqin agentlik faoliyatini takomillashtirish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar vujudga keltirilgan. Zero, O‘zbekiston mazkur xalqaro tashkilotning ijtimoiy sohadagi muammolarni hal etish bo‘yicha nufuzini saqlash, obro‘-e’tiborini yanada oshirish, u bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdordir.
O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi va xalqaro maydonda o‘z obro‘-e’tiboriga ega bo‘lishida mazkur tashkilot bilan keng hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’kidlash joizki, davlatimizning taraqqiy etishi, xalqaro munosabatlarning muhim subekti sifatida shakllanish jarayonlari, mamlakatimizning eng rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi tashqi siyosatimizning samaradorligi va izchilligiga bevosita bog‘liqdir. Xalqaro hamjamiyatga yanada chuqurroq integratsiyalashuv ko‘p jihatdan mamlakatimizda rivojlangan bozor munosabatlarining joriy etilishi, demokratik qadriyatlarning hayotimizning barcha sohalarida qaror toptirilishi, jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etish borasida amalga oshirilayotgan say-harakatlar, bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik yo‘lidan qat’iy va izchillik bilan borishiga bog‘liq. Chunki o‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuqlar, shu jumladan, tashqi siyosat, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik sohasida qo‘lga kiritilgan muvaffaqqiyatlar aynan mustaqillik tufayli paydo bo‘lgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan belgilanadi. Darhaqiqat, aynan mustaqillik mamlakatimizning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lib qirish, tashqi siyosatini mustaqil ravishda o‘tkazish, jahon hamjamiyatiga uyg‘unlashuv yo‘llarini ishlab chiqish, davlatlararo munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.
O‘zbekiston BMT bilan aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga intilib, dunyo miqyosida hamda mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalqaro xuquq tartibotini mustahkamlashga munosib xissa qo‘shib kelmoqda. Davlatimizning avvalo milliy manfaatlarimizga tayangan, izchil va samarali tashqi siyosati jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilib, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborining ortishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Yurtboshimizning zamonaviy tahdidlarning oldini olish, global va mintaqaviy xavfsizlik tizimini mustahkamlash, BMT va uning tuzilmalari, birinchi navbatda, Xavfsizlik Kengashini davr talablari asosida isloh etish borasidagi taklif va tashabbuslari beqiyos ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston nuqtai nazariga ko‘ra, hozirgi tezkor va tahlikali davrda insoniyat taraqqiyotini chigallashtirishi mumkin bo‘lgan turli tahdid va mojarolarning oldini olishda BMT asosiy vosita bo‘lishi kerak. Prezident I.A.Karimov BMT Bosh assambleyasining 48-sessiyasidani nutqida ana shu masalalarning ahamiyati haqida to‘xtalib, shunday degan edi: “Xavfsizlik Kengashi hozirgi dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy, etnik, madaniy, diniy, ma’naviy jihatdan g‘oyat xilma-xilligini bar-barobar tarzda aks ettirish, o‘zining tarkib topgan konservativ tuzilmasini qayta ko‘rib chiqishi uchun ham samarali choralar ko‘rish zarurati nihoyatda yetildi, deb hisoblaymiz”1.
O‘zbekiston Respublikasi BMT Bosh assambleyasida bugungi kunning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan munozaralarda ishtirok etib, nafaqat mamlakatimizning milliy manfaatlarini himoya etish, balki global va mintaqaviy hamkorlini mustahkamlashga qaratilgan aniq tashabbus va takliflarni surmoqda. Jumladan, Prezidentimiz BMTning Mingyillik sammitida so‘zlagan nutqida ushbu tashkilotning barcha tizim va mexanizmlarini davr talab-lari bilan muvofiqlashtirish, tinchlik, xavfsizlik va barqaror-likni ta’minlash borasida yangi yondashuvlarni ishlab chiqish, BMTning mintaqaviy va global muammolarni hal etishdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish haqida to‘xtalib, quyidagi taklif va tashabbuslarni ilgari surdi:
“Birinchidan, BMT Xavfsizlik Kengashini bosqichma – bosqich isloh qilish darkor. Uning doimiy a’zolari tarkibi nafaqat rivojlangan, balki rivjlanayotgan davlatlar hisobidan ham kengaytirilishi lozim. Xavfsizlik Kengashining ham doimiy, ham muvaqqat a’zolari sonini oshirish maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, global va mintaqaviy tahdidlarga munosabat bildirishda tezkorlikni oshirish uchun Bosh kotib vakolatlarini kengaytirish zarur;
Uchinchidan, Xavfsizlik Kengashining qurolli mojarolarning oldini olish, ziddiyatlar va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish vositalari hamda mexanizmlaridan, shu jumladan, uzoq vaqt davom etayotgan mojarolarni bartaraf etishda “tinchlikka majbur qilish” deb ataluvchi mexanizmdan samarali foydalanish masala-laridagi o‘rni va mas’uliyatini kuchaytirish lozim”1.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda sayyoramizda vujudga kelgan vaziyat BMT tizimi va mexanizmlarini murakkab voqelikka moslashtirish, dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning yangi izchil va samarali yondashuvlarini ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Prezident Islom Karimovning BMT sessiyalari, ayniqsa, Mingyillik sammitida nutqida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona va har tomonlama o‘ylangan tashqi siyosat mazkur tashkilot faoliyatining yanada takomillashuvi, vaziyat taqozo etgan hollarda tezkorligining oshishi, qarama-qarshiliklar va bahslarni tinch yo‘l bilan hal qilish vositalari va mexanizmlardan samarali foydalanishdagi roli va mas’uliyatini kuchaytirish, jahon hamjamiyatini tashvishlantirayotgan tahdidlarning bartaraf etilishi bilan bir qatorda, mamlakatimizning dunyodagi eng nufuzli tashkilot - Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan o‘zaro manfaatli hamkorligining yanada kengayishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy taraqqiyoti, uning jahon hamjamiyatiga yanada uyg‘unlashuvi, yurtimizda erkin demokratik davlat hamda fuqarolik jamiyati barpo etishga ko‘maklashadi.
O‘zbekistonning BMT bilan aloqalarida mintaqaviy muammolar yetakchi o‘rin tutishi tabiiydir. Zero, kuchli davlatlar manfaatlari tutashgan mintaqada joylashgan O‘zbekiston uchun mazkur hududda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy tahdidlarning oldini olish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot uchun zarur shart-sharoit yaratilishi o‘ta muhim hayotiy ahamiyat kasb etadi. Shu bois mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari uchun, balki butun dunyo uchun muhim ahamiyatga ega ekanini o‘z vaqtida anglab yetgan mamlakatimiz rahbari Toshkentda xavfsizlik va barqarorlik masalalari bo‘yicha BMTning doimiy ishlaydigan seminarini tashkil etish tashabbusini ilgari surgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari ta’kilaganidek, “Doimiy ishlovchi seminarda jahonda umumiy xavfsizlik siyosati doirasida va BMT Nizomining 52-moddasiga muvofiq manfaatdor mamlakatlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikning ishonchli tizimini vujudga keltirish imkoniyatlarini muhokama qila olur edilar. Bunday tizim mojarolar va urushlar yuzaga kelgan hollarda tinchlikni saqlash va qayta tiklash borasidagi chora-tadbirlarni, jumladan, tinchlikni va chegaralarning yaxlitligini buzmoqchi bo‘lganlarga qarshi diplomatik, moliyaviy, iqtisodiy hamda boshqa tusdagi kollektiv jazo choralarini ko‘zda tutishi, ushbu mintaqada barqarorlik va mustahkam tinchlik o‘rnatish bo‘yicha BMT uchun tavsiyanomalar ishlab chiqishi mumkin bo‘lur edi”1.
O‘zbekistonning xalqaro munosabatlar, madaniy-ma’rifiy hamkorlikdagi tutgan o‘rni, azaldan yurtimiz Sharq va G‘arb o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tab kelgani istiqlol yillarida yangicha ma’no-mazmun kasb etdi, uning ahamiyati mislsiz darajada oshdi.
