3-Modul. Boshlangʻich ta’limda tarbiya nazariyasi-fayllar.org
Tarbiya yosh avlodni muayyan maqsad yoʻlida har tomonlama oʻstirish, uning ongi va xulq-atvorini tarkib toptirish jarayonidir.
Tarbiya – ma’naviy manbalar va hozirgi zamon talablari va ehtiyojlarini nazarda tutgan holda, oʻqituvchining oʻquvchi bilan aniq bir maqsadga qaratilgan oʻzaro amaliy va nazariy muloqotidir.
Tarbiya – tarbiyachi xohlagan sifatlarni tarbiyalanuvchiga singdirish uchun tarbiyalanuvchining ruhiyatiga muayyan suratda ma’lum bir maqsadga qarata va muntazam suratda ta’sir qilishidir. Bu xildagi ta’rif tarbiya tushunchasiga kiradigan hamma narsani, chunonchi: muayyan dunyoqarash, axloq, ijtimoiy xulq-atvor qoidalarini singdirish, muayyan xarakter va iroda, odat va axloq yaratishni oʻz ichiga oladi.
Tarbiya – shaxsni maqsadga muvofiq takomillashtirish uchun uyushtirilgan pedagogik jarayon boʻlib, tarbiyalanuvchining shaxsiga muntazam va tizimli ta’sir etish imkonini beradi.
Tarbiya jarayoni oʻzaro bogʻliq boʻlgan ikki faoliyatni – oʻqituvchi va oʻquvchi faoliyatini oʻz ichiga oladi. Tarbiya jarayonida oʻquvchining ongi shakllana boradi, his va tuygʻulari rivojlanadi, ijtimoiy hayot uchun zarur boʻlgan va ijtimoiy aloqalarga xizmat qiladigan xulqiy odatlari hosil boʻladi.
Tarbiya jarayonida bolalarning hayoti va faoliyatini pedagogik jihatdan toʻgʻri uyushtirish gʻoyat muhimdir. Faoliyat jarayonida bola tashqaridan kelayotgan tarbiyaviy ta’sirga nisbatan ma’lum munosabatda boʻladi. Bu munosabat shaxsning ichki ehtiyoji va xohishlarini ifodalaydi.
Psixologlar va pedagoglarning tadqiqotlari shaxsga tashqi omillarning (xoh ijobiy, xoh salbiy) ta’siri bolaning ularga munosabatiga bogʻliqligini koʻrsatadi. Bolaning shaxsiy tajribasi ehtiyojlari tashqi ta’sirga munosabatini belgilab beradi va uning xulqida aks etadi. Shuning uchun bola faoliyatini uyushtirishning oʻzigina kifoya qilmaydi. Toʻgʻri tarbiyalash uchun tarbiyalanuvchining bu faoliyatga nisbatan qalbida paydo boʻlayotgan munosabatni, turli xil kechinmalarni qanday anglashni, baholashni, his qilishni hamda ulardan oʻzi uchun nimalarni maqsad qilib olayotganini bilish zarur. Yana shuni hisobga olish kerakki, bularning barchasi turli kishilar bilan aloqa qilish, jamoadagi munosabatlar asosida roʻy beradi. Bola ulgʻaya borishi bilan bu xil aloqa va munosabatlar murakkablashib boradi va bola shaxsning kamolga yetishida yo ijobiy yoki salbiy ta’sir etadi. Shuning uchun tarbiya maqsadga muvofiq muntazam ta’sir etishni koʻzda tutadi, zeroki shu yoʻl bilan jamiyatning shaxsga qoʻyadigan talablari tarbiyalanuvchining xulqini idora qilib turuvchi ichki ehtiyojga aylanadi.
Tarbiya jaaryonida oʻquvchining onginigina emas, balki his-tuygʻularini ham oʻstirib borish, unda jamiyatning shaxsga qoʻyadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan xulqiy malaka va odatlarni hosil qilish lozim. Bunga erishish uchun oʻquvchining ongiga (ta’lim jarayoni asosida), hissiyotiga (darsda va sinfdan tashqari ishlarda) va irodasiga (faoliyatni uyushtirish, xulqni idora qilish jarayonida) muntazam ta’sir etib boriladi. Agar oʻquvchini tarbiyalashda bulardan birortasi (ongi, hissiyoti, irodasi) e’tibordan chetda qolsa, maqsadga erishish qiyinlashadi. Shuning uchun tarbiya jarayoni koʻp qirrali va murakkabdir. Maktabdagi tarbiya jarayoni toʻxtovsiz davom etadigan jarayon boʻlib, unga oʻqituvchi, tarbiyachi rahbarlik qiladi va u tarbiyaning ayni vaqt uchun zarur boʻlgan maqsadini, shu maqsadni hal qilishga xizmat etadigan faoliyatini belgilaydi. Oʻquvchilarning shu faoliyatiga ishtirok etishini ta’minlab, ular oʻrtasida ijtimoiy, jamoa va oʻrtoqlik aloqalari va munosabati uchun sharoit yaratadi.
Oʻquvchilarni faoliyatda qatnashishlari orqali ularning mustaqilligi ijodiy tashabbuskorligi oʻsib borishiga erishiladi. Ana shu jarayonda bolaning qarashlari, e’tiqodlari va voqea hodisalarga oʻz nuqtai nazari vujudga keladi va mustahkamlanib boradi. Bular bolaning atrof-muhitning ta’siriga nisbatan qanday munosabatda boʻlishini belgilaydi.
Shunday qilib, maktabdagi tarbiya inson shaxsini tarkib toptirish va kamolga etkazish jarayonidan iborat boʻlib, uning mazmuni ta’limdagidek alohida predmetlarda emas, balki oʻquvilarning hayot-faoliyatlari va oʻzaro munosabatlaridan tashkil topadi. Mana shulardan tarbiya jarayonining oʻziga xos xususiyatlari kelib chiqadi.