3-mavzu koinotda yulduzlarning paydo bo’lishi va evolyusiyasi.
Yulduzlar evolyutsiyasi Yulduzlarning fizik xarakteristikalarini, ichki tuzilishini va kimyoviy tarkibini vaqt bo’yicha o’zgarishi yulduzni evolyutsiyasi yoki rivojlanish jarayonida o’zgarishi deb ataladi. Statsionar holatdagi yulduz bu gidrostatik (gravitatsion kuch ichki bosim kuchiga teng) va energetik (atrofga sochilayotgan nuriy energiya yulduz o’zagida ajralayotgan energiyaga teng) muvozanatdagi gaz (plazma) shar. Yulduzni «tug’ilishi» bu atrof fazoga sochilayotgan energiyasini o’zining ichki energiya manbai hisobiga to’ldirib turuvchi gidrostatik muvozanatdagi ob’ektning hosil bo’lishidir. Yulduzni «o’lishi» bu tiklanmaydigan muvozanatni buzilishi yoki uni halokatli holatda siqilishidir10.
Yulduz sirtidan energiya sochilishi uning ichki qatlamlarini sovishi, uni siqilishi natijasida ajralib chiqayotgan gravitatsion potentsial energiya yoki yadro reaktsiyalar hisobiga ro’y berishi mumkin. Sovish va gavitatsion siqilish, masalan, Quyoshni 10 million yil hozirgi kundagidek nurlanish sochib turishi uchun etadi. Holbuki, Quyosh bilan birga hosil bo’lgan Erning yoshi 4.5 milliard yilga teng, demak uning energiyasi siqilish energiyasi emas.
Yulduzning evolyutsiyasi boshidan oxirigacha kuzatib bo’lmaydigan juda uzoq dovom etadigan jarayon. Shuning uchun, yulduz evolyutsiyasini tekshirishda har xil massaga ega yulduzlarning ichki tuzilishi va kimyoviy tarkibini vaqt bo’yicha o’zgarishini namoyish etuvchi evolyutsion modellarni tuzish usuli qo’llaniladi. Bu evolyutsion modellar kuzatish natijalari, masalan, har xil evolyutsiya bosqichidagi ko’plab yulduzlarning yorqinligi bilan temperaturasini bog’lovchi Gershprung-Rassel diagrammasi bilan solishtiriladi va bu yulduzni evolyutsion ketma-ketlikda o’rnini aniqlashga yordam beradi. Bu usul yulduz to’dalari (tarqoq va sharsimon) uchun qo’llanilganda ayniqsa yaxshi natija beradi. Chunki to’da a’zolari bir vaqtda bir xil kimyoviy tarkibdagi tumanlikdan hosil bo’lganlar.
Yulduzlarni evolyutsion ketma-ketliklari ularning ichida massani, zichlikni, temperaturani va yorqinlikni ifodalovchi differentsial tenglamalarni gazlarning holat tenglamasi, energiya ajralish qonunlari, ichki qatlamlarni notiniqligini hisoblash formulalari va bu qatlamlarning kimyoviy tarkibini vaqt bo’yicha o’zgarish tenglamalari bilan birgalikda echiladi.