O’zbekiston Respublikasi va Birlashgan millatlar tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligi O’zbekiston 2011 yil 2 oktabrda FAO a’zosi bo’ldi.
FAO bilan munosabatlarni rivojlantirish masalalari Qishloq va suv xo’jaligi vazirligiga yuklatilgan. Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi vakillari FAO uyushtirayotgan tadbirlarda muntazam ravishda ishtirok etishmoqda.
Tashkilot vakillari texnik loyihalarni amalga oshirish doirasida bir necha marta O’zbekiston Respublikasiga tashrif buyurganlar.
FAOning O’zbekistonga berayotgan texnik ko’magi quyidagilardan iborat:
- sabzovot urug’larini ishlab chiqarish programmasini rivojlantirish;
- o’rmon xojaligi sektorining milliy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- suv texnologiyalarni joriy qilish;
- baliq ovlash va xashak tayyorlash jarayonida ko’mak ko’rsatish;
FAO bilan hamkorlik doirasida O’zbekistonda 1,5 million AQSH dollari miqdorida qo’shma loyihalar amalga oshirilyapti. Shu bilan birga, O’zbekiston mintaqaviy loyihalar bilan ishlashda faol ishtirok etmoqda (taxminan 6,9 million AQSH dollari).
Shu yilning 4-6 may kunlari FAO Bosh direktori Joze Gratsiano da Silva O’zbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi. Uning doirasida Toshkent shahrida Tashkilotning vakolatxonasi ochilishi haqida Shartnoma imzolandi. BMT bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning izchil rivojlanib borayotganini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh kotibi bilan o‘zaro muloqotlarida ham kuzatish mumkin. Masalan, 2005 yil 19 mayda davlatimiz rahbarining BMT Bosh kotibi Kofi Annan bilan telefon orqali bo‘lib o‘tgan muloqotida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabatlarning o‘zaro ishonch asosida qurilgani, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi. 1 BMTTD (Taraqqiyot dasturi ) o’rtasidagi о‘rtasidagi hamkorlikda O’zbekistonda o’z faoliyatini 1993 yildan buyon, “O’zbekiston Respublikasi hukumati va Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi o’rtasidagi kelishuv” (1993 yil 10 iyunda imzolangan va 2000 yil 25 aprelda qo’shimchalar kiritilgan) asosida amalga oshirib kelmoqda.
BMTTDning doimiy vakili, bir vaqtning o’zida O’zbekistondagi barcha BMT vakolatxonalarining operativ faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Hozirgi vaqtda Toshkentdagi BMT va BMTTDning doimiy vakili Stefan Prisner hisoblanadi.
1999 yildan buyon, loyihalarni tayyorlash va alamga oshirish BMTTDning Davlat hamkorlik dasturi (DHD) asosida olib borilmoqda va bu dastur avvaliga uch yillik (2005 gacha), keyin besh yillik hamkorlik dasturi va hozirda olti yillik dastur amalga oshirilmoqda.
DHDning asosiy maqsadi – Respublika hukumatiga qisqa va o’rta muddatli muhim ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarini amalga oshirish uchun texnik va konsultativ ko’mak ko’rsatishdan iborat.
O’zbekiston Respublikasi va BMTTD o’rtasidagi hamkorlikning asosiy yo’nalishlari BMTning 2010-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish maqsadida yordam ko‘rsatish doirasidagi dasturi, MBTTDning 2010-2015 yillar uchun DHDsi va 2010-2015 yillar uchun DHDni amalga oshirish rejalarida ko’rsatilgan.
1993-yildan 2012-yilgacha BMTTD O’zbekistonda 210 ta loyiha amalga oshirib, ularning umumiy miqdori 164,5 mln. AQSH dollaridan ortdi. 2013 yilda BMTTD 22.5 mln. AQSH dollari miqdorida 28 loyiha amalga oshirdi.
BMTTD milliy davlat tashkilotlariga quyidagi asosiy yo’nalishlar boyicha ko’mak berib kelmoqda:
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasida boshqaruv va kam ta’minlanganlikka qarshi kurashish (qishloq joylarni rivojlantirish, xususiy sektor va mikrokreditlsh, siyosiy maslahatlarni ishlab chiqish va taqdim etish mavqeyini oshirish, hamda OIV/OITSga qarshi kurash, IKTni rivojlantirish);
- yer resurslarini va energiya ta’minotini boshqarish (bio xilma xillikni saqlab qolish, yerdan samarali foydalanish, chiqindilarni yo’q qilish va ifloslanishga qarshi kurashish, energiyadan ratsional foydalanish);
- demokratiyalashtirish sohasidagi jarayonlarni muvofiqlashtirish (milliy mutaxassislarni tayyorlash, ijtimoiy hamkorlik, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, demokratik institutlarni rivojlantirish).1 Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi ixtisoslashgan muassasa hisoblanib, 1948 yil 7 aprelda tashkil topgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining asosiy maqsadi bu - barcha insonlarning maksimal darajada sog‘ligini ta‘minlash, sog‘liqni saqlash sohasida davlatlarga har tomonlama texnik yordam ko‘rsatish va bu borada eng yangi ma‘lumotlarni yetkazib berish hamda har bir mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishda ko‘maklashishdan iboratdir.
Hozirgi kunga kelib Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga dunyoning 193 davlati a‘zodir. Tashkilotning asosiy organi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi hisoblanib, uning asosiy vazifasi JSSTning dastur hamda byudjetini tasdiqlash va shu bilan bog‘liq masalalar yechimini topishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi JSSTga 1992 yil 25 may kuni qabul qilingan. 1993 yilda respublikada JSSTning aloqalarni muvofiqlashtiruvchi Byurosi tashkil topdi. 2012 yilning dekabr oyidan buyon JSSTning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari germaniyalik A.Xammerix hisoblanadi.
JSSTning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizda quyidagi loyihalarni amalga oshirib kelmoqda:
- infektsion kasalliklarga qarshi kurashish (OITS, sil, poliomiyelit, bezgak, qizamiq va hokazo);
- onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi dasturlar (immunizatsiya dasturlarini kengaytirish, o‘tkir respirator virusli infektsiyalarga qarshi kurashish);
- atrof-muhit va salomatlikni ta‘minlash dasturlari (oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, xalqaro sanitar qoidalar va hok.);
- tamaki va alkogol mahsulotlariga qarshi kurashish, narkotik moddalarga qaramlikni oldini olish dasturlari;
- dori-darmon va farmatsevtika;
- “barcha uchun salomatlik” dasturlari va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi tarkibiga kiradi. Byuroning bosh qarorgohi Daniyaning Kopengagen shahrida joylashgan. 2010 yilning 13-17 sentabr kunlari Mokva shahrida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosining 60-sessiyasi tashkil etildi hamda ushbu tadbir doirasida tashkilotning Ijroiya qo‘mitasiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi 2014 yilning may oyiga qadar JSST Ijroiya qo‘mitasi a‘zosi etib saylandi.1 Shunday qilib, O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligi istiqbollari haqida fikr yuritar ekanmiz, nufuzli bu tashkilot butun insoniyatni qiynayotgan muammolarga yechim izlanadigan o‘ziga xos noyob markaz sifatida namoyon bo‘layotgani, bundan buyon uning o‘rni va ahamiyati yanada ortishi, bu tashkilot doirasida faoliyat yuritayotgan o‘ttizdan ziyod ixtisoslashgan tashkilotlarning birgalikdagi ezgu say-harakatlari bashariyatning, barcha millat, davlat va jamiyatlar-ning har jihatdan taraqqiy etishi, bahamjihatlikda yashashiga xizmat qilishiga umid qilish mumkin. Bu o‘rinda istiqbolda O‘zbekiston va BMT o‘rtasida keng miqyosdagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, uning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va o‘nga yaqin agentlik faoliyatini takomillashtirish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar vujudga keltirilgan. Zero, O‘zbekiston o‘z maqsad-vazifalariga ko‘ra muhim bo‘lgan mazkur xalqaro tashkilotning nufuzini saqlash, obro‘-e’tiborini yanada oshirish, u bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdordir.