1.2. Landshaftning tuzilishi va dinamikasi Landshaftning tarkibiy qismlari hisoblangan komponentlar orasida ham, uning morfologik qismlari orasida ham muttasil modda va energiya almashinib turishi uning ichki tuzilishi nihoyatda murakkab ekanligini ko‘rsatish bilan birga landshaft qotib qolmagan, doimo o‘zgarib, rivojlanib turadigan, o‘ziga xos maxsus faoliyatda bo‘lib turadigan moddiy tizim ekanligidan dalolat beradi. Har bir muayyan landshaft o‘z ichida ro‘y beradigan hamda tashqaridan ta'sir etib turadigan turli jarayonlar va omillar ta'sirida turli o‘zgarishlarga uchraydi, yashaydi va rivojlanadi. Shu bilan birga, har bir landshaft bir butundir, uning tarkibi ham, ichki tuzilishi ham yetarli darajada doimiy va tashqi kuchlar, jumladan insonning xo‘jalikdagi faoliyati ta'siriga nisbatan chidamlidir. Har bir landshaftda o‘zini o‘zi boshqarib, o‘zini o‘zi rivojlantirib turish xususiyatlari mavjuddir. Har bir landshaftga o‘z rivojlanishini barqarorlashtirib turuvchi dinamika xosdir.
Landshaftning dinamikasi va rivojlanishi tushunchalari haqida hanuzgacha muhim bir fikrga kelinmagan. Geografiya adabiyotlarida bir so‘z o‘rniga ikkinchisini ishlatib yoki chalkashtirib yuborish hollari uchrab turadi. Aslida esa landshaftdagi ro‘y beradigan barcha o‘zgarishlarni ham dinamika deb bo‘lmaydi.
Landshaftning dinamikasi tushunchasiga A. A. Krauklis (1979) qisqacha qilib quyidagicha ta'rif beradi: “dinamika – bu ichki va tashqi kuchlar ta'sirida landshaft holatining o‘zgarishidir”.
F. N. Milkov (1990) fikricha, dinamika landshaftshunoslikning markaziy masalalaridan biridir. Landshaft dinamikasi-bu landshaftning o‘z vazifasini bajarishi, hududi va ichki tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlaridir. Landshaftdagi dinamik o‘zgarishlar turli-tuman bo‘lganligi uchun F. N. Milkov ularning turlari va xillarini aniqlashga urinib ko‘radi. Uning fikricha, xorologik dinamika (landshaft chegarasining o‘zgarishi bilan bog‘liq), ichki tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan dinamika (landshaftning morfologik qismlari va ular orasidagi aloqalarning o‘zgarishi bilan bog‘liq), zamonaviy dinamika (vaqt bilan bog‘liq bo‘lgan landshaftning o‘zgarishlari) hamda yo‘nalgan dinamika yoki rivojlanish dinamikasi (landshaftning bir tomonlama yo‘nalgan o‘zgarishlari) kabilarni ajratish mumkin. Bular o‘z navbatida yana genetik xillarga bo‘linadi.
G. Rixter (1983) esa tabiiy jarayonlarning dinamikasi deb, faqat jarayonlar jadalligining fasllarda o‘zgarishini tushunadi. Bunday o‘zgarishlar asosan havo harorati, yog‘in-sochin va bug‘lanishning yil davomida o‘zgarishi bilan bog‘liqdir.
Landshaft dinamikasi degan tushuncha keng ma'noli, serqirra va landshaftshunoslikdagi asosiy tushunchalardan biri ekanligini A. G. Isachenko (1991) ham e'tirof etadi. Uning fikricha, landshaftning ichki tuzilishini qayta shakllanishiga olib kela olmaydigan va tizimning takrorlanish xususiyatiga ega bo‘lgan o‘zgarishlarini dinamika deb atasa bo‘ladi. Masalan, landshaftda bir kecha-kunduz davomida, yil (fasllar) davomida kechadigan turkumga xos bo‘lgan o‘zgarishlarni landshaftning dinamikasi desa bo‘ladi. Agar tashqi kuchlar, jumladan inson ta'siri natijasida ham landshaftda qandaydir o‘zgarishlar ro‘y bergan bo‘lsa, uning qayta tiklanish jarayonidagi holatlarning o‘zgarishi ham dinamikadir. Landshaftdagi dinamik o‘zgarishlarning mavjudligi landshaft tashqi kuchlar ta'sirida o‘zgartirilgan taqdirda ham ma'lum vaqt davomida u yana o‘zining avvalgi holatiga qaytish xususiyatiga ega ekanligidan, tashqi kuchlarga nisbatan chidamlilik xususiyati borligidan dalolat beradi. "Oxрана ландшафтов" izohli lug‘atida dinamika atamasi grekcha "dynamis" so‘zidan olinganligi va “kuch”, - degan ma'noni anglatishi, hamda landshaft dinamikasi deganda, bir invariantga bo‘ysungan o‘zgaruvchan holatlar harakati tushuniladi. Landshaftning dinamikasiga landshaftning ma'lum strukturasi mavjud bo‘lib turgan vaqt mobaynidagina ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarnigina kiritish mumkin. Agar ichki va tashqi jarayonlar ta'sirida landshaftning ichki tuzilishiga putur yetsa va u o‘zgarsa bunday o‘zgarishlarni V. B. Sochava “evolyutsion o‘zgarish”, deb ataydi. Boshqacharoq qilib aytganda, landshaftdagi dinamik o‘zgarish bir invariant doirasida bo‘lganligi uchun landshaftning tubdan sifat o‘zgarishiga olib kelmaydi. Evolyutsion o‘zgarishlar esa landshaftning ichki tuzilishini o‘zgarishiga, bir landshaftning o‘rniga boshqasini hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bunday o‘zgarishlar ko‘pincha geologik vaqtni o‘z ichiga oladi.
V.B.Sochava geotizimlarning dinamikasi va evolyutsion o‘zgarishlari haqida fikr yuritar ekan invariant tushunchasidan foydalanishni lozim topdi. Invariant - lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, “o‘zgarmaydigan” degan ma'noni anglatadi. Invariant tushunchasi asosida u yoki bu geotizimning o‘zgarish vaqti davomida o‘zgarmay qolgan holatlar yig‘indisi haqidagi tasavvur yotadi, ya'ni geotizimlarning tashqi kuchlar ta'sirida o‘zgarish jarayonida o‘zgarmay qoladigan xususiyatlari invariant hisoblanadi. Landshaftning invarianti uning morfologik qismlari uchun ham umumiydir.
Landshaftlarning invariant xususiyatlarini aniqlab olish va o‘rganish tabiat muhofazasi bilan, madaniy landshaftlarni barpo qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy va amaliy muammolarni hal etishda muhim ahamiyatga egadir. Chunki landshaftning invariantini aniqlamay turib uning o‘zgarish darajasini, uning ichki tuzilishi buzilib ketish xavfi qay darajada ekanligini bilish qiyin bo‘ladi.
Landshaft dinamikasi tushunchasi bilan landshaftning ichki tuzilishi degan tushuncha asosida modda va energiya almashinishi yotganligi uchun ularni o‘zaro aloqador tushunchalar desa bo‘ladi. Shuning uchun landshaftning ichki tuzilishi haqida ham, dinamikasi haqida ham so‘z yuritganda, albatta landshaftning holati degan tushunchaga duch kelamiz. Landshaftning dinamikasi landshaftning holatini o‘zgarishi bilan belgilanadi.
I. I. Mamay (1982) ning ta'riflashicha, landshaftning holati deb, landshaft ichki tuzilishining ozmi-ko‘pmi uzoq vaqt davomida saqlanadigan xususiyatlariga aytiladi.
Umuman, landshaftlarda turli holatlarning almashinib turishi haqidagi fikrlarni landshaftshunoslikka asos solgan olimlarning dastlabki yillarda yuzaga kelgan ilmiy ishlarida ham uchratamiz. Masalan, L. S. Berg (1931) landshaftda bo‘ladigan o‘zgarishlarning ikki xili mavjudligini ko‘rsatib o‘tadi: takrorlanadigan va takrorlanmaydigan. Takrorlanadigan o‘zgarishlarga asosan fasllar almashinishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlarni kiritadi. Bunday o‘zgarishlar landshaftda mavjud bo‘lgan ichki tartibga aytarlik biror yangilik kirita olmaydi. Takrorlanadigan o‘zgarishlarga halokatli tavsifdagi zilzila, katta yog‘inlar, dovul, suv toshqini kabi o‘zgarishlarni ham qo‘shadi. Chunki landshaftlar bunday o‘zgarishdan keyin yana oldingi holatiga qaytishga harakat qiladi.
Takrorlanmaydigan o‘zgarishlarda landshaftlar o‘zining avvalgi holatini tiklay olmaydi va o‘zgarishlar bir tomonlama ma'lum yo‘nalishda bo‘ladi.
Y. P. Byallovich (1947) landshaftlarda ro‘y beradigan holatlarni tasnif qilar ekan, ularning uch xilini ajratadi: 1) meteoenergetik omillar qo‘zg‘atadigan holatlar almashinishi (bir lahzalik yoki daqiqalik holatlardan tortib bir yillik va ko‘p yillik holatlargacha); 2) holatlarning davriy almashinishi (o‘simliklarning tabiiy dinamikasi va antropogen omillar bilan bog‘liq); 3) sikllarning takrorlanmaydigan almashinishi (ekzogen va endogen) kabilar.
N. L. Beruchashvili (1990) tabiiy hududiy kompleksning holati deganda vaqtning qandaydir bir oralig‘ida tabiiy hududiy kompleksni ta'riflovchi tomonlarning ma'lum nisbatini tushunadi. Uning fikricha, shu vaqt oralig‘ida tabiiy kompleksga kirib keladigan ta'sir (quyosh radiatsiyasi, yog‘in-sochin va h.k.) tabiiy kompleksdan chiqadigan ta'sirlar (oqim, gravigen oqim kabilar) ga aylanadi.
Tabiiy komplekslarning holatlari o‘zining davomiyligiga qarab uchga bo‘linadi:
1.Qisqacha vaqtlik holatlar - davomiyligi bir sutkagacha bo‘lib, havo massalari va ularning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
2.O‘rtacha vaqtlik holatlar - davomiyligi bir sutkadan bir yilgacha davom etadigan holatlar, asosan yil fasllaridagi holatlarni o‘z ichiga oladi. Ob-havo bilan bog‘liq bo‘lgan va fasllardagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan sutkalik holatlar - stekslar ham shu xilga kiradi.
3. Uzoq muddatlik holatlar - davomiyligi bir yildan ko‘proq vaqtni o‘z ichiga olib, odatda ko‘p yillik iqlim davrlari yoki o‘simlik qoplamining suksessiyasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Xullas, landshaftning holati degan tushuncha murakkab va yirik ilmiy tushuncha bo‘lib, uning ko‘p tomonlari yetarli va puxta ishlab chiqilmagan va hali ko‘p ilmiy tadqiqot izlanishlarini talab qiladi. Landshaftlar dinamikasi va rivojlanishini o‘rganishda bu tushunchani to‘g‘ri talqin qilish katta ahamiyatga egadir.
Landshaftning dinamikasi haqida so‘z borar ekan, uning ko‘proq tashqi omillarga bog‘liq ekanligini hamda maromli tavsifga ega ekanligini eslatib o‘tish lozim. Masalan, bir kecha-kunduzda yoki yil davomida (fasllar almashinishi) bo‘ladigan maromli o‘zgarishlar Yerning o‘z o‘qi atrofida va quyosh atrofidagi aylanma harakati bilan bog‘liq bo‘lsa, II yillik maromli o‘zgarishlar esa quyosh faolligi bilan bog‘liqdir. Quyosh faolligi Yerda magnit maydonini to‘lqinlanishiga va atmosferada havoning aylanishiga ta'sir etib ular orqali harorat va namgarchilikni o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Maxsus adabiyotda (E. Brikner, 1890; A. V. Shnitnikov, 1957) uzoq muddatli maromlar 80 - 90 yillik, 18 - 50 yillik va juda uzoq muddatli (40 - 50 ming yillik, 40 - 60 mln yillik yoki 200 - 500 mln yillik) bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. 18 - 50 yillik maromlar quyosh, oy va Yerning bir-biriga nisbatan joylashishiga bog‘liq holda suv qalqishi kuchlarining o‘zgarishi hamda dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liqdir. Juda uzoq muddatli maromlarning kelib chiqishi va shakllanishining tabiati yaxshi o‘rganilmagan va isbot talab qiladigan tomonlari ko‘p.
Umuman olganda, landshaftlarda ro‘y beradigan maromli o‘zgarishlarni vaqtda cheklab olishning o‘zi murakkab masaladir va nisbiydir. Geografik qobiqqa yoki boshqa yirik geotizimlarga xos bo‘lgan maromli o‘zgarishlar har bir landshaftdagi maromli o‘zgarishlarga vaqt mobaynida mos kelmasligi mumkin. Bunday vaqtdagi nomutanosiblik landshaftning komponentlari orasida ham, uning morfologik qismlari orasida ham mavjuddir. Chunki ularning har biri o‘ziga xos qonuniyatlar asosida harakatda bo‘ladi va tashqi kuchlardan turlicha ta'sirlanadi.
To‘satdan bo‘ladigan, halokatli tavsifdagi ta'sirlar ham o‘z ta'sir maydonining ko‘lamiga bog‘liq holda turli geotizimlarda turlicha o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Geotizim qanchalik kichik bo‘lsa va ta'sir kuchining episentriga yaqin bo‘lsa, shunchalik ko‘proq o‘zgarishi va u yana o‘zining oldingi holatiga qaytishi uchun nisbatan ko‘proq vaqt ketishi mumkin.
Landshaftning dinamikasi degan tushuncha bilan landshaftning rivojlanishi degan tushuncha orasida aloqadorlik, bog‘lanish bor. Landshaftlarda bo‘lib turadigan ozmi-ko‘pmi dinamik o‘zgarishlar yig‘ilib borib, landshaftlarda tubdan bo‘ladigan evolyutsion o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi va landshaftlar rivojlanishining ma'lum bosqichlarini hosil qiladi.
Moddiy dunyoning rivojlanishi materialistik dialektikaning eng muhim kategoriyalaridan biri hisoblanadi. Faylasuflarning e'tirof etishicha, rivojlanish moddiy dunyoni tushunishning eng asosiy tamoyillaridan biridir va ustuvor ilmiy ahamiyatga egadir.
Rivojlanish tushunchasi tabiiy geografiyaga, jumladan, landshaftshunoslikka ham birday tegishlidir.
A. G. Isachenko (1991) yozganidek, landshaftning o‘zgarishini takrorlanadigan va takrorlanmaydigan qilib bo‘lishning o‘zida shartlilik mavjud. Chunki har bir tabiiy geografik jarayon davriy tavsifga ega va albatta, landshaftda o‘zining izini qoldiradi. Shu ma'noda A. I. Perelman (1966) yozganini eslash kifoya. Uning fikricha, moddaning har qanday aylanma harakati berk davrni tashkil qilmaydi. Natijada landshaft o‘zining avvalgi holatiga qaytmaydi va qandaydir yangi xususiyatlarga ega bo‘ladi.
Har bir sikl, hatto u qisqa muddatli (masalan, bir yillik) bo‘lgan taqdirda ham qandaydir takrorlanmaydi va ba'zan tez ilg‘ab olish qiyin bo‘lgan o‘zgarishlarni qoldiradi. Masalan, atmosfera yog‘inlari natijasida yonbag‘irlarda hosil bo‘ladigan suv oqimi tog‘ jinslari ustki qismidan, tuproqdan ma'lum miqdorda mineral va organik moddani yuvib ketadi. Pastqam joylarda esa uning aksi, ya'ni yon-atrofdan yuvilib kelgan turli moddalarni to‘planishi ro‘y beradi. Bunday jarayonlar bir tomonlama yo‘nalgan bo‘lib, maromli tarzda ko‘payib, kamayib, jadallashib yo sustlashib turishi mumkin.
Landshaft holatlarining o‘zgarish davrini chulg‘am tarzdagi rivojlanishning bitta halqasi deb tasavvur qilsa bo‘ladi. Dialektik-materialistik nuqtai nazardan qaraganda tabiatning rivojlanishi qarama-qarshiliklarning asta-sekin miqdoriy o‘sib borishini va u yuzaga keltiradigan sifat o‘zgarishlariga sakrab o‘tish jarayoni tushuniladi. Tabiatdagi qarama-qarshiliklarning bunday miqdoriy ortib borishi, ko‘pincha, yopiq holda, tez ilg‘ab olish murakkab bo‘lgan tarzda kechadi.
Moddiy dunyodagi harakat va rivojlanish tushunchalari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar materialistik dialektika namoyondalari asarlarida ko‘p ko‘rilgan.
O‘sha manbalarda: "harakat - bu moddaning mavjudlik usulidir", "Dunyoda harakatlanuvchi moddadan bo‘lak hech narsa yo‘q", "Jismlarning o‘zaro ta'siri - bu harakatdir", "Harakat - bu umuman o‘zgarishdir", "Moddaning harakat shakllarini bilsak - moddani bilgan bo‘lamiz", "Har qanday harakatning ichki impulsi qarama-qarshiliklar va ularning kurashidir", "Harakat ommaviy va absolyut xarakterga ega, hech qachon va hech qayerda absolyut harakatsizlik va muvozanat bo‘lishi mumkin emas, harakatsizlik va muvozanat harakatning bir lahzasi xolos", "Alohida harakat muvozanatga intiladi, harakatlar birgalikda esa uni yana yakson qiladi", "Jismlarning nisbatan harakatsizlikda bo‘lishi va vaqtincha muvozanatlik holatlarning bo‘lishi materiya tabaqalanishining va shu bilan birga hayotning eng muhim shart-sharoitlaridan biridir" kabi jumlalar tez-tez uchrab, bir-birini to‘ldirib turadi. Ushbu fikrlarning deyarli hammasi landshaftning xususiyatiga taalluqlidir.
S. V. Kalesnik (1955) fikricha, landshaft qobiq`ining rivojlanish manbai bo‘lib, undagi ko‘plab qarama-qarshi yo‘nalishlarning to‘qnashuvi hisoblanadi. Eng asosiy qarama-qarshilik landshaft qobig‘ining ichki xususiyatlari, ya'ni zonallik va azonallik orasidagi qarama-qarshilikdir. Boshqacha qilib aytganda, endogen va ekzogen jarayonlar qarama-qarshiligidir, yer yuzasiga ta'sir etuvchi quyosh radiatsiyasi va tektonika orasidagi qarama-qarshilikdir.
A. A. Grigoryev (1966) geografik qobiqning eng asosiy xususiyati deb, "o‘zaro uzluksiz bog‘liq bo‘lgan qarama-qarshi jarayonlar moddaning kirib kelishi va sarf bo‘lishi, moddaning assimlyatsiyasi va dissimlyatsiyasi kabilarning birligi"ni tushinadi.
Landshaftning rivojlanishidagi asosiy sabab va harakatlantiruvchi kuchlar haqida yuqoridagi keltirilgan fikrlardan ham umumiy tasavvur hosil qilsa bo‘ladi. Ammo landshaftning o‘zgarishi haqida gap borganda ko‘pincha tashqi kuchlarning ta'siri hisobga olinib, landshaftning ichida ro‘y beradigan qarama-qarshiliklar kurashi, son o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tishi, ya'ni landshaftning o‘z-o‘zidan rivojlanish xususiyatiga kamroq e'tibor beriladi.
Landshaftning o‘z-o‘zidan rivojlanishga qobil ekanligining asl mohiyati shundan iboratki, uning komponentlari orasidagi o‘zaro ta'sir va aloqadorliklar tufayli komponentlar bir-biriga moslashib olishga va landshaftda muvozanat holatini yuzaga chiqarishga intiladi.
Landshaftdagi har bir komponent uzluksiz rivojlanishda va o‘zgarishdadir, agar ulardan birining xususiyati (masalan, iqlim) o‘zgarib, yangi sifatga ega bo‘lsa, qolgan komponentlar yoki ularning xususiyati (masalan, o‘simlik, tuproq) unga moslashib olishga harakat qiladi. Bunday jarayon turli komponentlarda turlicha jadallik bilan kechadi va ba'zan ancha vaqtni o‘z ichiga oladi. Ammo birinchi bo‘lib o‘zgargan komponent bu vaqt davomida esa yana rivojlanishda va o‘zgarishda bo‘ladi. Qolgan komponentlar yana unga moslashishga harakat qilaveradi. Demak, landshaftdagi ichki muvozanat vaqtincha va nisbiy bo‘lishi mumkin.
Landshaftning komponentlari ichida eng faol hisoblangani biota (o‘simlik va hayvonot)dir. U doimo biotik bo‘lmagan komponentlar bilan qarama-qarshilikdadir va atrof-muhitga moslashishga harakat qiladi. Natijada bir butun landshaftni qayta sozlashga olib keladi.
Harakat bilan muvozanat uzluksiz o‘zgaruvchan aloqadorlikdadir. Landshaftdagi muvozanat landshaftdagi harakat bilan harakatsizlik orasidagi muvozanat sharoitidagina saqlanishi mumkin. Lekin bunday muvozanat nisbiy va vaqtinchalikdir.
Landshaftning ichidagi komponentlarning o‘zaro ta'sir va qarama-qarshiliklari landshaftni sust, bir maromda va keskin o‘zgarishlarsiz rivojlanishiga sabab bo‘lsa, tashqaridan bo‘ladigan ta'sir va aloqadorliklar bu jarayonni tezlashtirishi yoki keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Landshaftning rivojlanishi uning ichki tuzilishiga xos bo‘lgan belgilarini yangi struktura belgilari tomonidan siqib chiharishi demakdir. Bu jarayon landshaftda sifat o‘zgarishlarini hosil qilib, yangi landshaftni barpo bo‘lishiga olib keladi. Ammo bir landshaftning o‘zida bir vaqtda hozirgi kunga xos belgilar bilan yonma-yon uzoq o‘tmishda shakllangan belgilar ham uchrashi mumkin. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda landshaftda uchraydigan ayrim hodisa va jarayonlarni bilish uchun landshaftning tarixini, yoshini bilish zarur bo‘ladi. Shu ma'noda B. B. Polinovning (1946) fikri e'tiborga loyiq. Uning yozishicha, landshaft muvozanatdagi tizim emas. U to‘xtovsiz o‘zgarib turadi. Ba'zan bu o‘zgarishlar qisqa muddatli bo‘lib, bir avlod hayoti davomida kuzatilishi mumkin (masalan, o‘rmonning botqoqlanishi, ko‘llarni o‘simlik bosib ketishi, qum uyumlarining ko‘chishi va h.k.), ba'zan esa uzoq muddatda ro‘y berib, geologik davrlar miqyosida o‘lchanishi mumkin. Ammo bu o‘zgarishlar doimo bo‘lib turadi. Agar shunday bo‘lsa landshaft haqidagi ta'limot landshaftdagi hozirgi vaqtda atrof-muhit bilan ozmi-ko‘pmi muvozanatda bo‘lib turgan elementlardan tashqari eski (oldingi davrlardan meros bo‘lib qolgan) hamda yangi (progressiv) unsurlarni ham farqlay bilishi va o‘rganishi lozim. Shunday qilib, B. B. Polinov landshaftda uch xil unsur bo‘lishi mumkinligini aytadi: 1) relikt (qadim zamonlardan meros bo‘lib qolgan va landshaftning o‘tmishini ochib beruvchi); 2) konservativ (hozirgi vaqtga moslashgan va landshaftning hozirgi ichki tuzilishini belgilovchi); 3) progressiv (landshaftdagi eng yosh va landshaftning kelajakda qay yo‘nalishda rivojlanishini bilishga asos bo‘la oladigan).
Landshaftda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar dastavval eng kichik morfologik qismlari - fatsiyalarda ko‘zga tashlanadi. Keyinchalik u yoki bu urochishe o‘zgarishi mumkin. Ammo butun bir landshaftning ichki tuzilishi o‘zgarishi uchun anchagina uzoq vaqt kerak bo‘ladi.
Landshaft taraqqiyoti yoki rivojlanishining nazariy masalalaridan yana biri landshaftning yoshi masalasidir.
Umuman olganda, turli katta-kichik geotizimlarning yoshini aniqlash borasida ozmi-ko‘pmi ilmiy ishlar qilingan va geotizimning ko‘lami qanchalik katta bo‘lsa, u shunchalik oldinroq paydo bo‘lgan degan xulosa mavjud. Ammo ularning yoshini qaysi vaqtdan boshlab hisoblash kerak degan masala hali munozaralidir. Ayrim tabiiy geograflar landshaftning geologik-geomorfologik asosi qachon shakllangan bo‘lsa uning yoshini o‘sha vaqtdan boshlash kerak deyishsa, ayrimlar geotizim maydoni qachon muz bosishdan yoki dengiz bosishdan ozod bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha vaqtdan boshlab hisoblashni taklif qiladilar. Bu holda landshaftlarning yoshi yuz minglab yoki mlnlab yillarni o‘z ichiga olib, geologik davrlar bilan o‘lchanishi mumkin. Ammo Orol dengizi atrofidagidek yaqinda (keyingi bir necha yil mobaynida) dengizdan ozod bo‘lgan joylarning landshaftlari bundan mustasno. Chunki, bunday yerlardagi landshaftlar endigina shakllanayapti.
Landshaftning yoshini qaysi vaqtdan boshlab hisoblash haqidagi yana bir fikr anchagina ma’qul ko‘rinadi. Uning mazmuni shundan iboratki, landshaftning yoshi uning hozirgi ichki tuzilishi qachon shakllangan bo‘lsa o‘sha vaqtdan boshlanishi kerak. Ammo landshaftning turli komponentlari turlicha rivojlanganligi uchun va rivojlanish jadalligi turlicha bo‘lganligi uchun hamda landshaftlar haqida tarixiy ma'lumotlar (geologik yoki iqlim ma'lumotlariga nisbatan) juda kam bo‘lganligi uchun uning ichki tuzilishi qachon hozirgi ko‘rinishda rivojlana boshlaganligini aniqlab olish amri maholdir. Bundan tashqari, landshaftdagi bir ichki tuzilma o‘rniga yangi ichki tuzilma hosil bo‘lish jarayoni uzoq muddatni o‘z ichiga olishi mumkin.
Shuning uchun geotizimlarning, jumladan landshaftlarning ham hosil bo‘lish vaqtini hozirgi tabiiy geografik sharoitning asosiy xususiyatlari shakllana boshlagan vaqtdan boshlab hisoblagan ma’qul. Masalan, Turon tabiiy geografik provinsiyasi, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi joylashgan yirik geotizimning hozirgi tabiiy sharoitining shakllanishi oligotsen - to‘rtlamchi davr mobaynida davom etdi (N. A. Kogay, 1969). Ammo oligotsen - to‘rtlamchi davr yoshidagi Turon provinsiyasida joylashgan undan kichikroq bo‘lgan geotizimlar - tabiiy geografik okruglar esa turli xil kelib chiqish tarixiga va yoshga egadir. Bularning ichida eng yoshi quyi Amudaryo tabiiy geografik okrugi bo‘lib (yuqori to‘rtlamchi va hozirgi davr), qarirog‘i Qizilqum tabiiy geografik okrugidir (yoshi pliotsen to‘rtlamchi davr). Yanada kichikroq geotizimlar - tabiiy geografik rayonlar va landshaftlarning yoshiga keladigan bo‘lsak, endi faqat oligotsen dengizini qaytib ketishi va quruq hamda issiq iqlim hukmronligini emas, balki neotektonik harakatlar va ular bilan bog‘liq holda relyefning, suvlarning ishini o‘zgarishi, iqlimning tabaqalanishi kabilarni ham tahlili kerak bo‘ladi. Bular esa o‘z navbatida, tuproq, o‘simlik va hayvonotning tabaqalanishiga sabab bo‘ladi. Masalan, E. D. Mamedov (1980) Qizilqum cho‘li tabiatining pleystotsen davridagi holatini o‘rganar ekan, cho‘llardagi tabiiy sharoitning rivojlanishi murakkab ma’romiy tavsifga ega bo‘lganligi va bunda iqlim yetakchi rol o‘ynaganligini qayd etadi. Uning fikricha, Qizilqum arid iqlimi oligotsendan to hozirgi vaqtgacha bir xilda bo‘lmagan va bir necha martda namgarchilik fazalari bo‘lgan.
Qozog‘iston dashtlari tabiiy landshaftlarining ko‘pchiligi golotsen yoshiga va ayrim landshaftlar esa kech pleystotsen yoshiga ega ekanligini aniqlagan V. A. Nikolayev (1979) landshaftlarning eng tez o‘zgaruvchan komponentlari: tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi hozirgi qiyofaga keyingi 8 - 12 ming yil ichida ega bo‘lganligini aytadi. Shu bilan birga, Ural va Oltoy oralig‘idagi landshaft, hukmron urochishelar va ayrim komponentlar yoshini bir vaqtda aks ettirish mumkin bo‘lgan jadvalini misol keltiradi.
V.A.Nikolayev fikricha, Irtishyoni quruq dasht landshafti o‘rta pleystotsendan boshlab 250 – 300 ming yil mobaynida yaralgan, ammo uning ichki tuzilishiga xos bo‘lgan asosiy xususiyatlar esa keyingi 10 – 20 ming yilda shakllangan. Ko‘rinib turibdiki, landshaftning yoshini aniqlash jarayonida ikkita narsaga e'tibor berish kerak. Birinchisi hozirgi landshaftning oldingi ichki tuzilishi asosida shakllangan birlamchi unsurlarning yoshi va ikkinchisi tom ma'noda hozirgi landshaftning yoshi. Xullas, landshaftning yoshini aniq qilib 1,2 – 10 yil farqi bilan aytib berish amri maholdir. Ammo, landshaftlardan oqilona foydalanish va landshaftlar kelajakda qanday ko‘rinishda bo‘lishini oldindan aytib berish uchun uning yoshini aniqlashdan ko‘ra ko‘proq uning rivojlanishidagi barqaror va muayyan yo‘nalish xususiyatlarini (jumladan, inson ta'sirini hisobga olgan holda ham) aniqlab olish muhimroqdir.
Landshaftlar rivojlanishining muayyan yo‘nalishini (tendensiyasini) aniqlab olish landshaftlarni xalq xo‘jaligining u yoki bu tarmog‘ini rivojlantirish nuqtai-nazaridan baholash hamda istiqbolni belgilash uchun muhim shart-sharoitlardan biridir.
Keyingi 15 – 20 yil ichida tabiatshunoslik fanlarida muvozanat barqarorligi, o‘simlik yoki hayvon turi barqarorligi, biosenoz, ekotizim yoki geotizim barqarorligi kabi atamalar tez-tez ishlatiladigan bo‘lib qoldi. Landshaftshunoslikda ham landshaftlarning barqarorligi degan tushuncha ishlatilmoqda va landshaftlarning barqarorligini o‘rganish va aniqlash masalalari landshaftshunoslarning e'tiborini o‘ziga jalb qilmoqda. Buning eng asosiy sabablaridan biri tabiat bilan inson o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvidir. Kuchli texnika vositalari bilan qurollangan inson landshaftlarni keng miqyosda o‘zgartira boshladi. Tabiiy landshaftlar o‘rnida yangi, antropogen landshaftlar barpo bo‘la boshladi. Landshaft bilan inson o‘rtasida ro‘y beradigan o‘zaro ta'sir va aloqadorliklar haqida, inson ta'sirida landshaftlarning o‘zgarishi va bu o‘zgarishlarni oldindan bashorat qilish haqida, umuman landshaftlar taraqqiyoti haqida gap borganda landshaftlar barqarorligini bilish va landshaftlarning bu xususiyatlarini hisobga olish ahamiyatlidir.
Har qanday muayyan bir landshaft ma'lum bir landshaftlar guruhida yoki bir kattaroq geotizim tarkibida mavjuddir va “yashaydi”. O‘zi mavjud bo‘lgan tabiiy muhitga moslashgan bo‘ladi va shu muhitda barqaror hisoblanadi. Tashqi muhitning o‘zgarishi landshaftlarning ham o‘zgarishiga olib keladi. Landshaftlarning o‘zgarishi ba'zan boshqa tashqi omillar, masalan insonning xo‘jalikdagi faoliyati ta'sirida ham yuz berishi mumkin. Bunday o‘zgarishlarning qanchalik jadal yoki sust bo‘lishi tashqi omilning ta'sir kuchiga va landshaftning barqarorlik darajasiga bog‘liqdir. Shuning uchun ham landshaftlardan oqilona foydalanish, ularni ifloslanish va buzilishdan muhofaza qilish tadbirlarini ishlab chiqishda landshaftlarning barqarorligini bilish katta amaliy ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, barqarorlik tabiatda barcha predmet va hodisalarga xos xususiyat bo‘lib, umumilmiy va falsafiy tushunchadir. Bu tushuncha landshaftlar dinamikasi va taraqqiyoti haqidagi ta'limotda fundamental tushunchalardan biri hisoblanadi. "Barqarorlik" atamasi V. S. Preobrajenskiyning (1986) yozishicha, geografiyaga matematika yoki fizikadan emas, balki texnikadan kirib kelgan.
Landshaftlarning barqarorligi deganda, ko‘pincha ularning turli xil tashqi ta'sirlarga bardoshlilik va chidamlilik xususiyati tushuniladi. "Охрана ландшафтов" (1982) nomli lug‘atda ham taxminan shunday izoh berilgan va landshaftlarning o‘zgarib turuvchi muhitda o‘zining maxsus faoliyati va ichki tuzilishini saqlay olish xususiyati uning barqarorligi deyiladi.
N. R. Reymers (1990) tuzgan sotsial-iqtisodiy-ekologik lug‘atda ham ekologik barqarorlik deganda, ekotizimlarning tashqi omillar ta'sirida o‘z strukturasini va funksional xususiyatini saqlay olish qobiliyati tushiniladi.
M. D. Grodzinskiy (1987) barqarorlik atamasining turli xil manbalarda keltirilgan 15 ga yaqin izohlarini tahlil qilar ekan, geotizimlar barqarorligining uchta umumiy shaklini belgilaydi.
Bular:
1) tashqi omillar ta'siri bo‘lib turishiga qaramay geotizimlarning o‘z holatini saqlash xususiyati (inertlik);
2) tashqi omil ta'sirida geotizimlarning avvalgi holatiga qaytish xususiyati (tiklanishlilik);
3) geotizimlarning bir invariant doirasida bir necha holatlarga ega ekanligi va bir holatdan ikkinchi holatga o‘tish qobiliyati (plastiklik) dan iboratdir.
S.A.Rakita (1980) maxsus adabiyotda keltirilgan geotizimlar barqarorligining turli izohlari landshaft barqarorligining turli jabhalarini aks ettirishi mumkinligini yozadi. Uning fikricha, barqarorlik deganda landshaftlarning bevosita o‘lchanadigan xususiyati yoki tomonlarini tushunmaslik kerak. Barqarorlik murakkab sifat kategoriyasidir. Uning serqirraliligi landshaftlardagi o‘zaro aloqalar va jarayonlarning murakkabligi bilan bog‘liqdir. Shuning uchun barqarorlikni o‘rganish va baholashda turlicha yondashish mumkinligi tabiiydir.
Ushbu muallif Kolima daryosi yuqori oqimidagi geotizimlarning barqarorligini baholash uchun ko‘p yillik muzloq yerlarning issiqlik va mexanik ta'sirlarga barqarorligini, fitosenozlar barqarorligini, o‘simliklarning o‘zini-o‘zi tiklay olishi, moddalarning geokimyoviy aylanishi, landshaftlarning ifloslanishdan o‘zini tozalay olish qobiliyati kabilarni birinchi navbatda o‘rganib, baholab olish lozimligini ta'kidlaydi.
Barqarorlik tushunchasining eng muhim izohlaridan birini “Природа, техника, геотехнические системы” nomli kitobda uchratamiz. Unda barqarorlik tushunchasiga tabiiy tizimlarning tashqi ta'sirlarga qarshilik ko‘rsata olishi bilan bir qatorda tashqi ta'sirlar natijasida buzilgan bo‘lsa, uning qayta tiklanish qobiliyati ham kiritilgan. Boshqa manbalardagi, masalan Y. A. Vedenin va b. (1973), K. N. Dyakonov (1974), V. N. Kulikov (1976) kabilar keltirgan izohlar ham mazmun jihatidan shunga yaqindir. Ularni umumlashtirib bir xulosaga kelinadigan bo‘lsa, landshaftlarning barqarorligi deganda tashqi tabiiy yoki antropogen omillar ta'siriga nisbatan o‘z strukturasini, ya'ni ichki aloqadorliklar xarakterini saqlagan holda bardosh bera olish va shu bilan birga tashqi ta'sirlar natijasida o‘zgargan yoki buzilgan bo‘lsa avvalgi holatini qayta tiklay olish xususiyatlari tushuniladi.
Geotizimlar yoki landshaftlarning barqarorligi haqida adabiyotda berilgan izohlarning tahlili yana shuni ko‘rsatadiki, landshaftlar barqarorligi deganda, ularning ikki xil xususiyatlari, ya'ni: 1) landshaftlarning tashqi omillar ta'siriga qaramay o‘z funksiyasini bajarish qobiliyatini saqlab turishi va 2) tashqi omillar ta'siri tugagach landshaftlarning yana avvalgi strukturasiga qaytish xususiyatlari chalkashtirib yoki qo‘shib yuborilayapti. Shu ma'noda landshaftlarning geokimyoviy barqarorligi haqida so‘z yuritgan N. P. Solnsevaning (1982) fikrlari e'tiborga loyiqdir. Uning fikricha, tabiiy tizimlarning barqarorligi bir xil barqarorlik hisoblansa, tizimlarning o‘z normal funksiyasini bajarish qobiliyati ikkinchi xil barqarorlikka kiradi. Ushbu muallif barqarorlikni tabiiy tizimlarning zamonda o‘z funksiyalari tavsifini belgilovchi o‘ziga xos xususiyatlari deb qaraydi. N. P. Solnsevaning yozishicha landshaftlarning morfologik, geokimyoviy, geofizikaviy xususiyatlarini bevosita o‘lchash mumkin bo‘lgan holda, landshaftlarning barqarorligini bevosita o‘lchash imkoniyati bo‘lmas ekan. Chunki, landshaftlarning barqarorlik xususiyati, odatda faqat ularga biror tashqi omil ta'sir etgandan so‘nggina namoyon bo‘lar ekan.
Landshaftlarning dinamikasi va rivojlanishiga ta'sir etadigan tabiiy omillar, komponentlar orasida muttasil ro‘y berib turadigan o‘zaro ta'sir va aloqadorliklar landshaftlarning nisbatan muvozanatda bo‘lib turishiga, ularning barqarorligiga xizmat qiladi. Bu o‘zaro ta'sir va aloqadorliklar landshaftlarda sarf bo‘layotgan modda va energiyani ularga kirib kelayotgan modda va energiyaga tenglashtirib turishga harakat qiladi. Bu landshaftlarning o‘zini-o‘zi boshqarib, sozlab turuvchi tabiiy tizim ekanligidan dalolat beradi. Tashqi tabiiy omillardan faqat tez va katta kuch bilan bo‘ladigan hodisalargina (vulqon otilishi, kuchli tektonik silkinishlar, qor ko‘chishi, sel ketishi, muzlik bosishi, dengiz qaytishi, yog‘inlar kabi) landshaft barqarorligini izdan chiqarishi yoki buzishi mumkin.
Landshaftlar barqarorligining buzilishi asosan antropogen (texnogen) omillarning ta'sirida ro‘y berib, bu tushunchaning yuzaga kelishi ham keyingi yillarda ana shu omillarning ta'sir darajasi ortib ketganligining oqibatidir.
Landshaftlar geokimyosi sohasida taniqli bo‘lgan olima M. A. Glazovskaya (1988) ham barqarorlik deganda, tabiiy tizimlarning o‘z funksiyalarini bajarish ta'rifini saqlash imkoniyatidir deb tushunadi. Uning fikricha, tabiiy tizimlarning texnogen omillar ta'siriga nisbatan barqarorligi birinchidan tashqi omillar ta'sirining tavsifi bilan belgilansa, ikkinchidan tabiiy tizimlarning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlari (masalan, tizimlarning geokimyoviy strukturasi, o‘z funksiyasini bajarish tavsifi) bilan belgilanadi. Bunda barqarorlik landshaftlarga tashqi omillar ta'sirida kirib qolgan moddalarning erishi, chirishi, tarqalishi va chiqib ketishi kabi sharoitlar bilan ham belgilanadi.
Landshaftlarga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan texnogen omillarning natijasi, shu jumladan ayrim kimyoviy moddalarning ortiqcha to‘planib qolishi yoki tarkibining sun'iy o‘zgarishi va hokazolar landshaft tabiati uchun yot hisoblanadi va landshaftlarning barqarorligi o‘ziga xos xususiyat kasb etgan bo‘ladi. Shuning uchun landshaftlarning barqarorligini tadqiq qilish jarayonida har bir omilning muayyan ta'sir natijasi alohida tahlil qilinishi lozim bo‘ladi.
Landshaftlarning o‘zi turli-tuman bo‘lganligi kabi, ularga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan omillarning ta'siri ham turli-tumandir. Buni faqat geokimyoviy nuqtai nazardan tuzilgan texnogen omillar tasnifidan ham ko‘rish mumkin (1-rasm).