3-mavzu. O’zbekiston hududida qadimgi shaharlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi



Yüklə 71 Kb.
səhifə1/2
tarix23.05.2023
ölçüsü71 Kb.
#120413
  1   2
3-mavzu


3-mavzu. O’zbekiston hududida qadimgi shaharlarning paydo bo’lishi va rivojlanishi.
Reja.
1. Janubiy O‘zbekiston hududlarida shaharsozlikning vujudga kelishi.
2. Qadimgi Farg‘ona hududlarida ilk shaharlarning paydo bo‘lishi.
3.Qadimgi Baqtriya shaharlari o‘rganilish tarixiga doir ma’lumotlar.
4. So‘g‘diyona hududlarida ilk shaharlarning paydo bo‘lishi.
Tayanch so‘zlar.
Urbanistik madaniyatning uyg‘unlashuvi, mustahkam manzilgoh, tarixiy-madaniy omillar, ikki qismli tuzilish, dehqonchilikning yetakchi mavqei, don yanchgich, kelisop, uy chorvachiligi, kulolchilikning yuqori darajasi, Sopolli madaniyati, Sopolli-Dashli madaniyati, harbiy to‘qnashuvlar, istehkom (forpost), Jarqo‘ton harobalari, “Chifdom” va “nom” davlatlar, shahar-davlat, protogorod, shaharmonand, embrional shakldagi davlat, Chust madaniyati, haydama dehqonchilik markazlari, uch qismli tuzilish, shaharsozlik belgilari, Dalvarzintepa, Ashqoltepa, madaniy va iqtisodiy markaz.
Informatsion–metodik ta’minot.
Asosiy.
1. Аскаров А. Поселение древних земледелсев на юге Узбекистана. ОНУ, 1971г.
2. Аскаров А. Сапаллитепа. Т. «ФАН».1971.
3. Аскаров А. Древнеземледелческая култури юга Узбекистана Т. «ФАН» 1977.
4. Аскаров Л. Албаум Л.И. Поселение Кучуктепа. Т. 1979 г.
5. И.Аскаров А. Абдуллаев Б. Джаркутан (К проблемам протогородской свилизатсии на юга Узбекистана) Т. «ФАН». 1983.
6. Аскаров А.А., Ширинов Т.Ш. Ранняя городская култура эпохи Бронзнюга Средней Азии. Самарканд 1993г.
Qoshimcha adabiyotlar:
1. Пугаченкова Г.А. Ртвеладзе Э.В.Северная Бактрия - Тохаристан. Т. «Наука». 1990.
2. Городская среда и култура Бактрии-Тохаристана и Согда.- Т.:Фан, 1986.
3. Масон В.М. Средняя Азия и Древней Восток. М.-Л. «Наука», 1964г.
4. Масон В.М.. Первне сивилизатсии Л., «Наука» 1989.


1. Janubiy O‘zbekiston hududlarida shaharsozlikning vujudga kelishi. O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekistonning
janubidagi bronza davriga oid yodgorliklarni keng mikyosda
tadqiq etilishi natijasida ushbu hududlarning qadimgi tarixi
va madaniyati to‘g‘risida boy ma’lumotlar olindi. Turli
yillarda janubiy O‘zbekiston hududlarida ilk rivojlangan va
so‘nggi bronza davri ilk dehqonchilikning paydo bo‘lishi va
rivojlanishi, urbanizatsiya jarayonlari hamda ilk davlatchilik
masalalari, madaniy va iqtisodiy aloqalar, hunarmandchilikning taraqqiy etishi masalalari bo‘yicha A.Askarov, E.Rtveladze, B.Abdullaev, A.Sagdullaev, T.Shirinov, U.Raxmonov, E.Sayko, Sh. Shaydullaev kabi olimlar tadqiqot ishlari olib bordilar. Ushbu tadqiqotlar natijasida bronza davri o‘lkamiz janubiy hududlarida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyot masalalari va ayniqsa, ushbu hududlarda ilk shaharlarning paydo bo‘lish asoslari va rivojlanish bosqichlari, ilk davlatchiliknipg paydo bo‘lishi jarayonlariga ko‘plab aniqliklar kiritildi. Ushbu masalalar bo‘yicha juda ko‘p yangi ma’lumotlar fanga joriy etildi va etilmoqda.
Amudaryoning o‘rta va yuqori oqimi shimoli hamda janubida joylashgan yerlar «Avesto»ning qadimgi qismlarida Baxdi, fors podsholari mixxatlarida Baqtrish, grek-rim tarixchilari ma’lumotlarida Baqtriya yoki Baktriyona, hind manbalarida Baxlika, milodning boshlariga oid xitoy manbalarida Daxya yoki To-xo-lo o‘lkasi sifatida eslatib o‘tiladi. Zamonaviy tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra Baqtriya yerlari bu -Afg‘onistonning shimoliy sharqiy qismini, Janubiy Tojikiston va O‘zbekistonning janubidagi (Surxon vohasi) yerlarni o‘z ichiga olgan. Undan tashqari zamonaviy tarixiy adabiyotlarning barchasi hozirgi kunda Surxondaryo viloyati, Tojikistonning Ko‘lob va Qo‘rg‘ontepa viloyatlarini o‘z ichiga olgan yerlarni shimoliy Baqtriya sifatida etirof etadilar.
Shimoliy Baqtriya hududlaridagi aholining o‘troq manzilgohlari bu yerda Hisor madaniyati keng yoyilgan davrda, ya’ni neolit davrida (mil. avv.VI-IV ming yilliklar) paydo bo‘ladi. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda bu davrga kelib «hisorlik» ovchilar kichiq va yirik daryolar vohalarini, Boysuntog‘ va Ko‘hitanggacha bo‘lgan tog‘ va tog‘ oldi hududlarini o‘zlashtiradilar. Bronza davriga kelib esa bu hududlarda boshqa ko‘rinishga ega bo‘lgan hamda o‘ziga xos xo‘jalik shaklidagi yangi madaniyatlar shakllana boshlaydi.
Ushbu madaniyat sohiblari yashagan manzilgohlardan biri Sopollitepa bo‘lib, bu yodgorlik Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hududida, Ko‘hitangtog‘dan oqib tushuvchi kichiq daryoning qadimgi irmog‘i bo‘yida joylashgan. Sopollitepa paydo bo‘lgan soy mahalliy aholi orasida Ulonbuloqsoy deb ataladi. Sopollitepa O‘zbekiston hududlarida hozirgi kunga qadar aniq bo‘lgan eng qadimgi o‘troq dehqonchilik kishlog‘i bo‘lib, tadqiqotchilarning fikricha, ushbu madaniyat quyidagi beshta asosiy bosqichga bo‘linadi:

  1. Sopolli bosqichi -mil. avv. 1700-1500 yy.

  2. Jarqo‘ton bosqichi -mil. avv. 1500-1350 yy.

  3. Ko‘zali bosqichi -mil. avv. 1350-1200 yy.

  4. Molali bosqichi - mil. avv. 1200-1050 yy.

  5. Bo‘ston bosqichi - mil.avv. 1050-900 yy. Ushbu bosqichlarning sanalari tadqiqotchilar tomonidan maxsus tahlil etilib ilmiy jihatdan asoslangan.

Tadqiqotlar tahlilidan shunday xulosa chiqarishimiz mumkinki, Shimoliy Baqtriyaning qadimgi shaharlari uzoq davom etgan tarixiy jarayonlar va turli: ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy va tabiiy-geografik omillarning ta’siri natijasida shakllanib kelgan. Qadimgi Sharq va mahalliy ko‘rinishdagi urbanistik madaniyatning uyg‘unlashuvi qadimgi Baqtriya shaharsozligining asosini tashqil etadi. Keyinroq esa o‘ziga xos bo‘lgan shahar madaniyati mustakil ravishda rivojlanadi.
Mil. avv. II ming yillikning ikkinchi choragida Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida aniqrog‘i, uning g‘arbiy qismida Sopollitepa ko‘rinishidagi dastlabki mustahkam qishloqlar paydo bo‘ladi. Ushbu qishloqlar bu hududlarda rivojlangan butunlay yangi ko‘rinishdagi qishloqlar bo‘lib, neolit davri (Xisor madaniyati) manzilgohlaridan ajaralib turadi.
Sopollitepada tadqiqotlar uzoq yillar olib borgan A.Askarovning fikricha, yodgorlik mustahkam asosda qad ko‘targan bo‘lib, quyidagi ajralib turuvchi belgilarga ega: ikki qismli tuzilish - mustahkam markaziy qism va uning atrofida mustahkamlanmagan manzilgoh, uncha katta bo‘lmagan maydon, asosiy qismning aniq rejaviy tuzilishi, sakkizta ko‘p xonali turar-joylar qismlarining markazlashuvi va ularning yo‘laklar bilan ajralib turishi, bo‘lma (otsek)lari bo‘lgan himoya devorlari. Undan tashqari, kulolchilik va metallga ishlov berish hunarmandchiligi hamda dehqonchilikning yetakchi mavkega ega bo‘lishi ham Sopollitepa uchun xosdir.
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Sopollitepa aholisining asosiy mashg‘uloti sun’iy sug‘orishga asoslangan o‘troq dehqonchilikdan iborat edi. Qazishmalar paytida katta xum ko‘rinishidagi idishlardan va omborxona vazifasini bajaruvchi xonalar sathidan topilgan arpa, bug‘doy, tariq donlari hamda butun Sopollitepa majmuida ko‘plab uchraydigan don yanchgich, kelisop, ketmon va o‘roqlar aynan dehqonchilik xo‘jaligidan dalolat beradi. Undan tashqari, turar-joy qoldiqlari, manzilgohning tuzilishi va umumai arxeologik topilmalarning ko‘rinishi ham manzilgoh, aholisining qadimgi dehqonchilik madaniyatiga xos bo‘lgan o‘troq turmush tarzini ifoda etadi.
Sopollitepa manzilgohi aholisining yana bir muhim xo‘jalik tarmog‘i chorvachilik edi. Qazishmalar paytida juda ko‘plab topilgan uy va yovvoyi xayvonlarning suyaklari aynan mana shu jarayondan dalolat beradi. Umuman olganda, Sopolli madaniyati sohiblari xo‘jaligida sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik va uy chorvachiligi manzilgohdagi iqtisodiy hayotning asosini tashqil etgan. Undan tashqari ushbu madaniyatga xos bo‘lgan kulolchilik ishlab chiqarishning yuqori darajasi, metallga ishlov berishning jadal rivojlanishi, to‘qimachilik sohasining taraqqiyoti kabi omillar manzilgohning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Sopolli madaniyati hukm surgan davr tarixiy-madaniy jarayonlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak mil. avv. II ming yillik Amudaryoning o‘ng va chap qirg‘og‘ida ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikricha ikkita: Sopolli madaniyati va Dashli madaniyati yoki Sopolli-Dashli madaniyatining ikki xil ko‘rinishi keng tarqaladi.
Sopolli - Dashli madaniyatining kelib chiqishini tahlil etar ekan A.Askarov va T.Shirinovlar O‘rta Osiyoning janubi, shimoli-sharqiy Eron, sharqiy Eron va shimoliy Afg‘oniston hududlaridagi o‘troq dehqonchilik shaklidagi arxeologik majmualarni umumiy madaniy jamoalar sifatida Nomozgoh tarixiy-madaniy birligi (NIKO - Namazginskaya istoriko-kulturnaya obxnost) deb atashni taklif etadilar. Shuningdek ular NIKOda mahalliy ko‘rinishlar va hatto, alohida madaniyatlar bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydilar. Agar ma’lum hududlardagi tarixiy-madaniy jarayonlarning o‘ziga xosligini, geografik joylashuv va shart-sharoitlarni hisobga oladigan bo‘lsak bu fikrga qo‘shilish mumkin.
I.V.Sarianidi janubiy Baqtriyada Sopolli madaniyatiga yaqin bo‘lgan arxeologik majmuani o‘rgangan. Ammo, olim bu majmualarni "o‘ziga xos madaniyat", "mahalliy ko‘rinish", "mahalliy madaniy jamoa" kabi tushunchalar bilan bog‘lamaydi. Keyingi yillardagi tadqiqotlarida bu olim Namozgoh VI davriga oid Baqtriya va Marg‘iyona arxeologik majmualari (BMAK - Baktriysko-Margianskiy arxeologicheskiy kompleks) mavjud edi, degan g‘oyani ilgari surdi. Bronza davrida paydo bo‘lgan bu madaniy birlik Janubi-G‘arbiy Osiyoning keng hududlariga yoyiladi va V.Sarianididan keyin bir qator tadqiqotchilar bu majmuani «Oqs sivilizatsiyasi» deb nomlanadilar (Ligaboy, Salvadori, Frankfort va boshk-). Olimning fikricha, BMAKni Namozgoh Oltintepa, Jarqo‘ton kabi ko‘rinishlarga bo‘lish maqsadga muvofikdir. A.Askarov va T.Shirinovlar ushbu fikrga qo‘shilib, Jarqo‘ton va Sopolli majmualari (sopollar, metall, tosh va me’morchilik) Marg‘iyona majmui bilan o‘xshashlik topadi degan xulosa chiqaradilar. Shuningdeq ularning fikricha, BMAKning shakllanishi Janubiy Turkmaniston, shimoli-sharqiy Eron va sharqiy Eron ya’ni, NIKO hududlaridagi qadimgi o‘troq dehqonchilik aholisi ko‘chishining natijasi hisoblanadi.
Afg‘onistonning shimoli va O‘zbekistonning janubida joylashgan bu davr manzilgohlari topografiyasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, bu ko‘chishning yo‘nalishi Termizning g‘arbida joylashgan Cho‘chqa Guzar va Sho‘robqo‘rg‘on kechuvlari orqali o‘tgan.
So‘nggi yillardagi tadqiqotlarga asoslangan ayrim tadqiqotchilar Zarafshon vohasini ham BMAK yoyilgan zonaga kiritish mumkin degan fikrni bildiradilar. Shuningdek so‘nggi yillardagi O‘zFA Arxeologiya instituti olimlari tomonidan Samarqanddan 60 km janubi g‘arbda joylashgan Jom qishlog‘i atroflaridagi Galasherikdan o‘rganilgan 4 ta qabr hamda Sigirtepa, Beshbuloq, Qaratepadan topilgan topilmalarga qarab, O‘rta Zarafshon vohasi ham BMAK yoyilgan zonaga kirgan degan fikr bildirildi.
O‘rta Osiyoning janubiy hududlaridagi bronza davri ko‘chish jarayonlari, madaniy majmualar, topografik holat va boshqa yo‘nalishlardagi tadqiqotlarni tahlil etib shunday xulosa chiqarish mumkinki, bu hududlarda ikkita zona: dasht chorvador qabilalari jadallik bilan kirib kelgan sharqiy (Shimoli-Sharqiy Afg‘oniston va Janubiy Tojikiston) va o‘troq dehqonchilik qabilalari band etgan g‘arbiy (Shimoliy-G‘arbiy Afg‘oniston va Janubiy O‘zbekiston) zonalarga bo‘linadi.
G‘arbiy zonada dehqonchilik jamoalariiipg markazi Balxob vohasida bo‘lgan nisbatan kuchli uyushmasi shakllanadi. Bu uyushma shimoldagi chorvador qabilalarnipg hujumlarini muvaffakiyatli qaytarib turgan. Shuningdek bu zonaning dehqonchilik jamoalari aholisi harbiy to‘qnashuvlarda ishtiroq etib turganligini Dashlidan topilgan ko‘p sonli harbiy qurol-yarog‘lar ham tasdiqlaydi.
Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida shakllangan Sopollitepa-bronza davridagi dastlabki o‘troq dehqonchilik manzilgohi bo‘lib, daryodan kechuv yo‘lini himoya qiluvchi mustahkam oldingi istehkom (forpost) sifatida paydo bo‘lgan. Keyinchaliq o‘troq dehqonchilik jamoalari shimoliy chegaralarining kengayishi munosabati bilan Sopollitepa o‘zining ilgarigi ahamiyatini yo‘qota boshlaydi va bo‘shab qoladi. Asosiy markaz vazifasi esa, tog‘ larasidan chiquvchi yo‘l ustidagi mustahkam qal’a sifatida paydo bo‘lgan Jarqo‘tonga o‘tadi.
Jarqo‘ton yodgorligi Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Sherobod daryosining ko‘hna o‘zani Bo‘stonsoy yoqasida joylashgan. Ushbu yodgorlikda 1973 yildan boshlab uzluksiz olib borilgan tadqiqot ishlari natijasida bu hududlarda ro‘y bergan urbanizatsiya jarayonlariga ko‘plab aniqliklar kiritish imkoniyati paydo bo‘ldi. Xususan, Jarqo‘tondagi 100 gektardan kam bo‘lmagan hududdan arki a’lo, shahriston, ulkan ibodatxon qoldiqlari, metall erituvchi pechlar, 20 gektarli qabriston, ko‘plab moddiy madaniyat buyumlari topib o‘rganildi. Undan tashqari Jarqo‘ton hududida olib borilgan tadqikotlar ko‘hna shaharning paydo bo‘lib rivojlangan sanasini aniqlash hamda ushbu hududlarda yuz bergan tarixiy-madaniy jarayonlarni bir necha bosqichlarga ajratib o‘rganish imkoniyatini berdi.
Ushbu tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Jarqo‘tondagi qadimgi shahar hayoti uch bosqichga, ya’ni, Jarqo‘ton (mil. avv. 1500-1350 yillar), Ko‘zali (mil. avv. 1350-1200 yillar) va Mulali (mil. avv. 1200-1000 yillar) bosqichlariga bo‘lindi. Keyinroq Jarqo‘tonning qarama-qarshisida, Bo‘stonsoyning o‘ng sohilida o‘rganilgan yodgorlikpardagi tadqiqotlar natijasida Mulali bosqichini ikki fazaga, ya’ni Mulali (mil. avv. 1200-1000 yillar) va Bo‘ston (mil. avv. 1000-900 yillar) fazalariga bo‘lib o‘rganish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Olib borilgan tadqiqotlar tahlilidan shunday xulosa chiqarish mumkinki, mil. avv. II ming yillikning o‘rtalariga kelib Jarqo‘ton o‘sha hududlardagi dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi qabilalari uyushmalarining mustahkam istehkomiga aylanadi. Aftidan, aynan mana shu istehkom orqali Hisor tog‘ oldi vohalari va janubiy Tojikistonning g‘arbiy hududlariga shimoldagi aholining ko‘chishlari bo‘lib o‘tadi. Aynan mana shu hududlardan topilgan yodgorliklar topografiyasi va ularni davrlashtirish ushbu jarayon izchillik bilan bo‘lib o‘tganligini ko‘rsatadi. Undan tashqari yana shu narsa ham ma’lumki, bu jarayonning rivojlanishi mil. avv. II ming yillikning ikkinchi yarmi Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi o‘troq dehqonchilik turmush tarzi kechiruvchi aholi manzilgohlarida aholi sonining o‘sishi va ishlab chiqaruvchi kuchlarning taraqqiyoti uchun ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Bronza davri Janubiy O‘zbekiston shaharlari haqida gap ketar ekan shuni ta’kidlash joizki, bu davr yodgorliklari faqat arxeologik tadqiqotlar orqaligina o‘rganilib, bu davrdagi siyosiy-ma’muriy tuzilmalar hamda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar esa yozma manbalarsiz, qiyosiy taqqoslash asosida o‘rganiladi. Aynan mana shuning uchun ham tadqiqotchilarning ushbu jarayonlar xususidagi xulosalari ko‘p hollarda taxminlardan iborat. Masalan, A.Askarov va B.Abdullaevlar bronza davri rivojlanishining Jarqo‘ton bosqichini (mil. avv. II ming yillik o‘rtalari) ibtidoiy jamoa tuzumi yemirilish davriga, ko‘zali va molali bosqichlarini (mil. avv. II ming yillikning oxirlari) esa mulkiy tengsizlik munosabatlari paydo bo‘lishi davriga oid deb hisoblaydilar. V.I.Sarianidi esa, aksincha, mil. avv. II ming yillikning oxiri 1 ming yillikning boshlarida davlatchilik munosabatlari shakllana boshlagan Baqtriyaning umumiy ijtimoiy rivojlanish darajasini oshirib yubormaslikni taklif etadi.
T.Sh. Shirinovning fikricha, Jarqo‘tonni Mesopotamiyadagi «chifdom» va «nom» ga o‘xshash kichiq davlatning ma’muriy markazi bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin. Ammo, Mesopotamiyadagi davlatlardan farqli ularoq u beqaror siyosiy birlashma bo‘lgan. Mil. avv. II ming yillikning oxiri -I ming yillikning boshlarida O‘rta Osiyoning janubida bir necha kichiq davlat uyushmalari vujudga kelgan bo‘lib Dashli 3, Gonur 1, To‘g‘aloq1, Ulug‘tepa, Namozgohtepa, Oltintepa kabi Jarqo‘ton ham ulardan birining markazi bo‘lgan.
Ko‘pchilik olimlarning e’tirof etishlaricha, O‘rta Osiyoning janubida ilk shaharlar va davlat uyushmalarining paydo bo‘lish jarayoni V.M.Masson tomonidai nisbatan aniqroq izohlangan. Tadqiqotchi bu jarayonda ikkita asosiy bosqichni ajratadi: 1) ma’lum vohalarda shahar-davlatlarning paydo bo‘lishi: 2) ular asosida yirik ijtimoiy-siyosiy tartibning shakllanishi.
So‘nggi yillardagi tadqiqotlar natijalarini umumlashtirgan A.Askarov Jarqo‘tonni, umumiy maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan shahar-davlat sifatida izohlaydi. Shuningdeq E.V.Rtveladze o‘zining so‘nggi yillardagi ishlaridan birida O‘zbekiston hududidagi ilk davlatchilik masalalariga to‘xtalib, mil. avv. II ming yillikning ikkinchi yarmi-O‘zbekiston janubida embrional shaklda davlatga o‘xshash tuzilma qaror topadi, davlatning bunday namunasi Jarqo‘tonda o‘z aksini topgan deyish mumkin degan fikrni ilgari suradi.
O‘tgan asrdayoq fanda ishlab chiqilgan tipologiyaga asosan, ilk davlatlarning nisbatan qadimgi shakli (Mesopotamiyada) shahar-davlatlar, «nomlar» hisoblanadi. Umuman olganda nom davlatlar, shahar-davlatlar, jamoalar va vohalar markazlarini Jarqo‘ton misolida qiyosiy tahlil qilish mumkin.
Tadqiqotlar tahlilidan shunday xulosa qilish mumkinki, Jarqo‘tonda manzilgohdan tashqarida bunyod etilgan maxsus qabristonlar Sopolliga nisbatan jamiyatning ijtimoiy rivojlanishi yuqori darajada bo‘lganligidan dalolat beradi. Undan tashqari, ichki bozor uchun mahsulot ishlab chiqargan kulollarning alohida mahallalari shakllanishi ham jamiyatning nisbatan yuqori darajada rivojlanganligining muhim belgisi hisoblanadi. Bu davrda Jarqo‘ton jamiyatidagi kulolchilik ixti-sosligi mahsulot ishlab chiqarishda ustun darajada edi. Undan tashqari, qabrlardan topilgan buyumlarning soni va sifati ham mulkiy tabaqala-nish nisbatan ko‘chayganligidan dalolat beradi. Jarqo‘ton manzilgohlar majmui Bo‘stonsoy vohasida markazlashgan va tabiiy chegaralar-dasht va tog‘ oldi bilan chegaralangan jamiyatni o‘zida aks ettiradi.
Yuqorida ta’kidlanganideq Jarqo‘ton ko‘rinishidagi manzilgohlar majmuini nom davlatlar bilan qiyoslash uchun yetarli qator umumiy belgilar bor. Jumladan, Mesopotamiyadagi nom davlatlar uchun xos bo‘lgan yozuv namunalari Jarqo‘tondan ham topilganligi katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Xususan, yaqinda Sh.Shaydullaev O‘zbekistonning janubidan topilgan piktografik belgi - yozuvlar haqidagi maqolasini matbuotda e’lon kildi. Tadqiqotchining ma’lumotlariga ko‘ra, Jarqo‘ton yodgorligidan sopollarga bitilgan 47 belgidan iborat yozuvning topilishi ajdodlarimizning bronza davrida piktografik yozuvni yaratgani va o‘z fikrini turli belgilarda ifodalaganini ko‘rsatadi. Shuningdeq Sheroboddagi G‘oz qishlog‘i yonidagi ilk temir asriga oid yodgorlikdan tosh o‘g‘ir (keli) topilgan bo‘lib uning sirtida umumiy soni 14 ta bo‘lgan piktografik belgi-yozuv mavjud. Tadqiqotchi bu belgini misr ieroglifi-kasi bilan solishtirib ulardan biri "haqiqat", yana biri esa dunyoning aylanishi ya’ni, "charxpalak" deb o‘qilishi mumkinligini taxmin qiladi.
Yuqoridagilardan xulosa yasab aytish mumkinki, bronza davri Janubiy O‘zbekiston hududlarida .yashagan o‘troq dehqonchilik jamoalari jamiyat taraqqiyotining yuqori pog‘onasida bo‘lib, ibtidoiylikning so‘nggi bosqichidan sivilizatsiyaga o‘tadilar. Ushbu sivilizatsiyaning boshlanishi shaharmonand (protogorod) belgilarni o‘zida aks ettirgan Sopollitepa bo‘lgan bo‘lsa, Jarqo‘ton aynan yirik shahar belgilarini o‘zida mujassamlantirgan markaz edi. Fikrimizcha, aynan Jarqo‘tonning o‘zi O‘zbekiston hududlaridagi ilk shaharlarning yorqin misoli edi. Щerobod vohasidagi shu davrga oid Jarqo‘ton majmuiga kiruvchi manzilgohlar guruhini esa shahar-davlat yoki nom davlatlar sirasiga kiritishimiz mumkin. Yoki hech bo‘lmaganda, mil. avv. II ming yillikning so‘nggi choragida Shimoliy Baqtriya hududlarida yirik va mustahkamlangan markazlarga ega bo‘lgan, nom yoki voha ko‘rinishidagi davlatlarning boshlanish bosqichida bo‘lgan hududiy-siyosiy birlashmalar shakllana boshlagan degan g‘oyani ilgari surishimiz mumkin.
Shunday qilib, Surxon vohasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun O‘rta Osiyo hududlarida ilk urbanistik markazlardan biri hisoblanib, ushbu hududlarda urbanizatsiya jarayonlarining boshlanish sanasi 4000 yildan kam emas deyishga jiddiy ilmiy asoslar bor.



Yüklə 71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin