Darak gap. So‘zlovchining biror fakt, voqea-hodisa to‘g‘risida xabar berishi yoki ma’lum predmetda muayyan belgining mavjudligini tasdiq yoki inkor qilinishini ifodalovchi gap darak gap deyiladi.
Masalan: Mo‘min Mirzoni qal’aga keltirib qamashgan kuni Navoiy Mashhadda edi. Darak gapda sof darak mazmuni ifodalanib qolmasdan, bunda so‘zlovchining voqelikka bo‘lgan turli xil munosabatlari ham o‘z aksini topadi, ya’ni gumon, orzu-umid, ishonch, ta’kid, g‘urur, modallik, ekspressivlik kabi ma’noni ifodalaydi. Masalan: Uzoq-uzoqlarda gulxanlar tovlanadi. Ertaga, albatta, kutubxonaga boramiz. Uyga mehmonlar kelishgan, kelishsa kerak (gumon, ikkilanish). Men ham Moskvani ko‘rishni xohlayman (orzu-umid).
Darak gap darak intonatsiyasi bilan aytiladi. Bunda gapning birinchi qismida ohang ko‘tariladi, ikkinchi qismida esa pasayadi. M.:Yoz kechasining yoqimli salqini. Ko‘kda, daraxtlar ustida g‘uj-g‘uj yulduzlar yonadi. Chirildoqlarning mayin musiqasi hamma yoqni to‘ldirgan, go‘yo kechaning o‘zi kuylaydi (O.).
Darak gapning kesimi ko‘pincha aniqlik (xabar) maylidagi fe’l bilan yoki fe’ldan boshqa so‘z turkumlari bilan ifodalanadi. Masalan: Biz fan cho‘qqilarini astoydil egallaymiz. Men o‘qituvchiman. Darak gap oxirida nuqta qo‘yiladi.
So‘roq gap. So‘zlovchining o‘ziga noma’lum bo‘lgan biror voqeani suhbatdoshidan bilib olish istagini, zaruriyatini ifodalovchi gap so‘roq gap deyiladi. So‘roq gaplar asosan, dialog nutqqa xos bo‘lib, tinglovchidan biror faktning inkor yoki tasdiq qilinishini talab etadi. M: Nechanchi kursda o‘qiysiz? To‘rtinchi kursda. Qachon maktabni bitirgansiz? 2001- yilda.
So‘roq gaplar kim? nima? qachon? qanday? kabi so‘roq so‘zlar yoki –mi, –chi , –a, – ya kabi so‘roq yuklamalari vositasida tuziladi.
M: Qachon keldingiz?
Qishloqda qanday yangiliklar bor?
Hech qanday yangilik yo‘q.
Men Samarqandlikman.
Siz-chi?
So‘roq gaplar tarkibida nahot, nahotki, axir, rostdan kabi so‘zlar ishtirok etishi mumkin. Bunda so‘roq bilan bir vaqtda har xil modallik ottenkalari (shubha, gumon, ishonchsizlik, ta’kid kabilar) ham anglashiladi. M: Nahotki ertaga ham yomg‘ir tinmasa-ya? Sizga necha marta aytish kerak, axir?
So‘roq gaplar ifodalanish vositalari jihatidan quyidagicha bo‘ladi:
1.Yuklamalar vositasida tarkib topgan so‘roq gaplar. Bunda ifodalanayotgan fikr so‘zlovchi uchun noma’lum bo‘lmaydi. So‘zlovchi bu holda o‘z fikrining tinglovchi tomonidan tasdiq yoki inkor qilinishini bilib olishni maqsad qilib qo‘yadi. Bunday so‘roq gaplarda ko‘pincha ha, yo‘q, so‘zlari ishlatiladi. Masalan: Moskvani ko‘rganmisan? – Yo‘q. Toshkentni-chi? – Ha.
2. So‘roq olmoshlari vositasida shakllangan so‘roq gaplar. Bunday so‘roq gaplar kim?, nima?, qanday?, qaysi?, qayerda?, qayerga?, qachon?, nima uchun? singari so‘roq so‘zlar yordamida tuziladi. Bu so‘zlar nima haqida so‘roq berilganligini bildiradi. Bunda so‘roq gap so‘zlovchi uchun noma’lum bo‘lgan narsani aniqlab olishga qaratilgan bo‘ladi. Masalan: Qayerdan keldingiz? Qishloqdan. Kimingiz bor? Onam, otam, akam, singlim.
3.So‘roq ba’zan intonatsiya vositasidagina anglashishi mumkin. Bunday so‘roq gaplarda ko‘pincha taajjub, shubha, hayratda qolish kabi modal ottenkalar ifodalanadi. Masalan: Zalga to‘planinglar. Konsert bo‘larmish. – Konsert bo‘larmish? Faqat intonatsiya bilan shakllangan so‘roq gaplar o‘ziga xos balandroq ovoz bilan talaffuz etiladi.
So‘roq gaplar xarakteriga ko‘ra 3 xil bo‘ladi: 1. Sof so‘roq gaplar. 2. Ritorik so‘roq gaplar. 3. So‘roq buyruq gaplar.
Sof so‘roq gaplar tinglovchidan ma’lum javobni talab qiladi. Masalan: Sen bu yil qayerga dam olishga bording? Sizlar qaysi to‘garakka a’zo bo‘ldilaringiz?
Sof so‘roq gaplarda taajjub, gumon, shubha kabi qo‘shimcha ottenkalar ham ifodalanishi mumkin. Masalan: Nahotki, ilmli kishi ham tartibsizlik qilsa?(taajjub). Uning oldiga borib , bor gapni aytib bersammikan?
Ritorik so‘roq gaplarda so‘roq ichida uning javobi ham anglashinib turadi. Ritorik so‘roq gaplar ichida yashirin tasdig‘i mavjud bo‘ladi. Ritorik so‘roq gaplarda ularning javobi shu gapdagi biror bo‘lak yoki ha, yo‘q so‘zlari orqali berilishi mumkin. Ko‘rinadiki, ritorik so‘roq gaplarda oddiy xabar berishdan tashqari emotsionallik va modallik ma’nolari kuchli bo‘ladi. Masalan: Bu ishni kechiktirib bo‘ladimi?
Ritorik so‘roq gap ta’sirchan nutq uchun vosita bo‘lib xizmat qiladi. Masalan: Ayting, nega mening onam tug‘maydikan, ilgari million-million qahramonlar, ko‘ngillilar singari? Bolaning tug‘ilishidan hayotining boshlanishini kim bilmaydi deysiz?
Ritorik so‘roq gaplarning maxsus turini aytmaysizmi? bo‘ladimi? so‘zlari bilan kelgan gaplar tashkil qiladi.
Masalan: Bugun ro‘paramdan birga o‘qigan do‘stim chig‘ib qolsa bo‘ladimi? Ahmadjonni aytmaysizmi? Yaxshi talaba bo‘lib qoldi.
So‘roq-buyruq gaplar buyruq ottenkasini o‘z ichiga oladi: Masalan: Tez-tez yurmaysanmi? So‘roq buyruq gaplar maxsus so‘roq intonatsiyasi bilan talaffuz qilinadi. Bu intonatsiya darak gap intonatsiyasidan keskin farq qiladi. So‘roq gaplarda bevosita so‘roqni bildirgan so‘zda ovoz kuchayadi.