3-kurslar uchun O‘quv-uslubiy majmua


Nutq pedagog uchun kasbiy zaruriyat sifatida



Yüklə 1,09 Mb.
səhifə161/227
tarix29.12.2022
ölçüsü1,09 Mb.
#78106
1   ...   157   158   159   160   161   162   163   164   ...   227
3-kurslar uchun O‘quv-uslubiy majmua

Nutq pedagog uchun kasbiy zaruriyat sifatida. Nutq – tildagi mavjud ifoda vositalaridan foydalangan holda real­likka aylangan fikr bo’lib ikki xil ko’rinishda namoyon bo’ladi: 1) ichki nutq; 2) tashqi nutq.
O’qituvchi ongida hosil bo’ladigan, hali amalga oshmagan til ele­ment­laridan tashkil topgan, kishining og’iz ochmasdan fikrlashi, mulo­haza yuritishi, o’ylashi ichki nutqdir.
O’qituvchi mulohazasi va fikrining til vositasida nutq organlariga ta’siri va harakati bilan real tovushlar sifatida yuzaga keladigan nutq – tashqi nutq bo’lib, u ijtimoiy hodisadir.
O’qituvchining nutqiy faoliyati: so’zlash, mutolaa qilish va eshi­tishdan iborat. Nutq hodisasi monolog, dialog, polilog, deklamatsiya ham­da ay­rim matn va kitob shaklida bo’lishi mumkin. Nutq maxsus bel­gi­langan tar­tibda o’zining hajmi bilan notiqqa havola etiladi.
Pedagogik-psixologik adabiyotlar tahlili asosida nutqning quyidagi o’ziga xosliklarini ajratib ko’rsatish mumkin:
1. Funktsiyalari: muloqot, shaxsga ta’sir ko’rsatish, ta’lim va tarbiya vositasi.
2. Shakllari: tashqi nutq (og’zaki): monolog, dialog, polilog; yozma: doklad, referat, annotatsiya va boshqalar; ichki nuqt.
3. Nutq texnikasi: pedagog ovozining kasbiy sifati: tembr, intonatsiya, diktsiya, temporitm (bir minuda 120 ta so’z).
4. Nutqiy faoliyat turlari: o’qish, yozish, gapirish.
5. Nutq uslublari: ilmiy, rasmiy, so’zlashuv, badiiy, ommabop.
6. Nutqqa qo’yiladigan talablar: talaffuzning aniqligi, ifodaviylik, emotsionallik, diktsiyaning tushunarligi, tovushlarning aniq talaffuz qilinishi, obrazlilik, nutq madaniyati, so’zdan foydalanish qoidalariga rioya qilish, temporitmga amal qilish.
7. Nutqni egallashda yo’l qo’yiladigan kamchiliklar: monotonlik, temporitmning oshib ketishi, noto’g’ri diktsiya, so’zlarni noo’rin qo’llash, til qoidalarini buzish.
Nutq madaniyati va notiqlik san’ati. Nutq madaniyati ─ ijtimoiy madaniyatni, kishilik jamiyati mada­niyatini aks ettiruvchi bir ko’zgudir. Nutq madaniyati adabiy tilning har ikki shakli ─ yozma va og’zaki shakli uchun zarurdir. Nutq madaniyatiga e’tibor yolg’iz o’qituvchilardan emas, balki har bir fuqarodan ongli ravishda o’zlashtirish talab qilinadigan insoniy fazilatlardan biridir. Uni egallash har bir o’qituvchining va shaxsning madaniy saviyasi va bili­miga bog’liq. O’qituvchi pedagogik mahoratida nutq madaniyati, uning nafaqat ma’naviy va axloqiy jihatdan boyligini, balki bilimini, tafak­kurini, ilmiy dunyoqarashini, fikr va mushohada yuritishini belgilovchi me’yordir. O’qituvchining nutq madaniyati birdaniga shakllanib maro­miga yetadigan jarayon emas, u pedagogik mahorat bilan, kasb faoliyati davomida, tajribali ustozlar o’giti natijasida yillar davomida tako­mil­lashib, sayqallanib boraveradi. O’qituvchining nutqiy qobiliyati madaniy, kasbiy, pedagogik talablar asosida shakllanib boradi. Uni rivojlantirish faqat o’qituvchining shijoatiga bog’liq. Shu qobiliyat tufayli o’qituv­chining nutq madaniyati ham shakllanib boradi. Quyidagi o’qituvchining nutq madaniyatiga xos bo’lgan vositalarni unutmasligi kerak:
1. Nutq madaniyati o’qituvchining ma’naviy-axloqiy kamoloti tar­kibiy qismidir. Zero nutq, millatimiz erishgan madaniyat darajasini ko’r­sa­tuvchi, o’z ona tilimizga e’tiqodni namoyish etuvchi yorqin va ishonch­li dalildir.
2. Nutq madaniyati o’qituvchilarni ma’naviy va madaniy saviyasi bilan hamda adabiy tilni mukammal bilishi bilan boshqa kasb egalaridan ma’lum ma’noda ajratib turadi.
3. Nutq madaniyatining pirovard maqsadi erkin fikr egasi bo’lgan barkamol avlodni qanday kasb egasi bo’lib yetishishidan qat’iy nazar ma’naviy jihatdan tarbiyalash.
4. Nutq madaniyati ─ bu, avvalo, o’qituvchilarda nutqiy ko’nikma va nutqiy malakalarni hosil qiladi. Bu ko’nikma pedagogik faoliyatda takomillashib boradi, maxsus mehnat va mashqlar evaziga malaka oshiriladi hamda erishilgan muvaffaqiyatlar tufayli qobiliyat va mahorat shakllanadi.
5. Nutq madaniyatiga o’zbek adabiy tilini mukammal egallash aso­sida erishiladi. Buning uchun o’qituvchi adabiy til qonuniyatlarini bilishi, badiiy adabiyot asarlarini doimiy o’qib borishi, she’rlar yod olishi va uni deklamatsiya bilan o’qiy olishi, radio va televideniye eshittirishlarini kuzatib borishi lozim.
6. Nutq madaniyatini egallashning yana bir ko’rinishi nutqiy taqlid bo’lib, yosh o’qituvchilar o’zidan yaxshiroq, chiroyliroq, ma’noli va ta’sir­chan nutq so’zlaydigan ustoz murabbiylarning nutqiy san’atiga ha­vas bilan qarashi va taqlid qilishi asosida o’rganishi mumkin.
Nutq madaniyatining va notiqlik san’atiga umumiy, o’xshash tomon­lari bor. Har ikkala soha til va nutq, inson nutqi bilan aloqadordir. Har ikkalasi o’qituvchi nutqiy faoliyatining ta’sirchan, chiroyli bo’lishi uchun zarur hodisa bo’lib, uning nutqiy madaniyatini o’stirishga xizmat qiladi. Nutq madaniyati ham, notiqlik san’ati kabi nutqning ma’noliligi, nutqiy go’zallik, nutqiy mantiq qonuniyatlaridan oziqlanadi.
Ba’zi shaxslarda uchraydigan notiqlik san’ati og’zaki nutq sohasida shaxsiy qobiliyat va faoliyat tufayli erishiluvchi alohida san’atdir.
Nutq madaniyati va notiqlik tushunchalari orasida ba’zi o’xshashlik, umumiy tomonlar bor. Bu har ikkala sohaning pirovard maqsadi, ish faoliyatining mushtarakligida ko’rinadi. Ammo shunga qaramasdan, nutq madaniyati tushunchasi bilan notiqlik tushunchasi aynan bir xil narsa emas. O’qituvchi nutq madaniyati va notiqlik orasidagi ba’zi muhim farqli tomonlarni va belgilarni bilishi lozim. Bular quyidagilar:
1. Nutq madaniyati, chinakam ma’noda adabiy til bilan bog’liq hodi­sadir. Uning paydo bo’lishi, lisoniy asosi, talab va mezonlari adabiy til va uning normalari bilan bog’liq. Notiqlik san’ati uchun bular asosiy belgilar emas. Notiqlar orasida adabiy til talablariga to’la amal qilmay­digan­lar, ma’lum vaqtgacha, shevada ham chinakam notiqlik san’atini namoyish qilib kishilar qalbiga qizg’in ta’sir qiluvchi kishilar uchraydi. So’zga chechanlik, notiqlik, til materialining xarakteriga qarab emas, balki, notiqning chinakam so’z ustasi ekanligiga, tinglovchilarni o’ziga jalb etishida, ta’sirchan nutqiy san’atiga qarab belgilanadi.
2. Notiqlik – bu nutqning og’zaki shakli. Notiqlik san’ati og’zaki nutq san’atidir. Nutq madaniyati esa nutqning ham og’zaki, ham yozma shakli uchun taalluqli bo’lgan tushunchalardir.
3. Nutq madaniyati jamiyat a’zolarining umumiy nutqiy faoliyatini nazarda tutadi. Nutq madaniyati sohasining maqsadi va pirovard orzusi yosh avlod nutqini madaniylashtirishni mo’ljallaydi. Chin ma’nodagi notiq­lik san’ati esa, alohida shaxslarning nutqiy mahoratini va san’atini ifo­dalaydi. Notiqlik, asosan nutq vositasida o’qituvchilar jamiyat talablari asosida yosh avlodga muayyan ta’lim va tarbiya beradi, yuqori malakali, raqobatbardosh, o’zining mustaqil fikriga ega bo’lgan kadrlarni tayyor­laydi.
4. San’atkor notiq nutqi, asosan, ko’pchilik tinglovchilarga, keng auditoriyalarga mo’ljallangan bo’ladi. Notiqni bir kishidan ortiq shaxslar tinglaydi. Nutq madaniyati mana shunday tinglovchilardan tashqari kishilar orasida odatiy suhbatlarni, yakka kishiga qaratilgan nutqlarni ham o’z ichiga qamrab oladi.
5. O’qituvchilar adabiy tilning keng imkoniyatlari va boyliklarini yaxshi egallagan, nutq madaniyati talablariga javob beradigan tajribali notiq bo’lishi mumkin. Biroq hamma o’qituvchi ham san’atkor ma’no­sidagi mukammal notiq bo’la olmaydi. Lekin adabiy tildan foydalanuvchi har bir o’qituvchi nutq madaniyatidan xabardor bo’lishi shart.
6. Nutq madaniyati ko’pchilikka mo’ljallangan, ma’lum bir maq­sadni ko’zda tutib ish ko’ruvchi soha. Bu ma’noda u keng omma uchun mo’ljallangan talabdir, ammo notiqlik – shaxsiy qobiliyatdir.
7. Nutq madaniyati – bu faqat nutq haqidagi nutqiy faoliyatga tegi­shli tushuncha va soha emas, u til madaniyati bilan ham, ya’ni adabiy tilni va uning normalarini o’rganish va bu normalarni qayta ishlash ishi bilan ham shug’ullanadi. Notiqlik san’ati esa bunday ilmiy – normativ faoliyatni ko’zda tutmaydi.
8. Notiqlik, ko’proq nutqning mazmunini, mantiqiy asoslarini, mun­da­rijaviy tuzilishini e’tiborga oladi, nutq madaniyati esa, nutqning til qurilishi – lisoniy tuzilishiga e’tibor qiladi.
9. Notiqlik san’ati notiq uchun oldindan qanday so’zlash tizimi va rejasini bermaydi. Nutq madaniyati sohasi esa jamiyat a’zolarini ona tili, ya’ni adabiy til boyliklari va vositalaridan maqsadga muvofiq sharoit va uslub taqozasi talabiga ko’ra o’rinli foydalana olish ko’nikmasini beradi. Bunday ko’nikma, aslida har qanday san’atkor notiq uchun ham zarur.
10. Notiqlik san’ati haqidagi fan ancha qadimiy tarixga ega, nutq madaniyati ilmiy muammo va ilmiy soha sifatida muntazam yangilanib boradi.
O’qituvchi nutqining ta’sirchanligi va ifodaliligi. O’qituvchi nutqi­ning ta’sirchanligi nutqning asosiy sifatlaridan biri sanaladi va nutqdagi to’g’rilik va aniqlik, mantiqiylik va tozalik tinglovchiga ta’sir etish uchun yo’naltirilgan bo’ladi.
Nutqning ta’sirchanligi deganda, asosan, o’qituvchining og’zaki nutq jarayoni nazarda tutiladi va o’quvchilar tomonidan qabul qilinishida pay­do bo’ladigan ruhiy vaziyat e’tiborga olinadi. Ya’ni notiq-o’qituvchi o’quv­chilarni hisobga olishi, ularning bilim darajasidan tortib, hatto yosh xususiyatlarigacha, nutq ijro etilayotgan paytdagi kayfiyatlarigacha ku­zatib turishi, o’z nutqining o’quvchilar tomonidan qanday qabul qilina­yot­ganini nazorat qilishi lozim. Professional bilimga ega bo’lgan o’qituv­chilar jo’n, sodda tilda gapirishlari maqsadga muvofiq emas, oddiy, yetar­li darajada notiqlik ma’lumotiga ega bo’lmagan yosh o’qituvchilar ham ilmiy va rasmiy tilda gapirishga harakat qilishlari kerak emas. Xullas, notiq–o’qituvchidan vaziyatga qarab ish tutish talab qilinadi va ifoda­lamoqchi bo’lgan har qanday fikrini to’laligicha o’quvchilarga yetkazishga harakat qilish vazifa qilib qo’yiladi.
O’quvchilar tushuna oladigan tilda gapirish, ularni ishontira olish o’qi­tuvchi oldiga qo’yiladigan asosiy shartlardan biri hisoblanadi. Buning uchun esa, o’qituvchida yuqorida aytilganidek, mavzuni yaxshi bilishdan tashqari, uni bayon etishning aniq belgilangan rejasi bo’lishi kerak. Nutqdagi fikrlarni birinchi va ikkinchi darajali tarzda tuzib, ularni o’zaro bog’lab, o’quvchilarni avvalo nutq rejasi bilan tanishtirib, so’zni boshlash lozim. Vaqtni hisobga olish, notiqlik fazilatlaridan biridir. Chunki so’z­lash muddati oldin e’lon qilinib, shunga rioya qilinsa, agar iloji bo’lsa, sal oldinroq tugatilsa, o’quvchilar zerikishmaydi.
Nutqning ta’sirchanligi va ifodaliligi haqidagi gap ma’lum ma’noda nutq sifatlari haqida aytilgan gaplarga yakun yasashdir. Chunki yaxshi nutqning fazilatlarini ko’rsatib o’tish, nutqda uchraydigan ayrim tipik xatoliklarni tahlil qilish, pirovard natijada ta’sirchan bir nutqni shakllan­tirishga xizmat qiladi. Nutqdagi fikrlarni o’quvchilarga mazmunli yetka­zishning xilma-xil yo’llari va vositalari mavjud. Ularni yordamchi vosi­ta­lar deb ham atash mumkin. Masalan, yumor yoki biror hikoyatni olay­lik. Nutqdagi uzluksiz ilmiy-ommabop fikr oqimi, uning bir marom­da bayon qilinishi o’quvchini ham, har qanday tinglovchini ham zerik­tirib qo’yishi mumkin. Shunday paytda, yumor, hikoyat, qiziqarli voqe­alar haqida ga­pi­rish o’qituvchiga juda qo’l keladi. Yumorning nutq maz­mu­ni­ga mos hol­da keltirilishi yana ham yaxshidir. Shunday qilinsa, o’quvchi ham dam oladi, ham o’rganilayotgan mavzuga nisbatan qiziqish paydo bo’ladi.
Nutqda mavzu doirasida ba’zi fikr va mulohazalarni keltirish ham maqsadga muvofiqdir. Bunday fikrlar notiq fikrining to’g’riligini, haq­qoniy ekanligini isbotlash uchun foydalaniladi, faqat ulardan foyda­lanishni suiste’mol qilmaslik kerak. Badiiy adabiyot namuna­laridan, hikmatli so’zlardan, tildagi ifoda – tasvir vositalaridan nutqda o’rni bilan foydalanish ham ijobiy natijalarga erishishni ta’minlaydi.
Nutqning o’quvchilarga qanday ta’sir qilishida va ularda qanday taassurot qoldirishida o’qituvchining nutqiy jarayon davomida o’zini qanday tuta bili shi, imo-ishoralari, hatto kiyinishi kabi omillarning ham o’rni bor. Samimiylik, xushmuomalalik, odoblilik, o’quvchilarga hurmat bilan qarash kabi fazilatlar nutqning o’quvchilar tomonidan e’tibor bilan tinglanishiga sabab bo’ladi.
Mukammal notiqlik san’atiga ega bo’lish – o’qituvchilar uchun ulkan mehnat talab qiladigan murakkab jarayondir. Nutqning o’tkirligi, yorqinligi va originalligi tinglovchi va o’quvchilarda his-tuyg’u va qizi­qish uyg’otishi, uning e’tiborini qaratishi, aytilayotgan narsaning mazmu­nini yaxshilab yetkazish uchun zarurdir.
Demak, nutq aniq va ravon bo’lishi, grammatik jihatdan to’g’ri tuzil­gan bo’lishi, adabiy talaffuz qoidalariga bo’ysunishi, boshlanishidan oxirigacha izchil bayon qilinishi lozim. Ana shunday nutq asosida o’rga­nilayotgan bilim o’quvchi xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Shun­day nutq madaniy nutq talablariga javob beradi. Buning uchun o’qi­tuv­chilardan tinimsiz izlanish va o’z ustida ishlash, filologik bilim va muttasil nutqiy mashq qilish talab qilinadi.

Yüklə 1,09 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   157   158   159   160   161   162   163   164   ...   227




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin