Mehnat ta’tili haqini hisoblash tartibi. Korxona xodimlari ish faoliyatining
birinchi yili 6 oy ishlaganlaridan so‘ng, keyingi yillarda esa mehnat ta’tili grafigi yoki
xodimning arizasiga muvofiq mehnat ta’tilini olish huquqiga egadirlar. Mehnat ta’tilini
qaysi sanadan boshlab necha kunga berilishi korxona rahbarining buyrug‘ida ko‘rsatiladi.
Buyruq asosida mehnat ta’tili haqi quyidagi tartibda hisoblanadi.
1.Ishbay ishlovchilar uchun •
oldingi mehnat ta’tilidan keyingi mehnat ta’tiligacha olgan ish haqi summasi,
shuningdek shu davrda olgan mukofatlarining summasi topilib, ushbu summa ishlagan
oylar soniga bo‘linadi. Topilgan summa o‘rtacha bir oylik to‘lov summasini bildiradi.
Aytaylik, xodimning o‘tgan yilda olgan ishbay ish haqi summasi 360000 so‘mni, olgan
mukofatlari 120000 so‘mni tashkil qilgan, deylik. Unda ushbu xodimga o‘rtacha bir
oylik to‘lov 40000 so‘mni ( ( 360000 +120000 ) /12 ) tashkil etadi.
•
O‘rtacha oylik to‘lov summasi oydagi o‘rtacha ish kunlari soniga (25,4 kun)
bo‘linadi. Topilgan summa o‘rtacha bir kunlik to‘lov summasini bildiradi. Bizning
misolimizda ushbu to‘lov 1575 so‘mni (40000:25,4) tashkil qiladi.
•
O‘rtacha bir kunlik to‘lov summasi buyruq bo‘yicha berilgan mehnat ta’tili kunlari
soniga ko‘paytiriladi. Topilgan summa xodimning mehnat ta’tili haqini bildiradi. Agar
xodimga 15 kunlik mehnat ta’tili berilgan bo‘lsa, u holda uning mehnat ta’tili haqi 23625
so‘mni ( 1575 x 15 ) tashkil qiladi.
2.Vaqtbay ishlovchilar uchun -xodimning oxirgi oydagi maoshi va o‘rtacha bir
oylik olgan mukofatlari summasi mehnat ta’tili haqini hisoblashga asos qilib olinadi.
Hisob-kitoblarning qolgan qismi yuqorida keltirilgan tartibga o‘xshash tarzda amalga
oshiriladi.
Ish haqining hisoblangan barcha turlari va ularning jami summasi hisob-to‘lov
qaydnomasida yoki ish haqi bo‘yicha yuritilgan kitobda alohida ustunchalarda
ko‘rsatiladi.